Kreditlar – banklarning eng talabgir xizmatlaridan bo‘lib, fuqarolarning moliyaviy maqsadlariga tezroq yetishda yordam beradi. Albatta, bu yordam qonun bilan belgilangan shartlar, tomonlar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida taqdim qilinadi. Shunga qaramay, qarz olayotgan vaqtda barcha shartlarga rozi bo‘lib, to‘loviga kelganda muddatini unutadiganlar ham kam emas.
Kredit to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, qanday oqibatlarga olib kelishini bilasizmi? Bu kabi mijozlarga qanday chora ko‘riladi? Ular shundan keyin ham kredit olishi mumkinmi? Ushbu savollarga javob izlashdan avval, keling, kredit o‘zi nima ekanini bilib olamiz.
KREDIT NIMA?
Kredit – biror yaqiningiz sizga beminnat berayotgan pul mablag‘i emas. Qarz evaziga olinayotgan bu pullar kredit tashkilotlari yoki tijorat banklari tomonidan ma’lum shartlar asosida taqdim qilinadi. Siz zarur miqdordagi pulni birdaniga olishingiz evaziga foiz to‘laysiz. Kreditni yopish muddati va foiz miqdori, kredit olinayotgan vaqtda tuzilgan shartnomada keltirilgan bo‘ladi.
Banklar sizga shartnomani taqdim qilgach, uning har bir bandini diqqat bilan o‘rganib chiqqaningiz ma’qul. Shundan keyin undagi barcha shartlar sizga mosligiga, qarzlarni o‘z vaqtida so‘ndira olishingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, shartnomani imzolashingiz mumkin.
Kreditlarni rasmiylashtirishda (asosan, katta miqdordagi mablag‘lar uchun), kredit riskini pasaytirish maqsadida kafil shaxslar yoki kredit ta’minoti talab etishlishi mumkin. Kafil bu qarzdor qarzlarini to‘lay olmasa, uning majburiyatlarini to‘la yoki qisman bajarish mas’uliyatini oluvchi shaxs. Kredit ta’minoti esa qarz oluvchining kredit bo‘yicha majburiyati bajarilishini kafolatlaydigan garov turi.
VAQTIDA TO‘LANMASA NIMA BO‘LADI?
Odatda kredit to‘lovlari belgilangan sanada mijoz tomonidan to‘lab berilishi kerak. Mijoz to‘lovni unutmasligi uchun unga to‘lov kunidan bir necha kun oldin bankdan eslatma xabar keladi. Qarzlar shunda ham to‘lanmasa, har bir kun uchun qo‘shimcha foiz (penya)lar yozib boriladi. Natijada qarz yuki ortib, kredit tarixining salbiylashuviga, skoring ballarining yomonlashishiga va ko‘p hollarda qayta kredit olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishingizga olib keladi.
SALBIY KREDIT TARIXI
Kredit tarixi – sizning 5 yil davomida qachon, qaysi kredit tashkilotidan, qancha miqdorda qarz olganingiz va uni qanday to‘laganingizni batafsil belgilab boruvchi tarix. Bir so‘z bilan aytganda, sizning qarz oluvchi sifatida moliyaviy intizomingizning aksidir. Skoring bali kredit tarixi asosida shakllanadi.
QANDAY MA’LUMOTLAR BO‘LADI?
O‘zbekiston Respublikasining “Kredit ma’lumotlari almashinuvi to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, kredit tarixi qarzdorning so‘nggi besh yil ichidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olib, quyidagilarni aks ettiradi:
- qarzdor to‘g‘risida ma’lumotlar;
- joriy va yopilgan kreditlar, tovar kreditlarining qiymati, rasmiylashtirilgan sanasi, muddati va qoldig‘i to‘g‘risida;
- muddati o‘tgan qarzdorliklar to‘g‘risida;
- joriy va yopilgan kreditga qo‘yilgan garov mulki va mulk egasi to‘g‘risida;
- sud jarayonidagi kreditlar to‘g‘risida;
- kredit tarixi shakllangan sana va uni tayyorlagan tashkilot to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Kredit tarixi, shuningdek, qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlardan tashqari, lizing oluvchi, kafil haqidagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, kredit bitimi bo‘yicha sug‘urtalovchi sifatida qatnashadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham kredit tarixida jamlanadi.
