Bugungi kunda huquq sohasi tobora xalqaro tus olyapti. Zamonaviy yuristdan milliy qonunchilikni bilish bilan birga xalqaro standartlarni anglash, turli huquqiy tizimlarni tahlil qila olish va global miqyosda fikrlash talab etilyapti. Shu sababli keng dunyoqarashga ega, ilmiy izlanishlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtira oladigan yosh mutaxassislar e’tibor markaziga chiqmoqda. Diyorbek Sattorov shunday izlanuvchan va maqsadli yoshlardan biri.
Diyorbek o‘quvchilik davridayoq huquq olimpiadalarida qatnashib, viloyat va respublika bosqichlarida sovrinli o‘rinlarni egalladi. 2020-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining Ommaviy huquq fakultetiga yuqori natijalar bilan talaba sifatida qabul qilindi. Huquq sohasini tanlashi uzoq yillardan shakllangan maqsadning davomi edi.
2020–2024-yillar uning hayotida faol o‘sish davri bo‘ldi. Talabalik yillarida modul fanlarni yuqori natijalar bilan o‘zlashtirdi, ilmiy izlanishlar olib bordi hamda turli ilmiy maqolalar chop ettirdi. Universitetdagi “TSUL MUN”, “TSUL Court”, “Yuridik klinika” loyihalari va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalardagi ishtiroki uning huquqiy tahlil va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirdi. Shu bilan birga, uch yil davomida Yuridik klinikada volontyor sifatida faoliyat yuritdi. Yuridik firmada ishlab, shartnomalar, huquqiy hujjatlar va sud jarayonlari bilan bog‘liq amaliy tajriba orttirdi.
Diyorbek uchinchi kursda “Erasmus+” grantini qo‘lga kiritib, Polshadagi Adam Mickievicz universitetida tahsil oldi. Bu yerda Yevropa huquqi, migratsiya huquqi va korporativ huquq yo‘nalishlarida bilim oldi. Polshada o‘qish unga Yevropa huquqiy tizimini yaqindan o‘rganish va xalqaro tajribani chuqurroq anglash imkoniyatini berdi.
Bakalavr bosqichi yakunlanayotgan paytda Diyorbek xorijdagi nufuzli universitetlarga hujjat topshirdi. 2024-yilda AQShdagi Pensilvaniya universiteti tarkibidagi Huquq maktabining magistratura bosqichiga 45 ming dollarlik “merit-based” grant asosida qabul qilindi. Magistratura davrida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan kelgan talabalar bilan birga tahsil oldi. Bu muhit uning xalqaro huquqiy qarashlarini kengaytirdi va madaniyatlararo muloqot tajribasini boyitdi. O‘qish davomida tijorat huquqi, AQSh konstitutsiyaviy huquqi, fuqarolik huquqi, migratsiya huquqi, intellektual mulk huquqi, shartnomalar huquqi va korporativ huquq yo‘nalishlarini o‘rgandi.
Uning akademik natijalarini boshqa nufuzli oliy o‘quv yurtlar ham e’tirof etdi. Diyorbek dunyoning 20 dan ortiq QS Top 100 universitetlaridan qabul takliflari va turli “merit-based” stipendiyalarni qo‘lga kiritdi. Ular orasida Edinburg, Vashington, Manchester va Liverpul universitetlari ham bor.
Diyorbek Sattorov kabi yosh mutaxassislar bugungi kunda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi intellektual salohiyatini namoyon etmoqda. Ular ilmiy izlanish, amaliy tajriba va global qarashlarni birlashtirib, yangi avlod huquqshunoslari sifatida shakllanib boryapti. Eng muhimi, bu yo‘l uzluksiz rivojlanish, aniq maqsad va izchil mehnat orqali qurilayotganini ko‘rsatmoqda.
