Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Raqamli mahalla” – mahallani rivojlantirishning muhim omili

14.1.2026 861

Haydarali MUHAMEDOV, TDYU professori

2025-yil 26-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilingan Murojaatnoma o‘z mazmun-mohiyati va unda ilgari surilgan ko‘pdan-ko‘p tashabbuslarning inson manfaatlari va yurt taraqqiyoti bilan uyg‘unligi jihatidan barcha fuqarolarda juda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa, yurtboshimizning 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilishi, Murojaatnomaning asosiy qismi – 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan birinchisi mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat qilib belgilanishi butun xalqimizni quvontirib yubordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz aytganidek, “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi. Shu bois mahalla tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.”

Ta’kidlash joizki, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tez orada davlat dasturi qabul qilinadi. Tabiiyki, ushbu dasturda mahallaning institusional salohiyatini to‘liq ishga solish, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlar va xotin-qizlar faolligini oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanadi. Bu masalalar mahalla oldiga bir qator yangi vazifalarni qo‘yadi.

Biroq, hozirgi kunda mahalla tizimida kadrlar malakasi, moliyaviy mustaqillik va raqamlashtirish sohalaridagi muammolar to‘liq hal qilinmaganligi sir emas. Shu sababli 2026-yilgi davlat dasturi doirasida mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda «Raqamli mahalla» tizimini joriy etish, mahalla xodimlarining malakasini oshirish va zamonaviy boshqaruv usullarini qo‘llash yuqoridagi muammolarni bartaraf etishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Darhaqiqat, global raqamlashuv jarayonlari XXI asrda davlat boshqaruvi, ijtimoiy munosabatlar va jamoatchilik institutlarini tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Ayniqsa, aholiga eng yaqin bo‘lgan mahalliy boshqaruv bo‘g‘ini – mahalla institutini raqamli transformatsiya qilish ijtimoiy barqarorlik, fuqarolar faolligi va davlat xizmatlari samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda "Inson qadri uchun" tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar mahallaning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashni talab etmoqda. Bu jarayonda raqamli texnologiyalardan foydalanish mahalla faoliyatini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, ijtimoiy muammolarni tezkor aniqlash va hal etish imkonini beradi.

“Raqamli mahalla” konsepsiyasi aynan shu ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, mahalla faoliyatini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etish, davlat organlari va aholi o‘rtasidagi o‘zaro aloqani elektron shaklga o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu sababli “Raqamli mahalla” tizimini joriy etish mexanizmlarini ilmiy tahlil qilish, ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish hamda O‘zbekiston sharoitiga mos amaliy takliflar ishlab chiqish dolzarb masalalardan biridir.

Raqamli boshqaruv (digital governance) davlat boshqaruvi jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali qaror qabul qilish samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan tizimdir. U elektron hukumat (e-government), ochiq ma’lumotlar (open data), raqamli xizmatlar va fuqarolar ishtirokini qamrab oladi.

Mahalliy darajada raqamli boshqaruvning joriy etilishi aholining kundalik muammolariga tezkor javob qaytarish, ijtimoiy xizmatlarni adresli yetkazish va mahalla institutining haqiqiy jamoatchilik markaziga aylanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda “Raqamli mahalla” tizimini joriy etish uchun yetarlicha huquqiy asoslar mavjud. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (2023-yilgi tahriri) mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mustaqilligi va fuqarolar ishtirokini kafolatlaydi. Shuningdek, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi, “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni va boshqa hujjatlar raqamli xizmatlar ko‘rsatish, ma’lumotlar almashinuvi va fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun huquqiy zamin yaratadi.

Tizimni joriy etish davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar, davlat-xususiy sheriklik va grantlar asosida amalga oshirilishi mumkin. Raqamli xizmatlar orqali xarajatlarni optimallashtirish moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi.

Texnologik jihatdan yagona mahalla axborot platformasi, mobil ilovalar, elektron hujjat aylanmasi, sun’iy intellekt elementlari asosida tahlil,  kiberxavfsizlik tizimlari muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Raqamli platformalar aholining mahalla hayotidagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqadi. Elektron so‘rovnomalar, onlayn muhokamalar va ovoz berish mexanizmlari orqali fuqarolar qaror qabul qilish jarayoniga bevosita jalb etiladi.

Shu o‘rinda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasiga murojaat qilsak, Estoniya elektron davlat boshqaruvi sohasida yetakchi davlat hisoblanadi. Mahalliy darajada elektron reyestrlar va identifikatsiya tizimlari orqali aholi bilan tezkor aloqa yo‘lga qo‘yilgan. Janubiy Koreyada “Smart City” va “Smart Community” konsepsiyalari doirasida mahalliy jamoalar raqamlashtirilgan. Mobil ilovalar orqali fuqarolar kommunal, ijtimoiy va ma’muriy xizmatlarga oson kirish imkoniga ega. Singapurda mahalla darajasida sensorlar, ma’lumotlar tahlili va raqamli platformalar orqali ijtimoiy xizmatlar optimallashtirilgan. Yevropa Ittifoqi davlatlarida “Smart Community” dasturlari fuqarolarning raqamli ishtirokini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, ochiq ma’lumotlar (Open Data) siyosati muhim o‘rin tutadi.

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, raqamli mahallaning muvaffaqiyatli amal qilishi tasodifiy emas, balki puxta ishlab chiqilgan davlat siyosati, institusional barqarorlik va jamoatchilik ishonchiga tayanadi. O‘zbekiston sharoitida mazkur tajribani to‘liq ko‘chirib olish emas, balki milliy an’analar, huquqiy tizim va ijtimoiy munosabatlarni hisobga olgan holda moslashtirish maqsadga muvofiqdir.

Avvalo, Estoniya va Koreya tajribasidan kelib chiqqan holda, mahalla darajasida yagona identifikatsiya va ma’lumotlar almashinuvi tizimini joriy etish muhim. Bu ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, bandlik va ta’lim xizmatlarini adresli yetkazish imkonini beradi. O‘zbekistonda mavjud “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan mahalla axborot tizimini integratsiya qilish mazkur yo‘nalishda asosiy vazifa hisoblanadi.

Ikkinchidan, Singapur tajribasi asosida ma’lumotlarga tayangan qaror qabul qilish amaliyotini mahalla boshqaruviga joriy etish zarur. Bu mahalla hududidagi ijtimoiy xavf omillari, ishsizlik, kam ta’minlangan oilalar soni va infratuzilma muammolarini ilmiy asosda prognoz qilish imkonini beradi.

Uchinchidan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasiga muvofiq, ochiq ma’lumotlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Mahalla byudjetlari, ijtimoiy dasturlar va loyihalar haqidagi ma’lumotlarni ochiq elektron platformalarda e’lon qilish fuqarolarning ishonchini oshiradi.

Raqamli mahalla tizimi aholining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytiradi, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlaydi va mahalla institutini fuqarolik jamiyatining faol bo‘g‘iniga aylantiradi. Elektron murojaatlar, onlayn so‘rovlar va raqamli monitoring orqali aholi o‘z muammolarini tezkor bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Iqtisodiy jihatdan raqamli mahalla byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, ortiqcha xarajatlarni qisqartirish va ijtimoiy yordamning manzilligini oshirishga xizmat qiladi. Raqamli tizimlar orqali takroriy funksiyalar kamayib, inson omili ta’siri pasayadi.

Mahalla faoliyatida raqamli hisobot va tahlil vositalarining joriy etilishi qaror qabul qilish sifatini oshiradi, strategik rejalashtirishni ilmiy asosga qo‘yadi.

Albatta,  “Raqamli mahalla” tizimini joriy etishdagi bir qator muammolar ham mavjud. Jumladan, kadrlar salohiyatining yetarli emasligi, raqamli ko‘nikmalar tanqisligi tizim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, axborot xavfsizligi, kiberxujumlar va ma’lumotlar maxfiyligi masalalari alohida e’tibor talab qiladi. Bundan tashqari, aholining barcha qatlamlari raqamli xizmatlardan bir xil foydalana olmasligi raqamli notenglikni yuzaga keltirishi mumkin.

O‘zbekiston sharoitida “Raqamli mahalla” tizimini rivojlantirish uchun  quyidagi masalalarni hal qilish lozim bo‘ladi:

  1. Mahalla darajasida raqamlashtirish bo‘yicha alohida davlat dasturini qabul qilish.
  2. Mahalla xodimlari uchun majburiy raqamli kompetensiya standartlarini joriy etish.
  3. Davlat axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiyani ta’minlash.
  4. Fuqarolar uchun raqamli savodxonlik dasturlarini kengaytirish.
  5. Davlat-xususiy sheriklik asosida innovasion yechimlarni jalb etish.

Bu tizim O‘zbekistonda mahalliy boshqaruvni isloh qilish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega. Raqamli texnologiyalarni mahalla institutiga keng joriy qilinishi natijasida mahallaning O‘zbekiston jamiyatining ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy hayotida muhim rol o‘ynashi ta’minlanadi. Mahalla institutini rivojlantirish orqali jamiyat barqarorligi, ijtimoiy adolat va fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevori yaratiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish