2560ta natija
7.7.2026 1245
Bugungi kunda huquq sohasi nafaqat qonunlarni qo‘llash, balki zamonaviy texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar bilan ham chambarchas bog‘lanib bormoqda. Korporativ huquq, xalqaro arbitraj va sun’iy intellekt imkoniyatlarini huquq tizimiga tatbiq etish yo‘nalishida izlanish olib borayotgan yosh huquqshunos Miraziz Amrulloyevning faoliyati ana shu tendensiyaning yorqin misollaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda u xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham faol ishtirok etib kelmoqda. 2026-yil mart oyida xalqaro ilmiy New Renaissance jurnalida huquq sohasi bo‘yicha ilmiy taqrizchi va muharrir etib tayinlandi. Shuningdek, Eurasian Journal of Law, Finance and Applied Sciences xalqaro jurnali tahririyati tarkibiga ham qabul qilindi. Bu vazifalar ilmiy maqolalarni baholash, ularning ilmiy qiymati va dolzarbligini tahlil qilish hamda nashr jarayonida ishtirok etishni nazarda tutadi. Olimning ilmiy izlanishlari korporativ huquq, arbitraj, korporativ nizolarni hal etish, fintex va sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Uning AQSH tijorat amaliyotida korporativ nizolarni sudgacha hal etish, Osiyoda arbitraj rivoji, sun’iy intellektning huquq tizimiga ta’siri hamda pandemiyadan keyingi transchegaraviy korporativ munosabatlar haqidagi tadqiqotlari xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan. Amaliy faoliyatda ham u korporativ huquq sohasida tajriba orttirgan. O‘zbekiston–Umon investisiya kompaniyasidagi faoliyati davomida yirik investisiya bitimlari bo‘yicha huquqiy hujjatlarni tayyorlash, korporativ boshqaruv masalalarini huquqiy ta’minlash va muzokara jarayonlarida ishtirok etgan. Bu tajriba unga korporativ munosabatlarning amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish imkonini berdi. Huquqiy texnologiyalarni rivojlantirish ham uning faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. U tomonidan tashkil etilgan CORP-LEX platformasi AQSH korporativ huquqi va korporativ komplayens sohasida sun’iy intellekt yordamida huquqiy tahlil va tadqiqotlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan. Loyiha huquqiy xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan raqamli yechim sifatida e’tirof etilmoqda.Miraziz Amrulloyevning xalqaro huquqiy ta’lim sohasidagi yutuqlari ham e’tiborga loyiq. U AQSHning bir nechta nufuzli yuridik oliy ta’lim muassasalaridan grant va qabul takliflarini olgan, 2025 yilda esa Nyu-York shtati advokatlik imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, barcha talablarni bajargan holda mazkur shtatda advokat sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ilmiy va kasbiy faoliyati huquqiy jamoatchilik bilan hamkorlikda ham davom etmoqda. O‘zbekiston Yuristlar assosiatsiyasi a’zosi sifatida soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan huquqshunos respublika miqyosidagi «Zukko yurist» tanlovida hakamlik qilib, yosh huquqshunoslarning huquqiy bilim va tahliliy salohiyatini baholashda ishtirok etgan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etilgan xalqaro huquqiy karyeraga bag‘ishlangan vebinarda mehmon ma’ruzachi sifatida qatnashib, talabalar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashgan. Huquqiy tadqiqotlar, amaliy korporativ huquq, ilmiy tahrirchilik va raqamli texnologiyalarni birlashtirgan faoliyat Miraziz Amrulloyevning huquqshunoslik sohasidagi ko‘p qirrali izlanishlarini namoyon etmoqda. Bu kabi tashabbuslar huquq sohasida ilmiy yondashuv va innovasion texnologiyalar uyg‘unligini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
2.7.2026 1382
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish strategiyasi doirasida fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini kafolatlash, sud-huquq tizimini rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Tarixan qisqa davrda yurtimizda qonuniylik va huquq-tartibotni takomillashtirishning institusional hamda huquqiy asoslari shakllantirildi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda adolat va inson manfaatlari ustuvorligini qaror toptirishda, barcha islohotlar avvalo inson qadri uchun degan tamoyil asosida amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z navbatida, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarning manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlari va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda voyaga yetmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi. Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning yangi davri boshlandi, ya’ni voyaga yetmaganlar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi. Bugungi kunga qadar jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarning javobgarligi, ularga nisbatan jazo tayinlashning alohida tartibi belgilangan bo‘lsada, biroq voyaga yetmagan shaxslarning, shu jumladan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligining tugallanishiga oid alohida norma mavjud emas edi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 23 oktyabrda imzolangan «Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1092-son) bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77, 841 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. Yangi normalarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘z jinoyati uchun belgilangan jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgach, sudlanmagan hisoblanadi. Bu o‘zgarish jinoyat sodir etgan yoshlarning keyingi hayotida ijtimoiy reabilitatsiyaga qaytish imkoniyatini kengaytiradi. Shu bilan birga, alohida ta’kidlab o‘tish joizki mazkur imtiyoz o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlarga yoki jazoni o‘tab bo‘lgach, yana qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, qonun bilan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etishning eng kam muddatlari ham qisqartirildi — avvalgi olti oylik chegara o‘rniga endi bir oylik minimal jazo qo‘llanishi mumkin. Bu choralar voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish va jazo tizimini insonparvarlashtirishga qaratilgan.Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlash, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi.Jinoyat kodeksi qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi. Shuningdek, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.Yangi qabul qilingan Qonun bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yangi qabul qilingan Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi.
4.6.2026 1763
O‘zbekistonda “stalking” va “femitsid” tushunchalari begona eshitilishi mumkin. Biroq real hayotda bu tushunchalar o‘zining mavjudligini ko‘rsatib kelmoqda. Sababi ayol-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar tez-tez kuzatilmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda va qonunchilikka takliflar kiritilyapti. 2026-yil 3-mart kuni Prezidentning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, barcha ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish yuzasidan uch oy muddatda asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishi belgilangandi. Psixologik triller yoki detektiv asarlarda o‘qiganimiz – qurbonni asta-sekin, qadamma-qadam ta’qib qilish, uni doimiy qo‘rquvda ushlab turish kabi mudhish voqealar ko‘z oldimizda ham sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz bugun. Hech bir og‘ir jinoyat, xususan, qotillik to‘satdan, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Hammasi jamiyatimiz ko‘pincha oddiy deb qaraydigan holatlardan: uy yoki ishxona oldidagi doimiy kuzatishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi tinimsiz nazorat, istalmagan xabarlar va ruhiy bosimdan boshlanadi. Bu harakatlar yuridik va ilmiy tilda “stalking” (ta’qib qilish) deyiladi. Eng yomoni shundaki, ta’qib o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, u ertaga albatta femitsidga – ayolni shunchaki ayol bo‘lgani, tajovuzkorga “yo‘q” deya olgani uchungina shafqatsizlarcha o‘ldirishga aylanadi. Xo‘sh, nega bugun bularga jinoiy javobgarlik belgilash suv va havodek zarur? Yaqindagina O‘zbekiston qonunchiligida tarixiy burilish yasashi mumkin bo‘lgan muhim tashabbus ilgari surildi: qonun hujjatlariga stalking va femitsid tushunchalarini kiritish hamda bu qilmishlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi. Bu qonunga ikkita yangi xorijiy atamani shunchaki qo‘shib qo‘yish emas, har kuni qo‘rquvda yashayotgan, ammo amaldagi qonunchilikda o‘zi uchun yetarli himoya topolmayotgan yuzlab insonlarning najoti. Hozirgi kunda yosh qizlarga nisbatan ham tahdidlar ko‘p uchraydi. Ular bu ta’qiblardan, telefondagi tahdidlardan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasigacha yetib boryapti. O‘zida jasorat topib adolat izlagan va ta’qibchisiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan qurbon amalda nimaga erishadi? Qonun ta’qibchining bu tizimli harakatini atigi “mayda bezorilik” yoki “shaxs hayotiga aralashish” sifatida ko‘radi va ma’muriy jarima yozish bilan cheklanadi. Ta’qibchi davlat byudjetiga arzimagan pul to‘laydi-da, erkinlikka chiqadi. Jarima to‘lab, erkinlikka chiqqanidan keyin bu holat takrorlanmaydi deb o‘ylashning o‘zi xato. Jarima qotillikni to‘xtata olmaydi. Ma’muriy chora jabrlanuvchining xavfsizligini ta’minlamaydi, aksincha, jazosizlik hissi ta’qibchini yanada tajovuzkorroq bo‘lishga undaydi. Qonun qachongacha inson hayotiga ochiq tahdidni jarima bilan o‘lchashi mumkin? Shunday insonlar borki, qiz bolaga qo‘ng‘iroq qilib, agar uning aytganini bajarmasa, uning hayotini barbod qilish bilan ochiqdan ochiq qo‘rqitib, shantaj qilyapti. Shu sababdan ham ta’qib va tahdid qilishni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qilish eng yaxshi yechimlardan biri bo‘ladi.
7.5.2025 8793
So‘ngi yillarda davlat tomonidan turli maqsadlarda va turli jabhalarda subsidiya mablag‘lari ajratilmoqda va ularning huquqiy asosi yaratilayotir. Xususan, uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya ajratish, tadbirkorlarga chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik, baliqchilik yo‘nalishlarida hamda qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etganligi va shunga o‘xshash boshqa yo‘nalishlarda ham subsidiyalar ajratib kelinmoqda. SUBSIDIYA (lot. subsidium – yordam, nafaqa, qo‘llab-quvvatlash) – davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar mablag‘lari yoki maxsus fondlardan jismoniy va yuridik shaxslarga, mahalliy organlarga, boshqa davlatlarga beriladigan pul mablag‘i yoki natura shaklidagi yordam. Mablag‘ ko‘rinishidagi aniq manzilli subsidiya – bevosita, soliq yoki boshqa imtiyozlarni joriy etish – bilvosita subsidiya deb ataladi. Subsidiya davlat tomonidan qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi. Subsidiyalar iqtisodiyotni diversifikatsiyalash (tarkiban o‘zgartirish), eksport-importni muvozanatga solib turish, fan-texnika yangiliklarini o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish, milliy sanoatni o‘stirish, ayrim hududlarni rivojlantirish, konversiya va boshqa maqsadlarda qaratiladi. Atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishini kamaytirish, suv resusrlaridan oqilona, maqsadli va tejamkor foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan, qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan qishloq xo‘jaligi subyektlariga ham subsidiyalar ajratilishining huquqiy mexanizmi joriy etildi va amaliyotda keng qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, 2024-yilning 20-avgust holatiga 304 ming gektar yer maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Shundan 71 ming gektarda tomchilatib, 33 ming gektarda yomg‘irlatib, 28 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy etildi. Ekinlarni yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan fermer xo‘jaliklariga subsidiya ajratib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 455-sonli qarori bilan tasdiqlangan Birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning 2025–2027-yillar uchun byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarida Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar tomchilatib va diskret sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun xarajatlar 8 652,7 milliard so‘mni tashkil etishi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-sonli qaroriga muvofiq, 2021-yildan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etilishi va suvni tejaydigan texnologiyalarni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etilishi belgilandi. Shundan kelib chiqib, “Agrobank” ATBning joylardagi filiallari fermer xo‘jaliklari uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asbob-uskunalarini sotib olish va o‘rnatish uchun kredit mablag‘lari ajratib kelmoqda. Ajratilgan kredit mablag‘larining bir qismini qoplash uchun, ya’ni suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilganligi uchun davlat byudjetidan belgilangan tartibda subsidiya mablag‘lari ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur munosabatlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Bu munosabatlarning huquqiy asoslari va tartibi to‘liq shakllantirilgan bo‘lsa-da, fermer xo‘jaliklari belgilangan tartiblarga har doim ham amal qilib kelmoqda, deb aytib bo‘maydi. Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilishda davlat byudjetidan subsidiya olgan talabgorlar suvni tejaydigan sug‘orish tizimidan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda maqsadli va samarali foydalanishi shartligi belgilangan. Mazkur talablarning buzilishi foydalanish yillariga mutanosib ravishda subsidiya mablag‘lari qaytarilishiga sabab bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash va berilgan subsidiyani qaytarish tartibi to‘g‘risida” Nizomi talablaridan kelib chiqib joylardagi nazorat tadbirlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan to‘liq foydalanmaslik holatlari aniqlangan. Mazkur Nizomning 38-bandida agar joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan yoki uning asosiy qismlaridan sug‘orish mavsumida foydalanilmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya quyidagicha tartibda qaytariladi: ikkinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 80 foizi; uchinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 60 foizi; to‘rtinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 40 foizi; beshinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 20 foizi. Shundan kelib chiqib, prokuratura organlari subsidiya mablag‘larini qaytarish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari bilan murojaat qilmoqda. Birgina 2024-yilda davlat manfaatiga 300 000 000 so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘larini qaytarish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan va ishning sud muhokamasi jarayonida fermer xo‘jaliklari uzluksiz ravishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanmagani holatlari to‘liq o‘z isbotini topgani uchun da’vo talablari to‘liq qanoatlantirilgan. 2025-yilning o‘tgan davrida ham xuddi shunday da’vo arizalari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi 150 000 000 so‘mga yaqin subsidiya mablag‘i davlatga qaytarilishini ta’minladi. Qishloq xo‘jaligi korxonalari sug‘orish texnologiyalari joriy etganligi uchun taqdim etilgan subsidiya mablag‘laridan samarali foydalanilishi boshqa imtiyozlarni ham yuzaga keltiradi. Xususan, Soliq koleksining 428-moddasiga binoan suvni tejaydigan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqa) sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan yerlar – suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan e’tiboran besh yil muddatga mazkur yerlarga nisbatan soliq hisoblanmaydi. Bu imtiyoz suvdan foydalanish va suv iste’moli sohasidagi vakolatli organning xulosasi asosida beriladi. Agarda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan yoki demontaj qilingan bo‘lsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi. Ya’ni fermer xo‘jaliklari o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmasa, pullar davlatga qaytariladi. E’tiborli jihati, mazkur holatlarni nazorat qilish tegishli vakolatli davlat organlari bilan birgalikda jamoatchilik tomonidan ham amalga oshiriladi. Jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi ajratilgan mablag‘lar maqsadli ishlatilishini ta’minlashning muhim vositalaridan sanaladi.
11.10.2024 12835
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasining 130-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi. Odil sudlov deganda taraflarning turli xil nizo bo‘yicha kelishmovchiliklarini qonun hujjatlariga asoslangan holda sud tomonidan adolatli hal etilishini tushunish mumkin. Huquqi buzilgan shaxs o‘zining buzilgan huquqlarini qonuniy himoya qilish maqsadida eng oxirgi “nuqta” sifatida sudga murojaat qiladi va odil sudlovga bo‘lgan huquqini ta’minlanishini xohlaydi. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslarning odil sudlovga erishish yo‘lidagi eng birinchi qadami bo‘lgan sudlarga murojaat qilishlarida ular uchun muhim qulayliklar yaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi dasturining sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlarida sudlar faoliyatiga “yagona darcha” tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq tashabbus ilgari surilgan edi. Buning amaliy natijasi sifatida “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2023-yil 26-aprelda O‘RQ-833-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda belgilangan eng muhim masalalardan biri bu ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sudga taaluqli bo‘lishidan qat’i nazar, fuqarolarga o‘z arizasini sudga “yagona darcha” prinsipi asosida topshirish imkonini yaratilganligidir. Buning natijasida sudga murojaat qiluvchilarga juda ham qulaylik yaratilib, yanglishib sudga taalluqlilik qoidasini buzgan holda boshqa sudga ariza taqdim etilganida, murojaat qiluvchining ortiqcha ovoragarchiligisiz taalluqliligi bo‘yicha sudlar tomonidan ishni o‘sha sudga o‘tkazish amaliyoti joriy etildi. Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Iqtisodiy hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi prosessual qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga ham o‘zgartirish kiritilib 311-modda bilan to‘ldirildi. Mazkur moddaga ko‘ra, sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda iqtisodiy sudga taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi. Agar da’vo arizasi (ariza) sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda qabul qilinganligi sudda ishni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlansa, iqtisodiy sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va iqtisodiy sud ishini yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Shuningdek, sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha suddan yoki ma’muriy suddan da’vo arizasi (ariza) yoki ish materiallari kelib tushganda sudya da’vo arizasi (ariza) ushbu Kodeksning 149, 150 va 151-moddalarida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay da’vogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi va unga buning uchun o‘n kundan oshmaydigan muddat beradi. Bu ham ariza bilan murojaat qiluvchiga qulay bulib, bunda arizada qanday kamchiliklar borligi yuzasidan sud ajrimida ko‘rsatiladi hamda kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat beriladi. Bunday amaliyotni sudlarga kiritilguniga qadar esa da’vo ariza mazkur sudning sudloviga taalluqli bo‘lmasa, da’vo arizani ish yuritishga qabul qilishni rad qilishi va da’vo ariza da’vogarga qaytarilishi kerak edi. Da’vogar da’vo arizani qaysi sudga taalluqli ekanligini mustaqil aniqlab keyin uni qaytadan sudga taqdim etishi kerak bo‘lar edi. Buning natijasida da’vo ariza bilan murojaat qilgan da’vogar qancha sarsongarchiligi yoki ortiqcha vaqt sarflashiga olib kelar edi, oddiy qilib aytganda ovoragarchilikni keltirib chiqarar edi. Amaliyotdan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda sudlarda ish “yagona darcha” prinsipi asosida to‘liq tashkil etilgan. Agar da’vo ariza sudlarga kelib tushganidan keyin, mazkur da’vo arizaning boshqa sudga taalluqli ekanligi aniqlansa, sudyalar tomonidan da’vo ariza taalluqli sudga o‘tkazilmoqda va bu haqda taraf xabardor etilmoqda, ariza bilan murojaat qilgan shaxs otiqcha ovoragarchiliksiz o‘sha sudda ishtirok etib ketmoqda. Bir so‘z bilan aytganda bu kabi xalqchil qonunlarimizning joriy etilishi faqat inson manfaatiga xizmat qiladi va odil sudlovga erishish kafolati ularning bu yo‘lidagi ilk qadamlaridan ta’minlanadi.
8.10.2024 14915
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yildagi qarori (344-son) bilan Akademik ta’til berish toʻgʻrisida nizom tasdiqlangan. Nizomga ko‘ra, talabalar oʻz ixtiyori bilanб qaysi ta’lim shaklida tahsil olishidan qat’i nazarб akademik ta’til olish huquqiga ega. Akademik ta’til olish uchun talaba OTM rektori (direktori)ga ariza bilan murojaat qiladi. Akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin: harbiy xizmatni o‘tash uchun; salomatligini tiklash uchun; homiladorlik uchun; bolalarni parvarish qilish uchun; oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun. Akademik ta’til o‘quv yilining har qanday qismida, qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatda beriladi. Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilanadi. Arizaga akademik ta’til olish uchun sabab bo‘lgan holatni asoslovchi hujjat (talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi yoki talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi yoxud oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi) ilova qilinadi. Murojaat bir haftalik muddatda ko‘rib chiqilib, ta’til berish OTM rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Unda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatiladi. Talabaga akademik taʼtil berilishi uni oliy taʼlim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi. Shuningdek, talabalarga akademik taʼtil davrida stipendiyalar toʻlanmaydi. Akademik taʼtildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari oʻzlashtirilgan fanlarni qayta oʻzlashtirish majburiyati yuklatilmaydi.