Bugun jamiyatda ko‘p oilalar kelin tanlashda uning o‘qimishli va diplomli bo‘lishiga katta e’tibor beradi. Biroq odatda bu diplom ayolning jamiyatdagi faolligi uchun emas, balki oilaning nufuzi yoki bolalarga yaxshi tarbiya berish uchun shunchaki maqom sifatida ko‘riladi. Natijada esa minglab salohiyatli kadrlar mehnat bozoridan uzilib, diplomli uy bekasiga aylanib qoladi. Bunday holat odatiy, lekin bu nafaqat ayol kishining o‘ziga, butun jamiyat va iqtisodiyotga ham ta’sir qiladigan muhim masala.
Bizda ayol uyda bo‘lishi kerak, degan fikr bor. Uy ishlari va bola tarbiyasi deyarli to‘liq ayol zimmasida. Ish va uy yumushlarini birdek olib borish esa jismonan va ruhan juda ogʻirlik qiladi, natijada ayol tanlov oldida qolganda oilani tanlashga majbur boʻladi. Aksar oilalarda ayolning ishlash-ishlamasligini oila a’zolari hal qiladi. Oqibat esa yaxshi bir mutaxassis uyda qolib ketadi. Ayollarni maishiy yumushlarga mas’ul deb qarash deyarli barcha jamiyatlarga xos. “UN Women” ma’lumotiga ko‘ra, ayollar har qanday holatda erkaklarga qaraganda bir necha barobar ko‘proq vaqtni uy ishlariga sarflaydi.
Muammo faqat oilada ham emas, ijtimoiy infratuzilma masalasi ham asosiy sabablardan. Deylik, bolalar bogʻchasi muammosi: kichik yoshdagi bolalarni ishonchli va sifatli bogʻchaga berish imkoniyati hamma yerda ham mavjud emas. Xususiy bogʻchalar qimmat boʻlishi, davlat bogʻchalarida esa joy yetishmasligi ayolni farzandi bilan uyda qolishga undaydi.
Yana bir muammo – maosh va xarajatlar nisbati: ba’zan ayolning oladigan oyligi bogʻcha puli, yoʻl xarajati va tushlikdan ortmaydi. Bunday holatda ishlagandan koʻra uyda oʻtirgan foydaliroq degan xulosa kelib chiqadi.
Jahon Bankining 2024-yilgi “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili”ga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi ish haqi va bandlikning pastligi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kambag‘allikni kuchaytiryapti. Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda YIM 29 foizga oshadi. Ayollarning erkaklar bilan bir xil maosh olishini ta’minlash esa 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi. Ikki kishi ishlaydigan oilada daromad koʻproq boʻladi. Bu esa bolalarga yaxshi taʼlim berish, sifatli ovqatlanish va yaxshi sharoitlarda yashash imkonini beradi. Ayolning mehnati toʻgʻridan toʻgʻri oila farovonligini oshiradi.
Agar jamiyatning yarmini tashkil qiluvchi ayollar ishlamasa, davlat oʻzining 50 foiz intellektual va mehnat salohiyatidan foydalanmayotgan boʻladi. Taʼlim va tibbiyot kabi sohalarni ayollarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Oliy ma’lumotli ayolning uyda oʻtirishi esa davlat u uchun sarflagan resurslarining isrof boʻlishidir. Maktabda yaxshi oʻqituvchi yoki shifoxonada malakali shifokor yetishmasligi aynan shu sababli ham yuzaga keladi.
O‘zbekistonda erkaklar va ayollar bandligini solishtirganda, ko‘rsatkichlar o‘rtasida sezilarli farq (gender tafovuti) borligi ko‘rinadi. 2024-2025-yillardagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy farqlar quyidagilarda namoyon bo‘ladi.
25–34 yoshdagi ayollarning faqat 56 foizi ish bilan band. Umumiy iqtisodiy faollik ko‘rsatkichi esa 39,4–41,2 foiz atrofida. Xuddi shu yoshdagi erkaklarning 93 foizi ishlaydi. Iqtisodiy faollik darajasi esa 73,9 foizni tashkil etadi. Erkaklar mehnat bozorida ayollarga qaraganda ancha faolroq.
O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 34–39 foiz kamroq maosh oladi. Dunyodagi o‘rtacha farq 20 foiz bo‘lsa, bizda bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobar yuqori. Ilg‘or mamlakatlarda tafovut oʻrtacha 11-12 foizni tashkil qiladi. Turkiya (36,31 foiz) va Hindiston (34,4 foiz) kabi davlatlarda ayollar bandligi nisbatan past boʻlib, bu borada Oʻzbekiston koʻrsatkichlariga yaqinroq turadi.
Dunyo miqyosida ayollar iqtisodiy faolligining oʻrtacha darajasi taxminan 47–49 foizni tashkil etadi, erkaklarda esa bu koʻrsatkich 72 foiz atrofida. Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya kabi mamlakatlar dunyoda eng yuqori bandlik darajasiga ega. Masalan, Islandiya gender tengligi boʻyicha ketma-ket 15 yildirki dunyoda 1-oʻrinni egallab kelmoqda. Bu mamlakatlarda ayollarning ish bilan bandlik darajasi 75-80 foizdan yuqori. Botsvana, Gonduras, Filippin kabi davlatlarda esa rahbarlik lavozimlarining 50 foizdan ortigʻini ayollar egallaydi. Rossiyada ham korporativ rahbarlikda ayollar ulushi yuqori: taxminan 44-45 foiz.
Yevropa Ittifoqi davlatlarida ayollar bandligi oʻrtacha 70,8 foizni, erkaklarda esa 80,8 foizni tashkil etadi. Yaʼni farq bor-yoʻgʻi 10 foiz atrofida (Oʻzbekistonda 25–34 yoshlilar orasida bu farq 37 foizni tashkil etadi).
Ko‘pgina davlatlarda, ayniqsa, Yevropada ayollar bandligini oshirish uchun moslashuvchan ish soatlari va masofaviy ish keng joriy etilgan. Shuningdek, otalar uchun majburiy tugʻuruq taʼtili tizimi ayolning ishga tezroq qaytishiga va karyerasini yoʻqotmasligiga yordam beradi
Yuqorida sanalgan davlatlarning O‘zbekistonga qaraganda ayollar bandligi yuqori bo‘lishining bir nechta asosiy sabablari bor. Skandinaviya va Yevropa davlatlarida davlat bog‘chalari tizimi juda mukammal rivojlangan. Bolani bog‘chaga berish muammo emas va xizmat sifati yuqori. Bu onalarga bola tug‘ilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida ishga qaytish imkonini beradi.
Yuqori bandlik kuzatiladigan davlatlarda ayollar va erkaklar uchun teng ish haqi va teng imkoniyatlar qonun bilan qat’iy himoyalangan. Ish beruvchilar ayol kishini “Ertaga tug‘uruq ta’tiliga ketadi”, deb ishga olishdan qochmaydi.
Islandiya yoki Shvetsiyada bola tug‘ilganda onadan tashqari otaga ham majburiy pullik ta’til beriladi. Bu oilaviy majburiyatlarni teng taqsimlashga va ayolning karyerasida katta uzilish bo‘lmasligiga yordam beradi.
Rivojlangan davlatlarda yashash xarajatlari yuqoriligi sababli oila byudjetini shakllantirishda ikki kishining ishlashi zaruriyatga aylangan. O‘zbekistonda esa ko‘p hollarda bir kishi (erkak) topadigan daromad butun oilani boqishiga yo‘naltirilgan iqtisodiy model ustunlik qiladi.
O‘zbekistonda ayollar bandligini oshirish va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha asosan nimalarga e’tibor berish kerak?
Jahon Banki va Xalqaro Mehnat Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar va erkaklarning mehnat bozorida teng ishtiroki davlat iqtisodiyotining sezilarli o‘sishiga xizmat qilishi mumkin. Shu sabab dunyoning rivojlangan davlatlari gender tengligini faqat qonuniy huquqlar bilan emas, balki amaliy imkoniyatlar orqali ta’minlashga harakat qilmoqda.
Bugungi xalqaro tajriba ko‘rsatadiki, ayollar bandligini oshirish uchun eng avvalo ularning kundalik yuklamasini kamaytiradigan tizim kerak bo‘ladi. Skandinaviya davlatlari tajribasi aynan shu jihati bilan ajralib turadi. Islandiya, Shvetsiya va Norvegiya kabi mamlakatlarda ayollar bandligining yuqori bo‘lishi “g‘amxo‘rlik iqtisodiyoti” bilan chambarchas bog‘liq. Sifatli va arzon bolalar bog‘chalari ayollarning mehnat bozorida faol bo‘lishiga imkon yaratadi. Chunki ko‘plab jamiyatlarda ayollarning ish faoliyatidan chekinishiga aynan uy yumushlari va parvarish mas’uliyati sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar tajribasi gender tengligi faqat ayollarga yaratiladigan imkoniyatlar bilan cheklanmasligini ham ko‘rsatadi. Masalan, erkaklar uchun ham ota-onalik ta’tilining joriy etilishi oiladagi mas’uliyatni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa bolalar parvarishi va uy yumushlari faqat ayolning zimmasidagi vazifa degan eski stereotiplarning asta-sekin kamayishiga olib keladi.
Zamonaviy iqtisodiyotda masofaviy va moslashuvchan ish tizimlari ham ayollar bandligini oshirishning muhim vositasiga aylangan. Ayniqsa, yosh bolali ayollar uchun moslashuvchan grafik asosida ishlash imkoniyati katta ahamiyatga ega. Bu ularga oilaviy majburiyatlarni saqlab qolgan holda daromad topish va oila budjetiga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Umuman olganda, xalqaro tajriba ayollar bandligini oshirish masalasi alohida bir soha emasligini ko‘rsatadi. Bu ta’lim, mehnat bozori, ijtimoiy himoya, oilaviy siyosat va jamiyatdagi stereotiplar bilan chambarchas bog‘liq kompleks masala.
