Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ATIGI 3% O‘SMIR SOG‘LOM OVQATLANADI

11.11.2026 93

Dildora TUROBJONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

O‘smirlik – muhim rivojlanish davri, organizm tez o‘sadi, miya rivojlanadi, jismoniy va ruhiy o‘zgarishlar yuz beradi. Ovqatlanish bu jarayonlarning barchasiga ta’sir qiladi. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha maktab yoshidagi bolalarning 21 foizi har kuni sabzavot, 34 foizi esa meva iste’mol qilmaydi. Lekin 42 foiz bola har kuni shirin gazlangan ichimliklar ichadi, 46 foizi esa haftasiga kamida bir marta “fast food” yeydi. UNICEFning 2025-yilda o‘tkazilgan tadqiqoti hisobotida sog‘lom ovqatlanadigan o‘smirlar ulushi 3 foizdan ham kamligi qayd etilgan.

Oziq-ovqat tanloviga oilaning iqtisodiy imkoniyatlari, reklamalar, mahsulotlarning narxi va maktabdagi ovqatlanish muhiti ham ta’sir qiladi. Tadqiqot o‘smirlar nima uchun sog‘lom ovqatlanmayotganini tushunish uchun ularning tanloviga ta’sir qiladigan omillarni ham ko‘rib chiqqan.

O‘smirning nima yeyishi ko‘p jihatdan u yashaydigan oilaning iqtisodiy imkoniyatlariga bog‘liq. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda uy xo‘jaliklari iste’mol xarajatlarining 56,5 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan. Bu oilalar budjetida ovqatlanish xarajatlari qanchalik katta o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Mablag‘ cheklangan sharoitda mahsulotning foydasidan ko‘ra narxiga ko‘proq e’tibor qaratilishi tabiiy. Meva, yong‘oq, baliq, sut mahsulotlari yoki boshqa foydali oziq-ovqatlar narxi sabab har doim ham kundalik xaridlar ro‘yxatidan joy olavermasligi mumkin. Tez tayyorlanadigan mahsulotlar esa vaqt va mablag‘ni tejashi sabab qulayroq ko‘rinadi.

Shahar va qishloq o‘rtasidagi farqlarni ham hisobga olish lozim. Tadqiqotga ko‘ra, 15–19 yoshli o‘smirlarning oziq-ovqat ratsioni qishloq joylarda shahardagilarga nisbatan xilma-xilroq. Qishloqda ayrim oilalar tomorqasida meva-sabzavot yetishtiradi, chorvachilik bilan shug‘ullanadi yoki mahalliy xo‘jaliklardan yangi mahsulot xarid qilish imkoniga ega. Shu sabab mavsumiy hosil davrida bunday mahsulotlar oilaning kundalik dasturxonida ko‘proq bo‘ladi. Shaharlarda esa oziq-ovqat mahsulotlarining xilma-xilligi kengroq bo‘lsa-da, ularni xarid qilish imkoniyati oilaning daromadi va bozordagi narxlarga bog‘liq.

Maktab muhiti

O‘quvchilar kunning katta qismini maktabda o‘tkazadi va bu vaqtda ovqatlanish uchun ko‘pincha oshxona, bufet yoki maktab yaqinidagi do‘konlarga murojaat qiladi. UNICEF tadqiqotiga ko‘ra, maktabda ovqatlanadigan o‘quvchilarning atigi 11 foizi mahsulotlarni uydan olib keladi, 62,8 foizi esa maktab yaqinidagi do‘konlardan xarid qiladi. Demak, maktab va uning atrofida qanday mahsulotlar sotilishi o‘quvchilarning tanloviga bevosita ta’sir qilishi mumkin. O‘zbekistondagi 59 ta maktabda o‘tkazilgan baholashda maktab oshxonalari va bufetlarida qovurilgan va xamirli mahsulotlar ko‘p taklif etilishi, meva-sabzavot kabi foydali mahsulotlar esa kamroq uchrashi qayd etilgan. Ayrim hollarda bunday mahsulotlar boshqa taomlarga qaraganda qimmatroq ham bo‘lgan.

Maktablardagi ovqatlanish muhitini yaxshilashda dunyo tajribasini ham ko‘rib chiqish mumkin. Masalan, Finlandiyada maktab o‘quvchilariga 1948-yildan buyon bepul tushlik beriladi. Odatdagi maktab taomnomasi issiq ovqat, salat yoki sabzavotlar, non, sut mahsulotlari va suvdan iborat. O‘quvchilarga taomlarning tarkibi haqida ham tushuncha beriladi. Braziliyada ham davlat maktablarida o‘quvchilar bepul ovqat bilan ta’minlanadi. Maktab taomnomasida gazlangan shirin ichimliklar, oziqaviy qiymati past mahsulotlar cheklangan. Maktablar xarid qiladigan oziq-ovqatning kamida 30 foizi oilaviy fermer xo‘jaliklaridan olinishi belgilangan. Bu orqali maktab taomnomasiga yangi mahsulotlarni kiritish bilan birga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham qo‘llab-quvvatlanadi. Buyuk Britaniyada ham maktab taomnomalari uchun alohida standartlar mavjud. O‘quvchilarga ichimlik suvi doimiy taqdim etilishi, shirinliklar va ayrim oziqaviy qiymati past mahsulotlar savdosi cheklanishi belgilangan.

Marketing ta’siri

Maktabdagi takliflar bilan birga ijtimoiy tarmoqdagi videolar, blogerlar, mashhur insonlar va reklama roliklari ham o‘smirlarning ovqatlanish odatlariga ta’sir ko‘rsatadi. UNICEFning 171 mamlakatdagi 13–24 yoshli 64 mingdan ortiq yosh ishtirok etgan so‘rovida qatnashchilarning 75 foizi so‘nggi bir hafta ichida shirin ichimliklar, “fast food” yoki boshqa foydasiz oziq-ovqatlar reklamasini ko‘rganini, 60 foizi esa reklama o‘sha mahsulotni sinab ko‘rish istagini uyg‘otganini aytgan.

Reklama mahsulotni qiziqarli, mazali va zamonaviy turmush tarzining bir qismidek ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, mashhur blogerlar yoki tengdoshlar tavsiya qilgan mahsulotlarga qiziqish kuchli bo‘ladi. Masalan, biror oziq-ovqat mahsuloti ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p namoyish etilsa, u qisqa vaqt ichida ommalashib, ko‘pchilik uni tatib ko‘rishga qiziqadi. Shu tariqa media ayrim hollarda mahsulotlarni kundalik iste’molga olib kiradi. Bu boradagi ilmiy tadqiqotlar ham oziq-ovqat marketingi bolalar va o‘smirlarning mahsulotga munosabati, tanlovi va iste’moliga ta’sir qilishini ko‘rsatadi.

Media va ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlarning oziq-ovqat tanloviga ta’sir ko‘rsatayotgan ekan, ulardan sog‘lom ovqatlanish odatlarini targ‘ib qilishda ham foydalanish mumkin. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlarda foydali mahsulotlar, hamyonbop va muvozanatli taomlar, to‘g‘ri ovqatlanishning kundalik hayotdagi ahamiyati haqidagi kontentlarni ko‘paytirish kerak bo‘ladi. Bunday mavzular yoshlar uchun tushunarli, qiziqarli va ularning kundalik hayotiga yaqin shaklda yoritilsa, sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga yordam beradi.

UNICEF o‘smirlar ovqatlanishini yaxshilashda oilalar, maktablar va davlat tashkilotlarining hamkorligini muhimligini ta’kidlaydi. Tashkilot maktablarda ovqatlanish bo‘yicha ta’limni kuchaytirish, oilalarni bu jarayonga jalb etish, sog‘lom mahsulotlar mavjudligini kengaytirish va bolalarga yo‘naltirilgan zararli oziq-ovqat reklamalarini cheklashni tavsiya qiladi. Chunki o‘smirlik davrida shakllangan ovqatlanish odatlari keyingi hayotga ham ta’sir qiladi. Bugun o‘smirlar nima iste’mol qilayotgani ertaga jamiyat qanchalik sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini belgilaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish