Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

DOʻSTLIK INQIROZI. Yolgʻiz emasmiz, ammo yaqin ham emas...

11.11.2026 133

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Do‘stlik haqida filmlar, qo‘shiq, she’r va romanlar bor. Bolaligimizdan haqiqiy do‘st og‘ir kunda bilinishi, do‘st do‘stini yarim so‘zdan tushunishi, chin do‘stlik yillar va masofalarga bardosh berishi haqida eshitib ulg‘ayamiz. Kinolarda qahramonning eng og‘ir paytida yonida albatta bir do‘sti paydo bo‘ladi. Qo‘shiqlarda esa eski do‘stlar, birga o‘tgan yoshlik va hech qachon unutilmaydigan suhbatlar sog‘iniladi.

Lekin real hayotda manzara boshqacha: do‘stlikni juda qadrlaymiz, ammo yaqin do‘st topish tobora qiyinlashayotgandek. Telefonimizda yuzlab raqamlar bor – maktab, universitet, ishxonada yaqin bo‘lgan odamlar. Ijtimoiy tarmoqlarda “do‘stlar” bundan ham ko‘p. Ularning to‘lari, yutuqlari, sayohatlaridan lavhalar ko‘rib turamiz...

Ammo biror kun o‘zingizni yolg‘iz his qilganda kimga qo‘ng‘iroq qilib: “shunchaki gaplashgim keldi”, deya olasiz?! “Eng yaqin do‘sting kim?”, degan oddiy savol oldida o‘ylanib qoladiganlar bor. Odam katta oilada yashab, har kuni o‘nlab kishilar bilan gaplashib ham o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin.

JSSTning 2025-yilda e’lon qilingan hisobotida (2014–2023-yillardagi ma’lumotlar) dunyoda taxminan har olti kishidan biri yolg‘izlikni boshdan kechirishi qayd etilgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar nisbatan yosh guruhlarda: 13–17 yoshlilarda 20,9 foiz, 18–29 yoshlilarda 17,4 foiz. Demak, yolg‘izlikni faqat keksalik bilan bog‘lash noto‘g‘ri.

Oddiy, ammo tanqis resurs

Ijtimoiy kommunikatsiya bo‘yicha tadqiqotchi Jeffrey Hall yangi tanishlarning do‘stga aylanish jarayonini o‘rganib, munosabat yaqinlashishi birga o‘tkazilgan vaqt bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan. Bunda shunchaki bir binoda yoki ish joyida bo‘lishdan ko‘ra odamlarning ixtiyoriy ravishda birga vaqt o‘tkazishi muhimroq bo‘lgan. Bu ilmiy kuzatuv bolalikdagi do‘stlik nega bunchalik oson tug‘ilishini ham tushuntiradi.

Maktabda do‘stlik uchun uchrashuv belgilash shart emas. Shundoq ham kun bo‘yi tengdoshlar kunni birga o‘tkazadi. Shu tariqa umumiy hazillar, sirlar, xotiralar, kichik janjallar va yarashishlar asnosida do‘stlik tarixi vujudga keladi.

Kattalarda esa vaqtning deyarli har bir bo‘lagi aniq vazifaga aylanadi. Kechqurun qolgan ikki soatni ham inson dam olishga sarflamoqchi boʻladi. Bir paytlar yon partada o‘tirgan do‘st bilan endi uchrashish uchun ikki kishining vaqtini moslashtirish kerak. “Biror kun ko‘rishamiz” degan gapning oylar davomida amalga oshmasligi shundan.

Ayniqsa, 18–30 yosh oralig‘ida inson maktab va universitetdagi tayyor ijtimoiy muhitdan chiqadi, ishga kiradi, boshqa shaharga yoki davlatga ko‘chadi, turmush quradi. JSST ham ko‘chish, ishni yo‘qotish va munosabatlarning uzilishi kabi hayotiy o‘zgarishlarni yolg‘izlik xavfiga ta’sir qiluvchi omillar qatorida ko‘rsatadi.

Gaplashyapmizmi yoki kuzatyapmiz?

Raqamli texnologiyalar davrida do‘stlar bilan gaplashmasdan turib ham hayotidan xabardor bo‘lish mumkin. Ishini almashtirganini, sayohatga chiqqanini, kayfiyati yaxshi-yomonligini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan bilamiz. Ilgari suhbat orqali olinadigan ma’lumotning bir qismidan kuzatish orqali bahramand bo‘lamiz.

Taassufki, xabardorlik va yaqinlik bir xil psixologik jarayon emas. “Uning hayotida nima bo‘layotganini bilaman” degan tuyg‘u “uning hayotida ishtirok etyapman” degan tuyg‘uga juda o‘xshaydi. Ammo insonning yangi ishga kirganini bilish boshqa, o‘sha ishda nega o‘zini baxtsiz his qilayotganini eshitish boshqa. Birinchisi axborot, ikkinchisi munosabat.

Odamlar orasidagi yolg‘izlik

2025-yil boshidagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 14–30 yoshli aholi 9,63 milliondan ortiq bo‘lib, mamlakat aholisining 25,7 foizini tashkil qilgan. Shu bilan birga, katta oila, qarindoshlik, mahalla, qo‘shnichilik, kursdoshlik va turli yig‘inlar kabi an’anaviy ijtimoiy tuzilmalar hamon kundalik hayotda sezilarli o‘rin tutadi. Bu jihatdan O‘zbekistonni individuallik qaror topgan jamiyatlardagi yolg‘izlik tendensiyalari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Ammo ayni xususiyat asl holatni bekitishi ham mumkin. “Shuncha qarindoshing, do‘sting bor, qanday qilib yolg‘iz bo‘lasan?” degan savolning o‘zida shu tushunmovchilik yashiringan.

UNICEFning O‘zbekiston yoshlari haqidagi “Youth of Uzbekistan: Challenges and Prospects” tadqiqotidagi fokus-guruh – Andijonning qishloq hududlaridagi 14–18 yoshli qizlarning ayrimlari do‘stlikni oilaga nisbatan beqarorroq munosabat sifatida tasvirlagan. Ishtirokchilardan biri ota-ona yaxshi-yomon kunda yonida qolishini, do‘st esa u haqida yomon gap eshitgan kuni munosabatni uzishi mumkinligini aytgan.

Tadqiqotdagi ayrim yoshlarning do‘stga sirlarini aytishda ehtiyotkorligi ham e’tiborga molik. Sirning oshkor qilinishi, jamoa oldida uyaltirish yoki ishonchning buzilishi tajribasi sabab ba’zi ishtirokchilar oila tashqarisidagi odamlarga to‘liq ochilmaslikni afzal ko‘rgan. Ayrimlari hatto do‘stni qarindoshlar orasidan tanlashini bildirgan.

Yaqinlik uchun odamning mavjudligi kifoya qilmaydi, psixologik xavfsizlik ham kerak. Do‘stga sir aytishning o‘zi borib turgan tavakkalchilik: o‘z haqingizdagi ma’lumotni nazorat qilish huquqini boshqa insonga ham ishonib topshiryapsiz, axir. U bundan foydalanmasligiga ishonch yaqinlikning asosini yaratadi.

Ikki yigit o‘n yildan beri do‘st bo‘lishi, birga futbol ko‘rishi, ishlashi, safarga chiqishi va bir-birining hazilini yarim so‘zdan tushunishi mumkin. Ammo ular bir-biriga “Qo‘rqyapman”, “Ishim yurishmayapti” yoki “Menga yordam kerak”, deya oladimi? Do‘stlik paydo bo‘lishi uchun vaqt kerak bo‘lganidek, uning davomiyligi jismoniy makonni ham talab qiladi.

Do‘stlik manzili

Sotsiolog Ray Oldenburg ommalashtirgan “uchinchi makon” tushunchasi uy, ish yoki o‘qishdan tashqaridagi norasmiy uchrashuv joylarini anglatadi. Park, kutubxona, mahalla maydoni, choyxona, klub, kafe yoki boshqa jamoat joylari odamlarning oldindan katta reja tuzmasdan uchrashishi va muntazam muloqot qilishi uchun sharoit yaratadi.

Ammo oddiygina “Ko‘rishamizmi?” degan taklif ortidan biror yemakxonada uch-to‘rt soat bemalol o‘tirish O‘zbekiston sharoitida qanchaga tushadi? Shu ma’noda ortiqcha chiqim talab qilmaydigan park, kutubxona, sport maydonchasi yoki talabalar uchun ochiq jamoat makoni do‘stlikning infratuzilmasi hamdir.

Bugun biz minglab “doʻstlar” qurshovida yashayotgan eng yolgʻiz avlodmiz. Ekran ortidan bir-birimizni kuzatish orqali yaqinlik oʻrnini xabardorlik bilan toʻldirishga urinayotgandekmiz. Biroq chinakam doʻstlik uchun faqat tarmoqdagi “layk”lar emas, ogʻir damlarda qoʻrqmay ishonadigan yelkadosh, dardlashadigan samimiy suhbat va shunchaki birga oʻtkaziladigan begʻaraz vaqt kerak. Kundalik yumushlar va moddiy to‘siqlardan ortib, munosabatlarga vaqt ajratmas ekanmiz, telefonimizdagi yuzlab raqamlar bizni ichki yolgʻizlikdan asrab qola olmaydi. Zero, eng qadrdon insoningizga “menga yordam kerak” deya olish – hayotning eng katta boyligidir.

Shahruza SATTOROVA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish