2531ta natija
23.4.2026 537
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi asosida yurtimizda bosqichma-bosqich elektron hukumat tizimi joriy etilmoqda. Bu jamiyatda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatgan holda endilikda xalqimiz davlat xizmatlari, ijtimoiy xizmatlar sohalaridan hech bir murakkab-liksiz, uydan chiqmagan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-sonli “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror shu ma’noda muhim ahamiyatga ega. Zero, mazkur hujjatning qabul qilinishi endilikda xorijda olingan ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlarni ortiqcha qiyinchiliksiz tan olinishi (nostrifikatsiyasi) bo‘yicha hujjatlarni yuborish va qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bugun Oliy attestatsiya komissiyasida mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot tashkilotlari mas’ullari uchun amaliy seminar o‘tkaziladi. Unda ilmiy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov kirish so‘zi bilan ochar ekan, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi qat’iy intilish va ta’lim, ilm-fan sohasidagi tub islohotlar samarasida yoshlarimiz nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta’lim dargohlarida o‘qib, ilmiy faoliyati asosida ilmiy darajalarga sazovor bo‘layotgani bilan bir qatorda ilg‘or tajribali xorijiy mutaxassislarning ham Vatanimiz oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatishiga rag‘bat uyg‘otayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shu ma’noda, “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror o‘z vaqtida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shundan so‘ng “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosi ta’minlashdagi vazifalar xususida Z.Tadjixodjayev tomonidan amaliy tavsiyalar berildi. Unda mazkur qaror asosida xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida ilmiy-pedagogik xodimlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilgani sanab o‘tildi. Ochiq muloqotlar asosida o‘tgan seminarda oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar ilmiy kotiblari tomonidan oliy attestatsiya tizimiga tatbiq etilayotgan yangiliklar va mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq savollariga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
8.4.2026 976
8-aprel kuni Oliy attestatsiya komissiyasida I chorak yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkaziladi va journalist va faollarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. So‘nggi yillarda mamlakatda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, uning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida attestatsiya jarayonlari soddalashtirilib, ortiqcha byurokratik bosqichlar qisqartirilgan. Tizim bosqichma-bosqich raqamlashtirilgani esa jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida OAK qarorlariga muvofiq 1081 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD), 192 nafari esa fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlandi. Bu ko‘rsatkichlar ilmiy faoliyatga qiziqish ortib borayotganini va ilmiy maktablar rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 652 nafar talabgorga ilmiy unvonlar berildi. Ularning 483 nafari dotsent, 133 nafari professor va 36 nafari katta ilmiy xodim sifatida tasdiqlangan. Hisobot davrida xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida ham muhim natijalarga erishildi. Xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan 26 ta ilmiy daraja diplomi nostrifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, 18 ta falsafa doktori (PhD) diplomi to‘g‘ridan to‘g‘ri fan doktori sifatida tan olindi. Bu esa milliy ilmiy tizimning xalqaro standartlarga moslashib borayotganidan dalolat beradi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. I chorak davomida kelib tushgan 99 ta murojaatning barchasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularga tegishli javoblar berilgan. Bu esa tizimda murojaatlar bilan ishlash mexanizmi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ilmiy jamoatchilik bilan bevosita muloqotlarni kuchaytirish maqsadida hududlarda uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil etilgan. 12 ta hududda o‘tkazilgan uchrashuvlarda 3 mingdan ortiq ishtirokchi qamrab olinib, yuzlab savollarga tushuntirish berilgan. Bir qator tadqiqotchilarga joyida uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan. Bir muhim jihatga e’tibor qaratish kerak: normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq himoyaga qo‘yilgan barcha dissertatsiyalar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar belgilangan tartibda amaliyotga joriy etilgan. Bu esa ilmiy ishlanmalar faqat nazariy darajada qolmay, amaliy sohalarga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi. Ma’lum qilinishicha, ilmiy ishlarni palagiat tekshiruvidan o‘tkazishda endi sun’iy intellektdan ham foydalaniladi. Bu jarayon hali sinov bosqichida, ammo jarayon muvaffaqiyatli ketayotgani aytilmoqda. Yana bir yangilik tadqiqotlardagi kamchiliklarni tekshirish ilmiy ish himoyasiga qadar amalga oshirish tizimi joriy qilinib, ishlab kelayotgani bo‘ldi. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, kamchiliklarni vaqtida, samarali yechim bilan to‘g‘rilash imkonini yaratadi. Shuningdek, tadbir davomida OAK tomonidak kelgusida rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalib, takliflar ham eshitildi. Xususan, hamkor tashkilotlar, ilmiy-tekshiruv xulosa beruvchi komissiyalar bilan ishlashda aniq vaqt belgilangan mexanizm joriy qilish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy salohiyatni oshirish, attestatsiya tizimini takomillashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
14.2.2026 2211
Bugun deyarli har bir yoshning hayoti ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etilmaydi. Telegram, Instagram, Facebook yoki elektron pochtamiz — bu shunchaki akkaunt emas, balki shaxsiy hayotimiz, yozishmalarimiz, hujjatlarimiz va hatto moliyaviy ma’lumotlarimiz saqlanadigan makondir. Afsuski, so‘nggi yillarda akkauntlarni buzib kirish (xakerlik) holatlari tobora ko‘payib bormoqda. Ko‘pincha bu beparvolik sabab yuz beradi: shubhali havolaga bosish, noma’lum faylni yuklab olish yoki parolni boshqalarga aytib qo‘yish. Natijada esa akkaunt egasi nomidan yolg‘on xabarlar tarqatiladi, tanishlardan pul so‘raladi yoki shaxsiy ma’lumotlar oshkor bo‘lib ketadi. Agar akkauntingiz buzib kirilganini sezsangiz, avvalo vahimaga berilmang. Darhol parolingizni o‘zgartiring, barcha qurilmalardan chiqish (log out from all devices) funksiyasini yoqing va ikki bosqichli himoyani faollashtiring. Agar tiklash imkoni bo‘lmasa, platformaning rasmiy qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Eng muhimi — tanishlaringizni ogohlantirib, sizning nomingizdan kelayotgan xabarlarga ishonmasliklarini so‘rang. Muhim tavsiyalar: Parolingiz oddiy bo‘lmasin. Tug‘ilgan sana yoki ism-familiya eng xavfli variant. Harflar, raqamlar va belgilar aralashmasidan foydalaning. Bir parol — hamma joyda emas. Har bir tarmoq uchun alohida parol qo‘ying. Shubhali havolalarga bosmang. “Siz yutdingiz”, “Akkauntingiz yopiladi” kabi xabarlar ko‘pincha tuzoq bo‘ladi. Ikki bosqichli himoyani yoqing. Bu sizning akkauntingiz uchun qo‘shimcha qalqondir. Begona qurilmalarda akkauntingizni ochmang. Agar ochgan bo‘lsangiz, albatta chiqib ketishni unutmang. Raqamli dunyoda xavfsizlik — bu ham madaniyat. Har bir yosh o‘z akkauntiga mas’uliyat bilan yondashsa, firibgarlik va xakerlik holatlarining oldini olish mumkin. Unutmang, ogohlik — eng kuchli himoya.
23.1.2026 2736
Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini hamda dunyo aholisining ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash har qachongidan dolzarb bo‘lib qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisi 10 mlrd kishiga yetadi. Hozirda dunyodagi mavjud 8 milliardga yaqin aholining qishloq xo‘jaligi hisobiga kun kechirayotgan qismi 2,6 milliard (33 % dan ortiq)ni tashkil etayotgan vaqtda, mavjud qishloq xo‘jaligi yerlarining 52 % kuchli degradatsiyaga uchragan. Bu kabi global masalalar ortidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, yerdan belgilangan maqsadlarda foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati yanada oshadi. Jahonda yuz berayotgan iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarning ortib borishi iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi sohasi bilan bir qatorda insoniyatning barqaror kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘diradi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar ta’sirini kamaytirish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlarining yaroqsiz holatga kelishi, yer resurslarining zararlanishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holati yomonlashishini yuzaga keltiruvchi omillarni har tomonlama chuqur o‘rganish, yangicha yondashuv va ilmiy-huquqiy yechim asosida samarador chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, Respublikamizda agrar sohani har tomonlama rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligi yerlarining hosildorligini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlar, konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq muddatli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu bevosita qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning davlatimiz uchun iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik ahamiyatidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlarida yetishtirilayotgan mahsulotlar aholi moddiy turmush tarzini yaxshilash, kundalik ehtiyojlarini qondirish bilan birgalikda davlat iqtisodiyotining yuksalishiga zamin bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli asarida “Qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish”, “Suv resurslari samaradorligini oshirish” ga milliy iqtisodiyotni rivojlantirish omili sifatida urg‘u berilgan bo‘lsa, “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish dolzarb vazifa ekanligi belgilandi. Mana shunday chora-tadbirlarni muntazam amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi sub’yektlarining yerga nisbatan munosabatlarni o‘zgartirilishiga, qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘z maqsadida foydalanilishiga, qonun talablariga rioya etmagan yerdan foydalanuvchilarga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilmoqda. Xuddi shunday maqsadda, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida fermer xo‘jaliklarining faoliyati tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda ayrim fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘z maqsadida foydalanilmasdan, boshqa maqsadda foydalanilayotganligi, bog‘ uchun ajratilgan yer maydonlaridagi bog‘ qarovsiz holatdaligi aniqlangan va holat yuzasidan tumandagi yer nazoratiga mas’ul takshilot xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan va qishloq xo‘jalik sub’yektiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirishlar berilgan. Biroq, amalga oshirilgan choralar samarasiz yakunlangach qishloq xo‘jalik sub’yektlariga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlarini bekor qilish ya’ni, tuman hokimiyati bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish yuzasidan Nurafshon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilingan. Vaholangki, taraflar o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasida yerdan uning belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishni tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni qo‘llash, o‘z xo‘jalik faoliyati natijasida hududdagi ekologik vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlari, shuningdek ekinlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlari shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarda foydalanilishi amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha kelib chiqadigan oqibatlari bilan birgalikda ijara shartnomasini qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4246-sonli Qarorida 2019-yil 1-avgustga qadar mavjud mevali bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini har bir fermer xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi korxonasi kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz bog‘lar o‘rnida iqtisodiy samarador yangi bog‘lar barpo etish belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda ham bekor qilinadi. Sud muhokamasi jarayonida tumandagi mutasaddi idoralar vakillari tomonidan tuzilgan dalolatnomadan javobgar tomonidan unga ajratilgan yer uchastkasidan belgilangan maqsadda to‘liq va o‘z maqsadida foydalanilmayotganligi, yer maydonlari qarovsiz holga tashlab qo‘yilganligi holatlari o‘z isbotini topganligi sababli, javobgarlarning tuman hokimi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi va yerdan foydalanuvchilarning yerga bo‘lgan huquqlari bekor qilindi. Zero, amaldagi Qonunlarning talabiga rioya etmaslik belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarining belgilangan maqsadlarda foydalanish farovon kelajak garovi hisoblanadi.
15.1.2026 2873
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish va o‘rganish bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasida amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi – mamlakatimiz siyosiy hayotida eng muhim voqealardan biri ekanligi, unda yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish borasida yirik tashabbuslar ilgari surilib, kelgusi yillardagi eng muhim vazifalar belgilab berilgani barchamiz uchun dasturulamal ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng Murojaatnomada belgilangan va 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishning ahamiyati xususida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, tarix fanlari doktori A.Mavrulov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Sh.Allayorov hamda Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori B.Gʻiyosov ma’ruza qildi. E’tiborlisi, ma’ruzachilar tomonidan mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni izchil davom ettirishda har bir yurtdoshimizning faol ishtiroki muhim o‘rin tutishiga alohida e’tibor qaratildi. Darhaqiqat, murojaatnomada qayd etilganidek, “Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashashidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak. Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”. Albatta, ushbu rivojlanish odimlarida barcha soha xodimlari qatorida ilm-fan ahlining ham o‘z sohalarida fidokorona mehnat qilishlari va izlanishlari taqozo etilishi tabiiy. Zero, Vatanimizni rivojlangan ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.” Shunga ko‘ra, oliy attestatsiya tizimini ilg‘or xalqaro tajribalarga muvofiq holda transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar izchil olib borilayotgani ta’kidlanib, amalga oshirilayotgan maqsadli vazifalar yuzasidan axborot berildi. Tadbirda oliy attestatsiya komissiyasi xodimlari faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan Murojaatnomaning halqimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va farovonligini oshirishdagi ahamiyat, ilm-fan sohasidagi yangiliklar hamda kelgusi vazifalarga doir fikr-mulohozalar bildirildi.
5.1.2026 3079
2026-yil 19-yanvar kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 151 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Konferensiya doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy maqolalar qabul qilinadi: — Mahmudxo‘ja Behbudiyning publitsistik merosi va uning bugungi ahamiyati; — Jadid matbuotining milliy jurnalistika taraqqiyotidagi o‘rni; — Zamonaviy jurnalistika: tendensiyalar, yangi formatlar, ijtimoiy media va sun’iy intellekt. Konferensiya uchun tayyorlangan maqolalar 2026-yil 15-yanvarga qadar qabul qilinadi. Maqolalar belgilangan talablarga muvofiq elektron shaklda konfrensiya151@gmail.com elektron pochta manziliga yuborilishi lozim. Qo‘shimcha ma’lumotlarni quyidagi telefon raqamlari orqali olish mumkin: +998 97 432 99 23 (WhatsApp) +998 91 191 09 83