Bugun jamiyatimizda zamonaviylik degan tushuncha bilan ona tili bir-biridan tobora zidlashib boryapti. Yoshlar orasida inglizcha yoki ruscha aralash so‘zlashish odatiy holga aylangan. Go‘yo “Hi, bro”, “Ok, let’s go”, deb gapirgan kishiga zamonaviy, ilg‘or va global fikrlaydigan inson sifatida qaraladi. Hatto bunday gapiradiganlarga havas bilan qaraydigan yoshlar ham talaygina. Ammo bu “zamonaviylik” o‘zbek tilining qadrini tobora pasaytirib borayotir.
Bu masala haqida qancha ko‘p gapirilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan shunchalik jiddiylashmoqda. Endi sof o‘zbekcha so‘zlashga oddiy va jo‘n deb qaralib, omixta tilda muloqot qilish orqali o‘z uslubini ko‘rsatish hamda atrofdagilarning e’tiborini tortish urfga kirib bo‘ldi. Bunday gaplashish orqali faqat o‘zbek tili emas, shu qorishiqdagi boshqa tillar ham masxara qilinayotgandek.
So‘zlashuvdagi xatoliklar-ku, mayli, lekin ta’lim va boshqa sohalardagi chetdan kirib kelgan ayrim so‘zlarning muqobili haligacha yo‘q, bo‘lsa-da ishlatilmaydi. Shu o‘rinda Atamalar komissiyasi va Davlat tilini rivojlantirish departamentini ham bir eslab ketish kerak. Misol uchun, biz shu paytgacha ustoz, o‘qituvchi deb biladigan tushunchalarimiz o‘rniga “mentor” degan atama kirib keldi. Endi ko‘pchilik yosh o‘qituvchilar yoki biror loyiha yetakchilari o‘zini “mentor” deb tanishtiryapti. Talabalar orasida ko‘p ishlatiladigan kredit tushunchasi hamma biladigan bankdan olinadigan qarz emas. Universitetlarda “Hemis” tizimi yo‘lga qo‘yilganidan beri fanlarning og‘irlik darajasini ifodalovchi birlik sifatida “kredit” so‘zi ishlatiladi. Bu tizim ham, so‘z ham to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirilgan va o‘zbekcha muqobiliga ega emas. Bundan tashqari, ishga kirish uchun nomzod taqdim etadigan tarjimayi hol endi “rezyume” yoki CV deb ataladi. O‘zbekcha muqobili bo‘la turib, shu kungacha o‘zbekcha so‘zdan foydalanib, keyin shunchaki “zamonaviylashish” maqsadida boshqa tildagi muqobilini ishlatish kulgili emasmi? Balki, achinarlidir...
Yoshlar orasida o‘zbek tilidan uzoqlashishning yana bir sababi – ta’lim va kasbiy muvaffaqiyatning o‘zbek tili bilan bog‘lanmaganligi. Bugungi kunda AT, biznes, tibbiyot, xalqaro iqtisod kabi yo‘nalishlarda ingliz tili soha va bilim tili sifatida tan olinadi. Universitetlarda, kurslarda, hatto kundalik muloqotda ham ruscha yoki inglizcha so‘zlasha olish yuqori saviya belgisi sifatida baholanadi. Chunki zamonaviy kasblarni o‘rganish va egallash uchun ushbu chet tillarini o‘zlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo o‘zbek tilida ilmiy yoki kasbiy atamalar kamligi, ilmiy adabiyotlar yetishmasligi muammoning ildizi bo‘lib qolmoqda. Natijada yoshlar o‘z ona tilida emas, aralash tilda fikrlay boshlasa, toza o‘zbekcha gapiraman desa tutiladi. Masalaning eng katta fojiasi ham mana shu.
Tilga nisbatan befarqlik oilada ham o‘z aksini topyapti. Ayrim ota-onalar farzandining ilk so‘zlari chet tilida chiqishini istaydi, bu ayrim deganimiz esa kam emas. Bolalari bilan faqat chet tilida muloqot qiladi, vaholanki, til va millat qadriyatlari aynan oila davrasida yashaydi.
To‘g‘ri, bolalikdan boshqa tillarni o‘rganish yoshlar kelajagi uchun juda foydali. Katta muvaffaqiyat eshiklarini ochish uchun ham til bilmoq talabi muqarrar. Ammo biz nazarda tutayotgan o‘z ona tilini bilmay, chala-chulpa so‘zlash va shu orqali “zamonaviy”likka intilish savodsizlikdir. Nadomatki, millati tilini – o‘zligini bilmaydigan yoki bu tilda gapirishga uyaladigan bir to‘p avlod yetishib chiqayotganiga ham guvoh bo‘lyapmiz.
Zamonaviylik yoki yuqori saviya chet tilini bilish emas, o‘z tilini bilgan holda dunyoga chiqish va ona tilini ham tanitishdir. Har bir rivojlangan xalqlar, jumladan, ingliz, yapon, koreys, turk yoki nemislar globalizmda ishtirok etar ekan, avvalo, o‘z tilini saqlab qolgan va rivojlantirmoqda. Biz esa...
