“Adabiyot hamma vaqt hammasi uchun barobar, u dunyodagi eng demokratik hodisadir” – Ozod Sharafiddinovning bu teran mushohadasi olimning butun umrlik ijodiy va hayotiy aqidasini belgilab beradi. Biz ko‘pincha adabiyotni shunchaki estetik zavq manbayi yoki o‘tmish xotirasi deb bilamiz, ammo Ozod Sharafiddinov uchun u millatning o‘zini-o‘zi anglash laboratoriyasi, inson ruhining eng erkin parvoz maydoni edi. Olimning nazarida, haqiqiy adabiyot hech qanday sun’iy andozalarga sig‘maydi va uni biron-bir mafkuraviy qolipga solishga urinish, eng avvalo, insonning tafakkur huquqiga qilingan tajovuzdir. 1929-yilda tug‘ilib, shafqatsiz tuzumning qatag‘onlari va mafkuraviy tazyiqlari ostida voyaga yetgan yozuvchining qalbi turg‘unlik yillarida ham Cho‘lponlar va Fitratlar sog‘inchi bilan yashirincha ulg‘aydi. Keyinchalik bu sog‘inch nafaqat ilmiy jasoratga, balki o‘zbek tanqidchiligida yangi bir bosqichni shaxsiyat konsepsiyasini, ya’ni insonni ijtimoiy mexanizmning kichik murvati emas, balki betakror koinot sifatida ko‘rish tamoyilini boshlab berdi. Olimning “Zamon. Qalb. Poeziya” asaridan to umrining so‘nggi yillarida bitilgan “Dovondagi o‘ylar” kitobigacha bo‘lgan masofa o‘zbek ruhining turg‘unlikdan hurlikka, mustamlakachilik asoratidan milliy istiqlolga qadar bosib o‘tgan iztirobli va sharafli yo‘lidir.
Ozod Sharafiddinovning murabbiylik falsafasi ham o‘ziga xos “Ozodona” talabchanlikka tayanar edi. U shogirdlariga dars berar ekan, “Shoir bo‘lish ixtiyoriy, ammo inson bo‘lish majburiydir”, degan hikmatni ularning shuuriga muhrlashga intilardi. Olim uchun ijodiy iste’doddagi jilolardan ko‘ra insoniy diyonat va intellektual halollik bir necha pog‘ona baland turardi. U kishi og‘ir xastalik tufayli g‘ildirakli aravachaga mixlanib qolgan yillarida ham tushkunlikka tushmadi, aksincha, “Jahon adabiyoti’ jurnalini tashkil etib, shogirdlari oldiga jahon tafakkuri bilan bo‘ylasha oladigan yangi o‘zbek ziyolisi qiyofasini shakllantirish vazifasini qo‘ydi. Ustozning “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” degan iqrori shunchaki tavba emas, balki bugun zamonaviy ta’lim tizimida suv va havodek zarur bo‘lgan “tanqidiy tafakkur” sabog‘i edi. Olim o‘z xatolarini mardona tan olish orqali haqiqatga eltuvchi yo‘l faqat shaxsiy jasorat va o‘z-o‘zini taftish qilishdan o‘tishini amalda isbotladi. U Uyg‘unning “O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan...” satrlarini sharhlar ekan, Vatanni geografik tushunchadan yuksaltirib, uni millatning “ma’naviy quchog‘i” - ona tili, adabiyoti va tarixdagi g‘ururi sifatida talqin etdi. Olimning bu yondashuvi bugungi yosh avlod uchun vatanparvarlikning eng samimiy va hayotiy darsligidir.
Bugungi raqamli media, ijtimoiy tarmoqlar va cheksiz axborot shovqini hukmron bo‘lgan davrda Ozod Sharafiddinovning publitsistik uslubi biz uchun eng ishonchli ma’naviy kompasdir. Ijtimoiy tarmoqlardagi yuzaki “mashhurlik” va soxta “vatanparvarlik” ko‘paygan bir paytda, olimning “She’r ko‘p, ammo shoir-chi?” maqolasidagi “vijdon uyg‘oqligi” tamoyili har qachongidan ham dolzarbdir. Ustoz bizga so‘zning vaznini, uning ortidagi mas’uliyatni o‘rgatdi. U kishi uchun so‘z shunchaki tovushlar yig‘indisi emas, balki millat taqdiri uchun mas’ul bo‘lgan, jamiyatning ma’naviy jarohatlarini davolashga qodir kuchli qurol edi. Olim shogirdlariga qarata: “Agar yozayotgan so‘zingga o‘zing ishonmasang, uni o‘quvchiga taqdim etishga haqqing yo‘q”, degan qat’iy talabni qo‘yar edi. Bugun nufuzli nashrlar sahifalarida Ozod Sharafiddinov o‘gitlarini eslar ekanmiz, u kishining qoldirgan ma’naviy genetikasi naqadar hayotbaxsh ekanligini anglaymiz. Ustoz vasiyat qilganidek, biz bugun ta’limda adabiyotni shunchaki quruq faktlar to‘plami emas, balki “hayot darsligi”ga aylantirmas ekanmiz, yoshlarimizning ma’naviy ildizlarini global bo‘ronlardan asrab qola olmaymiz.
Xulosa qilib aytganda, Ozod Sharafiddinov qoldirgan meros - bu shunchaki ilmiy xulosalar majmuasi emas, balki hur fikrli va mustaqil shaxsni tarbiyalashning mukammal dasturidir. Olim bizni loqaydlik botqog‘idan chiqarib, badiiy did va milliy g‘urur cho‘qqilari sari boshladi. Ustozning “Dovondagi o‘ylar”i bugun har bir o‘zbek o‘qituvchisi va ziyolisining ish stolida turishi, ularni haqiqat va adolat yo‘lida sobit turishga undashi shart. Ozod aka aytganidek, adabiyot o‘zining haqiqiy missiyasini bajarsa, inson ruhini kishanlardan ozod qiladi, millat esa o‘zining mangu hurriyat quchog‘ini topadi. Zero, Ozod Sharafiddinov nomi bilan bog‘liq bo‘lgan bu ma’naviyat parvozi hech qachon to‘xtamaydi, u millatning mangu istiqboli sari yo‘l ko‘rsataveradi.
