2581
25.8.2026 1094
Ko‘chada yurar ekanmiz, O‘zbekistonning mustaqil davlat ekanini ko‘rsatadigan alohida bir belgini izlamaymiz. Bunga hojat-da yo‘q. Aslida ko‘zimizga, ongimizga singib ketgan girdimizdagi aksar voqelik mustaqillik nishonlari. Davlat idoralari peshtoqidagi yozuvlar, maktab hovlisida hilpirayotgan bayroq, qo‘limizdagi pasport, ko‘chadagi reklamalar... Huv bir zamonlar hayotning eng katta siyosiy masalasi bo‘lgan mustaqillik yillar o‘tishi bilan taqvimdagi muayyan sanaga, bayram tadbirlariga, tabriklarga singib ketadi. 1-sentabr yaqin. Shaharlar bezatiladi. Konsertlar, uchrashuvlar, tantanalar o‘tkaziladi. Odamlar bir-birini qutlaydi. Ertasi kuni esa yana odatdagi hayot davom etadi. Inson o‘z hayotini belgilab turgan eng katta omillarni doim ham sezavermaydi. Mustaqillik bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshaydi. Biz, yoshlar uni yo‘qotib ko‘rmaganmiz (shukr!). Shu sabab uning yo‘qligida hayot qanday bo‘lishini bilmaymiz. Biz uchun o‘z davlating nomidan gapirish, o‘z bayrog‘ingni ko‘tarish, tarixingga o‘z ko‘zing bilan qarash, mamlakat kelajagi haqida fikringni aytish tabiiy huquqdek tuyuladi. Ammo bu tabiiylik doim ham bo‘lmagan, aytaylik, 35 yil ilgari. Egamanlik odamlar uchun uzoq bir kelajak bilan bog‘liq umid edi. Kimdir shu umid bilan yashadi, kimdir shu yo‘lda kurashdi, kim qancha odam uning ro‘yobini ko‘rmay ketdi. 1917-yilning oxirlari. Qo‘qon. Shahar hayotida katta o‘zgarishlar nafasi. Odamlar ko‘chalarga chiqqan, yig‘inlar bo‘lyapti, siyosiy voqealar haqida gaplar. Hamma nimanidir kutayotgandek. Ammo kutayotgan narsasining qanday ko‘rinishda bo‘lishini hech kim aniq aytolmaydi... Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Bu voqea haqidagi xabar qanot qoqib uchdi. Birinchi jahon urushi davrida asir tushgan turk zobitlari Qo‘qondagi birodarlariga yo‘llagan maktubida muxtoriyatning e’lon qilinganidan xabar topilgani aytiladi. Maktub yakunidagi tilak esa juda qisqa: “Istiqloling yaqin o‘lsun!” Istiqlol kunini tarix darslaridan bilamiz, uning sanasi bor, ramzlari bor, huquqiy maqomi bor. 1917-yildagi odamlar uchun esa istiqlolning bunday aniq chegaralari hali mavjud emasdi. Ular mujda kutib, kelajak haqida gapirar, o‘z yurti qanday siyosiy maqomga ega bo‘lishini jon hovuchlab kutardi. Ertangi noayon kundan umid qilardi. Ular istiqlolni kutgan. Biz esa unda yashayapmiz. O‘sha maktubdagi tilakdan 1991-yilgacha yana uzo-oq tarixiy yo‘l bor. Bu yo‘lda turli siyosiy sinovlar, yo‘qotishlar, umidlar va cho‘ng kurashlar kechdi. Oradan 35 yil o‘tdi. 1991-yil voqealarini eshitib ulg‘ayganlar bilan o‘sha kunlarni boshidan kechirgan avlodning xotirasi bir xil emas. Kattalar o‘sha davrni burilish sifatida eslaydi. Mustaqillik davrida tug‘ilganlar esa buni o‘z hayotining tabiiy qismi sifatida qabul qiladi. Tarixdagi o‘zgarishlar bir necha avloddan keyin kundalik hayotga singib ketishi-da tabiiy. Bir paytlar katta siyosiy kurashlar, umidlar va xavotirlar bilan bog‘liq bo‘lgan narsa yoshlar uchun ayni voqelik. Ular mustaqil davlatda tug‘iladi, shu davlat maktabida ta’lim oladi, uning pasportini olib voyaga yetadi, o‘z kelajagini shu mamlakat bilan bog‘lab rejalashtiradi. Mustaqillikning kundalik hayotimizga singib ketgani u haqida kamroq o‘ylashimizga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin doim mazmun, vazifa, mas’uliyat topsa bo‘ladi. Darhaqiqat, 35 yil shunchaki o‘tib qolgani yo‘q. Bir avlod davlatni oyoqqa turg‘izish haqida o‘ylagan. Boshqa avlod uning iqtisodiy va ijtimoiy asoslarini mustahkamlashga kirishgan. Bugungi avlod esa bilim, texnologiya, raqobat, inson kapitali, ochiq dunyo bilan munosabat kabi masalalar haqida bong urayotir. Qayerdadir kechikdik, kimdir xato qildi, nimadadir ortda qoldik – bular endi boshqa masala. Ozod va egaman qolganimiz esa bor gap. Demakki, mustaqillikning mazmuni vaqt o‘tishi bilan kengayadi. Kecha muhim bo‘lgan vazifa bugun bajarilgan bo‘lishi mumkin. Bugungi vazifa ham qachondir zabd etilgan marraga aylanar. Millat, xalq, hurlik tushunchalarini jo‘nlashtirish bo‘lmasin-ku, lekin eng katta daxldorlik yurtni har tomonlama rivojlantirishga urinishdir. Basharti davlat taraqqiy etmasa, uning mustaqilligi savol ostida qolib ketadi. Ammo takror-batakror aytilsa-da, bir haqiqatni tag‘in ta’kidlamasa bo‘lmas: mustaqillik – ne’mat. Buni anglamoq uchun o‘zimizni, holimizni kimlargadir mengzamoq ham shart emas. 35 yil burungi qadr-u qimmatimizga, Sibir bo‘lgan bobomizga, tul qolgan momomizga, loyqaga botilirilgan tilimizga, o‘zimizga qaramoq kifoya.
10.2.2025 16295
Bugungi kunda chet elda tahsil olayotgan yoshlarimiz soni oshib bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yil 10-oktabr holatida 150,5 ming nafar yurtdoshlarimiz dunyoning turli davlatlarida taʼlim olmoqda. Bu raqam bilan 2024-yilda o‘zbekistonlik yoshlar chet elda ta’lim olish bo‘yicha jahonda 3-o‘rinda qayd etilgan. Janubiy Koreyada tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz soni ham ko‘paymoqda. Shu jumladan, 2023-yildagi statistika maʼlumotlariga qaraganda, Janubiy Koreyada taʼlim olayotgan chet davlat talabalari soni bo‘yicha ham o‘zbekistonliklar 3-o‘rinni band etgan. Mos ravishda bugungi kunda Janubiy Koreyada talaba bo‘lishni xohlovchi abituriyent yoshlarimiz soni koʻpayib boryapti. Quyida Janubiy Koreyada o‘qish uchun 6 ta eng mashhur bepul grand dasturlari va ularning talablari haqida toʻliq maʼlumot berishga harakat qilamiz. Global Korea Scholarship (GKS) GKS Koreyada o‘qishni xohlovchi talabalar xarajatlarini to‘liq qoplovchi grant dasturi bo‘lib, quyidagilarni moliyalashtiradi: – borish-kelish xarajatlari; – o‘qish xarajatlari; – tibbiy sug‘urta; – turar joy; – stipendiya. GKSga topshirish uchun talabgordan ingliz tili (IELTS) yoki koreys tili xalqaro sertifikati (TOPIK) talab etiladi. Bundan tashqari, bu dastur orqali nafaqat bakalavriat, balki magistratura, doktoranturaga ham hujjat topshirish mumkin. Topshirish usuli ikki xil: Elchixona orqali topshirish. Ya’ni bunda abituriyentlar o‘z mamlakatlaridagi Janubiy Koreya elchixonasi orqali hujjatlarini 3 tagacha unversitetga topshirishi mumkin. Elchixona tomonidan saralash boshqichi o‘tgach, nomzodlarning hujjatlari universitetlarga yuboriladi. Universitet orqali grant qo‘lga kiritish. Bunda abituriyentlar hujjatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri universitet email manziliga yuborib, grantni qo‘lga kiritishi mumkin boʻladi. Har bir universitetning qabul muddati har xil bo‘lishi mumkin. Shu sababdan topshirayotganda muddat va yo‘nalish turlariga eʼtiborli bo‘lish talab etiladi. GKSga 2018-yilda birgina magistratura va doktorantura uchun 138 ta mamlakatdan 665 ming nafar talaba topshirgan. Bakalavriat esa bu dasturda eng koʻp nomzod topshiradigan bosqich hisoblanadi. Talab etiladigan hujjatlar roʻyxati quyidagicha: ariza shakli; shaxsiy bayonot; o‘quv reja: tavfsiyanomalar; diplom va baholar nusxalari; til sertifikatlari (IELTS, TOEFL yoki TOPIK); tibbiy maʼlumotnoma; pasport nusxasi. Korean Government Scholarship Program (KGSP) Bu ham GKSga o‘xshash boʻlib, xuddi shunday imkoniyatlarni taqdim etadi. Hujjat tayyorlash jarayoni ham deyarli bir xil. Koreyadagi koʻplab unversitetlar ushbu dastur bilan hamkorlik qiladi. Korean Foundation Scholarship. Bu dastur Koreya va Koreya madaniyatiga oid tadqiqot olib bormoqchi boʻlganlar uchun mo‘ljallangan boʻlib, o‘qish xarajatlari qoplab beriladi. Research Grands dasturi ham tadqiqot olib boruvchilar uchun mo‘ljanllangan. IT, muhandislik, biologiya va ijtimoiy fanlar sohalarida ommalashgan. Korean Language Training Program. Dastur aynan koreys tilini o‘rganuvchilar uchun mos, u orqali koreys tilini moliyalashtirilgan holda o‘rganish mumkin. Bu dastur GKS kabi dasturlarda ham talabalarga oʻquv yili boshlanishidan avval koreys tilini yaxshi o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi. University Scholarship. Bu Koreya universitetlari tomonidan talabalarga ajratiladigan grantlar boʻlib, sertifikat darajasi va taʼlim jarayonidagi talaba faolligidan kelib chiqib beriladigan grant hisoblanadi. Asosan Seoul milliy universiteti, KAIST (Korea Advanced Institut of Science and Technology, Yonsei University, Ewha Women’s University kabi unversitetlar tomonidan taqdim etiladi. Janubiy Koreyada o‘qish uchun grant va stipendiyalar haqida batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi rasmiy va ishonchli vebsaytlardan foydalanishingiz mumkin. Study in Korea (studyinkorea.go.kr) GKS haqida barcha ma’lumotlar: ariza topshirish jarayoni, universitetlar ro‘yxati va talablar. Korean Embassy in Uzbekistan. O‘zbekistondagi Koreya elchixonasining rasmiy sayti. GKS haqida mahalliy e’lonlar va elchixona orqali topshirish bo‘yicha ma’lumotlar. NIIED (National Institute for International Education) GKS dasturini boshqaruvchi tashkilot. Yangi e’lonlar va stipendiyalar statistikasi. Koreya universitetlari stipendiyalari Seoul National University (SNU): http://en.snu.ac.kr – universitet tomonidan taqdim etiladigan stipendiyalar va GKS dasturi. KAIST (Korea Advanced Institute of Science and Technology): https://www.kaist.ac.kr – IT va texnika sohalaridagi grantlar. Yonsei University: https://www.yonsei.ac.kr – Xorijiy talabalar uchun moliyaviy yordam va stipendiyalar. Ewha Womans University: https://www.ewha.ac.kr – xotin-qizlar uchun maxsus grant va stipendiya imkoniyatlari. Ushbu saytlarda grantlar, talablar, qabul ochilish sanalari, kerakli hujjatlar, yo‘nalishlar va ariza topshirish muddatlari haqida to‘liq ma’lumot olishingiz mumkin.
29.2.2024 17773
“Yosh kitobxon” tanlovining 2023-yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Kimgadir ozgina omad yetishmadi, kim uchundir tanlov hayajonlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar hali hamon g‘alaba nashidasini surmoqda. Nechalab yoshlar “bu yil “Cobalt” meniki bo‘ladi”, deya diliga tugib, kitobxonlikni boshlab yuborgan bo‘lsa, ajab emas. Uchta yosh toifasida o‘tkazilgan final bosqichida ikkinchi o‘rin uchun 50 million, uchinchi o‘rin uchun 30 million so‘m mukofot puli o‘z egalariga topshirildi. Final bosqichida qatnashgan qolgan barcha ishtirokchilar 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin sohiblari esa “Cobalt” egasiga aylandi. “Yoshlar ovozi” g‘oliblar bilan mutolaaga qiziqish, qaysi asarni o‘qish, tushunish qiyin bo‘lgani-yu, yoshlar qaysi kitoblarni o‘qishi shartligi yuzasidan suhbatlashdi. AVVAL 2-, KEYIN 1-O‘RIN! 10-14 yosh toifasi g‘olibi Nargiza Muhammadiyeva Jomboy tumanidagi 12-maktabda tahsil oladi. Har tomonlama iqtidorli bo‘lgan qahramonimiz kitob o‘qishdan tashqari, rasm chizishga, shirinliklar tayyorlashga, she’r yozishga, hatto futboll o‘ynashga ham qiziqadi. Nargizaning uyida 500 dan ortiq kitobi bor, ularning ichidan eng sevgani Garriet Bicher Stou qalamiga mansub “Tom tog‘aning kulbasi” asaridir. “Ko‘p kitob o‘qishimga avval dadam, keyin oilamizdagi kitobxonlik muhiti sabab bo‘lgan. 5 yoshimda dadam harflarni o‘rgatgan. 6 yoshdan mustaqil kitob o‘qiy boshlaganman”, — deydi qahramonimiz. Nargiza 2022-yilda ham “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Harakatdan to‘xtamaydigan Nargiza bu yil o‘z maqsadiga erishdi. Barcha kitoblarni sevib mutolaa qiladigan qahramonimizning o‘qishga eng qiynalgan asari “Zarbulmasal”. Uni tushunish uchun 4 marotaba qayta o‘qishiga to‘g‘ri kelganini aytadi. Nargizaning tavsiyasi! U tengdoshlari quyidagi kitoblarni, albatta, o‘qishi kerak deb hisoblaydi: Songul Unsalning “Kaktuslar ham gullaydi” asari. Bu kitob kishiga hayot qiyinchiliklari oldida yiqilmaslikni, adolatsizliklar oldida jim turmaslikni o‘rgatadi. Erkin Vohidovning “Mening yulduzim” to‘plami. To‘plamda komil insonni shakllantirish g‘oyasi yetakchilik qiladi. O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi. Bu bitiklar ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oladi. 6 YIL + MEHNAT= “COBALT” 15-19 yosh toifasida 1-o‘rinni egallagan qashqadaryolik Mironshoh Nurmatov mazkur g‘alabani 6 yillik tinimsiz izlanish va harakat mevasi, deb baholaydi. “Uyimda 500 ga yaqin kitobim bor. Har yili tanlov boshlanganida kitoblar ro‘yxati bilan tanishib chiqar, agar birontasi bo‘lmasa, dadamdan olib berishini so‘rardim. Dadam mening intilishimni ko‘rib, bu borada tinimsiz qo‘llab-quvvatlaganlar. Topa olmagan asarlarimni kitob do‘konlari va tanishlaridan so‘rab, olib kelib berardilar”, — deydi Mironshoh. U 2018-yildan buyon “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etadi. O‘shanda qahramonimiz eng kichik 10-14 yosh toifasida bilimlarini sinovdan o‘tkazgan. 15-19 yosh toifasidagi bahslar unga oson bo‘lmaganini ta’kidlaydi. “Tanlovda har yili ko‘plab kitobxonlar qatnashadi. Avvaliga o‘zim tenggi va mendan kichik kitobxonlar bilan raqobatlashgan bo‘lsam, keyingi yildan o‘rta yosh toifasining eng kichik kitobxoni sifatida mendan kattalar bilan bellashdim. Tabiiyki, o‘ziga xos ikkilanish, qo‘rquv ham uyg‘otadi. Ammo anlovga 6 yil qatnashib, nihoyat g‘olib bo‘lganimdan keyin bir narsani angladimki, chin dildan so‘ralgan niyat bir kun, albatta, amalga oshadi! Ilmga intilish hech qachon mukofotsiz qolmaydi”, — deydi u. Mironshohning o‘qishga qiynalgan kitobi Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asari. Hali yosh bo‘lgani tufayli asar g‘oyasi, mazmun-mohiyatini anglash unga qiyinchilik tug‘dirgan. “Haqiqiy asar his-tuyg‘u bilan o‘qiladi. bolaligimda Erkin Malikning “Yetim qolgan xotiralar” kitobini o‘qib, yig‘laganim hamon yodimda. Undagi voqealar, qahramonlar taqdiri va asar kompozitsiyasi har bir o‘quvchining qalbini junbushga keltiradi, menimcha”, — deydi suhbatdoshimiz. Mironshohning tavsiyasi! U quyidagi kitoblarni, albatta, o‘qish kerak deb hisoblaydi: O‘tkir Hoshimovning “Ikki karra ikki besh” qissasi. Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” romani. Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani. “DUGONAM SABAB G‘OLIB BO‘LDIM” 20-30 yosh toifasi g‘olibi Gulhayo Soliyevaning tanlovda qatnashishiga dugonasi sababchi bo‘lgan. O‘tgan yilgi tanlovda ishtirok etgan dugonasidan taassurotlarni eshitgan kitobxonda tanlovga qatnashish fikri uyg‘ongan. Oilaviy muhit sababli yoshligidan badiiy asar mutolaa qilib kelayotgan kitobxonda tanlovga tayyorlanish jarayonida qiyinchiliklar bo‘lmagan. Gulhayo badiiy kitoblarni muntazam ravishda o‘qib borishiga qaramay, kitob sotib olishni odat qilmaganligini, asosan elektron shakldagi kitoblar o‘qiganini aytadi. Ammo tanlovdan keyingi asosiy maqsadi shaxsiy kutubxonasini yaratish, o‘zi va farzandlari uchun foydali kitoblarni ko‘proq sotib olish. Qahramonimiz yakunini bilish uchun imkoni boricha ko‘proq o‘qigan asarlar “Urush farzandi” va “Tushda kechgan umrlar”dir. “Yoshlarga ko‘p kitob o‘qishni tavsiya qilaman, kitob o‘qigan inson hech qachon yutqazmaydi. Ko‘rik-tanlovda birinchilikni qo‘lga kiritmasligi mumkin, lekin aqliy jihatdan o‘ziga va farzandlarining kelajagiga katta hissasini qo‘shgan bo‘ladi”, — deydi u. Gulhayoning tavsiyasi! U tengdoshlariga quyidagi kitoblarni o‘qishni tavsiya qiladi: Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni. Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasi. Jeyms Klirning “Atom odatlar” kitobi.
13.12.2023 13612
Jahongir Toʻrayev ketma-ket ikkinchi yil g‘oliblikni qo‘lga kiritdi Yoshlar press klubida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bilim uchun 100 million” olimpiadasi final bosqichi bo‘lib o‘tdi. “Bilim uchun 100 million” loyihasi ikki bosqichda: onlayn va oflayn shaklda oʻtkazildi. Sentabr-dekabr oylarida oʻtkazilgan onlayn bosqichda 117 070 nafar yosh ishtirok etdi. Onlayn bosqich @bilimtestbot telegram botida oʻtkazildi. Har haftada yangi savollar taqdim etilib, haftalik savollar soni bir nafar ishtirokchi uchun 40 tani tashkil etdi. Savollar malakali ekspertlar tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, bir ishtirokchiga tushgan savol boshqasiga takroran tushmasligi taʼminlandi. @bilimtestbotʻda 40 ta savolni ishlash uchun 1 soat vaqt beriladi. Savollarni ishlash uchun barcha yoʻnalishlarda kamida oʻrta darajada bilim boʻlishi talab etiladi. Har haftada taqdim etilgan savollarni foydalanuvchilar ishlab, ball yigʻib bordilar. Eng yuqori ball toʻplagan 100 nafar ishtirokchi Toshkent shahriga, olimpiadaning ikkinchi bosqichiga taklif etildi. Bu bosqichda eng yuqori ball toʻplagan 100 ishtirokchi oʻrtasida oflayn shaklda final olimpiadasi oʻtkazilishi belgilangan edi. Finalda adolat mezonlarini taʼminlash uchun finalchilar qatʼiy nazorat qilindi va gʻolib aniqlandi. Diqqatga molik jihati, “Bilim uchun 100 million” loyihasining o‘tgan yilgi g‘olibi bu yil ham 1-o‘rinni egalladi. 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan ishtirokchi 100 million soʻm, qolgan 99 nafar finalchi esa 1 million soʻmdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. – Bu olimpiadada ikkinchi yil ishtirok etdim va ikkovida ham gʻoliblikka erishdim, – deydi “Bilim uchun 100 million” online olimpiadasi gʻolibi Jahongir Toʻrayev. – Oʻtgan yilgi mavsumda qiziqish sabab, oʻz bilimimni sinab koʻrish uchun qatnashgan boʻlsam, bu mavsum tanlov eʼlon qilingach, bu yil ham gʻolib boʻlishga jiddiy “bel bogʻlagandim”. Niyatni yaxshi qilsangiz, toʻgʻri yoʻlni tanlay olsangiz, albatta, marraga erishasiz. Buning uchun esa harakat va sabr kerak. Albatta, bu bilan toʻxtab qolish yoʻq. Loyiha davom etsa, kelasi yil ham gʻoliblik uchun kurashaman. Tengdoshlarimni, doʻstlarimni va siz, aziz yoshlarni ham “Bilim uchun 100 million” online olimpiadasida ishtirok etishga chorlab qolaman. Keyingi yilda Jahongir Toʻrayevni dog‘da qoldiradigan bilimli yoshlar topilarmikan?!
30.11.2023 13610
Kanadaning Ontario provinsiyasidagi Jastin Bleyni sog‘lomlashtirish markazi (Justine Blainey Wellness Centre)ning mashhur rahbari bor. U shifokorligi uchun emas, o‘tmishdagi bir ishi sabab og‘izga tushgan. To‘g‘rirog‘i, o‘smirligida tengdoshlari yurak yutib aytolmaydigan istagini amalga oshirgan. Orzusiga erishish uchun sudma sud yurishdan qaytmagan. Ismidagi bosh harf (“J”) u uchun ramziy ma’noga ega. Biz Kanada sport tarixida nom qoldirgan jasoratli ayol haqida hikoya qilamiz. Qiz bolaga mumkin emas!Dunyodagi boshqa davlat, jamiyatdagidek 1980-yillargacha Kanadada ham ayollarning erkaklar safida sport jamoalariga qo‘shilishi uzil-kesil rad etilgan. Sabab bitta: ayol zaif bo‘ladi! Biroq bu stereotipni 1973 yili tug‘ilgan, hozirda amaliyotchi shifokor, o‘tmishda xokkeychi bo‘lgan Jastin Bleyni buzadi. Akasi Devidga ergashib shayba va klyushka (xokkey tayog‘i)ga ishqi tushgan Jastin 6-7 yoshigacha muz saroylarida faqat tomoshabin bo‘lib o‘tiradi. Unga onasi majburan olib boradigan figurali uchish yoqmas, badiiy gimnastikadagi cho‘zilish-eshilishlarni jini suymasdi. Xokkey esa mardlar o‘yini, dovyuraklar bahsi edi. Jastin xokkeyni 7 yoshlaridan o‘ynay boshlaydi. U akasidek kuchli bo‘lishni istardi, xolos. Uning do‘stlari bilan o‘yin texnikalarini mashq qilishi, klyushkani tutib, muz ustida uchishiga lol qolardi. “Lisayd Uayldkets” (hozirgi Ontario ayollar xokkeyi assosiatsiyasi) jamoasi daragi chiqqach, akasining yordami bilan muz ustida harakatlanishni tezda o‘rganib oladi. Hatto ora-orada akasining mashg‘ulotlarida qatnashib, murabbiyning roziligi bilan o‘g‘il bolalar bilanam kuch sinashadi. Tabiatan tavakkalchi, shaddod, qo‘rqmas va kutilmagan vaziyatga oson moslashuvchi Jastin negadir qizlardan ko‘ra o‘g‘il bolalar bilan o‘ynashga oshiqaveradi. Nimjon, hadeganda yiqilib, turtilib yuradigan qiz bola jamoadoshlariga toqati yetmaydi. 1981 yili orzular ushaladigandek tuyuladi. Jastin Toronto xokkey ligasining o‘g‘il bolalar jamoasiga kirishga muyassar bo‘ladiyu, muz maydonga chiqishiga ruxsat tegmaydi. Negaligi so‘ralganda, murabbiy ko‘zlarini ola-kula qilib: “Axir qiz bola narsa bo‘lsa! Yiqilib, mayib bo‘lib qolsa-chi?” deydi. Orzularidan oson voz kechishni xayoliga keltirmaydigan Jastin 12 yoshidan o‘smirlik davri tugagunicha 5 marta sudga murojaat qiladi. Haqqini so‘raydi. Kamsitilayotganini yashirmaydi. “O‘ynay olaman, lekin maylimi, o‘ynasam?”1985 yilning bahorida endigina 12 ni to‘ldirgan Jastin tegishli tashkilotga xat yozishga ahd qiladi. Tengdosh o‘g‘il bolalar bilan tengma teng shayba surishni, musobaqalarga chiqmoqchiligini qistirib, unga ham ruxsat berishlarini iltimos qiladi. Erkaklarnikidan farqli ayollar xokkeyida raqibni itarish, qattiq turtib yerga yiqitish mumkin emas. Ammo Jastin ayni shunaqa beshafqat o‘yinni xohlardi. “Qizlar bilan xokkey o‘ynash koni azob edi. Akam bilan shafqatsizlarcha shayba uloqtirardik. Qizlar bilan o‘ynayotganimda penaltilarning oxiri ko‘rinmasdi, tomoshabinlar esa nuqul mendan nafratlanardi”, deb eslaydi u. Biroq o‘g‘il bolalar jamoasida o‘ynash niyatini hech kim eshitgisi kelmaydi. “Nozik, zaif qizga o‘g‘il bolalar orasida nima bor?”, deyiladi. Hatto rasmiy tashkilotlar ham shu gapni takrorlayveradi. O‘ylab-o‘ylab Torontodagi eng katta, nufuzli va auditoriyasi ko‘p gazetaga – Toronto Star’ga xat yoziladi. Onasi Karolinaning daldasi, qo‘llovi bilan bor tilagi tushirilgan maktub quyidagi jumla bilan yakunlanadi: “Biror kimsa yoki guruh menga ko‘mak berolarmikan? Biror huquqshunos bunday nohaqlikka qarshi kurashishda vaqtini ehson qilolarmikan? Faqat va faqat qobiliyatlarimga qarab hukm chiqarishlarini istayman, xolos”. Qiyiq qizning “qilig‘i”1985 yilning 5 mayida xat gazetada chop etiladi. Bir necha kun o‘tib telefon jiringlaydi. Xokkeyni rivojlantirish zarurligi haqida turkum maqolalar yozib yuradigan kolumnist Lois Kolxman mitti va jasoratli qizaloqqa yordam bergisi keladi. U qiz va onani huquqshunos Anna Freyzer bilan tanishtirib qo‘yadi. Onasi bilan Torontodagi advokat firmasiga yo‘l olgan Jastin Anna Freyzer bilan ilk uchrashuvini quyidagicha xotirlagandi: “Andak hayajonlanardim. Lekin u shunchalik ajoyib ediki, nuqul menga tikilib gapirdi. Ko‘zlarimga qaradi. Onamga bir og‘iz ham so‘z qotmadi. Onamni ko‘ndirishga urinmasdi. U mendan o‘ta jo‘n savollarni, nimani va nega aynan shuni xohlayotganimni so‘rardi”. O‘smir qizginaning dardini tinglagan advokat xonim ishni olishga rozi bo‘ladi. Biroq asosiy yumushidan tashqari – bo‘sh vaqtidagina shug‘ullanishi mumkinligini yashirmaydi. Eng qizig‘i, barchasini tekinga qilib beraman deydi. Tajribasida bunday antiqa, ammo o‘ta muhim masalaga duch kelmaganiga Anna Freyzer boshida rosa qiynaladi. Bosimga uchraydi. Tinch o‘tirishi maslahat beriladi. O‘ta qudratli tashkilot bo‘lmish Kanada muz xokkeyi bilan ro‘baro‘ kelishiga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘rtada bir inson misolida millionlab taqdirning huquqi, umidlari borligi kuchiga kuch qo‘shadi. Rost, jahonda jismoniy quvvat, biologik turfalik sabab sport turlari qiz-yigitnikiga ajratiladi. Lekin Jastin “qiz bola o‘sha sportga har tomonlama tayyor bo‘lsa, chig‘iriqlardan o‘tsa, nega jamoaga olinadiyu, amalda o‘ynolmaydi? Nima uchun maydonga qo‘yilmaydi?” deb so‘rayveradi. 1985 yilning 11 sentyabrida boshlangan ilk sud mamlakatda ovoza bo‘ladi. Qizig‘i, sanoqli kishidan tashqari olomon qiyiq qizning bu “qilig‘i”ni hazm qilolmaydi. Jamoat joylarida uni uchratishsa, kesatiq-piching tugamaydi. Qarorda “ha”, amalda yana “mumkin emas”1986 yil o‘rtasigacha apellyasiyalar sabab umumiy uch martalab o‘tgan suddan keyin Jastinga o‘g‘il bolalar jamoasida o‘ynashga ruxsat beriladi. Ammo Oliy sud qarori qog‘ozda qolib, amalda hech narsa o‘zgarmaydi. Torontodagi o‘yin maydoniga tushishga sanoqli daqiqalar qolgach murabbiy Jastinni bir chetga tortib, o‘yinga qo‘yolmasligini aytadi. Yana sudga chop, hujjat yig‘, qonunlarni qayta ko‘rib chiqishni talab et – hammasi boshidan boshlanadi. Qiz nihoyasiz kurashlardan cho‘chimaydi. Axiyri, 15 yoshni to‘ldirganida, 1988 yili muvaffaqiyatsizlik tugab, tole kuladi – sudda g‘alaba qozonadi. O‘sha yiliyoq Jastin o‘g‘il bolalar safida arenaga tushadi. Tomoshabin esa ilgarigi fikrida qat’iy qolaveradi: qiz bolaga nima bor katta maydonda, deya dod soladi. O‘yin tugagunicha: “E, chiqarib yuboringlar”, “Qanday yo‘l qo‘ydingiz bunga!”, “Balo bormi qiz deganga!” kabi hayqiriqlar tinmaydi. “Qiyin bo‘lsa ham, haqingiz uchun kurashing!”Bugun Ontarioda o‘g‘il bolalar jamoasi bilan muz ustida o‘ynashda qizlarga taqiq yo‘q. 2015-2016 yillari qariyb 100 nafar qiz o‘g‘il bolalar bilan bab-baravar kuch sinashgan. O‘smirlik yillarining so‘ngigacha shayba va klyushkani qo‘lidan qo‘ymagan Jastin yigirma yoshlarida maqsadlarini o‘zgartiradi. 1995 yili Toronto Skarboro universitetining psixologiya va kimyo fakultetini tamomlaydi. Keyinchalik amaliyotchi shifokorlikka (xiroamaliyotga) o‘qiydi. 50 ni qoralagan Jastin Bleyni-Broker hozir ham turmush o‘rtog‘i, qizi va o‘g‘li bilan ikki jamoaga ajralib xokkey o‘ynab turadi. Kanadadagi jamoaviy o‘yinlarning doimiy ishtirokchisi. “Bolalarim ham boshimdan o‘tgan voqealarni eshitishgan”, — deydi Jastin xonim, — “ularga astoydil yordam berishga, hayotda halollik bilan yashashlariga harakat qilaman. To‘g‘rilik uchun to‘g‘ri bo‘ling. Hatto bu mashaqqatli bo‘lsa ham”. Kelajak avlodga qizlar ham jamiyatda teng huquqli ekani, jinsi sabab kamsitilmasligi shartligini amalda isbotlagan Jastin xonim bugun xiroamaliyot bo‘yicha qo‘li yengil shifokor. Bo‘g‘in, umurtqadagi og‘riqlar, suyak sinishi-chiqishi kabilarni tabiiy yo‘l bilan davolab kelmoqda.
22.11.2023 13234
“Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, – deydi buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy. Darhaqiqat, oila atalmish qo‘rg‘onning gultoji, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan ayollarimizning munosib o‘rin egallashi kelajak-avlodning komillik sari qadam tashlashidan dalolat beradi. Bugun yurtimizda bo‘layotgan rivojlanishning qay bir jabhasiga qaramang, unda o‘z bilim va salohiyati bilan yetakchilik qilib kelayotgan xotin-qizlarimizning borligini ko‘rib quvonasan, kishi. Ana shunday kun qahramonlaridan biri, Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari, Navoiy davlat pedagogika instituti magistranti, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi – Gulhayo Ravshanova. U bu marralarga osonlikcha kelmadi, turli sinovlarni sabr bilan yengib, muvaffaqiyatlar eshigini ochdi. – Bolaligim Nurota tog‘ tizmalarining kengliklarida qolib ketgan armonlar bilan ulg‘aydi. Maktabni tugatib, ko‘nglimning tub-tubida isyon qilib kelayotgan orzu, ya’ni kelajakda qizlar haq-huquqini himoya qiladigan huquqshunos bo‘lish istagi ila kollejning ayni shu yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Maktab chog‘larida adabiyotga mehrim, she’riyatga muhabbatimni bilgan ustozlarim, sinfdoshlarim meni adabiyot o‘qituvchisi bo‘ladi deb o‘ylashardi. Qat’iyat esa otamdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Umri loysuvoqlarga qorishib ketgan bu insonning halol mehnati, nohaqliklar-u hayot zarbalariga sinmasdan qaddini tik tutib o‘tishi sabab bo‘lgandir, balki. Qiz bolaning kamol topishida otaning o‘rni juda muhim. Ota va qiz o‘rtasidagi mehr, ishonch va do‘stlik kishini har qanday yuksak maqsadlar sari undaydi. Onamning erta vafoti otam qaddini dol etgan bo‘lsa-da, farzandlari uchun yashadi. Otamga ko‘mak berish uchun o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urib ko‘rdim. Kollejimizdagi yoshlar yetakchisiga havas qilardim va o‘sha havas meni uning yoniga yetaklab bordi. Bu mening hayotimda tub burilishlarga sabab bo‘ldi. Yangi-yangi imkoniyatlar eshigi ochila boshladi. Men o‘sha yerda rivojlandim, o‘sha yerda Gulhayo bo‘lib o‘z menimni topdim. U yerda jamoa bo‘lib ishlash nimaligini, hayotda yaxshi insonlar ko‘pligi, ularning quvonchiga, qayg‘usiga sherik bo‘lish nima ekanligini his qildim. Shu bilan bir vaqtda kashtachilik hunari bilan shug‘ullanib, o‘qishga tayyorlanish uchun pul yig‘ib, o‘z ustimda ishladim. Nihoyat, kollej diplomini olib, poytaxtga yo‘l olish, O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirmoqchi ekanimni otamga aytdim. U hech qanday e’tiroz bildirmadi. Biroq biroz vaqt o‘tib, otamning uydagilarga: – Qizim o‘zida yo‘q shod. Lekin ertaga o‘qishga kirib ketsa qanday o‘qitamiz, bir tomondan oyog‘im ham sal sovuqqa og‘riq beryapti. Lekin unga “borma!” deb qanday aytaman. Orzularini poymol qilishni xohlamayapman, – degan gaplarini tasodifan eshitib, hamma hujjatlarimni yirtib tashladim. Otamga ko‘mak berish, oyog‘ini davolatish uchun ishlay boshladim. Kollejimiz direktorining ko‘magi bilan farroshlikka ishga kirdim va to‘qqiz oy deganda otamga velosiped sovg‘a qildim. O‘sha kuni otamning judayam xursand bo‘lib, bolalarcha hovlini aylanib chiqqanini ko‘rib, bundan-da katta yutuqlarga erishish lozimligini anglaganman. Ishim bilan bir qatorda yana yoshlar yetakchisining izidan qolmay hujjat ishlarini o‘rgandim. Kelajakdagi maqsadlarimdan bir on ham voz kechmadim. O‘n bir oy deganda farroshlikdan kollej yoshlar yetkachisi lavozimiga ishga kirdim. Shu vaqt davomida tengdoshlarim bilan bir qator loyihalarni amalga oshirdik. Jamiyatda sekin-asta o‘rnimni topa boshladim. Bu fursatda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Shu bilan birgalikda tashkilotning viloyat boshqarmasida “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori etib saylandim. Bu meni xotin-qizlar muammolarini o‘rganishga, ular uchun oz bo‘lsa-da imkoniyatlar eshiklari ochiq ekanligini yetkazish, joylarda uchrashuvlar o‘tkazib, har bir qiz o‘qishi, u nafaqat, oilada balki jamiyatda ham yetakchi bo‘lishi kerakligini tushuntirib borishga harakat qildim. “Qizlar ovozi” klubi koordinatorligi davomida bevosita tadbirkorlikka qiziqqan qizlarimiz uchun debocha eshigi sifatida viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Qizlarimiz tabirkorlik sohasida turli tanlovlarda ishtirok etib, bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bu hamkorlik menga yangi manzil bekatlarini ko‘rsatdi. Ushbu tashkilotning fidoiy rahbari Gulsanam Norova shu tashkilotda ishlash taklifini bildirdi. Yosh kadr sifatida o‘zim aynan bu sohani mukammal o‘rganishga, yangi biznes g‘oyalar ishlab chiqishga, o‘z bilim va salohiyatimni namoyon qilishga bel bog‘ladim. Ustozlarim ko‘magi ila viloyat “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbariga aylandim. Markazimiz olis hududlardagi xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularni zamon bilan hamnafas ruhda barcha yangiliklardan xabardor qilib borish, ilm olishi, o‘qishi, izlanishi uchun beminnat ko‘magimizni berishdan iborat. Shuningdek, turli muammoli vaziyatlarga tushib qolgan xotin-qizlarimizga psixologik, huquqiy ko‘mak berishni ham maqsad qilib olganmiz. Iqtidorli, iste’dodli qizlarni yuzaga chiqarish esa asosiy vazifalarimizdan biridir. Bugungi kunga qadar mahallalardagi turli ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlardan tashqari tashkilotimiz tomonidan 316 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlar o‘qitilib, shundan 79 nafariga hokim yordamchilari tavsiyasi asosida imtiyozli kredit va subsidiya ajratilishiga ko‘mak berilgan bo‘lsa, 21 nafari mavsumiy ishga, 8 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Olib borayotgan ishlarim, qaryib 3 yillik mehnatimiz, kichik tajribalarimiz davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, joriy yilda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Bu esa menga o‘zgacha g‘urur va iftixor baxsh etdi. Yangidan yangi g‘oyalar va maqsadlarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi. Faxr ila ayta olamanki, bugun go‘zal bir oilaning bekasiman. Ham oilamning, ham jamiyatning yetkachi ayoli bo‘lishga harakat qilyapman. Sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova aytganidek: Ayol kulib turib o‘lishi mumkin, Dunyoni olishi mumkin jilmayib. Qiz bola dunyoga kelar ekan, yelkasida ulkan bir mas’uliyat turadi. Oila sha’ni, ota-ona nomusi, aka-uka g‘ururi. Biz odatda qizlarimizni shu jihatdan tayyorlab boramiz. Ular faqatgina oila qurishi, farzand tarbiyalashi kerak bo‘lgan qarashlar singdirilgan holda kamol topadi. Biroq bu qarashlarni unutmagan holda kelajagi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun harakat qilayotgan qizlarimizni kashf etish asosiy maqsadim. Chunki yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillarigina yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, yuksak ma’naviyatli kelajak-avlodni tarbiyalay oladi. Kollejimiz direktorining ko‘magi bilan farroshlikka ishga kirdim va to‘qqiz oy deganda otamga velosiped sovg‘a qildim. O‘sha kuni otamning judayam xursand bo‘lib, bolalarcha hovlini aylanib chiqqanini ko‘rib, bundan-da katta yutuqlarga erishish lozimligini anglaganman.