Bugungi kun odami kechagidan ko‘proq biladi, ko‘proq eshitadi, ko‘proq ko‘radi, shunga qaramay, o‘zini ko‘proq yo‘qotadi ham. Hozirgi raqamli jamiyatga shunchalik singib ketgan bir holat borki, ko‘pchilik uni “shunchaki tashvishlanish”, “yoqimsiz holat”, “odatiy hissiyot” sifatida qabul qiladi. Gap FOMO haqida. Ya’ni biror muhim voqeadan, imkoniyatdan yoki yangilikdan bexabar qolib ketish qo‘rquvi.
Kechki soat ikki, ammo siz hali uyquga ketganingiz yo‘q, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zingizga yoqqan blogerlarning hayotini kuzatib, videolarni ko‘rib yotibsiz. Shu payt xuddi sizdek behalovat do‘stingiz “Guruhga qara, shuncha gapdan qolib keting”, deb yozdi, buyuk bir kashfiyotdan bexabar qolgan insondek guruhga kirsangiz, minglab o‘qilmagan xabarlar. Bu payt vahima xuruji sodir bo‘ladi: “Endi nima deb suhbatga qo‘shilsam ekan, shunchasini o‘qib chiqqunimcha suhbat tugab ketadi-ku” deb boshingiz qotadi. Tanishmi bu holat?
FOMO atamasini birinchi marta 2004-yilda amerikalik shifokor Dan Herman ishlatgan, biroq bu tushuncha keng ommaga Patrick J. McGinnisning 2013-yildagi “Harvard Business Review”dagi maqolasidan so‘ng tanila boshladi. U FOMOni “doimiy ravishda boshqa joyda, boshqa odamlarda yoki boshqa voqelikda nimadir yaxshiroq bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotir” deb ta’riflagan.
Bugun FOMO ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘lanadi. Instagramda do‘stingiz dam olish yoki yangi marralarni zabt etish maqsadida xorij safarida, X tarmog‘ida hamkasbingiz yangi loyiha boshlagan, Telegramda kimdir nimadir qilyapti. Siz esa bu holatda telefonni o‘chirib qo‘yishga jur’at eta olmaysiz, ehtimol, shu safar aynan nimadandir qolib ketishingiz mumkin.
Psixologik tadqiqotlarda FOMO asosan ijtimoiy taqqoslash nazariyasi (Social Comparison Theory) bilan bog‘liq. Bu nazariyani 1954-yilda psixolog Leon Festinger ishlab chiqqan bo‘lib, odamlar o‘zlarining ijtimoiy maqomini boshqalarnikiga qarab baholashga moyil ekanini ko‘rsatgan. Bu holat ba’zida ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelgan.
2020-yilda “Computers in Human Behavior” jurnalida chop etilgan tadqiqotda shifokor Andrew K. Przybylski shunday deydi: “FOMO shunchaki yoqimsiz hissiyot emas, u odamni doimiy ijtimoiy tarmoqda qolishga majbur qiluvchi mexanizmdir. Bu esa insonning hayotiy ehtiyojlari va qadriyatlarini ikkinchi o‘ringa tushiradi”.
Magnit-rezonans tomografiya (MRT) orqali o‘tkazilgan tajribalarda FOMOga yo‘liqqan insonlarda dopamin ishlab chiqarish ortishi aniqlangan. Dopamin miyada va tanada tabiiy ravishda ishlab chiqariladigan gormon va aynan rag‘bat hissi bilan bog‘liq neyrotransmitter hisoblanadi. Odam FOMO orqali yangi ma’lumotga ega bo‘lishda o‘ziga “psixologik rag‘bat” beradi, lekin bu vaqtincha va keyin asosan ichki notinchlik bilan almashinadi. 2023-yil hisobotiga ko‘ra, 16-29 yosh oralig‘idagi foydalanuvchilarning 69 foizi ijtimoiy tarmoqlarni “biror narsani o‘tkazib yubormaslik, doimiy ravishda e’tibor markazida qolish” uchun tez-tez tekshiradi. FOMO nafaqat ruhiy holatga, balki ijtimoiy hayotga, mahsuldorlikka, hattoki inson o‘zini qanday anglashiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Esseks universiteti tadqiqotida bir haftalik “ijtimoiy tarmoq detoksi”da (ijtimoiy tarmoqdan tanaffus) qatnashgan talabalarning 73 foizining ruhiy holatida yaxshilanish sezilgan.
Biz ham kichik tadqiqot sifatida kishilar bilan suhbatlashib ko‘rdik, Muharramoy Egamberganova, 20 yoshda, Toshkentda yashaydi. U deyarli har kuni TikTok va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda kamida 3-4 soat vaqt o‘tkazadi. U bilan suhbatlashganimda shunday dedi:
– Do‘stlarim har kuni yangi postlar, “story”lar joylashadi. Kimdir Dubayda, Misrda, kimdir yangi telefon olgan, sovg‘a qilingan qimmatbaho narsalar, taqinchoqlarni sur’atga olib ulashadi. Men ular joylaganlarini ko‘rmasam, go‘yoki ular bilan muloqotda o‘zimni noqulay, e’tibordan chetda his qilaman… Shu odat tuifayli o‘qishimga ham diqqatimni jamlay olmay qolaman.
Yolg‘iz Muharramoy emas, minglab, millionlab yoshlar shu bosim ostida yashayapti va ular bunga o‘rganib qolgan, lekin zararini anglamaydi. Nafaqat yoshlar orasida, kattalarning ish faoliyatida ham “karyera FOMOsi” uchrab turadi.
G‘olib Xudoyberdiyev, 45 yoshli dasturchi, o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan, bir necha loyihalar rahbari hamda asoschisi, lekin har safar “LinkedIn”da boshqalarning yangi lavozimlari yoki kurslar tugatilgani haqida post ko‘rsa, o‘zini ortda qolgandek his qiladi:
– Men o‘z sohamning ilg‘or mutaxassisi edim, ammo hozirgi kunda yangi dasturlar, texnologiyalar rivojlanib ketmoqda va har kuni kimdir yangi bosqichga o‘tganini ko‘rsam, birdan shubhalanaman: “balki, men orqada qolgandirman?”.
Bu esa professional FOMO, raqobatga asoslangan, o‘zgarishlar ortidan quvishga majbur qiluvchi his. Bu haqda psixolog Susan Albers shunday deydi: “FOMO insonni hozirgi hayotidan norozi qiladi, uni mavjud real hayotdan olib chiqib, tasavvuriy yaxshiroq hayotga bog‘lab qo‘yadi”.
FOMOdan JOMOga
Harvard Biznes maktabining 2016-yilgi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, odamlar o‘zlarini doim boshqalar bilan solishtirganda baxt darajasi keskin pasayadi. Har safar shunday holatni boshingizdan o‘tkazsangiz, o‘zingizning buguningizni kechagi holatingiz bilan solishtiring. Bu esa o‘zgarishni anglash rag‘batini oshiradi.
Penn State universitetining treningida haftasiga 30 daqiqagacha ijtimoiy tarmoqdan foydalanish FOMO va depressiyani sezilarli kamaytirishi aniqlangan. Bu tajribani uy sharoitida ham qo‘llasa bo‘ladi. Buning uchun mobil qurilmangizda “Do Not Disturb” (DND) rejimidan foydalaning, shunda ko‘p foydalaniladigan ilovalaringiz sizga har xil xabar va bildirishnomalar yuborishdan to‘xtaydi. Kundalik foydalanish vaqtini kamaytirish ham samara beradi, masalan, 20-30 daqiqagacha.
2021-yilda London universitetida mutaxassislar yaxshi odatlarni rivojlantirish maqsadida o‘rtacha 66 kunlik sog‘lom psixologik mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu vaqt davomida bir inson butunlay boshqa bir insonga aylandi, ya’ni ijobiy tomonga. Kuniga 10 betdan kitob o‘qishni boshlaydi, haftalik maqsadlarni yozib borish va unga erishish, shaxsiy fikrlar va hayotiy voqealarni yaqin insonlar bilan bo‘lishishni o‘rganadi. Asosan endi ular FOMO (fear of missing out) emas, JOMO (joy of missing out) bilan yashashni boshlaydi. JOMO atamasi FOMO tushunchasiga teskari qo‘yiladi: hayotda sodir bo‘layotgan hamma narsada qatnashishga hojat yo‘qligini tushunib yetish va o‘z hayotidan zavq olish.
