Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

QO‘RQITIB EMAS, ISHONTIRIB TARBIYALANADI!

11.11.2026 104

Jahongir BAXTIYOR, “Yoshlar ovozi” muxbiri

UNICEFning 2021-2022-yillarda Oʻzbekiston uchun oʻtkazgan koʻp koʻrsatkichli soʻrovi natijalariga koʻra, 1 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarning 62 foizi tarbiya jarayonida jismoniy jazo va psixologik tajovuzga, yaʼni zoʻravonlik asosidagi tarbiya usullariga duch kelgan. Bu raqam tashkilotning 2024-yilgi tahlilida keltirilgan. Xuddi shu soʻrovda onalar va gʻamxoʻrlik qiluvchi shaxslarning atigi 10,7 foizi bolani toʻgʻri tarbiyalash uchun jismoniy jazo zarur deb hisoblagani qayd etilgan. Farqning kattaligi savollar tugʻdiradi. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik koʻpincha ota-onaning ongli qarori bo‘lmasligi ham mumkin.

MICS so‘rovlarida bola tarbiyasidagi zoʻravonlik koʻrsatkichi oʻgʻil bolalarda 64 foiz, qizlarda 60 foiz, qishloqda 65 foiz, shaharda 59 foiz ekani ma’lum bo‘lgan. Jinsiy va hududiy farq unchalik katta emas. Eng katta farq mintaqalar oʻrtasida: hisobotda janubiy va sharqiy hududlarda bu koʻrsatkich 79 foiz, boshqa hududlarda 51 foiz ekani aytilgan, hisobot muallifi bu farqni mustahkam anʼanaviy tarbiya qarashlari, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, urbanizatsiya darajasi va boshqa omillarga bogʻlaydi. Shu bilan birga, tadqiqot jamiyatda oxirgi besh yilda bolalarga nisbatan zoʻravonlik asta-sekin oʻzgarayotganini, lekin koʻpchilik oiladagi zoʻravonlikni oilaviy tarbiya masalasi deb bilishini yozadi.

Arxeologiya milliy markazi tadqiqotchisi Ziyodaxon Rasulovaning 2024-yilgi konferensiya maʼruzasida oʻzbek oilalarida jismoniy jazo qoʻllanishi ortayotganini, bu oilaning maʼlumot darajasi, ijtimoiy-iqtisodiy holati, oila shakli va migratsiya bilan bogʻliqligini, ota-onalar esa jismoniy va psixologik zoʻravonlikni koʻpincha anʼana bilan bogʻlab, norma sifatida qabul qilishini qayd etgan.

Bu harakatni tarbiya deb oqlab boʻladimi?

Elizabet Gershoff va Endryu Grogan-Keylorlarning tadqiqoti 160 927 bolani qamrab olgan. Mualliflar “spanking”, yaʼni ochiq kaft bilan ket yoki qoʻl-oyoqqa urish holatlari oʻrganilgan 17 nafar boladan 13 nafarida uchraganini va bu bolaning tarbiyasiga ijobiy taʼsir qilmaganini aniqlagan. Aksincha, bu jazodan keyin bolada ruhiy muammolar paydo boʻlishi mumkin.

Zoʻravonlik maktabda ham davom etadi. Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti  soʻrovnomasi natijalariga koʻra, kamida har yettinchi oʻquvchi maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydi. 20 foizi yoʻlak, oshxona yoki hojatxonada oʻzini xavfsiz sezmaydi. 14 foizi maktabga ketayotganda va sinfda ham xavfsizlik his qilmaydi. 9 foizi maktab hududida toʻdalar borligini bildirgan. Ajablanarlisi, bulling shahar oʻquvchilarida (19,4 foiz) qishloqdagilarga (15,6 foiz) qaraganda koʻproq, migrant oilalardagi bolalarda esa (30,6 foiz) boshqalarga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p.

Oʻzbekistonda ham aynan maktabdagi bulling bilan bogʻliq misollar uchrab turadi. Bulardan soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp muhokama qilinganlaridan biri Toshkent shahridagi 151-maktabda 3-sinf oʻquvchisi bilan bogʻliq dahshatli hodisa. Xabarlarga koʻra, maktab hojatxonasida yuqori sinf oʻquvchilari bolani metall buyumni yutishga majburlagan. Bola buni hech kimga aytmagan. Bir necha kundan keyin uning ahvoli yomonlashgan va shifokorlar shoshilinch jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga majbur boʻlgan. Holat yuzasidan tekshiruv boshlangan. Jamoatchilik fikriga koʻra, bu holat jamiyatimizda mavjud muammoning tizimli hal qilinmaganini koʻrsatadi. Bolalar ombudsmani vakili Sattor Rahmatov holat yuzasidan fikr bildirar ekan, bizda bunday holatlar koʻp boʻlishini, lekin ijtimoiy bosim sabab bosdi-bosdi boʻlishini aytadi:

– Aslida bu kabi holatlar juda koʻp boʻladi. Lekin maktab direktori vaziyatni sir saqlagan holda oʻzi hal qilishga urinishi mumkin. Bundan tashqari, holatni kuzatayotgan boshqa bolalar ham jim kuzatadi, chunki buni kimgadir aytsa, oʻzlari ham nishonga aylanishi mumkin. Oqibatda bunday holatlar yana davom etaveradi. Eng yomoni, ombudsman tegishli tashkilotlarni ogohlantirishiga qaramasdan, zoʻravon bola va jabrlanuvchini bir-biridan uzoqlashtirish chorasi koʻrilmaydi. Bu tizimli muammo, − deydi Sattor Rahmatov.

Bolalar zoʻravonligi toʻgʻrisida bizda maʼlumotlar tanqisligi xalqaro maydonda ham tanqid qilingan. UNICEFning 2021–2024-yillardagi bolalarni himoya qilish dasturi bolalarga nisbatan zoʻravonlikning haqiqiy miqyosini oʻlchash maʼlumot yetishmasligi va xabar berilmasligi sababli qiyin ekanini yozgan. BMTning Bola huquqlari qoʻmitasi Oʻzbekistonga jismoniy jazo, oilaviy zoʻravonlik, bulling va onlayn jinsiy ekspluatatsiyani qamragan holda zoʻravonlikning tarqalishi, sabablari va shakllari boʻyicha tadqiqot oʻtkazishni tavsiya etgan. Bu muammoning oʻzi ham yechimni aynan nimadan boshlashimiz zarurligini koʻrsatadi.

JSST 2016-yilda UNICEF va boshqa hamkorlar bilan birga INSPIRE paketini chiqargan: u bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish uchun dalillarga asoslangan yetti strategiyani oʻz ichiga oladi, ulardan biri ota-onalar va tarbiyachilarni qoʻllab-quvvatlash, jumladan, tarbiya boʻyicha trening oʻtkazishdir. JSST bu yondashuvlarning barchasi sinovdan oʻtgani va aniq natija koʻrsatganini taʼkidlagan. Shuningdek, yoʻnaltirish tizimi taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya va adliya mutaxassislarining rol va masʼuliyatini aniq belgilab berishi kerak. Holatlarni erta aniqlash, yoʻnaltirish xizmatlariga ishonch telefonlari eng zaruriy chora sifatida koʻrsatiladi.

Bolani urish, haqoratlash yoki qoʻrqitish oson. Ammo uning ishonchini qozonish, xatosini tushuntirish, his-tuygʻularini eshitish va zoʻravonliksiz tarbiyalash sabr, bilim va masʼuliyat talab qiladi. Balki, shuning uchun ham jismoniy jazo koʻp oilalarda tarbiyaning eng oson yoʻli sifatida saqlanib qolayotgandir. Ammo oson yoʻl har doim ham toʻgʻri yoʻl bo‘lavermaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish