Avvalgi maqolamiz (Islomiy bank afzalmi? “Yoshlar ovozi”, 2026-yil 6-may)da islom moliyasining an’anaviy banklardan farqi, afzalliklari va ishlash tamoyillari haqida so‘z yuritgan edik. Bugun islomiy moliya tarixiga yuzlanamiz.
VII asr. Islom moliyasining ildizlari VII asrda Arabiston yarim orolida Islom dinining yoyilishi bilan bog‘liq. Bu davrda iqtisodiyot sudxo‘rlik (ribo)ni butunlay inkor etib, o‘rniga savdo hamda sherikchilikni tatbiq etdi. Shariat qonunlari asosida moliya dunyosida asossiz tavakkalchilik (g‘arar) va qimor (maysir) taqiqlanishi inqilobiy o‘zgarish edi. Natijada, Mudoraba (sarmoya va mehnat sherikchiligi) va Musharaka (mulkiy sherikchilik) kabi vositalar o‘rta asrlarda Ispaniyadan Xitoygacha bo‘lgan hududda savdo aloqalarining asosiga aylandi. Birinchi markazlashgan davlat xazinasi — Baytul-mol zakot va boshqa tushumlar hisobiga ijtimoiy himoyani ta’minlovchi ilk moliya instituti bo‘lib xizmat qildi.
XIII–XIX asrlar. Islom olamidagi siyosiy parokandalik va keyinchalik G‘arb davlatlarining mustamlakachilik siyosati natijasida islomiy moliya modellari vaqtincha chekindi. Islom mamlakatlariga G‘arbning foizga asoslangan bank tizimi kirib keldi va an’anaviy islomiy munosabatlar faqat kichik savdo hamda oilaviy munosabatlar darajasida saqlanib qoldi. Biroq bu davrda ham musulmon ulamolari islom iqtisodiyoti nazariyasini asrab qolishga va uni zamon talablariga moslashtirishga urinishdi.
1940–1990-yillar. XX asrning o‘rtalarida ko‘plab musulmon mamlakatlari mustaqillikka erishgach, o‘ziga xos iqtisodiy modelga ehtiyoj kuchaydi. 1963-yilda Misrda Ahmad al-Najjor tomonidan asos solingan Mit Ghamr omonat banki zamonaviy islom bankchiligining birinchi muvaffaqiyatli “laboratoriyasi” bo‘ldi. 1970-yillardagi neft daromadlarining o‘sishi bu sohaga katta turtki berdi. 1975-yilda Islom taraqqiyot banki va Dubai Islamic Bankning tashkil etilishi bilan islom moliyasi rasmiy, xalqaro tizim sifatida tan olindi. 1991-yilda Bahraynda AAOIFI (Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va audit tashkiloti) tuzilishi sohaning yagona xalqaro standartlarini belgilab berdi.
Zamonaviy davr. Bugun islom moliyasi shunchaki diniy ehtiyoj doirasidan chiqib, aktivlarining umumiy qiymati global miqyosda taxminan 4,5 trillion dollardan oshgan ulkan tizimga aylandi. 2002-yilda Malayziyada birinchi xalqaro Sukuk (islomiy obligatsiya) chiqarilishi moliya olamida yangi sahifa ochdi. Hozir London, Singapur va Dubay kabi yirik moliya markazlarida islomiy instrumentlar keng qo‘llanilmoqda. Tizim nafaqat bankchilik, balki Takoful (islomiy sug‘urta), islomiy investitsiya fondlari va yuqori texnologiyali Fintex yechimlarini ham qamrab oladi.
Baytul-mol qanday tashkilot bo‘lgan? Baytul-mol (arabcha “mol-mulk uyi”) – islom sivilizatsiyasida davlat xazinasi vazifasini o‘tagan, daromadlarni jamlash va jamiyat manfaatlari yo‘lida tizimli taqsimlashni yo‘lga qo‘ygan ilk moliya muassasasidir. Baytul-molning poydevori Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) davrida qo‘yilgan bo‘lsa-da, u alohida davlat organi sifatida Ikkinchi xalifa Hazrati Umar (r.a.) davrida to‘liq shakllandi. Dastlabki yillarda tushumlar zaxira qilinmasdan darhol muhtojlarga tarqatilgan. Biroq davlat chegaralari kengayishi va iqtisodiy munosabatlarning murakkablashishi natijasida mablag‘larni hisobga olish, saqlash va reja asosida sarflash zarurati tug‘ildi. Hazrati Umar moliya tizimini tartibga solish uchun maxsus reyestrlarni (devon) va xazina binosini tashkil etdi.
Ushbu moliya muassasasining daromadlari zakot, xiroj, ushr, jizya, xums hamda vorissiz vafot etganlarning merosi va topilmalardan shakllangan.
Baytul-mol zamonaviy ma’nodagi moliya vazirligi va ijtimoiy ta’minot tizimi vazifalarini birlashtirgan holda mablag‘lar ijtimoiy yordam, davlat infratuzilmasi, boshqaruv va mudofaa, zaxira va favqulodda vaziyatlar uchun yo‘naltirgan.
***
Islom moliyasi 14 asrlik tarixi davomida real aktivlarga tayanuvchi, inqirozlarga chidamli va axloqiy moliya izlayotgan har qanday jamiyat uchun zarur tizim ekanini isbotladi. Bugungi kunda ushbu tarixiy tajriba O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham nihoyatda dolzarbdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom moliyasi tamoyillarini joriy etish borasida qat’iy qadamlar tashlanmoqda. Xususan, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun doirasida islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga huquqiy asos yaratildi. O‘zbekistonning Islom taraqqiyot banki bilan faol hamkorligi, bank-moliya tizimida “islomiy darchalar”ning ochilishi hamda Sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yurtimizda yangi sarmoyaviy muhitni shakllantirmoqda.
Zero, tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan ushbu tizim zamonaviy O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim tayanchlardan biri bo‘lishga munosibdir.
