Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mahallada mehr tizimi

4.6.2026 60

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Kech kuzning sovuq kunlaridan birida Ulug‘nor tumani Bobur mahallasidagi tor ko‘chada qo‘lida oziq-ovqat to‘la xalta ko‘targan bir guruh yoshlar qariyb unutilgan hovli tomon yo‘l oldi. Bu mehr, e’tibor va mas’uliyatning ifodasi edi. Ana shu kuni bu xayrli ish tizimli ijtimoiy harakatga aylandi.

Bu tashabbusni boshlab berganlardan biri Shoiraxon Mo‘minova edi. U 2022-yildan buyon Bobur mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritadi. Yoshlar bilan ishlashni o‘zining eng muhim burchi deb bilgan Shoiraxon doim yangi tashabbuslarni ilgari surib, iqtidorli yoshlarni kashf etib keladi.

Yoshlar yetakchisi 2024-yilda mahallada, xususan, yoshlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash maqsadida “Savob” nomli ko‘ngillilar loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur loyiha doirasida faol yoshlar bilan birgalikda homiylik mablag‘lari asosida kam ta’minlangan oilalarga muntazam yordam ko‘rsatib kelinyapti. Shunday savobli ishlar natijasida bugunga qadar 50 dan ziyod oilaga quvonch ulashildi.

– Bu loyihani boshlaganimizda oddiy bir niyat bor edi – mahallamizdagi ehtiyojmand oilalarga imkon qadar yordam berish, yoshlar orasida mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirish, – deydi Shoiraxon Mo‘minova. – “Savob” loyihasi shu ehtiyojdan kelib chiqdi. Yoshlarimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Odatda savobli ishlarimizni oshkor qilmaslikka harakat qilamiz. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu haqda eshitgan, bilgan insonlar o‘zlari kelib qo‘shilishni istaydi. Dastlab loyihamiz boshida homiylar juda kam edi. Ba’zan hatto yordamni o‘zimiz yig‘ib, o‘zimiz yetkazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Bugun vaziyat butunlay o‘zgardi. Homiylik qilishni istaydiganlar soni tobora ortib bormoqda. Menimcha, eng katta natija berilgan yordam emas, balki yoshlarimiz qalbida shakllanayotgan mehr va insoniylikdir. Agar biz shu tuyg‘ularni mustahkamlashga erishsak, demak, qilayotgan ishlarimiz besamar emas.

Bobur mahallasi balansi:

Aholi: 2542 nafar;

Yoshlar: 636 nafar;

Ayollar: 335 nafar.

“Yashil” toifa: 567 nafar;

“Sariq” toifa: 62 nafar;

“Qizil” toifa: 7 nafar.

Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.

 

Bugungi kunda yoshlar siyosatida eng muhim talab tizimlilik va manzillilik. Shoiraxon Mo‘minovaning faoliyati +shu ikki tamoyil asosida qurilgani bilan ajralib turadi. 2025-yil davomida u ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlashni oddiy ro‘yxat yuritish darajasidan chiqarib, muammolarni aniqlash – tizimga kiritish – yechim topish – nazorat qilish zanjiri asosida tashkil etdi.

Natija esa aniq: 9 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, muammolari hal etildi; 9 nafarining kontrakt to‘lovi to‘landi; 2 nafariga moddiy yordam berildi; 24 nafar yoshning bandligi ta’minlandi.

Shoiraxon Mo‘minova yoshlar bilan ishlashda sportni tarbiya va birlashtiruvchi vosita sifatida samarali yo‘lga qo‘ydi. Natijada yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mini futbol va stol tennisi sport turlarida tuman bosqichida 1-o‘rinni, kurash, shashka, shaxmat, vorkaut hamda yengil atletika yo‘nalishlarida esa 2-o‘rinni egalladi.

Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi

Yoshlar yetakchisi faqat boshqalarga yo‘l ko‘rsatib qolmay, o‘zi ham doimiy rivojlanishda. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida u “Super star”, “Tezkor rus tili” va turk tili kurslaridan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Shoiraxon “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, viloyatda tuman sharafini munosib himoya qildi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan.

Bobur mahallasidan 25 nafar yosh xorijga ishlash uchun ketgan. Shoiraxon Mo‘minova ular bilan muntazam aloqada, ijtimoiy uzilishning oldini olmoqda. Yetakchining mehnatlari natijasida joriy yil 2 nafar yosh Vatanga qaytarilib, fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirildi.

Mahallada 4 nafar og‘ir toifadagi ishsiz yosh mavjud. Ular Andijon viloyati Agrobank ATB Ulug‘nor filiali rahbari Allomurod Oʻrinboyevga biriktirilgan. Mas’ulning yoshlar bilan doimiy muloqoti va bandligini ta’minlashga qaratilgan harakati o‘laroq 7 nafar yoshning barchasi ish bilan ta’minlandi.

Mahalladan 7 nafar yosh otaliqqa olingan. Ular bilan muntazam suhbatlar, profilaktik ishlar, yuqori darajadagi nazorat olib boriladi. Yoshlarga tuman hokimi, prokuror va FVV mas’ullari biriktirilgan.

Bandlikning barqaror yo‘li

Setora Boborahimova misolida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasidagi amaliy yondashuvning samarasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U dastlab o‘zini o‘zi band qilgan holda 15 million so‘m kredit olib, zarur jihozlar – elektr tokida ishlaydigan pech va xamir qorish uskunasini xarid qilib, yashash xonadonida shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Tirishqoqligi va izchil mehnati natijasida yana 100 million so‘m miqdorida kredit oldi. Faoliyatini kengaytirib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi. U o‘zini band qilish bilan birga 3 ta yangi ish o‘rni ham yaratdi. Yana 3 nafar shogirdni kasbga o‘rgatish orqali o‘z faoliyatini barqaror rivojlantirib bormoqda.

– Dastlab ishni boshlash oson bo‘lmadi, – deydi yosh tadbirkor Setora Boborahimova. – Ham mablag‘, ham tajriba yetishmasdi. Lekin imkoniyat bor ekan, undan foydalanish kerakligini tushundim. 15 million so‘m kredit olib, kerakli jihozlarni xarid qildim va uyimda shirinliklar tayyorlashni boshladim. Avvaliga buyurtmalar kam edi, lekin asta-sekin mijozlar ortib bordi. Eng katta qo‘llab-quvvatlashni mahallamiz yoshlar yetakchisidan his qildim. Keyinchalik faoliyatimni kengaytirishga qaror qildim va yana kredit olib, ishni rivojlantirdim. Bugun o‘zim bilan birga yana bir necha insonni ish bilan ta’minlayotganimdan xursandman. Shogirdlarim bor, ularga o‘rgatyapman. Menimcha, eng muhimi – harakat qilishdan to‘xtamaslik. Agar imkoniyatdan to‘g‘ri foydalansak, kichik ishni ham katta natijaga aylantirish mumkin.

Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar orqali yoshlar orasida mehr-oqibat, birdamlik va ijtimoiy mas’uliyat kuchaymoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish