Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Taraqli mahallasi: REAL IMKONIYATLAR ANIQ NATIJALAR BERMOQDA

4.6.2026 41

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Qo‘ng‘irot tumanidagi Taraqli mahallasida yoshlar hayotiga oid muhim qaror katta o‘zgarishlarga yo‘l ochdi: 18 nafar yoshga 16 gektar yer ajratildi. Bu yoshlarning kelajak sari tashlagan dadil qadami bo‘ldi. Eng muhimi, bu imkoniyat natijaga aylandi: tashabbuskor 4 nafar yosh 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon bozorlariga chiqib, 20 tonnadan ortiq, jami 70 million so‘mlik qovun va qovoq eksport qilishga erishdi.

– Bizga yer ajratilgan kunni yaxshi eslayman. Avvaliga bu imkoniyatdan qanday foydalanishni o‘ylab, biroz ikkilanib ham qolgandik. Lekin mahallamiz yoshlar yetakchisi bizni bir joyga jamlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, kerakli mutaxassislar bilan bog‘ladi. Yerga ishlov berib, qovun va qovoq yetishtirishni boshladik. Har bir bosqichni o‘rganib, tajriba orttirdik. Keyinchalik mahsulotimizni dastlab ichki bozorda, keyin esa eksportga yo‘naltirdik. 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlariga mahsulot eksport qilganimiz biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Bizga berilgan imkoniyat va bildirilgan ishonch o‘z samarasini berdi, – deydi Jonibek Serikbayev.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati izchil va tizimli asosda amalga oshirilayotgan bir paytda mahalla darajasida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Shu jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Taraqli mahallasi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov faoliyati alohida e’tiborga loyiq.

“Taraqli” mahallasi balansi:

Aholi: 3016 nafar;

Yoshlar: 885 nafar;

Xotin-qizlar: 427 nafar.

 

“Yashil” toifa: 621 nafar;

“Sariq” toifa: 262 nafar;

“Qizil” toifa: 2 nafar.

 

Mahalla drayveri: savdo-sotiq va chorvachilik.

Aniq natijalar asosi

Nurlan Joljanov faoliyatining muhim bosqichlaridan biri yil boshida amalga oshirilgan xatlov jarayonidir. Mahalladagi 13 nafar ishsiz yosh aniqlanib, ular bilan individual ishlandi. Ishlar Prezidentning 2025-yil 14-fevral kungi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida yanada tizimli tashkil etildi. 13 nafar yosh Qo‘ng‘irot tumani komissiyasining 01-44-sonli bayoniga asosan “Ustyurt qidiruv burg‘ulash boshqarmasi” MChJ rahbariga biriktirildi.

Yoshlar bilan korxona rahbarlari bevosita uchrashib, ularning muammolari va takliflarini o‘rgandi. Natijada yil davomida ular 100 foiz ish bilan ta’minlandi:

  • 5 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi;
  • 5 nafariga imtiyozli kredit ajratildi;
  • 2 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi;
  • 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi.

Mahallada yoshlar bandligini ta’minlashda “Bitiruvchi yoshlar” dasturi amalga tatbiq etildi. 2025-yilda Taraqlida jami 72 nafar yosh ta’lim muassasalarini bitirib, shundan 24 nafari mehnat bozoriga kirib keldi.

Yoshlar yetakchisi ularning qiziqishlarini o‘rgandi. Maktab bitiruvchilarining 8 nafari ta’limni davom ettirdi; professional ta’lim bitiruvchilaridan 1 nafari ishga joylashdi, 1 nafari o‘qishni davom ettirdi; oliy ta’lim bitiruvchilarining 8 nafari ishga joylashdi, 2 nafari o‘qishni davom ettirdi, 2 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi.

Umuman olganda, dastur orqali 73 nafar yosh qamrab olinib, yil yakunida 72 nafarining bandligi ta’minlandi.

Taraqli mahallasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy mexanizmlar keng qo‘llanildi.

Jumladan, 22 nafar yoshga jami 215 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. PQ-60, PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlar ijrosi doirasida qo‘shimcha 390 million so‘m kredit yo‘naltirildi. Mablag‘lar yoshlarning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi va daromad manbayiga ega bo‘lishida muhim bo‘ldi.

– Bugun Taraqlida erishilayotgan natijalar tizimli yondashuv, har bir yosh bilan individual ishlash va ularga ishonch bildirish natijasidir, – deydi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov. – Biz faoliyatimizni oddiy suhbat yoki umumiy chaqiriqlar bilan emas, aniq xatlov, muammo va ehtiyojlarni o‘rganishdan boshladik. Har bir yoshning qiziqishi, salohiyati va hayotiy maqsadini aniqlab, shunga mos yo‘l tutishga harakat qildik. Kimdir tadbirkorlikka qiziqdi – kredit bilan qo‘llab-quvvatladik, kimdir kasb o‘rganmoqchi bo‘ldi – o‘qishga yo‘naltirdik, yana boshqasi ish izlayotgan edi – korxonalar bilan bog‘ladik. Eng muhimi, hech bir yosh e’tibordan chetda qolmadi. Yer ajratish tashabbusi ham aynan shu yondashuvning bir qismi edi.

Manzilli yordam

2025-yil davomida “Yoshlar daftari” orqali 5 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi, 4 nafar yosh turli o‘quv kurslariga jalb etildi, 2 nafar yoshning haydovchilik kursi xarajatlari qoplandi. Bu orqali yoshlarning ta’lim olishi va kasb egallashi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Mahallada xorijda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Migratsiyada bo‘lgan 12 nafar yosh bilan doimiy onlayn muloqotlar yo‘lga qo‘yilib, ularning 4 nafari qaytarilib, bandligi ta’minlandi. Yoshlar bilan ishlash hudud bilan cheklanmasdan, ularning har qanday holatida qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Ijtimoiy himoya va profilaktika

Ijtimoiy xavf guruhidagi yoshlar bilan ishlash ham yetakchi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Otaliqqa olingan 2 nafar yosh bilan individual ishlash natijasida ulardan biri profilaktika hisobidan chiqarildi va haydovchilik kursiga yo‘naltirildi. Ikkinchisi xorijiy til kurslariga jalb qilinib, xarajatlari qoplab berilmoqda. Bu yondashuv yoshlarni jamiyatga moslashtirish va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida faol ishtirok etib, sportning shaxmat turi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, 2023-yili mahalla yoshlari shashka va shaxmat bo‘yicha olimpiadaning respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Natijada mahallaga universal va vorkaut sport maydonchalari qurib foydalanishga topshirilgan.

Nurlan Joljanov ham shaxsiy yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladi. U o‘tgan yili “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2026-yil I chorak yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston bo‘yicha “Top 100 yoshlar yetakchilari” ro‘yxatiga kirdi. “Yetakchi Camp” loyihasi doirasida o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli yakunlab, maxsus guvohnoma bilan taqdirlandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish