Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Toshkent yoshlarni sevadi!

20.11.2024 874

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV

Poytaxtimizda davom etayotgan “Toshkent yoshlarni sevadi!” oyligi doirasida turli loyihalar, uchrashuvlar, sport tadbirlari, ochiq muloqotlar davom etmoqda.

Loyiha doirasida Toshkent shahar Yosh o‘qituvchi va olimlar kengashining 1-ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 300 dan ortiq maktab, 50 dan ziyod professional ta’lim muassasalari va 90 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh o‘qituvchilar, olimlar, tadqiqotchilar va tayanch doktorantlar – jami 500 nafardan ortiq ilm egalari ishtirok etdi.

Yig‘ilishning maqsadi yoshlarning ilm-fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish, ilmiy g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishdan iborat. Yig‘ilishda “Yosh o‘qituvchi va olimlar Kengashi”ni tashkil qilinib, kengash boshqaruvi raisligiga iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi Shohrux Boymurodov saylandi. Yig‘ilish so‘ngida 2025-yilga mo‘ljallangan ish reja va dastur loyihasi ko‘rib chiqildi.

“Ochiq eshiklar” shaklida tashkil etilgan muloqot forumi “Fan va ta’lim” yo‘nalishiga bag‘ishlandi. Forumda sohadagi islohotlar va ularning natijadorligi haqida so‘z borib, kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mamlakatimizda 87 ta davlat va xususiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Forumda ta’lim sifati, ishlab chiqarish jarayonlari va o‘quv muammolari haqida fikrlar bildirildi. Fan va ta’limning zamonaviy kasb egallashdagi ahamiyati, oliy ta’lim muassasalarining ish beruvchilar bilan hamkorligi va bitiruvchilarning kasbga tayyorligi masalalari gapirildi. Talabalar ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan takliflar bildirishdi.

“Zakovat arena”da o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqot “Yoshlar muammolari” mavzusida bo‘ldi. Forumda poytaxt yoshlari va soha mutaxassislari yoshlarni qiynayotgan muammolar, keng ommaga muhokama qilinayotgan mavzular va ularning yechimi bo‘yicha axborotlar berdi.

Muloqotda korrupsiya, yoshlar radikalizmi, giyohvandlik va jinoyatchilik kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning sabablarini va unga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlarni taqdim etdi. Yoshlar ongiga zararli g‘oyalarni singdirishga qarshi kurashish, giyohvandlik, jinoyatchilik bo‘yicha mutaxassislar axborotlar berishdi. Yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishning ahamiyati muhokama qilindi.

Poytaxtimiz yoshlari uchun milliy media va axborot sohasida ochiq muloqot ham qiziqarli kechdi. Unda Jahongir Olimov, Amirxon Umarov, Xusnora Shodiyeva, Malika Toirova, Jahongir Xo‘jayev kabi media maydonida yoshlarga yaxshi tanish bo‘lgan spikerlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqot davomida spikerlar tomonidan yoshlarga media-axborot savodxonlik xususida qiziqarli ma’lumotlar berilib, kerakli maslahatlar ulashildi.

Axborot texnologiyalari mutaxassislari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda “O‘zbekistonda dasturchilik sohasining kelajagi”, “Koinotni qachon zabt etamiz?”, “Innovatsiya va yoshlar”, “O‘zbekistonda sun’iy intellektning rivojlanishi” mavzulari bo‘yicha sohaning tajribali mutaxassislarining fikr-mulohazalari tinglandi.

Tadbirda Yoshlar akademiyasi rahbari Akbarxon Sobirxonov, IT sohasida doktorlik darajasiga ega bo‘lgan va qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan Alisher Tojiyev, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis Hikmatilla Ubaydullayev, “NazarX” tadqiqot markazi rahbari Ziyodulla Butaxonov kabi spikerlar va bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

Ochiq suhbat davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, innovatsiya, fan va texnologiyalarga oid qimmatli maslahatlarga ham ega bo‘ldilar.

Yoshlik talabalar shaharchasida “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida sportning stritbol va mini futbol turlari bo‘yicha final bahslari o‘tkazildi. Poytaxtimizda joylashgan 87 ta davlat, xususiy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalaridan iborat jamoalar musobaqaning yakuniy bosqichida birinchilik uchun bellashishdi. Toshkent davlat iqtisoiyot universiteti mini futbol va stritbol bahslarida, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qizlari esa stritbolning qizlar o‘rtasidagi bellashuvda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

18-noyabr kuni Yoshlar markazida “Toshkent yoshlarni sevadi” loyihasi doirasida O‘zbekiston davlat bayrog‘ining qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan bayramona tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirda Milliy gvardiya va Mudofaa boshqarmasining 300 dan ortiq harbiy xizmatchilari va orkestr a’zolari harbiy kuy-qo‘shiqlar ijro etib, qiziqarli ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etdi. Mingdan ortiq talabalar, yoshlar va yoshlar yetakchilari bayroqlar bilan ishtirok etdi.

Davlat bayrog‘i tarixda adolat, kuch-qudrat ramzi sifatida e’zozlangan, janglarda mardlik va jasorat belgisi bo‘lgan. Tadbirlar yoshlar ongida vatanparvarlik va yurtga sadoqat tuyg‘ularini oshirishda katta ahamiyatga ega. Davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat va e’tibor, ularning huquqiy va ma’naviy ildizlarini keng jamoatchilikka targ‘ib etish har birimizning burchimizdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish