Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“BILIB TURIB, BILMAGANGA OLISHADI” yoxud 1700 so‘mlik mas’uliyatsizlik

25.8.2026 632

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bir vaqtlar konduktorlar tiqilinch avtobusda yo‘lovchilar orasida yurib, yo‘l haqini yig‘ardi. Bu ham noqulay, ham inson omiliga bog‘liq jarayon edi. Bugun shahar jamoat transporti modernizatsiya qilindi, yangi, zamonaviy avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarildi. Tizimni maqbullashtirish, tirbandlikning oldini olish va inson omilini kamaytirish maqsadida konduktorlar xizmatidan bosqichma-bosqich voz kechilib, to‘lovlar elektron tizim va validatorlarga o‘tkazildi. Bu jamoat transportiga to‘lovni qulay, ishonchga asoslangan tizimga aylantirdi.

Ammo ishonch doim ham oqlanmayapti.

Yuzlab yoʻlovchilarni manziliga yetkazayotgan avtobus haydovchisi bu vaziyatni quyidagicha ta’riflaydi:

– Konduktorsiz ishlash bizga katta yengillik boʻldi, asosiy e’tiborni harakat xavfsizligiga qaratamiz. Lekin orqa eshikdan chiqib, toʻlov qilmay tushib ketayotganlarni koʻrganda odamning dili ogʻriydi. Ba’zida oynadan qarab turaman: kartasini validatorga shunchaki tekkizgandek bo‘lishadi-yu, lekin pul yechilganini bildiruvchi signal eshitilmaydi. Buni bilib turib, oʻzini bilmaganga olib ketaverishadi. Bu oddiy 1700 soʻmlik masala emas, balki mehnatni qadrlamaslik...

Bu haydovchining shaxsiy ginasi emas, raqamlarda ham oʻz aksini topyapti. 2026-yilning dastlabki 7 oyida o‘tkazilgan reyd va tekshiruvlarda jamoat transportida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangani aniqlangan. Ulardan undirilgan jarimalar miqdori esa 2 milliard so‘mdan oshgan.

Ushbu raqamlarni faqat statistika sifatida qabul qilish qiyin. 82 ming kishining har biri “Bir marta to‘lamasam nima bo‘lardi?” degan fikrda bo‘lgan, ehtimol. Ammo minglab odamlar bir xil fikrlasa, muammo shaxsiy emas, tizimli tus oladi.

Shunchaki moddiy yetishmovchilik emas

Chiptasiz yurishga intilish ortida koʻproq inson psixologiyasi va ijtimoiy xulq-atvor omillari yotadi. Ya’ni bu zinhor moddiy yetishmovchilik natijasi emas. Inson tabiatan nazoratchi boʻlmagan joyda mas’uliyatni kamroq his qilishga moyil boʻladi. Validatordan signalsiz oʻtib ketganda atrofidagilar e’tibor bermasa, odamda beixtiyor jazosizlik hissi shakllanadi. Har kuni 1700 soʻm tejab qolish oy oxirida mo‘may summani jamg‘arishdek tuyulishi mumkin, ammo bu ma’naviy mas’uliyatni vaqtinchalik moddiy manfaatga almashtirish, xolos.

Arzimagan 1700 soʻm ulkan iqtisodiy mexanizmga bog‘lanib turadi. Yoʻl haqidan yigʻilgan har bir soʻm avtobuslarni texnik soz holatda saqlash, yoqilgʻi va elektr energiyasi xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi. Toʻlanmagan yo‘l haqlari koʻpaygani sari tizimda daromad kamayib, avtobuslarning qatnov intervallari uzayadi va xizmat sifati tushadi. Yangi va shinam avtobuslarni xarid qilish, yoʻnalishlarni kengaytirish, haydovchi va texnik xodimlarga munosib ish haqi toʻlash shu tushumlar hisobiga amalga oshiriladi.

1-sentabrdan qimmatga tushadi

Tez orada qonunchilikda chiptasiz yurganlarga nisbatan choralar keskinlashadi. Transport vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritgan yangi takliflarga ko‘ra, 1-sentabrdan jamoat transportida chiptasiz yurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Birinchi marta yo‘l haqini to‘lamasdan ushlangan yo‘lovchiga BHMning yarim baravari – 220 ming so‘m jarima solinadi. Huquqbuzarlik takrorlansa, jarima 1 BHM – 440 ming so‘mga yetadi. Oddiy qilib aytganda, bir necha ming so‘mlik yo‘l haqini tejab qolishga uringan yo‘lovchi yuz baravardan ortiq mablag‘dan ayrilishi mumkin.

Yana bir muhim talab bor: avtobusga chiqqan zahoti kartani validatorga tekkizib, to‘lovni amalga oshirish kerak.

Dunyoda bu masalaga qanday qaraladi?

Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaslik faqat O‘zbekistonga xos muammo emas. Ammo rivojlangan davlatlarda bunga nisbatan nazorat va javobgarlik ancha qat’iy.

Germaniyada avtobus va metrolarda chiptasiz yurganlik uchun 60 yevro jarima solinadi. To‘lovdan muntazam ravishda bo‘yin tovlash ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikkacha olib borishi mumkin.

Londonda chiptasiz ushlangan yo‘lovchiga 80 funt sterling jarima qo‘llanadi. Ish sudgacha borsa, jarima miqdori 1 000 funtgacha yetishi mumkin.

Singapurda to‘lov qilmaganlik uchun jarimalar 50 Singapur dollaridan boshlanadi va takroriy holatlarda 1 000 dollargacha yetishi mumkin.

Tallinda esa shahar aholisi uchun jamoat transporti bepul bo‘lishiga qaramay, safarni validator orqali qayd etmagan fuqarolarga 40 yevro jarima solinadi.

Tizim ham mukammal bo‘lishi kerak

To‘lov madaniyatini shakllantirishda mavjud sharoit ham muhim ahamiyatga ega. Validator har doim ishlayaptimi? Kartadan mablag‘ yechilgani haqida yo‘lovchiga aniq ma’lumot beriladimi? Texnik nosozlik tufayli to‘lov amalga oshmasa, yo‘lovchi qanday yo‘l tutishi kerak? Nizoli holatlarda kimga murojaat qilinadi?

Bu savollarga ham aniq va tushunarli javob bo‘lishi zarur. Chunki elektron tizim ishonchga asoslangan bo‘lsa, uning ikkinchi tomoni shaffoflik va texnik barqarorlikdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish