30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, faol yoshlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi Navoiy mahallasi yoshlar yetakchisi Jamshidbek Ismoilov ham bor.
Jamshidbek Ismoilov yoshlar bilan ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi tashabbuslari, mahalladagi ijtimoiy faollikni oshirishga qo‘shgan hissasi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, uning yoshlar siyosatini joylarda targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari, yangilikka intilishi va yetakchilik salohiyati yuqori baholandi. Bu yil u “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Jamshidbek Ismoilov yoshlarni sportga jalb etish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Sport – bu hayot”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, “Yoshlar sportda, g‘alaba bizda” kabi shiorlar ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelmoqda.
Navoiy mahallasi balansi:
Aholi soni: 2988 nafar;
Yoshlar soni: 791 nafar;
Xotin-qizlar: 380nafar.
“Yashil” toifa: 509 nafar;
“Sariq” toifa: 266 nafar;
“Qizil” toifa: 16 nafar.
Mahalla drayveri: ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish.
“Sinovlarga taslim bo‘lmadim”
Jamshidbek Ismoilov sog‘lom turmush tarziga amal qiladi, sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Sport yordamida yoshlarni jinoyatchilik, giyohvandlik va bekorchilikdan yiroq tutishga intiladi.
Jamshidbek faoliyatining dastlabki yilida futbolchilik bilan shug‘ullangan – Qoraqalpog‘iston 2-ligasida o‘ynovchi “To‘rtko‘l” klubi sharafini himoya qilgan. Afsuski, jarohat tufayli futbolni tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo uning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmadi.
– Futbol bolalikdagi orzum edi, – deydi Jamshidbek Ismoilov. – Har bir mashg‘ulot, har bir o‘yinda bor kuchim bilan harakat qildim. Afsuski, hayotda hammasi rejadagidek ketavermaydi. Oyoqdan olgan og‘ir jarohatim futbolchilik faoliyatimni erta yakunlashga majbur qildi. O‘sha paytlar ruhiy jihatdan og‘ir bo‘lgan. Yillar davomida qurilgan maqsadlarim bir lahzada qulab tushgandek tuyulgandi. Lekin men bu sinovga taslim bo‘lmadim. O‘zimni boshqa yo‘nalishda sinab ko‘rishga qaror qildim va yoshlarga xizmat qilish yo‘lini tanladim. Bugun yoshlar yetakchisi sifatida mahalladagi har bir orzusi bor yoshga ko‘mak berish, ularga imkoniyatlar eshigini ochish menga kuch va ilhom bag‘ishlaydi. Shuni angladimki, hayotda yo‘qotish emas, undan keyin nima qilishing muhim. Men jamiyatga foydali bo‘lish, boshqalarning orzulariga qanot bo‘lish yo‘lini tanladim.
Qahramonimiz O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining futbol murabbiylariga beriladigan “D” toifadagi litsenziyasiga ega. Bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiylik qilgan.
Birlik va iqtidor maydoni
Yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan mahallada havaskorlar o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Mini-futbol bo‘yicha “Navoiy kubogi”, shaxmat-shashka turniri, armrestling va turnikda tortilish musobaqalari, qizlar o‘rtasida yugurish bellashuvlari va hokazo.
Bu tadbirlar nafaqat yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi, balki bir-birini ilgari tanimagan yigit-qizlarni do‘stlik, hamjihatlik ruhida birlashtirdi. Ayniqsa, har bir musobaqaning o‘z nomi, shiori va sovrin jamg‘armasi bo‘lgani, ishtirokchilarni rag‘batlantirish tizimi ishlab chiqilgani, sport tadbirlarining yuqori saviyada, hakamlar ishtirokida o‘tkazilgani bu boradagi ishlarni professional darajaga ko‘tardi.
Homiylar ko‘magida tumandagi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan yoshlarni muntazam ravishda sportga jalb qilish maqsadida mini futbol yo‘nalishida “To‘rtko‘l tumani ligasi” tashkil etildi. Hozir ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda va haftasiga ikki kun Liga o‘yinlari muntazam o‘tkazilmoqda. G‘olib jamoa uchun qimmatbaho sovrinlar belgilangan.
Infratuzilma va tashabbus
Jamshidbek mahallada sport maydonlarini ta’mirlash, yangi sport jihozlarini olib kelish, yoshlar uchun ochiq mashg‘ulot zonalarini tashkil etish borasida ham tashabbus ko‘rsatdi. Eski sport maydonchalari ta’mirlandi, yoshlar mini-futbol maydonini tozalab, chiziqlarni tortdi, to‘r o‘rnatdi, homiylar yordamida turnik va sport anjomlari olib kelindi, kechki paytlarda yoritish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Infratuzilmani yangilash orqali mahallada sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni ortdi, jismoniy faollik kundalik hayot tarziga aylandi. Avval 50-60 nafar yosh sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, hozir ular soni 500 nafardan oshdi.
Natija harakatda!
Mahalla yoshlari sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishmoqda. Xususan, qizlar jamoasi mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi tuman bosqichida ketma-ket uch mavsum 1-o‘rinni egallagan. Yigitlar jamoasi ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda – ular o‘tgan mavsumda DXX kubogi doirasidagi tuman bosqichida futbol bo‘yicha 2-o‘rin, mini-futbol bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan.
“Besh tashabbus” olimpiadasining voleybol musobaqalarida ham mahalla yoshlari muvaffaqiyatli qatnashdi. Ichki ishlar vazirligi kubogining Qoraqalpog‘iston bosqichida 16–21 yosh toifasida 1-o‘rin, 22–30 yosh toifasida 3-o‘rinni egallab, respublikada ham faol ishtirok etdi.
Yangi bosqich sari
Jamshidbek Ismoilovning fikricha, har qanday tashabbus davomli bo‘lishi, tizimli yondashuvga asoslanishi zarur. U kelgusida amalga oshirishni rejalashtirayotgan yo‘nalishlar ham barqarorlik va natijadorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Quyida uning kelajakdagi rejalariga to‘xtalamiz.
“To‘rtko‘l tumani ligasi”ni rasmiy darajaga ko‘tarish. Bu borada u O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatish ustida ishlamoqda. Ligaga qatnashayotgan havaskor jamoalarning malakasini oshirish, hakamlar faoliyatini tizimlashtirish va sovrin jamg‘armasini kengaytirish rejalashtirilgan. Natijada bu loyiha butun tumandagi uyushmagan yoshlarni sport orqali ijtimoiy hayotga jalb etishda samarali vositaga aylanadi.
Sport murabbiyligi va volontyorlik maktabini tashkil etish. Kelgusida sport murabbiylari va volontyorlar maktabini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bu orqali yoshlarga nafaqat sport bilan shug‘ullanish, balki murabbiy sifatida tajriba orttirish imkoniyati yaratiladi. Ayniqsa, murabbiylikka qiziqqan yoshlar uchun futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “D” va “C” toifadagi litsenziyalar bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
“Sport orqali ijtimoiy uyg‘onish” tashabbusi. Jamshidbek jinoyatchilik, giyohvandlik va bekorchilikka qarshi kurashishda sportning kuchli vosita ekanini chuqur anglab yetgan. Shu bois, “sariq” va “qizil” toifaga kiruvchi yoshlar uchun sport orqali ijtimoiy reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqishni o‘ylamoqda.
Tashabbuslarni raqamlashtirish va monitoring qilish. Jamshidbek Ismoilov har bir tashabbusda ochiqlik va hisobdorlik tamoyiliga amal qiladi. Yaqin kelajakda “Navoiy sport harakati” nomli telegram-bot yoki mobil ilova yaratish rejalashtirilgan. Platforma orqali barcha sport tadbirlari, jamoalar, natijalar, mashg‘ulotlar jadvali va ro‘yxatdan o‘tish tizimi markazlashtiriladi.
Eng muhim strategik reja – o‘z tajribasini tuman va Qoraqalpog‘iston miqyosida ommalashtirish. Bu borada u “Sport yetakchilari maktabi”ni tashkil etish, o‘z tajribasi asosida metodik qo‘llanma tayyorlash va boshqa yetakchilarga amaliy yordam berishni rejalashtirgan.
