Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Milliy madhiyamiz tarixi

10.12.2023 1473

xabardor.uz

Madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir, deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan. Bugun O‘zbekiston madhiyasi 31 yoshni qarshi oldi.

Shu munosabat bilan uning yaratilish tarixiga bir nazar tashlaymiz.

O‘zbekiston Oliy Kengashining (milliy parlamentning Oliy Majlisdan avvalgi nomi) 1992-yil 8-10-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan 11-sessiyasida bir qator tarixiy qarorlar qabul qilingan. Shulardan biri davlat madhiyasining qabul qilinishi edi.

O‘zbekistonning yangi madhiyasini ishlab chiqishga 1990-yil martidan kirishilgan. “Bu harakat hali SSSR degan qudratli, “qilichidan qon tomgan” davlat barqaror bo‘lib turgan paytda juda katta jasorat edi.
1990-yilning dekabrida Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasi tomonidan Davlat madhiyasi matni va musiqasi bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Nizomga ko‘ra, tanlovda ishtirok etuvchi ijodkorlar yashirin imzo – taxallus bilan qatnashishi shart qilib qo‘yilgan edi.

Qo‘mitaning 1991-yil 5-aprel kuni taniqli adib Pirimqul Qodirov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Davlat madhiyasi uchun taqdim etilgan she’rlarni saralash masalasi ko‘rilgan. Yig‘ilishda 90 ga yaqin taxalluslar bilan qatnashgan shoirlarning 12 ta she’ri keyingi bosqich uchun tanlab olingan.

Oradan ikki oy o‘tgach, davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar tanlovi ham o‘tkazilgan. Tanlovda 30 ga yaqin musiqiy asarlardan birortasi ham komissiya a’zolariga to‘la ma’noda ma’qul kelmagan, faqat 2 ta musiqiy asar qayta ishlash sharti bilan ikkinchi turga o‘tkazilgan.

G‘olibni aniqlash maqsadida katta komissiya tuzildi – uning tarkibida shoir va kompozitorlardan tashqari olimlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, xullas turli soha vakillaridan 20 nafarcha odam bor edi. Ular madhiyalikka nomzod yuzlab ijodiy ishlarni saralagan.

Birinchi bosqichda 78 ta madhiya tanlab olindi. Keyingi bosqichda 40 tasi ma’qul deb topildi. Saralashda xolislikni ta’minlash maqsadida nomzod madhiyalarning she’ri va musiqa mualliflari ism-familiyalari yashirilib, ular faqat raqamlar bilan ajratib chiqilgan. So‘ng 20 ta madhiyadan 15 tasi, 15 tadan uchtasi final bosqichga o‘tgan. Yakuniy bosqichda qatnashish uchun saralangan uchta madhiya mualliflari Abdulla Oripov va Mutal Burhonov, Mirpo‘lat Mirzo va Rustam Abdullayev, Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyev bo‘lgan.

Tanlovning eng so‘nggida saralangan uch variant yopiq ovoz berish uchun qo‘yiladi. Raislik qiluvchi birinchi bo‘lib O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga so‘z beradi. Abdulla Oripov davlat madhiyasi she’riy matnining o‘zi yozgan ikki variantini o‘qib eshittiradi. Birinchisi, “Bahor” ansambli uchun jozibali milliy kuylar yozib, tajriba orttirgan kompozitor, sobiq SSSR davlat mukofoti sovrindori Baxtiyor Aliyev musiqasiga (“Ming yillar qa’ridan kelar karvoning...”, deb boshlanuvchi) she’riy matn edi. Ikkinchisi esa mashhur bastakor Mutal Burhonovning elga tanish musiqasiga yozilgan (“Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot”, deb boshlanuvchi) madhiya matni edi. So‘ng, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi, shoir Mirpo‘lat Mirzo o‘zining taniqli bastakor, ko‘plab yosh kompozitorlar tanlovining sovrindori Rustam Abdullayev musiqasiga yozgan she’riy matnni o‘qib berdi... Shundan keyin deputatlar har uchala matn variantini musiqalar bilan birga tinglaydi.
Deputatlar yashirin ovoz bergach, 404 ball bilan Abdulla Oripov va Mutal Burhonov hamkorligidagi madhiya g‘olib bo‘lgan.

Madhiyaga bastalangan kuy aslida 1946-yilda qabul qilingan O‘zSSR madhiyasi musiqasidir. Uni ham 30 yoshli Mutal Burxonov bastalagan va tanlovda g‘olib bo‘lgan. Abdulla Oripov she’ri bu kuyni qayta milliy ruhda qayta jonlantirgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish