Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Rasta to‘la “Sariq kitoblar”

11.12.2023 969

Sevaraxon Odiljonova, O‘zJOKU talabasi

Universitetimizda tashkil etilgan kitob yarmarkasidan qidirgan kitoblarimni topa olmagach, kech bo‘lishiga qaramay Chorsu bozoriga yo‘l oldim. Qishda qor, yomg‘irdan, yozda esa quyoshdan saqlash uchun faqatgina tepasi yopiq rastalardagi kitoblar faqat “IELTSxonlar” uchun.

Turnaqator joylashgan do‘konlarga kirib “Abdulla Qodiriyning qanday kitoblari bor?”, deb so‘radim. Xuddi men noto‘g‘ri savol berayotganday, sotuvchilar ensasini qotirib, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” bor, deydi. 2-3 ta do‘konga kirganimdan keyin bu javoblar bezdira boshladi.

Avval kitoblarni ko‘rib chiqib, keyin sotuvchidan “Qodiriyning “Mehrobdan chayon” bilan “O‘tkan kunlar”idan boshqa asari ham bormi?”, deb so‘radim. Ammo ularning javobi hafsalamni pir qila boshladi. Nahotki, hech bo‘lmasa, “Obid ketmon” yoki hajviy hikoyalar to‘plamini topolmasam? Essiz, shuncha vaqtim, elektron shaklini topib o‘qisam ham bo‘larkan.

Ustozimiz ko‘p aytardilar: “Inson nima haqida ko‘p gapirsa, shu narsaga muhtoj bo‘ladi”, deb. Rastalarda biznesmen bo‘lish sirlari yoki hayotda muvaffaqiyatga erishish degan psixologik kitoblar ongimizni, tafakkurimizni o‘stiruvchi asl durdonalar o‘rnini egallab bo‘libdi.

Ketgan vaqtimga achinmay, deb Xurshid Do‘stmuhammadning kitoblarini qidirishga tushdim. Ammo uning asarlari ham “Qizil kitob”ga kiritilibdi shekilli. So‘nggi do‘konga kirganimda ko‘nglim biroz yorishdi, sababi Qodiriyning besh jildlik to‘plamini topdim, unda “Obid ketmon” ham bor ekan. “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” o‘zimda borligi uchun hajviy hikoyalar to‘plamini alohida sotishini iltimos qilganim bilan sotuvchini ko‘ndira olmadim. Qaniydi narxi to‘g‘ri kelsa-yu, to‘plamni to‘liqligicha olsam. Qorong‘i tushgan, qo‘ynim puch yong‘oqqa to‘lib, ijara uyga qaytyapman.

Qidirgan kitobimni topolmaganim uchun jahlim chiqyapti. “Sariq kitoblar” esa bemaza qovunning urug‘iday ko‘p. To‘g‘ri, talab borki, taklif bor, bunda nashriyotlarni aybdor qila olmaymiz. Agar biz miyamizni ozgina qiynab bo‘lsa ham jadidlarimizning nodir durdonalarini o‘qiganimizda, mazkur asarlarga bo‘lgan ehtiyojni ko‘paytirganimizda, topish anqoning urug‘idek kitoblar ham savdo rastalarini to‘ldirib turgan bolarmidi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish