Bugun “Mahalla kutubxonasi” deya yangilik sifatida tilga olinayotgan maskanlar aslida o‘z ildizlariga ega. Biroz ortga nazar tashlasak, masalan, SSSR davrida ham xalq orasida kitobxonlikni rivojlantirish, ma’naviy saviyani oshirish maqsadida mahalliy darajada kutubxonalar tashkil etilganini ko‘rishimiz mumkin. O‘sha paytdagi kutubxonalar asosan sovet mafkurasiga xizmat qilgan, ammo har holda bu maskanlar xalq uchun kitobga, ilmga yo‘l bo‘lgan. Har bir kolxoz, sovxoz, zavod, maktab va hattoki mahalla darajasida faoliyat ko‘rsatgan bu kutubxonalar aholining, ayniqsa, yoshlarning tafakkurini boyitishda katta o‘rin egallagan.
Afsuski, keyinchalik bunday kutubxonalarning ko‘pchiligi yopildi. Ammo bugungi “Mahalla kutubxonasi” tashabbusi aynan o‘sha an’analarni zamonaviy shaklda qayta tiklayotganidek.
AQSHda bugungi kunda 17 mingdan ortiq jamoat kutubxonasi mavjud bo‘lib, ular orasida turli mahalla va tuman kutubxonalari alohida o‘rin egallaydi. Har yili bu kutubxonalarga 2 milliarddan ortiq tashrif amalga oshiriladi. Masalan, “New York Public Library” 92 ta filiali bilan Nyu York shahri mahallalarini to‘liq qamrab olgan. Har bir filial nafaqat kitob, balki bepul Wi-Fi, kompyuter, seminarlar va o‘quv dasturlarini taklif etadi.
Buyuk Britaniyada esa 2 800 dan ortiq jamoat kutubxonasi mavjud. Ularning ko‘pchiligi mahalliy kengashlar va ko‘ngillilar tomonidan boshqariladi. Ushbu kutubxonalar turli yoshdagi fuqarolar uchun savodxonlik kurslari, bolalar uchun ertak dasturlari, ayollar uchun o‘zini rivojlantirish seminarlarini ham tashkil etgan.
Yaponiyada 3 300 dan ortiq jamoat kutubxonasi bor. Har yili ularning o‘quvchilar soni 600 milliondan oshadi. Bu kutubxonalar har bir yosh toifasiga mos intellektual dasturlar ishlab chiqadi va ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi globallashuv davrida rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mahalla darajasidagi kutubxonalar eng samarali axborot va ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda koʻzga koʻrinadigan poytaxt kutubxonalari barmoq bilan sanaladigan darajada oz: Respublika bolalar kutubxonasi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, Respublika Turon kutubxonasi va boshqalar. Respublikamizning ilmga chanqoq yoshlari bu kutubxonalarda boʻsh joylar va kitoblar kutib, vaqtlarini behudaga ketqazishyapti.
2023-yil tashabbuskorlar tomonidan tashkil qilingan Buxoro viloyatining chekka hududi hisoblanmish Olot tumanidagi Muxtor mahallasidagi “Navroʻz” kutubxonasi poytaxtimiz tumanlarida birin-ketin ish faoliyatini olib borayotgan “Mahalla kutubxonasi”ga sababchi boʻldi.
Statistik maʼlumotlarga qaraydigan boʻlsak, birgina Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 8 ta MFYda mahalla kutubxonasi faoliyat olib bormoqda. Poytaxtimiz boʻylab 113 ta mahallada kutubxonalar ishga tushirildi (2024-yil 28-aprel ma’lumotlariga koʻra).
Kutubxonalarda 200 dan ortiq nomli turli mavzulardagi 1000 ga yaqin kitoblar mavjud bo‘lib, turli nashriyotlar ham kutubxonani qoʻllab-quvvatlashga bel boʻgʻlashgan. Masalan, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Oyina.uz” sayti nomidan 200 ga yaqin kitob berilgan. “Asaxiy Books” kitoblar doʻkoni va “Akademnashr” nashriyoti ham bir necha bor hadyalar yoʻllagan, kitoblarga chegirmalar bergan. Respublika Xalq banki kutubxonani mebellar, kompyuter va konditsioner bilan jihozlab bergan. Ismini oshkor etmay kitoblar-u sovgʻalar ulashganlar ham ancha.
Mahalla kutubxonalari biz uchun qadrli maskanga aylanish kerak. Bu joyda erkin va intellektual muhitni yaratish – asosiy maqsad. Kutubxonaga kelayotgan turli yoshdagi kitobxonlar o‘zlarini ilm maskaniga kelganliklarini his qilib, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqlarini yana oshirishi har birimiz uchun muhim.