Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini hamda dunyo aholisining ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash har qachongidan dolzarb bo‘lib qolmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisi 10 mlrd kishiga yetadi. Hozirda dunyodagi mavjud 8 milliardga yaqin aholining qishloq xo‘jaligi hisobiga kun kechirayotgan qismi 2,6 milliard (33 % dan ortiq)ni tashkil etayotgan vaqtda, mavjud qishloq xo‘jaligi yerlarining 52 % kuchli degradatsiyaga uchragan. Bu kabi global masalalar ortidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, yerdan belgilangan maqsadlarda foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati yanada oshadi.
Jahonda yuz berayotgan iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarning ortib borishi iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi sohasi bilan bir qatorda insoniyatning barqaror kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar ta’sirini kamaytirish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlarining yaroqsiz holatga kelishi, yer resurslarining zararlanishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holati yomonlashishini yuzaga keltiruvchi omillarni har tomonlama chuqur o‘rganish, yangicha yondashuv va ilmiy-huquqiy yechim asosida samarador chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, Respublikamizda agrar sohani har tomonlama rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligi yerlarining hosildorligini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlar, konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq muddatli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu bevosita qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning davlatimiz uchun iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik ahamiyatidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlarida yetishtirilayotgan mahsulotlar aholi moddiy turmush tarzini yaxshilash, kundalik ehtiyojlarini qondirish bilan birgalikda davlat iqtisodiyotining yuksalishiga zamin bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli asarida “Qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish”, “Suv resurslari samaradorligini oshirish” ga milliy iqtisodiyotni rivojlantirish omili sifatida urg‘u berilgan bo‘lsa, “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish dolzarb vazifa ekanligi belgilandi.
Mana shunday chora-tadbirlarni muntazam amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi sub’yektlarining yerga nisbatan munosabatlarni o‘zgartirilishiga, qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘z maqsadida foydalanilishiga, qonun talablariga rioya etmagan yerdan foydalanuvchilarga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilmoqda.
Xuddi shunday maqsadda, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida fermer xo‘jaliklarining faoliyati tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda ayrim fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘z maqsadida foydalanilmasdan, boshqa maqsadda foydalanilayotganligi, bog‘ uchun ajratilgan yer maydonlaridagi bog‘ qarovsiz holatdaligi aniqlangan va holat yuzasidan tumandagi yer nazoratiga mas’ul takshilot xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan va qishloq xo‘jalik sub’yektiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirishlar berilgan.
Biroq, amalga oshirilgan choralar samarasiz yakunlangach qishloq xo‘jalik sub’yektlariga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilish ya’ni, tuman hokimiyati bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish yuzasidan Nurafshon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilingan.
Vaholangki, taraflar o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasida yerdan uning belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishni tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni qo‘llash, o‘z xo‘jalik faoliyati natijasida hududdagi ekologik vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlari, shuningdek ekinlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlari shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarda foydalanilishi amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha kelib chiqadigan oqibatlari bilan birgalikda ijara shartnomasini qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4246-sonli Qarorida 2019-yil 1-avgustga qadar mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini har bir fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi korxonasi kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz bog‘lar o‘rnida iqtisodiy samarador yangi bog‘lar barpo etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda ham bekor qilinadi.
Sud muhokamasi jarayonida tumandagi mutasaddi idoralar vakillari tomonidan tuzilgan dalolatnomadan javobgar tomonidan unga ajratilgan yer uchastkasidan belgilangan maqsadda to‘liq va o‘z maqsadida foydalanilmayotganligi, yer maydonlari qarovsiz holga tashlab qo‘yilganligi holatlari o‘z isbotini topganligi sababli, javobgarlarning tuman hokimi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi va yerdan foydalanuvchilarning yerga bo‘lgan huquqlari bekor qilindi.
Zero, amaldagi Qonunlarning talabiga rioya etmaslik belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarining belgilangan maqsadlarda foydalanish farovon kelajak garovi hisoblanadi.
