O‘zbekistonda “stalking” va “femitsid” tushunchalari begona eshitilishi mumkin. Biroq real hayotda bu tushunchalar o‘zining mavjudligini ko‘rsatib kelmoqda. Sababi ayol-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar tez-tez kuzatilmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda va qonunchilikka takliflar kiritilyapti. 2026-yil 3-mart kuni Prezidentning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, barcha ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish yuzasidan uch oy muddatda asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishi belgilangandi.
Psixologik triller yoki detektiv asarlarda o‘qiganimiz – qurbonni asta-sekin, qadamma-qadam ta’qib qilish, uni doimiy qo‘rquvda ushlab turish kabi mudhish voqealar ko‘z oldimizda ham sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz bugun. Hech bir og‘ir jinoyat, xususan, qotillik to‘satdan, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Hammasi jamiyatimiz ko‘pincha oddiy deb qaraydigan holatlardan: uy yoki ishxona oldidagi doimiy kuzatishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi tinimsiz nazorat, istalmagan xabarlar va ruhiy bosimdan boshlanadi. Bu harakatlar yuridik va ilmiy tilda “stalking” (ta’qib qilish) deyiladi.
Eng yomoni shundaki, ta’qib o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, u ertaga albatta femitsidga – ayolni shunchaki ayol bo‘lgani, tajovuzkorga “yo‘q” deya olgani uchungina shafqatsizlarcha o‘ldirishga aylanadi. Xo‘sh, nega bugun bularga jinoiy javobgarlik belgilash suv va havodek zarur? Yaqindagina O‘zbekiston qonunchiligida tarixiy burilish yasashi mumkin bo‘lgan muhim tashabbus ilgari surildi: qonun hujjatlariga stalking va femitsid tushunchalarini kiritish hamda bu qilmishlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi. Bu qonunga ikkita yangi xorijiy atamani shunchaki qo‘shib qo‘yish emas, har kuni qo‘rquvda yashayotgan, ammo amaldagi qonunchilikda o‘zi uchun yetarli himoya topolmayotgan yuzlab insonlarning najoti.
Hozirgi kunda yosh qizlarga nisbatan ham tahdidlar ko‘p uchraydi. Ular bu ta’qiblardan, telefondagi tahdidlardan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasigacha yetib boryapti. O‘zida jasorat topib adolat izlagan va ta’qibchisiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan qurbon amalda nimaga erishadi? Qonun ta’qibchining bu tizimli harakatini atigi “mayda bezorilik” yoki “shaxs hayotiga aralashish” sifatida ko‘radi va ma’muriy jarima yozish bilan cheklanadi. Ta’qibchi davlat byudjetiga arzimagan pul to‘laydi-da, erkinlikka chiqadi. Jarima to‘lab, erkinlikka chiqqanidan keyin bu holat takrorlanmaydi deb o‘ylashning o‘zi xato. Jarima qotillikni to‘xtata olmaydi.
Ma’muriy chora jabrlanuvchining xavfsizligini ta’minlamaydi, aksincha, jazosizlik hissi ta’qibchini yanada tajovuzkorroq bo‘lishga undaydi. Qonun qachongacha inson hayotiga ochiq tahdidni jarima bilan o‘lchashi mumkin? Shunday insonlar borki, qiz bolaga qo‘ng‘iroq qilib, agar uning aytganini bajarmasa, uning hayotini barbod qilish bilan ochiqdan ochiq qo‘rqitib, shantaj qilyapti. Shu sababdan ham ta’qib va tahdid qilishni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qilish eng yaxshi yechimlardan biri bo‘ladi.