Siz bir marotaba bo‘lsa ham kreditdan foydalandingizmi, demak sizning ham kredit tarixingiz bor. Moddiy ehtiyojingiz qandaydir ma’noda qondirilishida yordamga kelgan bu pullar mas’uliyati o‘z vaqtida bajarilishi zarur. Qolaversa, bu sizning birinchi kreditingiz bo‘lishi mumkin, biroq katta ehtimol, so‘nggisi emas.
SALBIY KREDIT TARIXINING OQIBATLARI QANDAY?
Kredit tarixi pul va boshqa mulklarni qarzga berish bo‘yicha shartnomalarni imzolashda o‘z ta’siriga ega. Natijada sizning kelajakda oladigan kreditlaringizni rasmiylashtirish muammoli kechadi.
Kredit tarixining salbiy ekani – ba’zi banklarning sizga kredit ajratmasligiga sabab bo‘lsa, boshqalari birmuncha murakkab shartlar asosida berishi mumkin. Bu esa har bir bankning ichki qonun-qoidalari bilan bog‘liq.
KREDIT SKORINGI
Kredit byurosi qarzdorlarning moliyaviy holatini, shuningdek, qarzdorlarni baholash reytingini shakllantiradi. Bu skoring deyiladi.
Kredit skoringida kredit qarzlaringizni to‘lay olish qobiliyatingiz ballar bilan baholanadi. Beriladigan ballar muddati o‘tgan qarzdorliklaringiz mavjud yoki yo‘qligi, daromadingiz va siz shug‘ullanadigan faoliyat turingizga bog‘liq. Bundan tashqari, ba’zi shaxsiy omillar, masalan, yoshingiz, turmush holatingiz va boshqa shu kabilar ham ballarga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu tariqa, qarz oluvchilar 0 dan 500 gacha bo‘lgan oraliqdagi skoring ballar bilan baholanadi. Ushbu oraliq esa 5 guruhga bo‘linadi:
- A – a’lo;
- V – yaxshi;
- C – o‘rtacha;
- D – qoniqarli;
- E – yomon.
KREDIT TASHKILOTLARINING “QORA RO‘YXAT”I
Aslida, bunday ro‘yxat mavjud emas. Bu ba’zi kredit tashkilotlari, kredit tarixi salbiy va skoring ballari past bo‘lgan fuqarolarga kredit ajratishni rad etish uchun qo‘llanadigan va tushuntirish oson bo‘lgan atama.
Barcha tijorat banklari kredit riskini baholashda o‘z mezonlariga ega bo‘ladi. Birlamchi mezonlardan biri – kreditlar bo‘yicha asosiy qarz va foizlarni to‘lashda surunkali kechikishlar mavjudligidir.
Xususan, to‘lovi 30, 60, 90 kun va undan ortiq muddatga kechiktirilgan qarzlarning soni va miqdori yoki kreditni to‘liq to‘lamaganligi mijozning to‘lov intizomi yaxshi emasligini bildirib, ishonchsiz to‘lovchi sifatida qaraladi. Ana shu mijozlar, ba’zi kreditorlar tilida “qora ro‘yxat” a’zosi sanaladi.
To‘lov intizomingizni buzmagan holda qarzlaringizni o‘z vaqtida to‘lab boring. Yuqori skoring va toza kredit tarixi bilan turli imtiyozlarga, aks xolda esa mavjud imkoniyatlaringizni ham cheklanishiga yuz tutishingiz mumkin.
