2025-yil boshida Nurafshon shahridagi Nurafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Qutliya Ochilova mahalladagi qarovsiz hududni obodonlashtirib, yoshlar uchun foydali markazga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Yoshlarning fikr va takliflari asosida bu joy hashar yo‘li bilan ta’mirlanib, zamonaviy infratuzilmaga ega “Yoshlar markazi” barpo etildi.
Markaz yoshlar uchun ijtimoiy, madaniy va sport markaziga aylangan. Bu yerda stol tennisi, shashka, shaxmat, armrestling kabi sport turlaridan to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. “Yoshlar markazi” 100 dan ziyod yoshlarni qamram olgan.
– Bunday markazlar yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish, ijtimoiylashuvi, sog‘lom hayot tarziga intilishlarini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi, – deydi Nurafshon mahallasi yoshlar yetakchisi Qutliya Ochilova. – Har bir yosh shu yerda o‘zini topishi, qiziqishini rivojlantirishi va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Men yetakchi sifatida yoshlarda ichki ruhiy kuchni uyg‘otish va o‘ziga ishonchini oshirishni vazifam deb bilaman.
Nurafshon mahallasi yoshlar soni va ijtimoiy faolligi bo‘yicha viloyatdagi yetakchi hududlar sirasiga kiradi. Qutliya Ochilova yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil qilish va bandligini ta’minlash yo‘nalishida zamonaviy, tizimli va ehtiyojga yo‘naltirilgan yondashuvni yo‘lga qo‘yib, o‘z hududidagi o‘nlab yigit-qizlarning taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirdi.
Birgina sportga jalb etilgan yoshlar yutuqlarini olaylik. O‘tgan yilgi mavsumda mahallaning 16-21 yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar jamoasi stritbol bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida ishtirok etdi. Bu ular uchun sportdagi yutuq, psixologik o‘sish va jamoa bilan ishlash tamoyillarini mustahkamlash imkoniyatini berdi. Finalda g‘alaba qozona olmagan bo‘lishiga qaramay, yigitlar to‘xtab qolmadi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan ularga murabbiy biriktirildi. Jamoa yangi mavsumda o‘z ustida ishlay boshladi. Harakatlar natijasi o‘laroq, olimpiadaning bu yilgi mavsumida jamoa yana stirbol bellashuvlarining yakuniy bosqichida ishtirok etdi. Natija esa kutilganidek – 1-o‘rin! (Natijalar 5-avgust kuni aniq bo’ladi)
Bundan tashqari, shu yil Asilbek Ma’murjonov unifight sport turidan kamar sohibi bo‘ldi.
Nurafshon mahallasi balansi:
Aholi: 1725 nafar;
Yoshlar: 354 nafar;
Xotin-qizlar: 178 nafar.
“Yashil” toifa: 275 nafar;
“Sariq” toifa: 72 nafar;
“Qizil” toifa: 7 nafar;
Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.
IELTS va TOPIK
Nurafshon mahallasida chet tillarni chuqur o‘rgangan yoshlar soni ortmoqda. Bir guruh yoshlar IELTS va TOPIK imtihonlaridan yuqori ball olib, endilikda tengdoshlariga chet tilini bepul o‘rgatmoqda. Mahalladagi “peer-to-peer” (“tengdosh–tengdoshga”) modeli sifatida shakllangan tashabbus qamrov va natijadorlik nuqtayi nazaridan samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida chet tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilovada xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 90 nafardan oshgan.
Sarvinoz Ma’murova 17 yoshda. IELTS imtihonidan 6,5 ball olishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir o‘z uyida 15 nafarga yaqin tengdoshiga ingliz tilini o‘rgatyapti.
– Ingliz tilini bilish zamon talabi, – deydi Sarvinoz. – Men bu tilni o‘rganishda ko‘p mehnat qildim, o‘z ustimda ishladim. Endi o‘rganganlarimni boshqalar bilan baham ko‘rishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Darsda “Ibrat Academy” mobil ilovasi eng yaqin ko‘makchimga aylangan. U orqali topshiriqlarni mustahkamlash, yangi mavzularni tushuntirish osonlashadi. O‘quvchilarim muvaffaqiyat qozonsa, bu mening ham g‘alabam deb bilaman. Shuning uchun har bir kichik yutuqni nishonlaymiz, rag‘batlantiraman.
Bandlik dasturi
Yoshlar bandligini oshirish masalasi yetakchining ustuvor vazifalaridan biri. Individual yondashuv asosida har bir yoshning qiziqish va salohiyati inobatga olinayotgani ularni ish bilan ta’minlashda asqotyapti:
- 12 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi;
- 1 nafar yosh Uzum Marketga, 1 nafari “Havas” do‘konlar tarmog‘iga ishga joylashtirildi;
- 2 nafar yosh IT yo‘nalishida sertifikat olib, faoliyat boshlagan;
- 3 nafari kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
Ijtimoiy yordam va g‘amxo‘rlik
Mahallada ijtimoiy himoya masalasi alohida e’tibor markazida. Qutliya Ochilova imkoniyati cheklangan yoshlar ehtiyojlarini muntazam o‘rganib, ularga manzilli yordam ko‘rsatish tizimini shakllantirgan. Nogironligi bor bir nafar yoshning davolanish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan, ko‘z operatsiyasiga muhtoj yana bir yoshga “Yoshlar daftari” orqali moliyaviy yordam ajratilgan. Shuningdek, 11 nafar talabaga kontrakt puli to‘lab berilgan.
Qutliyaning o‘zi “Munozara” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi g‘olibi, respublikada 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. Toshkent viloyatida davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan rahbar ayollar bilan “Innovator, lider ayollar bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sari” mavzusida tashkil etilgan amaliy seminarning “Zakovat” intellektual o‘yinida “Yoshlar” jamoasi tarkibidagi yetakchi qizlar bilan 1-o‘rinni egalladi.
Yoshlar yetakchisi “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi” o‘quv dasturlarida ham faol ishtirok etgan. “Oila psixologiyasi”, “Oila huquqi” va “Fotografiya” yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli tugatgan. “Eko avlod” o‘quv seminarida ishtirok etib, “Yoshlar va ekologiya” yo‘nalishida Toshkent viloyati mentori maqomiga ega bo‘ldi.
Barcha sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, Qutliya Ochilova 2025-yil II chorak yakunlari bo‘yicha samaralai faoliyat ko‘rsatgan “Top – 100” yetakchi safiga kiritildi. Uning aytishicha, haqiqiy natija hisobotlarda emas, har bir yoshning taqdirida ko‘rinadi.
Yangi bosqich rejasi
Qutliya Ochilova ilgari surgan kelajak rejalari yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatdagi faol o‘rnini belgilash va bandligini ta’minlashga qaratilgan. Jumladan:
“Yoshlar markazi”ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish. Yetakchi 2026-yilga qadar mahalladagi yoshlar markazini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, uning negizida ko‘p tarmoqli “Yoshlar markazi”ni barpo qilishni rejalashtirmoqda. Markazda quyidagi yo‘nalishlarda xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi: axborot texnologiyalari va dasturlash, xorijiy tillar markazi, kasb-hunar yo‘nalishlari, ijodiy studiyalar, sport mashg‘ulotlari.
Markazda kutubxona va ish markazi maydoni tashkil etilib, yoshlar o‘z loyihalari ustida ishlashi, startaplar tuzishi va jamiyatga foydali g‘oyalar yaratishi uchun sharoit yaratiladi.
“Har bir yosh – bir loyiha” modeli. Qutliya 2025–2026-yillar davomida yoshlar orasida ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida “Har bir yosh – bir loyiha” loyihasini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu model yoshlarning muammolarni aniqlab, ularga amaliy yechim topishga qaratilgan loyihalarini moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi loyihalarni mahalla miqyosida sinovdan o‘tkazish va ommalashtirishni o‘z ichiga oladi.
“Yoshlar innovatsion akademiyasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish. BU loyiha doirasida mahalladagi ilg‘or o‘quvchilar va talabalar uchun ilmga yo‘naltirilgan klub tashkil etiladi. Fan olimpiadalari, loyihalar tanlovi, xalqaro grantlar haqida yoshlar xabardor qilinadi va ularga ariza topshirishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Mahalla yoshlar mediaklubini tashkil etish. Kelgusida yoshlar hayotini yoritish, ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etish va jamiyatga ijobiy fikr tarqatish maqsadida “Yoshlar mediaklubi” ishga tushiriladi. Bu yerda blogerlik, videomontaj, dizayn, jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
– Biz mahallada har bir yigit-qizning bilim olishi, hunar egallashi, ish bilan band bo‘lishi, jamiyatga foydali shaxsga aylanishi uchun imkon yaratishga harakat qilyapmiz, – deydi Qutliya Ochilova. – Rejalarimiz katta: avvalo, xorijiy tillarni o‘rgatuvchi bepul to‘garaklar sonini yana oshiramiz. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasidagi faoliyatni takomillashtirib, til o‘rganuvchilar sonini 250 nafarga yetkazishni mo‘ljallayapmiz. Men uchun eng katta yutuq yoshlarning o‘ziga ishonchi ortib, ularda “men ham jamiyatga kerakman” degan fikr shakllanishidir. Har bir yosh – kelajak. Biz ularni qo‘llab-quvvatlab, aslida butun mamlakatning ertangi kunini mustahkamlab boryapmiz.
