Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Huquqshunoslik va huquqiy texnologiyalar uyg‘unligi: Miraziz Amrulloyevning ilmiy va kasbiy faoliyati

7.7.2026 27

Bugungi kunda huquq sohasi nafaqat qonunlarni qo‘llash, balki zamonaviy texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar bilan ham chambarchas bog‘lanib bormoqda. Korporativ huquq, xalqaro arbitraj va sun’iy intellekt imkoniyatlarini huquq tizimiga tatbiq etish yo‘nalishida izlanish olib borayotgan yosh huquqshunos Miraziz Amrulloyevning faoliyati ana shu tendensiyaning yorqin misollaridan biri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda u xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham faol ishtirok etib kelmoqda. 2026-yil mart oyida xalqaro ilmiy New Renaissance jurnalida huquq sohasi bo‘yicha ilmiy taqrizchi va muharrir etib tayinlandi. Shuningdek, Eurasian Journal of Law, Finance and Applied Sciences xalqaro jurnali tahririyati tarkibiga ham qabul qilindi. Bu vazifalar ilmiy maqolalarni baholash, ularning ilmiy qiymati va dolzarbligini tahlil qilish hamda nashr jarayonida ishtirok etishni nazarda tutadi.

Olimning ilmiy izlanishlari korporativ huquq, arbitraj, korporativ nizolarni hal etish, fintex va sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Uning AQSH tijorat amaliyotida korporativ nizolarni sudgacha hal etish, Osiyoda arbitraj rivoji, sun’iy intellektning huquq tizimiga ta’siri hamda pandemiyadan keyingi transchegaraviy korporativ munosabatlar haqidagi tadqiqotlari xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan.

Amaliy faoliyatda ham u korporativ huquq sohasida tajriba orttirgan. O‘zbekiston–Umon investisiya kompaniyasidagi faoliyati davomida yirik investisiya bitimlari bo‘yicha huquqiy hujjatlarni tayyorlash, korporativ boshqaruv masalalarini huquqiy ta’minlash va muzokara jarayonlarida ishtirok etgan. Bu tajriba unga korporativ munosabatlarning amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish imkonini berdi.

Huquqiy texnologiyalarni rivojlantirish ham uning faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. U tomonidan tashkil etilgan CORP-LEX platformasi AQSH korporativ huquqi va korporativ komplayens sohasida sun’iy intellekt yordamida huquqiy tahlil va tadqiqotlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan. Loyiha huquqiy xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan raqamli yechim sifatida e’tirof etilmoqda.
Miraziz Amrulloyevning xalqaro huquqiy ta’lim sohasidagi yutuqlari ham e’tiborga loyiq. U AQSHning bir nechta nufuzli yuridik oliy ta’lim muassasalaridan grant va qabul takliflarini olgan, 2025 yilda esa Nyu-York shtati advokatlik imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, barcha talablarni bajargan holda mazkur shtatda advokat sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Uning ilmiy va kasbiy faoliyati huquqiy jamoatchilik bilan hamkorlikda ham davom etmoqda. O‘zbekiston Yuristlar assosiatsiyasi a’zosi sifatida soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan huquqshunos respublika miqyosidagi «Zukko yurist» tanlovida hakamlik qilib, yosh huquqshunoslarning huquqiy bilim va tahliliy salohiyatini baholashda ishtirok etgan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etilgan xalqaro huquqiy karyeraga bag‘ishlangan vebinarda mehmon ma’ruzachi sifatida qatnashib, talabalar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashgan.

Huquqiy tadqiqotlar, amaliy korporativ huquq, ilmiy tahrirchilik va raqamli texnologiyalarni birlashtirgan faoliyat Miraziz Amrulloyevning huquqshunoslik sohasidagi ko‘p qirrali izlanishlarini namoyon etmoqda. Bu kabi tashabbuslar huquq sohasida ilmiy yondashuv va innovasion texnologiyalar uyg‘unligini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish