Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zbekistonlik yoshlar necha yilda uy sotib olishi mumkin?

3.8.2026 902

Jahongir BAXTIYOR, “Yoshlar ovozi” muxbiri

BMT Aholishunoslik jamg‘armasining besh banddan iborat so‘rovnomasida dunyo bo‘ylab 100 mingdan ziyod 18–39 yosh oralig‘idagi inson qatnashdi. Berilgan javoblar orasida 57 foiz ishtirokchi shaxsiy uyining yo‘qligini oila qurish uchun asosiy to‘siq deb aytgan. 81 foiz qatnashchi esa uy-joyi yo‘qligi sababli farzand ko‘rishni rejalashtira olmayotganini bildirgan. Qizig‘i, Gana, Qozog‘iston, Laos, Shimoliy Makedoniya, Ukraina davlatlarida farzandsizlar ulushi yuqori, lekin ularning 98 foizdan ortig‘i farzand ko‘rishni xohlaydi. Ya’ni ularning xohishlari imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmayapti.

Uysizlik dunyoda kechayotgan demografik tanazzulning sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Insonlar oila qurish yoki farzandli bo‘lishdek qarorni boshpana bilan bog‘layaptimi, demak, bu – asosli talab. Uyli bo‘lishga intilish faqatgina oila qurish ostonasidagi yoshlargagina tegishli emas. Ko‘pchilik zumerlar haqida gapirganida ularning bir joyda muqim qolishni istamasligini, ijarada yashashni ma’qul ko‘rishlarini aytadi. Lekin so‘nggi tahlillar mutlaqo boshqa manzarani ko‘rsatadi. Hatto amerikalik zumerlarning 67 foizi uyi bo‘lishi muhim deb hisoblaydi. 73 foizi esa uy uchun pul jamg‘arishni boshlagan. “CleverOffers” platformasi o‘tkazgan so‘rovnomada esa 79 foiz dunyo zumerlari uyga ega bo‘lolmasligini, bunga ishonchi yo‘qligini aytgan.

O‘zbekistonda ham ayni masalada yoshlarning ishonchi pasaygan.

Yoshlar nega mulkka ega bo‘lishni xohlaydi, ijarada yashab, qolgan pulni boshqa maqsadlar – ta’lim, sayohat, biznesga yo‘naltirish mumkinmi?

Nazariy jihatdan mumkin. Yevropaning bir qator davlatlari, xususan, Germaniyada aholining yarmidan ko‘pi butun umr ijarada yashaydi va bu ularning turmush sifatiga deyarli ta’sir qilmaydi. Chunki u yerda ijarachining huquqi qonun bilan himoyalangan. Ijara narxi keskin oshmaydi, uy egasi xohlagan payt shartnomani bekor qilmaydi. Ijarachilik munosabatlari qonunlar bilan tartibga solingan.

O‘zbekiston sharoitida ijara bozori norasmiy va tartibga solinmagan. Shartnomalar ko‘pincha og‘zaki. Narxlar bir necha oyda o‘zgarishi mumkin. Uy egasi istagan payt ijarachini ko‘chirib yuborishi hech kimni ajablantirmaydi. Bunday muhitda inson o‘zining 5–10 yillik kelajagini rejalashtira olmaydi. Farzand tarbiyalash, uni maktabga berish, hatto mebel sotib olishga jur’at etmaydi, chunki ertaga qayerda yashashi noaniq. Shu ma’noda o‘z uyiga ega bo‘lish O‘zbekistonda faqat status yoki qulaylik masalasi emas − barqarorlik.

Bundan tashqari, uy-joy O‘zbekistonda deyarli yagona ishonchli jamg‘arma vositasi. Aksariyat oilalar uchun bank depoziti yoki qimmatli qog‘ozlar hali ham ishonchsiz yoki tushunarsiz investitsiya. Shuning uchun ham boy aholi o‘z pullarini ko‘chmas mulk olishga yo‘naltiradi. Ijaraga berish esa passiv daromad keltiradi. Ammo bu tendensiya orqali uylarning katta qismi boy qatlam qo‘lida to‘planib qolish xavfi bor. Bu esa bozordagi narxning yuqori holatda turishiga sabab bo‘ladi.

