Bugun O‘zbekiston xalqi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasini katta qiziqish bilan muhokama qilmoqda. Bu Murojaatnoma davlatimizning demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakati bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek umumiy maqsadimizga sodiqligini tasdiqlaydi. Shubhasiz, Prezidentimiz Murojaatnomasining asosiy mohiyati har bir soha va tarmoqni isloh qilish orqali fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Davlat rahbarimizning “Maqsadimiz aniq – yaqin yillarda daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish”, degan so‘zlari bizni chuqur ta’sirlantirdi.
Prezidentimiz jinoyat ishlari yurituvida odil sudlov jarayonini “Raqamli sud” tizimi asosida tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni belgilab berdi. Bu orqali biz inson huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytiramiz. Bu tergovga ham taalluqli bo‘lib, jinoyat to‘g‘risidagi arizani qabul qilishdan to ishni sudga topshirishgacha sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilib, inson omili kamaytiriladi.
Yurtimizda tergov sudyalarining faoliyati ham takomillashtiriladi. Endi ularga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar beriladi.
Ingliz-sakson huquq tizimiga ega davlatlarda ijobiy natija ko‘rsatgan “xalq vakillari hay’ti” institutini jinoyat ish yurituviga bosqichma-bosqich joriy etish foydali va zarur rejalashtirilmoqda deb hisoblaymiz. O‘ta og‘ir jinoyat ishlari va jamoatchilik e’tiboriga sabab bo‘lgan jinoyat ishlarni jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqish sud hukmining yanada adolatli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilishi asosli ravishda ta’kidlangan.
Prezidentimiz fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini ishonchli tiklash imkonini beradigan majburiy ijro jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbarining aholi genofondi uchun eng katta xavfga aylanib borayotgan giyohvandlik muammosi haqidagi bayonoti nihoyatda muhim bo‘ldi. Giyohvand moddalar savdosi transchegaraviy va virtual tus olmoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llashni, bu sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni chuqur egallashni talab etmoqda. Prezident bu masala bo‘yicha Milliy dastur qabul qilingani, narkojinogyatlarni butunlay yo‘q qilish, yoshlarda kuchli ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etayotganimizni ta’kidladi. Shu munosabat bilan, narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha respublika ishchi guruhi davlat organlarining barcha kuch va imkoniyatlarini ishga solib, kelgusi yilda giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish va tarqatish yo‘llarini to‘xtatish bo‘yicha yangi tizim yaratishi lozim.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida aks etgan sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishlari chuqur ma’no-mazmunli bo‘lib, unda aniq vazifalar belgilangan.
