Aksariyat yoshlar trendlardan ko‘ra qulaylik va shaxsiy uslubni afzal ko‘rishni boshlaganidan beri brendlar ham ularning talablariga moslashdi. Zamonaviy obrazlarga e’tibor berilsa, ular harakatlanish uchun qulay, hamma davralar uchun mos va biroz nostalgiya hissini beradigan, bir nechta uslubga moslashtirish mumkin bo‘lgan kiyimlardan iborat.
Masalan, Zara, Chanel kabi brendlarning to‘plamidan o‘rin olgan yubka va koftalarda teri salomatligi va qulaylik hisobga olinib, “sokin hashamat”ni ifodalaydigan keng, yumshoq, paxta yoki ipak matolardan foydalanilgan. Ranglar ham avvalgilariga qaraganda ancha minimal, xotirjam kayfiyat, yengillik beradi, kundalik obrazlar uchun mos.
Amerikaning Pentoun rang instituti ham zamonaviy dunyoda odamlarning xotirjamlik va sokinlik istagini hisobga olib, birinchi marta oq rangni asosiy yil rangi deb e’lon qildi. Bu rang “raqqos bulut” (cloud dancer) deb nomlanib, u oq ranglar ichida eng iliq va barqaror oq deb ta’riflanadi. Mutaxassislar fikricha, oq rang doimiy axborot davrida diqqatimizni jamlab, ichki ovozimizni tinglashga yordam beradi.
Yilning yana bir trenddagi kiyimi – turli belgilar tushirilgan yoki iqtibos, hazillar yozilgan oddiy futbolkalar. Hattoki uzoq vaqt davomida hashamatli liboslari bilan mashhur bo‘lgan brendlar ham kundalik futbolkalarni o‘z kolleksiyasiga qo‘shgan. Masalan, Dior “Bovari xonim” asari muqovasi tushirilgan futbolkani taqdim etgan, Chanel ham oddiy futbolkani vintaj uslubidagi kostyum va yubka bilan uyg‘unlashtirgan.
Futbolkalar haqiqatan ham eng asosiy kiyimlardan biri, uni universalligi va qulayligidan tashqari shaxsiy did va qarashlarni ifodalash yoki targ‘ibot uchun ham tanlashadi. Masalan, butun dunyo yoshlari yolg‘izlik hissini yengish uchun sevimli musiqiy guruh yoki film belgisi tushirilgan futbolkalar kiyishadi, ular boshqalarda sevimli filmining posteri tushirilgan kiyimlarni ko‘rganda o‘zlarini o‘sha odam bilan maslakdoshdek his qiladi. Shuningdek ekofaollik ruhidagi dizaynga ega futbolkalar ham yoshlar orasida urfda, ular bunday futbolkalar bilan sayyoramiz, hayvonot olami, global muammolar haqida o‘ylash, ekomadaniyatini shakllantirishga yordam beradi.
Brendlar uzoq yillik an’anaviy uslublardan qochib, qulaylik talabiga moslashayotgani oyoq kiyimlar modasida ham yaqqol ko‘rinadi. Oyoq kiyim sanoatida uslub, ranglardan tortib matolargacha o‘zgargan. Avval katta, baland krossovkalar urfda bo‘lgan bo‘lsa, endi 70-80-yillar uslubidagi past poshnali, qulay retro uslubidagi vintaj oyoq kiyimlar ommalashdi. Bu krossovkalarda rang masalasida ham tanlovlar keng, asosiy klassik ranglardan ko‘ra yorqinlikka urg‘u berilgan. Retro oyoq kiyimlarga qiziqish 2025-yilning bahorgi moda haftaliklaridan keyin boshlandi va hamon davom etyapti. Uzoq vaqtdan beri asosan charmdan foydalanayotgan brendlar 40 yil avval urfda bo‘lgan yumshoq charmli (zamsh) rangli krossovkalar ishlab chiqara boshladi. Puma, Adidas, Reebok, Miu Miu kabi yetakchi brendlar ham bu uslubdan foydalanib yangi namunalar chiqardi.
Aksessuar sifatida ham bugun g‘alati ko‘rinishga ega, qo‘pol qo‘shimchalardan ko‘ra, nafis va minimalistik ko‘rinishdagi ipak sharflar ommalashgan. Sharflar hamma mavsum uchun mos, ulardan kamar sifatida foydalanish, shim ustidan yubka kabi yoki sumka, bo‘yin, hattoki sochga bog‘lash mumkin. Klassik ipak bilan birgalikda to‘rli sharflar ham o‘tgan yildan beri trenddagi aksessuarlardan.
Trendlar ham tobora insonning shaxsiy ehtiyojlari va didiga moslashyapti. Oxirgi yillardagi moda tendensiyalariga qaralsa, insoniyat kiyim orqali shunchaki tashqi ko‘rinish yaratishga emas, ichki holatini ifodalashga ham intilayotgani seziladi. Tezkor axborot, doimiy shovqin va keskin ritm hukmron bo‘lgan davrda odamlar obraz orqali qulaylik, xotirjamlik va o‘ziga yaqin kayfiyatni izlay boshladi. Shu sabab zamonaviy moda tobora balandparvozlikdan uzoqlashib, tabiiylik, funksionallik va shaxsiy uslubga yaqinlashyapti.