Iqtisodchilar yuqorida sanalgan omillardan ko‘ra aholi daromadiga e’tibor qaratish zarurligini aytmoqda. O‘rtacha odam yoki yosh oila necha yillik oyligi evaziga uy xarid qila oladi? 

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7,091 million so‘mni tashkil etdi, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 12,013 million so‘m.

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazining 2026-yil iyuldagi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarda xonadonlarning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 16,5 million so‘mni tashkil etadi. Markaziy tumanlar – Shayxontohur, Mirobod, Yakkasaroyda narxlar 20–25 million so‘mgacha yetadi. Ochiq bozor e’lonlari tahlil qilinsa, yangi qurilgan uylarda kvadrat metr uchun narx 90 million so‘mgacha yetishi mumkin.

Demak, yosh oila 54 kvadrat metrli ikki xonali uy sotib olmoqchi bo‘lsa (Toshkentdagi o‘rtacha narxda), bu taxminan 890 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Toshkentdagi o‘rtacha oylik maosh to‘lig‘icha – boshqa hech narsaga sarflanmasdan jamg‘arilsa ham, uyni olish uchun taxminan 6,5 yil kerak bo‘ladi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha maoshda esa bu muddat 10 yildan oshadi. Oila kundalik xarajatlarini ham qoplash kerakligini hisobga olsak, real muddat ikki-uch baravar uzayadi.

Ipoteka orqali sotib olish ham unchalik yengillik keltirmaydi. Markaziy bankning 2026-yil iyun oyi ma’lumotlariga ko‘ra, tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22 foiz atrofida, ba’zi banklarda esa 24–25 foizgacha yetadi. Davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar nisbatan arzonroq − yiliga 17–18 foiz. Biroq ularning miqdori cheklangan va Toshkent uchun maksimal 420 million so‘mdan oshmaydi, bu esa poytaxtdagi o‘rtacha kvartira narxini to‘liq qoplay olmaydi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, statistika ko‘rsatayotgan ish haqi o‘sishi asosan rasmiy va yirik sektorga tegishli, bank, moliya, AT sohalarida oylik 16–18 million so‘mni tashkil etsa, ta’lim va sog‘liqni saqlashda bu ko‘rsatkich 4–4,6 million so‘m atrofida qolmoqda. Demak, uy-joy sotib olish imkoniyati sohalar kesimida ham keskin farqlanadi. O‘qituvchi yoki tibbiyot xodimi bo‘lgan yosh mutaxassis uchun mustaqil uy sotib olish amalda erishib bo‘lmas orzuga aylanadi.

To‘g‘ri, bunchalik nomutanosiblik o‘rtasida kurashayotgan birinchi va yagona davlat emasmiz. Singapurda uy-joy muammosi shu qadar keskin bo‘lganki, hukumat mamlakat hududining qariyb 90 foizini davlat egaligiga o‘tkazgan va shu yer zaxirasi hisobidan HDB (Housing & Development Board) tizimi orqali ko‘p qavatli uylar qurib, ularni fuqarolarga bozor narxidan sezilarli darajada arzon sotgan. Xarid uchun fuqarolarning majburiy pensiya jamg‘armasi (CPF) mablag‘laridan foydalanish imkoniyati berilgan. Ya’ni odam yoshligidan to‘plagan ijtimoiy jamg‘armasini uy-joyga yo‘naltira oladi. Natijada bugun Singapur aholisining katta qismi aynan shu tizim orqali uyli bo‘lgan.

Avstriya poytaxtida aholining yarmidan ko‘pi munitsipal yoki subsidiyalangan uylarda yashaydi. Bu yerdagi tizimning o‘ziga xosligi shundaki, subsidiyalangan uy-joydan foydalanish huquqi aholining 75 foizigacha bo‘lgan qismida bor. Shu sababli bu dastur “faqat muhtojlar uchun” degan tamg‘adan xoli, o‘rta sinf oilalari ham undan foydalanadi. Shartnoma muddatsiz beriladi va hatto merosga qoldirilishi mumkin, bu esa ijarachiga xuddi mulkdorga xos barqarorlik tuyg‘usini beradi.

Ayni shu ikki model (Singapur va Vena) AQShning ba’zi shtatlarida (Kaliforniya, Gavayi) qonunchilikka asos sifatida ko‘chirilmoqda. Chunki erkin bozorga asoslangan tizim narxlarni nazoratsiz o‘stirib yuborgan va o‘rta sinf yoshlarini uy-joydan butunlay uzoqlashtirgan.

Shunday ekan, uy-joy muammosini faqat ipoteka foizlarini pasaytirish yoki yangi qurilishlar sonini oshirish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Masala bundan ancha murakkab. Uy-joy bozori mehnat bozori, moliya tizimi, yer siyosati, demografiya va ijtimoiy himoya bilan chambarchas bog‘liq.

Avvalo, ijara bozorini qonuniy va shaffof tizimga aylantirish zarur. Odamlar uy sotib ololmasa ham, uzoq muddatli va xavfsiz ijarada yashash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Agar ijarachi bir necha yil davomida narx keskin oshib ketishidan yoki uy egasi uni istalgan vaqtda chiqarib yuborishidan xavotir olmasa, uy sotib olish bosimi ham tabiiy ravishda kamayadi. Bunday tizim ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda uy-joy siyosatining muhim qismiga aylangan.

Ikkinchidan, davlatning vazifasi faqat ipoteka kreditlarini subsidiyalash emas, balki taklifni ko‘paytirish bo‘lishi kerak. Bozorga arzonroq uy-joylar kirib kelmasa, kreditning foizini pasaytirish narxlarni yanada oshirib yuborishi mumkin. Iqtisodiyotda bu holat “subsidiyaning narxga singib ketishi” deb ataladi. Ya’ni xaridor qo‘shimcha mablag‘ oladi, ammo bundan oxir-oqibat sotuvchi foyda ko‘radi.

Shuningdek, bo‘sh turgan yoki investitsiya maqsadida sotib olinib, foydalanilmayotgan uylar ulushi ham alohida o‘rganilishi kerak. Ko‘plab mamlakatlarda bunday ko‘chmas mulklarga yuqoriroq soliq joriy etish yoki ularni ijaraga chiqarishni rag‘batlantirish orqali bozordagi taklif oshiriladi. Natijada narxlarning sun’iy ravishda yuqori ushlab turilishining oldi olinadi. Albatta, bu shaxsiy mulk daxlsizligiga ta’sir qilmasligi kerak.

Yana bir muhim jihat − daromadlarning o‘sishi uy-joy narxlari o‘sishidan ortda qolmasligi. Agar ish haqi yiliga 10 foizga oshayotgan bo‘lsa-yu, uy narxlari 20–25 foizga ko‘tarilsa, vaqt o‘tgan sari uy sotib olish yanada qiyinlashadi. Bunday sharoitda ipoteka ham muammoni to‘liq hal qila olmaydi. Chunki kreditning boshlang‘ich badalini yig‘ishning o‘zi ko‘pchilik uchun yillar talab qiladi.

Uy-joy masalasiga faqat iqtisodiy ko‘rsatkich sifatida qarash xato bo‘ladi. Bu demografiya, mehnat unumdorligi va jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq masala. Yoshlar oila qurishni kechiktirayotgan, farzand ko‘rishni ortga surayotgan yoki umuman boshqa davlatga ko‘chib ketishni ma’qul ko‘rayotgan bo‘lsa, buning oqibatlari o‘n yoki yigirma yildan keyin mehnat bozorida, pensiya tizimida va iqtisodiy o‘sishda seziladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish