Toshkent ko‘chalarini kezar ekansiz, aksar tadbirkorlik foaliyatini olib boruvchi binolar nomi yoki e’lonlarni ko‘rib, davlat tilining holiga achinadi. Agar o‘zga sayyoradan kimdir kelib qolsa, bu yurtda asosan rus va inglizlar yashar ekan, deya tortinmay ayta oladi. Chunki bu vaqtda ko‘chada o‘zbek nomi ostida rusgami yoki boshqa millat vakiliga o‘sha tilda yaltoqlanayotgan bo‘ladi-da. To‘g‘ri, bu muammolarning g‘ozi ancha yengil bo‘lib qolganga o‘xshayapti. Har safar shu muammolarni eshitaverib quloq ham bunga moslashdi, umuman e’tibor bermas darajaga keldik. Axir, biz o‘zbek tilini o‘rganib nima qilamiz, biron joyga ish so‘rab borsak, rus tilini bilishimizni so‘rayapti, chetga chiqish uchun ingliz tili kerak, chunki yaxshi yashash kerak, deya har safar o‘zimizni oqlaymiz, ammo…
Bobomiz sovet davrida yashab doston aytdi – sof o‘zbek tilida, momomiz cho‘pchak aytdi – sof o‘zbekchada, otamiz kolxozda traktor haydadi, ammo u-da o‘zbekcha qo‘shiq aytdi, onamiz alla aytdi – o‘zbekchada. Biz-chi?! Bugun yurtda xoinlar yuribdi. Ular o‘z tarixining, kelajagining xoinlari, yomoni – o‘z tilining xoinlari!
To‘g‘ri, tilimiz deya ko‘p kerildik, qator-qator qarorlar chiqdi, til ravnaqi uchun, kitoblar yozildi til haqida jild-jild. Biz tilimizni keragidan ortiq darajada isloh qildik. Ammo…
Biz bu tilni sevishni o‘rganmadik…
