Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Urushga qarshi “Z” avlod

25.6.2026 78

Jahongir BAXTIYOR, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Zumerlar, ya’ni “Z” avlodning dunyoqarashi katta avlodni hayratga soladi. Millat tushunchasini nisbatan tor tushunadigan, dunyoni esa bir butun ko‘radigan bu avlod sayyoramizni barqarorlashtirishi kutilyapti.

“Z” avlod haqidagi eng qiziq va umidli tadqiqotlardan biri shundan iboratki, zumerlarning urushlarga tobi yo‘q. Ular urush uchun kuchli va asosli sabablar izlaydi. Lekin eng “adolatli” hisoblangan qarashlar ham ularni urush haqidagi miflarga ishontira olmaydi. Olimlar buni Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar bilan bog‘laydi. Bugungi 30 yoshgacha bo‘lgan avlod bu urushlar bilan parallel yashagan va ijobiy tomonlarini ko‘rmagan. Bu hozirgi urushlarga ham shubha bilan qarashlariga sabab bo‘ldi.

Masalan, “Daily Express” nashrida o‘tkazilgan so‘rov orqali 18-24 yoshlilarning 52 foizi frontda xizmat qilishni istamasligi aniqlangan. Tadqiqotchilar ularning bu qarorlarini asosli deb hisoblaydi. 1997−2012-yillar oralig‘ida tug‘ilganlar raqamli davrda o‘sgan birinchi avloddir. Ular ketma-ket zarbalar ostida shakllangan. 11-sentabr voqealari, 2008-yildagi moliyaviy inqiroz, Covid-19 va urushlarning qaytishi avlod 30 yoshga to‘lmasdan oldin sodir bo‘lgan. Bu voqeliklar sabab inson qadrini yuqori baholaydigan avlodni balandparvoz shiorlar bilan aldash mushkul masala.

Ko‘p talato‘plarga guvoh bo‘lgan avlodning dunyo va uning kelajagi haqidagi qarashlari ham boshqa avlod vakillaridan farqli. 2019-yilda Harvard universitetining Siyosat instituti 18−29 yoshgacha bo‘lgan saylovchilardan AQSh tashqi siyosati uchun nimani ustuvor vazifa qilib ko‘rishlarini so‘radi. Ular saylovchilar uchun eng muhim masalalar terrorizmga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish (ikkalasi ham 39 foiz) va atrof-muhitni muhofaza qilish (34 foiz) ekanini aniqladi. Yadro quroli tarqalishining oldini olish va AQSh ittifoqchilarini himoya qilish yosh amerikalik saylovchilar uchun unchalik muhim emas edi.

Dunyo olimlari zumerlarning siyosatga va hukumatga nisbatan ishonchi yo‘qolganini tasdiqlaydi. Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, “Z” avlod hukumat zaif bo‘lgan joylarda, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi masalalarida o‘zlari tashabbusni qo‘lga olishga tayyor. Ular resurslarni boshqarish va sifatli ekologiya uchun hukumatga tayanmay harakat qilishadi.

Zumerlarning turli masalalarga nisbatan qadriyatlarini bilish orqali dunyo kelajagi haqida taxminiy xulosa qilish mumkin. Ular haqida qat’iy fikrni Stenford universiteti doktori Roberta Katz beradi. U bu avlod “ko‘proq axloqiy fazilatlarga bo‘ysunishi”ni qat’iy ta’kidlaydi. Yirik tahliliy markazlardan biri “Deloitte’ tadqiqotiga ko‘ra, “Z” avlod uchun ideal dunyo uchta narsadan iborat: moliyaviy barqarorlik, maqsadli hayot, ruhiy va jismoniy salomatlik.

Bu avlodning 94 foizi ish joyida maqsad hissi muhim deb biladi. 40 foizi esa maqsad yo‘q deb hisoblagan ish joyini tark etgan. Shuningdek, ular ekologiya mavzusiga asosiy masala sifatida qaraydi. “Deloitte”ning yana bir so‘roviga ko‘ra, “Z” avlodning 54 foizi ish beruvchisidan tabiatga zarar keltirmaslikni talab qiladi. 64 foizi ekologik toza mahsulotlar uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor. 20 foizi esa allaqachon ekologik qadriyatlari sababli ish yoki sohani o‘zgartirgan.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, katta avlodlardan farqli ravishda zumerlar globallashuvga normal qaraydi. So‘rovnomalar natijasi “Z” avlod oldingilarga qaraganda kamroq millatchiligini ko‘rsatadi. Chunki bugun mediamakon yoshlarning bir davlat nomi ostida emas, yakdil g‘oya ostida birlasha olishiga sabab bo‘ldi. Ular ma’lum hukumat yoki millat uchun emas, butun dunyo odamlari bilan birlashib, Yer uchun kurashishga tayyor.

Turli nuqtalarda urush sadolari yuqorilar ekan, zumerlar davrida dunyo tinch va barqaror holga kelishiga ishonging keladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish