Tasavvur qiling: to‘rt yil universitetda o‘qidingiz, diplom oldingiz. Ammo shu vaqt ichida dunyo ham, mehnat bozori ham bir joyda turmaydi. Siz endigina kasbingizni egallayotgan paytda ayrim mutaxassisliklarga talab kamaygan, boshqalariga esa ehtiyoj keskin oshgan bo‘lishi mumkin.
Chunki mehnat bozorini endi faqat iqtisodiyot belgilamayapti. Aholi qariyapti, texnologiyalar rivojlanyapti, yashil energetika jadal sur’atlarda kengayyapti, yangi ishlab chiqarish tarmoqlari paydo bo‘lyapti. Bir joyda ishchi qo‘llar kamayayotgan bo‘lsa, boshqa joyda muayyan kasb egalariga ehtiyoj ortmoqda.
Xo‘sh, kelgusi besh yilda dunyoga qanday mutaxassislar kerak bo‘ladi? Qaysi kasblar qadrlanadi, qaysi ko‘nikmalar yoshga ustunlik beradi? Markaziy bankning yangi tahlili bu savollarga javob beradi.
Birinchi signal Yevropadan
Avvalo tahlilni Yevropadan boshlash kerak. Chunki bu hududda kelajakdagi mehnat bozori qanday o‘zgarishini ko‘rsatadigan muhim jarayon allaqachon boshlangan: aholi qariyapti, ishlaydigan yoshdagi odamlar esa kamaymoqda.
2030-yilgacha Yevropa davlatlarida demografik o‘zgarish mehnat bozori oldidagi asosiy muammolardan biriga aylanishi kutilmoqda. Federal bandlik agentligi huzuridagi Mehnat bozorini o‘rganish instituti va Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududda ishchi kuchi taqchilligi 7,5–10,5 million kishigacha yetishi mumkin. Bu raqam ortida esa oddiy bir muammo turibdi: ish o‘rinlari bo‘ladi, ammo ularni egallaydigan odamlar yetishmasligi mumkin.
Shu sababli Yevropada muhandislik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, agrar soha, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga talab oshishi kutilyapti.
Germaniyadagi vaziyat buni yanada yaqqol ko‘rsatadi. Mamlakatga har yili kamida 400 ming nafar malakali migrant kirib kelmasa, ishchi kuchi tanqisligi YIM o‘sishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Ammo gap faqat odamlar sonida emas. Mehnat bozorini kelajakda qanday iqtisodiyot qurilayotgani ham belgilaydi. Masalan, Shimoliy Yevropa davlatlari ekologik toza texnologiyalar markaziga aylanmoqda. Shu bois bu mamlakatlarda yashil metallurgiya, shamol energetikasi va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda mutaxassislarga talab yanada ortishi kutilyapti.
Tibbiyot va ijtimoiy ta’minot sohasi
AQSh, Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya, shuningdek, Yaponiya va Koreyada aholining keksayishi natijasida tibbiyot, parvarishlash va ijtimoiy xizmatlar sohalarida ishchi kuchiga ehtiyoj eng yuqori yo‘nalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Germaniya Xususiy tibbiy sug‘urta ilmiy instituti (WIP) prognoziga ko‘ra, 2030-yilga kelib Germaniyada parvarishga muhtoj aholi soni 5,7 million nafarga yetishi, buning natijasida sog‘liqni saqlash va parvarishlash tizimida 500 ming nafargacha qo‘shimcha xodimga, Buyuk Britaniyada esa 90 ming nafarga yaqin qo‘shimcha parvarish xodimiga ehtiyoj yuzaga kelishi mumkin (“Skills England” tashkiloti ma’lumoti).
Yaponiyada parvarishlash, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida 6-7 million nafar, Janubiy Koreyada esa kemasozlik, metalga ishlov berish, elektronika va sanoat tarmoqlarida 1,2–1,5 million nafar ishchi kuchi taqchilligi yuzaga kelishi prognoz qilingan.
Yaqin istiqbolda bu davlatlarda katta yoshdagi aholi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan maxsus tibbiy xizmatlar, jumladan, geriatriya, uyda parvarishlash, maxsus transport, robototexnika hamda aqlli uy tizimlarini boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida mutaxassislarga talab ortib boradi.
“Yashil” energetika va ekologiya
Yevropa Ittifoqi davlatlari (xususan, Germaniya va Daniya), Yaqin Sharq mamlakatlarida 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan yirik loyihalarning amalga oshirilishi energetika, muhandislik, ekspluatatsiya va ekologik xizmatlar sohalarida malakali kadrlarga talabni sezilarli oshiradi.
Germaniyada quyosh panellari va shamol turbinalarini o‘rnatish, texnik, motorist, mexaniklar, ekologiya muhandislari, elektr va avtonom transportni ekspluatatsiya qilish yo‘nalishida 300 ming mutaxassis yetishmovchiligi prognoz qilingan.
Fors ko‘rfazi davlatlari yo‘nalishi
Ushbu davlatlarda “Vision 2030” kabi milliy rivojlanish dasturlari doirasida iqtisodiyotni neftga qaramlikdan bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish, turizm, qurilish, transport, sog‘liqni saqlash va xizmatlar sohalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, ushbu jarayonlar natijasida Saudiya Arabistonida 1,5–2 million nafar, BAAda esa 1 million nafar qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj shakllanishi mumkin.
Saudiya Arabistonida yirik infratuzilma va turizm loyihalarini amalga oshirishda qurilish va texnik mutaxassislarga, sog‘liqni saqlash sohasida o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga talab ortishi, BAAda mehmonxona va restoran ishi, turizm, servis, aviatsiya va logistika sohalarida malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda.
Markaziy bank Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, eng yuqori o‘rtacha ish haqi darajalari Yevropa (Lyuksemburg, Belgiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqalar), Shimoliy Amerika (Kanada va AQSh), shuningdek, Osiyo davlatlarida minimum ish haqlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda qayd etilgan.
“Kelgusida tashqi mehnat migratsiyasini tashkiliy asosda rivojlantirishda jahon mehnat bozoridagi demografik va tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan yangi geografik va kasbiy yo‘nalishlarni inobatga olish maqsadga muvofiq”, deyiladi Markaziy bank sharhida.
