Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLARDA IDENTITET INQIROZI: zamonga ergashib, oʻzlikni unutyapmizmi?

20.8.2025 386

Shahruza SATTOROVA

U har kuni doʻstlari bilan inglizcha so‘zlashadi, TikTok’da koreyscha uslubdagi liboslarda raqs tushadi, turk taomlari jon-u dili. Ammo bayramlarda milliy libos kiyish unga erish tuyiladi, xalqona ohangdagi qo‘shiqdan uyaladi. “Eskilik” va “zamonaviylik” o‘rtasida hayron. U – bugungi yosh...

G‘arbcha hayot tarzi va o‘zbekona qadriyatlar orasida sarson, o‘zini axtarayotgan, tomonini topa olmayotgan avlodni bir narsa doim oʻylantiradi: “Agar men zamonaviy bo‘lsam, millatga xiyonat qilayotgan bo‘lamanmi?” yoki “Milliyligimni saqlab, zamonaviy jamiyatda o‘z o‘rnimni topa olamanmi?”

Milliylik va zamonaviylik o‘rtasida muvozanat topish bugungi avlod uchun oddiy tanlov emas, balki doimiy ichki tortishuvdir. Ular kim bo‘lishni istaydi? Zamonaviy dunyoga mos, lekin milliy ildizlardan uzilmagan shaxsmi? Yoki global standartlarga to‘liq moslashgan, biroq o‘zligini yo‘qotgan insonmi?

Psixolog va madaniyatshunoslar bu holatni “identitet konflikt” deb ataydi. Bu inson o‘zini turli madaniyatlar, qadriyatlar va jamiyat talablari o‘rtasida oʻzligi yo‘qolayotgandek his qiladigan jarayon.

Yo o‘zini rad etadi, yo yo‘qotadi...

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijiy ta’lim, moda va hayot tarzi bo‘yicha G‘arb va Sharq (xususan, Janubiy Koreya) madaniyati shiddat bilan kirib kelmoqda. Bu jarayon ijobiy tomonlari bilan birga psixologik, ruhiy, madaniy ziddiyatlarni ham yuzaga keltiryapti. Sochini yelkasigacha oʻstirib olgan, qulog‘iga sirgʻa taqqan yigitlar, koreys doramalari yoki animelarga taqlidan kiyingan qizlar, nikohsiz yashashni normal qabul qilayotgan, oʻzbekona qadriyatlarni eskilik sarqiti deb hisoblayotgan yoshlar shu “madaniyat”larning hosilasi desak, adashmaymiz.

“O‘zini tan olmagan, tanimagan yoki tan olishdan uyalganning qadr-qimmati yo‘qoladi, – deydi psixolog Abdurashid Mamatqulov. – Shuning uchun ko‘pchilik yoshlar o‘z shaxsiyatini xorijiy madaniyatlar orqali yasamoqchi bo‘ladi. Bunda ichki muvozanat yo‘qoladi, shubha, ruhiy beqarorlik kuchayadi”.

Bu nafaqat o‘zlik inqiroziga, balki umumiy avlod ishonchsizligiga olib borishi mumkin. O‘zbekligidan uyala boshlagan, milliy ildizini faqat bayramlardagina eslaydigan, biroq uni ichki qadriyat sifatida qabul qilolmayotgan yoshlarning ruhiy dunyosi tobora ikki yo‘ldan birini tanlashga majbur bo‘lmoqda: yo o‘zini rad etadi, yo o‘zligini yo‘qotadi. Bu beqarorlik nafaqat shaxsiy, balki avlodlararo aloqa, ota-ona va farzand o‘rtasidagi uzilish, murakkab tushunmovchiliklarni keltirib chiqaryapti.

“Biz senlarni shunday tarbiyalagandikmi?”, deya norozilik bildirayotgan ota-onalarning qarshisida yoshlar “dunyo o‘zgardi, sizlar tushunmaysizlar”, deb turibdi. Achinarlisi esa bu jarlik tobora kengaymoqda.

Milliylik va zamonaviylik qarama-qarshi tushuncha emas

Bir tomondan ko‘plab yoshlar milliy qadriyatlar va zamonasozlik o‘rtasida muvozanatni topishga harakat qilyapti. Bu doimiy psixologik bosim, tanbehlar, yakkalashlarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zini topish o‘rniga, ko‘pchilik yolg‘izlik, tushkunlik, hatto identitet inqiroziga tushib qoladi.

Bunday qarama-qarshiliklar nafaqat shaxsiy hayotda, balki jamiyat ongida ham parokandalikni keltirib chiqaradi. O‘zbek jamiyati hali globalizmga aniq munosabat bildira olmagan: na to‘liq rad etmoqda, na to‘liq qabul qilyapti. Bu esa yoshlar uchun aniq yo‘nalish bermaydi. Ularga “shunaqa bo‘l” deyilgan, ammo qanday bo‘lishi haqida amaliy tushuncha berilmagan. “Zamonaviy bo‘l” degan da’vatlar G‘arbga o‘xshashga undash, “milliycha bo‘l” degan talablar esa eskilikni saqlab qolishga, majburlashga aylanib qolgandek goʻyo. Vaholanki, bu ikki tushuncha qarama-qarshi emas. Ular uyg‘unlashishi, bir-birini boyitishi lozim.

“Bir paytlar menga “sen juda zamonaviysan” deyishganida faxr bilan jilmayardim. Ofisda faqat inglizcha gapirardim, keng futbolka, oʻsgan soch – imijim edi. Vaqtlar oʻtdi, bir kun uyga  qaytib, jimjit xonaga kirganimda o‘zimni tamoman begona his qildim. Bu men emas edim! O‘zbekcha gapirishga qiynaladigan darajaga yetgandim. Madaniy qatlamlarim birin-ketin to‘kilib ketayotganini tushundim. Shundan so‘ng xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha loyihada ishlashni boshladim. Ilk bora mukammal kod yozish emas, balki bir o‘zbek ertagini qayta yozish meni baxtiyor qildi. Tushunganim shu boʻldiki, zamonaviy bo‘lish uchun g‘arbga o‘xshash shart emas. O‘zingni tanish – eng katta zamonaviylik. Men endi milliylikni tashqaridan emas, ichdan izlayapman. Bu qiyin yo‘l, lekin asl o‘zimni shu yo‘lda topyapman”, – deydi Umidjon Ergashev.

“To‘g‘risini aytsam, milliylik haqida o‘ylash menga avval boshda biroz qarama-qarshi tuyg‘ular bergan. Chunki bolaligimdan bu so‘zga jiddiylik, sovuqlik, hatto biroz majburiyat singdirilgan edi. Institutda bir maqola yozishimiz kerak bo‘lib qoldi, mavzu: “Zamonaviylik va an’anaviylik”. O‘sha maqolani yozish jarayonida birinchi marta o‘zimga savol berdim: “Men o‘zligimni qanday tasavvur qilaman?” G‘arb madaniyati, modasi, tili – bular qiziq, chiroyli, ammo ular menga hech qachon “o‘zimniki”dek tuyulmagan. O‘zbeklikni esa yuragimda his qilaman, lekin tan olishga biroz uyalardim. Endi tushunyapman, milliylik bu faqat do‘ppi yoki atlas emas, bu yuragingdagi til, oila, o‘zingni topish. Menimcha, biz zamonaviy bo‘lishdan oldin o‘zimiz bo‘lishni o‘rganishimiz kerak”, – deydi Iroda Komilova.

Tanqid emas, muqobili kerak

Shunday sharoitda jamiyatning o‘zi ham yo‘qotganini qayta kashf etishi kerak. Milliylikni bugungi kontekstda qayta talqin qilmasdan turib, yosh avlod uni hayot tarziga aylantirishini kutish adolatdan emas. Biz an’analarni qadrlashimiz kerak, toʻgʻri, lekin ularni eski ko‘rinishda saqlashga majburmizmi?

Aksincha, ularni zamonaviy kontekstda qayta talqin qilish, yoshlar ongiga qiziqarli, estetik va amaliy shaklda singdirish kerak emasmi? Chunki bugungi avlod vizual fikrlaydi, estetikani qadrlaydi.

Balki doira raqsini 3D animatsiyada ko‘rib hayratlangan, maqomni neofolk uslubida tinglab ilhomlangan yoshlar orqaligina biz o‘sha “uyquga chog‘langan” madaniyatni qaytadan jonlantira olarmiz? Shu bois faqat tanqid qilish emas, muqobilini yaratish ham kerak.

Masalan, o‘zbek san’atida yangi-yangi harakatlar ko‘zga tashlanyapti: ba’zi yosh rassomlar miniatyura san’atini zamonaviy pop-art bilan uyg‘unlashtirmoqda, musiqa sohasida maqom ohanglari bilan elektron janrni sinab ko‘rayotganlar bor, milliy naqshlar asosida ishlab chiqilgan “streetwear” brendlar paydo bo‘lyapti.

Bu urinishlar, ehtimol, hali ommaviy emasdir. Ammo ular yo‘nalishni belgilaydi. Chunki yosh avlodga o‘zligini faqat ta’lim orqali emas, madaniyat, moda, kontent orqali his qildirish kerak. U “milliylik bu zamonaviy emas” degan stereotipdan voz kechishi uchun o‘z oldida zamonaviy milliylikning yorqin misollarini ko‘rishi kerak.

Shu ma’noda, bugun jamiyatga ham savol bor: “Siz milliylik deb yoshlarga nimani ko‘rsatyapsiz?”

Agar biz milliylikni faqat majburlov, taqiq va didaktikaga aylantirsak, ular buni rad etadi. Bugungi yoshlar faqat tanqid emas, muqobilga muhtoj. Milliylik zamonaviy bo‘la olmasligi haqidagi stereotipni buzish uchun esa:

– zamonaviy dizayndagi milliy brendlar (kiyim, musiqa, san’at);

– yangi avlod o‘qituvchilari, blogerlar, san’atkorlar orqali milliylikni qayta talqin qilish;

– ijtimoiy tarmoqlarda “men shundayman va bu zamonaviy” degan ijobiy aks sado yaratish;

– ta’limda milliy identitetga oid amaliy loyihalarni joriy etish lozim.

Chunki yoshlik bu o‘zligini topish jarayoni, ammo o‘zlikni yo‘qotish evaziga emas. Bugun biz G‘arbga ergashayotgan emas, o‘ziga ergashtira oladigan yoshlar tarbiyasi haqida o‘ylashimiz kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish