Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ichki migratsiya mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarning qanday taqsimlanganini ko‘rsatadi

25.8.2026 36

Dildora TUROBJONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bir odamning tug‘ilib-o‘sgan joyini tashlab, boshqa bir joyga ko‘chib ketishini shaxsiy qaror sifatida tabiiy qabul qilish mumkin. Ammo juda ko‘pchilik ko‘chishni istasa, bu endi alohida oilalarning emas, butun mamlakatning demografik va iqtisodiy hayotiga ta’sir qiladigan jarayonga aylanadi.

Ichki migratsiya dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida uchraydi. Odamlar odatda o‘zlari uchun imkoniyat ko‘proq bo‘lgan joyga intiladi. Ammo ular qayerga va qanchalik erkin ko‘cha olishi faqat shaxsiy xohishga emas, davlat siyosati, uy-joy bozori, mehnat bozori va hududlar o‘rtasidagi farqlarga ham bog‘liq.

Migratsiyaning eng oddiy sababi – iqtisodiy sharoit. Yirik shaharlar odatda ko‘proq ish, biznes va ta’lim imkoniyatlarini taklif qiladi. Bundan tashqari, umumiy infratuzilma masalasi: yaxshi maktab, universitet, shifoxona, transport yoki boshqa xizmatlarning mavjudligi ham odamlarning qaroriga ta’sir qiladi. Turmush qurish, oiladan mustaqil yashash yoki qaytish kabi sabablar ham bor. Urush, zo‘ravonlik, tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik yoki ekologik muammolar tufayli ham odamlar ko‘chishga majbur bo‘ladi. Shu sababli ichki migratsiyani faqat “Qishloqdan shaharga ish izlab ketish” bilan izohlash noto‘g‘ri.

Jahon Banki va UNDP ma’lumotlariga ko‘ra, ichki migrantlar soni taxminan 760 million deb ko‘rsatilgan. Biroq mamlakatlarda ichki migratsiyani o‘lchash usullari bir xil emas va global miqyosda muntazam yangilanadigan yagona statistika yo‘q.

Dunyoda ichki migratsiyaning eng katta yo‘nalishlaridan biri – urbanizatsiya. Odamlar iqtisodiy faoliyat, ish, ta’lim va xizmatlar jamlangan shaharlarga intiladi. Shu sababli ichki migratsiya va shaharlashish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.

Ammo barcha mamlakatlarda jarayon bir xil emas. Xitoy va Hindiston kabi davlatlarda qishloqlardan yirik shaharlarga katta oqim kuzatilgan bo‘lsa, ayrim rivojlangan mamlakatlarda qimmat uy-joy va zich shahar hayotidan qochib, kichik shaharlarga yoki qishloqlarga ko‘chish ham uchraydi.

Shu ma’noda migratsiya mehnat resurslarini ehtiyoji yuqori bo‘lgan joylarga taqsimlashga yordam beradi. Ammo jarayon juda tez yoki bir tomonlama kechishi bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Aholi qisqa vaqt ichida bir necha yirik shaharga to‘plansa, uy-joyga talab oshadi. Ijara haqi qimmatlashishi, yo‘llarda tirbandlik kuchayishi, maktab va shifoxonalarga yuklama ortishi mumkin. Shaharning mavjud infratuzilmasi yangi aholini qabul qilishga ulgurmasa, iqtisodiy imkoniyatlar bilan birga yashash xarajatlari ham oshadi.

“Seitz”ning O‘zbekistondagi ichki migratsiya va propiska tizimiga bag‘ishlangan tadqiqotiga ko‘ra, 2018-yilda rasmiy ichki migratsiya darajasi aholining atigi 0,5 foizi atrofida bo‘lgan. L2CU so‘rovida esa aholining taxminan 5 foizi tug‘ilgan viloyatidan boshqa viloyatda yashayotgani aniqlangan. So‘nggi bir yil ichida ko‘chganlar ulushi esa atigi 0,3 foiz bo‘lgan. Besh yillik davr bo‘yicha viloyatlararo migratsiya darajasi 1,24 foizni tashkil etgan.

Buning asosiy sabablaridan biri – “propiska” tizimi edi. Sovet davridan meros bo‘lib qolgan ro‘yxatga olish tizimi O‘zbekistonda odamlarning yashash joyini tanlashiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, Toshkentga doimiy ko‘chib kelish bo‘yicha cheklovlar kuchli bo‘lgan.

“Seitz” tadqiqotida Toshkent 1999-yilda alohida tartibga ega yopiq shahar sifatida belgilanganini, 2011-yilda esa ayrim cheklovlar Toshkent viloyatiga ham kengaytirilganini qayd etgan. Bu tizimning ta’sirini demografik raqamlarda ham ko‘rish mumkin. 2000–2019-yillarda O‘zbekiston aholisi 36 foizga oshgan, Toshkent shahri aholisi esa atigi 17 foizga ko‘paygan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda yashash hududida ro‘yxatdan o‘tish tizimi isloh qilindi. Odamlarning mamlakat ichida harakatlanishiga oid ayrim ma’muriy to‘siqlar yumshatildi. Biroq qonuniy imkoniyat kengaygani bilan odamning real imkoniyati avtomatik ravishda oshib qolmaydi. Bugungi kunga kelib narxlar, ko‘chmas mulk, infratuzilma masalalari ko‘proq ahamiyat kasb eta boshladi.

O‘zbekistonda ichki migratsiya haqida gapirganda, ekologik omilni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Jahon Bankining O‘zbekiston bo‘yicha iqlim va taraqqiyot hisobotida suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, ekstremal issiqlik, chang bo‘ronlari va Orol dengizning qurishi mamlakat uchun muhim xavf sifatida ko‘rsatilgan. Hisobotga ko‘ra, 2030-yilga borib kamida 8 million kishi juda yuqori iqlim xavfi mavjud hududlarda yashashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Iqlim sharoitining yomonlashishi qishloq xo‘jaligi, daromad va ish o‘rinlariga ta’sir qilmay qolmaydi. Natijada odamlar u yerdan ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Shu sababli kelajakdagi ichki migratsiyani iqlim xaritasi ham belgilaydi.

Bugungi rasmiy statistika ichki migratsiyaning mamlakatda ham davom etayotganini ko‘rsatadi. Milliy statistika qo‘mitasining SIAT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston hududlariaro 252,8 ming kishi ko‘chgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 241,8 ming edi. Toshkent shahri va viloyati, Samarqand, Farg‘ona va boshqa iqtisodiy yoki ta’lim markazlari aholining ichki harakatida muhim rol o‘ynaydi.

Ichki migratsiya – mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarning qanday taqsimlanganini ko‘rsatadigan jarayon. Buni yaxshi yoki yomon hodisa deb bo‘lmaydi. U odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Agar odam Toshkentga yaxshiroq ish uchun ko‘chsa, bu uning iqtisodiy imkoniyatini kengaytirishi mumkin. Ammo odam o‘z hududida ish, sifatli ta’lim, tibbiyot yoki yashash sharoitini topa olmagani uchun ketayotgan bo‘lsa, muammo uning ko‘chganida emas. Shu bilan birga, boshqarilmagan yoki haddan tashqari markazlashgan migratsiya shaharlar va qishloqlarda yangi muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin.

Ichki migratsiya qanday kechayotganini kuzatish imkoniyatlar mamlakat bo‘ylab qanchalik teng taqsimlanganini, hududlardagi iqtisodiy vaziyat, mehnat sharoitlari, turmush darajasini bilishga yordam beradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish