Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KICHIK GULDURSUN LIDERI: uning tarjibasini respublikada ommalashtirsa arziydi

12.5.2025 854

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarini hal etish va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yoshlar balansi” tizimi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashda yangi bosqichni boshlab berdi.

Ellikqal’a tumanidagi Kichik Guldursun mahallasi yoshlar yetakchisi Sanjar Jumaniyazov ayni shu tizim asosida o‘z mahallasidagi yoshlarga alohida e’tibor bilan yondashmoqda. Uning tashabbuslari, izlanishlari va mehnatlari tufayli Kichik Guldursun nafaqat tumanda, balki respublika miqyosida eng namunali hududlardan biriga aylangan.

Kichik Guldursun mahallasi balansi:

Aholi soni: 5137 nafar;

Yoshlar soni: 1214 nafar;

Xotin-qizlar: 610 nafar.

 

“Yashil” toifa: 721 nafar;

“Sariq” toifa:  475 nafar;

“Qizil” toifa: 23 nafar.

 

Mahalla drayveri: chorvachilik, parrandachilik.

Qiziqishdan liderlikka

Sanjar yoshligidan jamoatchilik ishlarida faol. Iiderlik qobiliyati, tashabbuskorligi, yoshlar bilan ishlashga qiziqishi uni yoshlar yetakchisi vazifasiga olib keldi.

Yetakchi 2024-yili “Yetakchi spartakiadasi” musobaqasining Qoraqalpog‘iston bosqichida shaxmatdan 2-o‘rin, “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha 3-o‘rin sovrindori bo‘ldi. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining “Yoshlar balansi tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yo‘nalishida 3-o‘rinni egalladi.

– “Yoshlar balans”i tizimi shunchaki ro‘yxatga olish emas, balki har bir yoshning taqdiri, holatini tushunish va unga mos yordam ko‘rsatish tizimidir, – deydi yoshlar yetakchisi Sanjar Jumaniyazov. – Bu tizim orqali har bir yigit-qizning ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik holatini o‘rganaman. Natijada har bir yoshga individual yondashuv asosida reja tuzib, aniq ko‘mak bera olaman. Ularni chuqur tahlil qilish kerak: kimdir o‘qiyapti, kimdir ishlamayapti, yana kimdir stressda yoki e’tibordan chetda qolgan. Bu yondashuv yoshlarning bandligini ta’minlashda, ta’lim darajasini oshirishda, salomatligi va huquqiy himoyasini yaxshilashda juda katta ahamiyatga ega.

“Yoshlar pasporti”

Kichik Guldursunda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar “Yoshlar pasporti” asosida ro‘yxatga olinib, har birining ijtimoiy holati, ta’limi, bandligi, ijtimoiy faoliyati tahlil qilindi. Tahlillar natijasida:

– 27 nafar migratsiyaga ketgani;

– 297 nafar norasmiy bandligi;

– 18 nafar mehnatga layoqatsizligi;

– 18 nafar ishsiz;

– 2 nafar probatsiya nazoratidagi;

– 3 nafar profilaktik hisobda turgan yoshlar aniqlanib, har biri bo‘yicha alohida reja ishlab chiqildi.

Bandlik oshmoqda

“Yosh tadbirkor” dasturi doirasida 25 nafar yoshga biznes-reja tuzish, kredit olish, mahsulot sotish bo‘yicha treninglar o‘tkazilib, 21 nafariga 311 million so‘m imtiyozli kreditlar olib berildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 6 nafar yigitga 80 sotix yer ajratilib, pomidor, baqlajon, piyoz ekish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Ularning o‘tgan yildagi daromadi 40-50 million so‘mni tashkil etdi.

Hunarmandchilikni tiklash maqsadida 3 nafar qizga tikuv mashinasi olib berilib, ularga o‘z uyida kichik tikuv sexi ochishiga yordam berildi. Bugun ular buyurtma asosida maktab formasidan tortib to‘y liboslarigacha tikishmoqda.

– Mahallamizdagi o‘quv markazida tikuvchilik yo‘nalishida o‘qib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldim, – deydi yosh tadbirkor Munisa Ayitboyeva. – Bu kasbni puxta o‘rganish davomida kelajakda o‘z shaxsiy ish faoliyatimni yo‘lga qo‘yishni orzu qilardim. Ammo bu yo‘lda menga boshlang‘ich moddiy yordam zarur edi. Shunda mahallamiz yoshlar yetakchisiga murojaat qildim. U subsidiya asosida tikuv mashinasiga ega bo‘lishimga ko‘maklashdi. Bu menga mustaqil faoliyat boshlash, uy sharoitida tikuvchilik ishini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Bugungi kunda men buyurtmalar asosida turli kiyim-kechaklar tikib, o‘z daromadimni topyapman. Bu ish nafaqat moliyaviy mustaqillikka, balki kasbim orqali o‘zimga ishonchimni tiklashga ham xizmat qilmoqda. Kelajakda o‘z ustaxonamni ochish, boshqa qizlarni ham ish bilan ta’minlash niyatidaman.

“Bir yosh – bir ustoz”

Sanjar Jumaniyazov ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda qator tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Mahallada haftada bir marta “Kitobxonlik kechasi” tadbiri tashkil etilib, yoshlarning mutolaaga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Bir yosh – bir ustoz” loyihasi doirasida har bir ijtimoiy faol yoshga bir nafardan tajribali murabbiy biriktirilib, ular hayotiy maslahatlar, kasb tanlash, ijtimoiy faollik va shaxsiy rivojlanish borasida doimiy maslahatlar bermoqda. Yoshlar o‘rtasida “Zakovat” va kitobxonlik yo‘nalishida 12 ta tanlov o‘tkazildi.

Sport yo‘nalishida 16 turdagi musobaqa va loyiha tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 623 nafar yosh ishtirok etdi. Madaniyat va san’at yo‘nalishida esa 12 ta tanlovga 225 nafar yosh jalb etildi.

“Sanjar bilan maslahat”

Profilaktika inpektori va tuman Ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda har hafta “Huquqiy savodxonlik kuni” tashkil etiladi. 2 nafar jinoyat yoqasida turgan yosh bilan individual suhbatlar, oilaviy maslahatlar o‘tkazildi. Ular kasb-hunar markaziga yuborilib, bugun doimiy ish bilan ta’minlangan;

Shuningdek, Sanjar Jumaniyazov zamonaviy texnologiyalarni yoshlar bilan ishlashda keng qo‘llay boshlagan yetakchilardan biridir. U mahalla yoshlari uchun alohida telegram kanali ochib, har hafta ilhomlantiruvchi videolar, e’lonlar, tanlovlar joylashtirib boradi. “Sanjar bilan maslahat” rukni orqali har haftaning payshanba kuni 2 soatlik jonli muloqot tashkil qilib, yoshlar bilan bevosita aloqa o‘rnatgan.

– Yoshlikdan zamonaviy texnologiyalarga, ayniqsa, ITga katta qiziqishim bo‘lgan, – deydi Javohir Zarifboyev. – Biroq bu sohada chuqur bilim olish va kasb egallash uchun imkoniyatim yo‘q edi. Yoshlar yetakchisidan “Kelajak kasblari” loyihasi haqida eshitdim va bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qildim. Yetakchining yo‘llanmasi asosida Deuth Zentrum o‘quv markazida bepul IT-kurslarda tahsil oldim. Bu yerda men dasturlash asoslari, veb ishlanmalar va zamonaviy IT yo‘nalishlar bilan tanishdim. Kursni muvaffaqiyatli yakunlaganimdan so‘ng, Ellikqal’a BPO IT markazida rasmiy ish faoliyatimni boshladim. Hozirgi kunda o‘z yo‘limni topganimdan, sevimli sohamda ishlayotganimdan mamnunman. Endi esa maqsadim – yanada chuqur bilim olib, kelajakda o‘z IT loyihamni yaratishdir.

Sanjar Jumaniyazovning faoliyati mamlakatimizda yoshlariga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. U yoshlarga nafaqat ko‘makchi, balki o‘ziga xos do‘st, maslahatgo‘y va yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida yondashmoqda. Uning ish uslubi, har bir yoshga individual tarzda yondashuvi faqat Ellikqal’a tumani uchun emas, butun respublika uchun namunadir.

“Yoshlar balansi” tizimiga takliflar

Sanjar Jumaniyazov o‘z faoliyati davomida “Yoshlar balansi” tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida bir qator takliflarni ilgari surmoqda.

  1. Balansni yil davomida reja asosida yuritish. Yoshlar balansini har oy yoki qisqa muddatda emas, balki yil davomida rejaga muvofiq amalga oshirish kerak. Har yili 14 yoshga to‘lgan yoshlar, yangi kelganlar va boshqa ko‘chib kelgan shaxslarni tizimga doimiy ravishda kiritib borish lozim.

Ushbu yondashuv yoshlar haqidagi ma’lumotlarning to‘liq va sifatli shakllanishiga, real holatni aks ettirishiga xizmat qiladi. Reja asosida yuritilgan tahlillar individual yondashuvda aniq va asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

  1. Barcha yoshlar platformalarini yagona tizimga birlashtirish. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan “Yoshlar daftari”, “Yoshlar portali”, “Yoshlar balansi”, yoshlar.ijro.uz, beshtashabbus.uz kabi platformalarni yagona – “Yoshlar platformasi”ga birlashtirish kerak.

Bu barcha ma’lumotlar va jarayonlarni yagona markazda boshqarish, yetakchilarning ishini soddalashtirish, rejalilik va samaradorlikni ta’minlaydi. Yetakchilar har bir yosh bilan ishlashda barcha ma’lumotlarga bir joyda ega bo‘lishi orqali tezkor va manzilli yordam ko‘rsatishga erishadi.

  1. Loyihalar va KPI ko‘rsatkichlarini raqamlashtirish. “Yoshlar balansi” platformasiga amalga oshirilayotgan tadbirlar, loyihalar va yoshlar bilan ishlash faoliyatini tizimli ravishda yuklab borish, KPI (asosiy ko‘rsatkichlar)ni esa to‘liq raqamlashtirish kerak.

KPI ko‘rsatkichlarining elektron shaklga o‘tkazilishi yetakchilarning faoliyatini baholashda inson omilini kamaytiradi, obyektivlikni oshiradi. Bu esa yetakchilarni o‘z ustida doimiy ishlashga, tashabbuskorlikni kuchaytirishga undaydi.

  1. Ko‘chirish so‘rovnomalarini ko‘rib chiqish muddatini belgilash. “Yoshlar balansi” tizimi orqali yuboriladigan ko‘chirish so‘rovnomalariga rasmiy javob berish muddatini belgilash va agar bu muddatda javob berilmasa, platformadan foydalanishni vaqtincha cheklash tizimini joriy etish zarur.

Ko‘plab ko‘chirish so‘rovnomalari ko‘rib chiqilmay qolmoqda. Belgilangan muddat tizimga javobgarlikni oshiradi, vaqtida javob berilishini ta’minlaydi hamda yoshlar haqidagi ma’lumotlar kechikmasdan uzluksiz yangilanib borilishiga imkon yaratadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish