Bir bola Toshkentda, ikkinchisi chekka qishloqda tugʻildi. Ikkovi ham matematikaga qiziqadi, murakkab masalalarni yechishga urinadi, ikkisining ham kelajakda olim boʻlish orzusi bor. Ammo birining maktabida fan toʻgaragi, malakali ustoz va olimpiadaga tayyorlaydigan murabbiy bor. Ikkinchisi esa darslikdagi mavzularni oʻzlashtirish bilan cheklanadi. Bir necha yil oʻtib, birinchi bola nufuzli universitetga kiradi. Ikkinchisi esa oʻz qobiliyatini toʻliq namoyon etolmay, boshqa yoʻlni tanlaydi. Shunda biz birinchi bolaning muvaffaqiyatini uning iqtidori va mehnati, tizimdagi islohotlar bilan izohlaymiz...
Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati. Mamlakatning ertangi taraqqiyoti ham ularning bilim va salohiyatiga bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan taʼlimdagi teng imkoniyat masalasi mamlakatning inson kapitali, iqtisodiy taraqqiyoti va kelajakdagi raqobatbardoshligi bilan bogʻliq masala. Qishloqdagi iqtidorli bola shahardagi tengdoshi bilan bir xil sharoitda taʼlim olyaptimi? Agar yoʻq boʻlsa, bu tafovut qayerdan boshlanadi va uni qanday kamaytirish mumkin?
Bu savollarga javob berish uchun bogʻchadan maktabga, maktabdan qoʻshimcha taʼlimga, undan oliy taʼlimga qadar boʻlgan jarayonni tahlil qilish kerak. Chunki iqtidor bir kunda paydo boʻlmaydi. Uni payqash va rivojlantirish uchun yillar davomida izchil muhit zarur.
Maktabgacha taʼlim bolaning til, muloqot, fikrlash va oʻrganish koʻnikmalarini shakllantiradigan muhim bosqich. Shu sababli bogʻchaga qatnash imkoniyatidagi farq keyingi taʼlim bosqichlariga ham taʼsir qiladi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hisob-kitobiga koʻra, olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimiga qamrov shaharda 77 foiz, qishloqda esa 65 foizni tashkil etadi. Bu raqamlar qishloq va shahar bolalari maktabga qadam qoʻyishdan oldin ham bir xil imkoniyatga ega boʻlmasligi mumkinligini koʻrsatadi. Biroq qamrovning oʻzi taʼlim sifati haqida toʻliq tasavvur bermaydi. Bogʻchaga qatnayotgan bolalar qanday dastur asosida taʼlim oladi, tarbiyachilar malakasi qanday, mashgʻulotlar bolaning rivojlanishiga qay darajada xizmat qiladi − bular ham muhim.
OECDning taʼlim siyosati boʻyicha tahlillarida qishloq maktablarining muammolari faqat maktab binosi yoki oʻqituvchi bilan cheklanmasligi, hududdagi xizmatlar, transport, raqamli imkoniyatlar va taʼlim muassasalarining bir-biridan uzilib qolishi ham qayd etiladi. Qishloq maktablari koʻpincha mahalliy idoralar, turli markazlar bilan yaqin aloqada boʻlishi mumkin, ammo bu imkoniyatlardan foydalanish uchun ularni resurslar bilan bogʻlash zarur. Oʻzbekiston uchun ham bu masalaga faqat bogʻchalar sonini koʻpaytirish nuqtayi nazaridan qarash yetarli emas. Qamrov bilan birga taʼlim sifati, tarbiyachilar tayyorgarligi va maktabga tayyorlik natijalarini hududlar kesimida baholash zarur.
Qishloq maktablari haqida gap ketganda koʻpincha taʼmirtalab bino yoki eski jihozlar tilga olinadi. Biroq maktab oʻquvchiga qanday taʼlim muhiti yaratishi, darsdan tashqari mashgʻulotlar uchun vaqt va joy borligi, internetdan foydalanish imkoniyati ham muhim. MHTI maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi maktablarning 62,5 foizi qishloqda joylashgan. Kapital taʼmirga muhtoj maktablarning 63 foizi, avariya holatidagi maktablarning esa 60,7 foizi qishloqlarga toʻgʻri keladi. Demak, muammoli maktablarning katta qismi qishloqlarda. Lekin qishloq maktablarining umumiy ulushi ham yuqori. Internet masalasida ham turli koʻrsatkichlar uchraydi. Kompyuterlarning internetga ulanganlik darajasi mamlakat boʻyicha 71,6 foiz, qishloqlarda esa 69,4 foizni tashkil etadi. Boshqa soʻrovda raqamli resurslardan foydalanish imkoniyati shaharda 85 foiz, qishloqda 45 foiz deb koʻrsatilgan.
Maktabdagi smena masalasi ham bolaning taʼlim imkoniyatiga taʼsir qiladigan omillardan. Maʼlumotlarga koʻra, maktablarning 73,1 foizi ikki smenada, 0,1 foizi uch smenada ishlaydi. Oʻquvchilarning uchdan bir qismi (2,1 milliondan oshiq) ikkinchi yoki uchinchi smenada taʼlim oladi. Maktablarning beshdan birida sport zali, yigirmadan birida esa kutubxona yoʻq. Mantiqan maktablarning ikki va hatto uch smenali boʻlishi maktabda darsdan keyingi mashgʻulotlar uchun resurs cheklanishini anglatadi. Unda darsdan keyingi toʻgaraklar qanday tashkil etiladi?
Taʼlim tengligi barcha bolalarning maktabga borishi, bir xil darsliklardan foydalanishi yoki maktablarning bir xil sharoitga ega boʻlishidan iborat emas. Aslida bu tushuncha ancha keng. UNESCO taʼlimdagi inklyuziya va tenglikni har bir oʻquvchining ahamiyatini birdek tan olish, taʼlim olishga toʻsqinlik qilayotgan barcha omillarni aniqlash va bartaraf etish bilan izohlaydi. Bu toʻsiqlar bolaning yashash joyi, oilasining iqtisodiy ahvoli, tili, ijtimoiy kelib chiqishi yoki jismoniy imkoniyatlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Demak, taʼlim tengligi faqat maktab eshigini barcha uchun ochish emas, oʻsha eshikdan kirgan har bir bolaning sifatli bilim olishi va oʻz salohiyatini rivojlantirishi uchun sharoit yaratishdir.
Bu yerda tenglik va bir xillikni farqlash muhim. Masalan, shahardagi maktabda malakali fan oʻqituvchilari, laboratoriya, tezkor internet va qoʻshimcha mashgʻulotlar mavjud boʻlsa, olis qishloqdagi maktabda bir nechta fan oʻqituvchisi yetishmasa, ikkala maktabga bir xil miqdorda mablagʻ ajratish vaziyatni tenglashtirmaydi. Aksincha, qishloq maktabiga koʻproq pedagogik yordam, zamonaviy jihoz yoki qoʻshimcha mablagʻ kerak boʻlishi mumkin. OECD taʼlimdagi tenglikni taʼminlashda aynan shunday ehtiyojga asoslangan yondashuvni muhim deb hisoblaydi: resurslar oʻquvchilarning oʻqish imkoniyatlarini tenglashtirishga xizmat qilishi, sharoiti ogʻirroq maktablar esa zarur hollarda koʻproq yordam olishi lozim.
Taʼlim tengligini baholashda eng avvalo bolalarning maktabga qamrab olinishi, darslarga muntazam qatnashi va taʼlimni davom ettirishi muhim. Ammo bola maktabga borishi, lekin darsda zarur bilimni ololmasligi, oʻqish yoki matematikadan boshlangʻich koʻnikmalarni egallamasligi ehtimoli ham bor. Jahon Banki “learning poverty”, yaʼni taʼlimdagi qashshoqlik tushunchasini aynan shu muammoni koʻrsatish uchun qoʻllaydi. Uning taʼrifiga koʻra, 10 yoshga kelib oddiy matnni oʻqib, tushuna olmaslik bolaning taʼlim olish jarayonida muhim bilim va koʻnikmalarni egallamaganini anglatadi.
Bu yondashuv taʼlim siyosatida muhim oʻzgarishni talab qiladi: natijani faqat maktablar soni, oʻquvchilar qamrovi yoki ajratilgan mablagʻ bilan emas, bolalarning nimalarni oʻrganayotgani bilan ham oʻlchash kerak. Masalan, hududlar kesimida oʻquvchilarning oʻqish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlardan natijalari tahlil qilinsa, qaysi maktab yoki tuman koʻproq yordamga muhtojligi aniqroq koʻrinadi. OECD maʼlumotlarida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zaif maktablarda moddiy resurslar hamda pedagoglar yetishmovchiligi koʻproq uchrashi, qishloq maktablari ham ayrim mamlakatlarda shahardagi maktablarga nisbatan koʻproq taqchillikka duch kelishi qayd etilgan.
Taʼlimdagi tenglikni taʼminlash uchun bolaning maktabgacha taʼlimdan boshlab sifatli bilim olishi, malakali oʻqituvchiga duch kelishi, qobiliyatini sinab koʻrishi va zarur boʻlsa, qoʻshimcha yordam olishi uchun uzluksiz tizim zarur.
