2520ta natija
14.7.2025 2719
Bugungi kun odami kechagidan ko‘proq biladi, ko‘proq eshitadi, ko‘proq ko‘radi, shunga qaramay, o‘zini ko‘proq yo‘qotadi ham. Hozirgi raqamli jamiyatga shunchalik singib ketgan bir holat borki, ko‘pchilik uni “shunchaki tashvishlanish”, “yoqimsiz holat”, “odatiy hissiyot” sifatida qabul qiladi. Gap FOMO haqida. Ya’ni biror muhim voqeadan, imkoniyatdan yoki yangilikdan bexabar qolib ketish qo‘rquvi. Kechki soat ikki, ammo siz hali uyquga ketganingiz yo‘q, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zingizga yoqqan blogerlarning hayotini kuzatib, videolarni ko‘rib yotibsiz. Shu payt xuddi sizdek behalovat do‘stingiz “Guruhga qara, shuncha gapdan qolib keting”, deb yozdi, buyuk bir kashfiyotdan bexabar qolgan insondek guruhga kirsangiz, minglab o‘qilmagan xabarlar. Bu payt vahima xuruji sodir bo‘ladi: “Endi nima deb suhbatga qo‘shilsam ekan, shunchasini o‘qib chiqqunimcha suhbat tugab ketadi-ku” deb boshingiz qotadi. Tanishmi bu holat? FOMO atamasini birinchi marta 2004-yilda amerikalik shifokor Dan Herman ishlatgan, biroq bu tushuncha keng ommaga Patrick J. McGinnisning 2013-yildagi “Harvard Business Review”dagi maqolasidan so‘ng tanila boshladi. U FOMOni “doimiy ravishda boshqa joyda, boshqa odamlarda yoki boshqa voqelikda nimadir yaxshiroq bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotir” deb ta’riflagan. Bugun FOMO ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘lanadi. Instagramda do‘stingiz dam olish yoki yangi marralarni zabt etish maqsadida xorij safarida, X tarmog‘ida hamkasbingiz yangi loyiha boshlagan, Telegramda kimdir nimadir qilyapti. Siz esa bu holatda telefonni o‘chirib qo‘yishga jur’at eta olmaysiz, ehtimol, shu safar aynan nimadandir qolib ketishingiz mumkin. Psixologik tadqiqotlarda FOMO asosan ijtimoiy taqqoslash nazariyasi (Social Comparison Theory) bilan bog‘liq. Bu nazariyani 1954-yilda psixolog Leon Festinger ishlab chiqqan bo‘lib, odamlar o‘zlarining ijtimoiy maqomini boshqalarnikiga qarab baholashga moyil ekanini ko‘rsatgan. Bu holat ba’zida ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelgan. 2020-yilda “Computers in Human Behavior” jurnalida chop etilgan tadqiqotda shifokor Andrew K. Przybylski shunday deydi: “FOMO shunchaki yoqimsiz hissiyot emas, u odamni doimiy ijtimoiy tarmoqda qolishga majbur qiluvchi mexanizmdir. Bu esa insonning hayotiy ehtiyojlari va qadriyatlarini ikkinchi o‘ringa tushiradi”. Magnit-rezonans tomografiya (MRT) orqali o‘tkazilgan tajribalarda FOMOga yo‘liqqan insonlarda dopamin ishlab chiqarish ortishi aniqlangan. Dopamin miyada va tanada tabiiy ravishda ishlab chiqariladigan gormon va aynan rag‘bat hissi bilan bog‘liq neyrotransmitter hisoblanadi. Odam FOMO orqali yangi ma’lumotga ega bo‘lishda o‘ziga “psixologik rag‘bat” beradi, lekin bu vaqtincha va keyin asosan ichki notinchlik bilan almashinadi. 2023-yil hisobotiga ko‘ra, 16-29 yosh oralig‘idagi foydalanuvchilarning 69 foizi ijtimoiy tarmoqlarni “biror narsani o‘tkazib yubormaslik, doimiy ravishda e’tibor markazida qolish” uchun tez-tez tekshiradi. FOMO nafaqat ruhiy holatga, balki ijtimoiy hayotga, mahsuldorlikka, hattoki inson o‘zini qanday anglashiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Esseks universiteti tadqiqotida bir haftalik “ijtimoiy tarmoq detoksi”da (ijtimoiy tarmoqdan tanaffus) qatnashgan talabalarning 73 foizining ruhiy holatida yaxshilanish sezilgan. Biz ham kichik tadqiqot sifatida kishilar bilan suhbatlashib ko‘rdik, Muharramoy Egamberganova, 20 yoshda, Toshkentda yashaydi. U deyarli har kuni TikTok va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda kamida 3-4 soat vaqt o‘tkazadi. U bilan suhbatlashganimda shunday dedi: – Do‘stlarim har kuni yangi postlar, “story”lar joylashadi. Kimdir Dubayda, Misrda, kimdir yangi telefon olgan, sovg‘a qilingan qimmatbaho narsalar, taqinchoqlarni sur’atga olib ulashadi. Men ular joylaganlarini ko‘rmasam, go‘yoki ular bilan muloqotda o‘zimni noqulay, e’tibordan chetda his qilaman… Shu odat tuifayli o‘qishimga ham diqqatimni jamlay olmay qolaman. Yolg‘iz Muharramoy emas, minglab, millionlab yoshlar shu bosim ostida yashayapti va ular bunga o‘rganib qolgan, lekin zararini anglamaydi. Nafaqat yoshlar orasida, kattalarning ish faoliyatida ham “karyera FOMOsi” uchrab turadi. G‘olib Xudoyberdiyev, 45 yoshli dasturchi, o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan, bir necha loyihalar rahbari hamda asoschisi, lekin har safar “LinkedIn”da boshqalarning yangi lavozimlari yoki kurslar tugatilgani haqida post ko‘rsa, o‘zini ortda qolgandek his qiladi: – Men o‘z sohamning ilg‘or mutaxassisi edim, ammo hozirgi kunda yangi dasturlar, texnologiyalar rivojlanib ketmoqda va har kuni kimdir yangi bosqichga o‘tganini ko‘rsam, birdan shubhalanaman: “balki, men orqada qolgandirman?”. Bu esa professional FOMO, raqobatga asoslangan, o‘zgarishlar ortidan quvishga majbur qiluvchi his. Bu haqda psixolog Susan Albers shunday deydi: “FOMO insonni hozirgi hayotidan norozi qiladi, uni mavjud real hayotdan olib chiqib, tasavvuriy yaxshiroq hayotga bog‘lab qo‘yadi”. FOMOdan JOMOga Harvard Biznes maktabining 2016-yilgi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, odamlar o‘zlarini doim boshqalar bilan solishtirganda baxt darajasi keskin pasayadi. Har safar shunday holatni boshingizdan o‘tkazsangiz, o‘zingizning buguningizni kechagi holatingiz bilan solishtiring. Bu esa o‘zgarishni anglash rag‘batini oshiradi. Penn State universitetining treningida haftasiga 30 daqiqagacha ijtimoiy tarmoqdan foydalanish FOMO va depressiyani sezilarli kamaytirishi aniqlangan. Bu tajribani uy sharoitida ham qo‘llasa bo‘ladi. Buning uchun mobil qurilmangizda “Do Not Disturb” (DND) rejimidan foydalaning, shunda ko‘p foydalaniladigan ilovalaringiz sizga har xil xabar va bildirishnomalar yuborishdan to‘xtaydi. Kundalik foydalanish vaqtini kamaytirish ham samara beradi, masalan, 20-30 daqiqagacha. 2021-yilda London universitetida mutaxassislar yaxshi odatlarni rivojlantirish maqsadida o‘rtacha 66 kunlik sog‘lom psixologik mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu vaqt davomida bir inson butunlay boshqa bir insonga aylandi, ya’ni ijobiy tomonga. Kuniga 10 betdan kitob o‘qishni boshlaydi, haftalik maqsadlarni yozib borish va unga erishish, shaxsiy fikrlar va hayotiy voqealarni yaqin insonlar bilan bo‘lishishni o‘rganadi. Asosan endi ular FOMO (fear of missing out) emas, JOMO (joy of missing out) bilan yashashni boshlaydi. JOMO atamasi FOMO tushunchasiga teskari qo‘yiladi: hayotda sodir bo‘layotgan hamma narsada qatnashishga hojat yo‘qligini tushunib yetish va o‘z hayotidan zavq olish.
31.5.2025 3821
Yoshlar orasida psixologiyaga qiziquvchilar soni ortmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi har 10 ta kontentdan kamida bittasi inson xarakteriga bog‘liqligidan bilsa bo‘ladi. “Siz haqingizdagi 5 ta fakt”, “Quyidagi do‘st turlaridan qaysi biriga kirasiz?”, “Falon filmdagi qaysi qahramon sizga mos tushadi?” kabi sizni so‘rovnoma oxirigacha borib, natijani bilishga undaydigan, so‘nggi javobni ko‘rganda esa yoqangizni ushlab, “xuddi mening o‘zim-ku” deyishgacha olib boradigan testlar bora-bora ishonchga kiryapti. Nahotki, 8 milliard odamning hammasiga mos keladigan savolnoma bo‘lsa yoki odamlar shunchalik aqlli bo‘lib ketganmi? Bunday testlar tarixi XIX asrga borib taqaladi. “Yer yuzidagi eng buyuk shou” nomli sirk truppasi Amerika bo‘ylab gastrol uyushtiradi. Uning tomoshalari kamyob hayvonlari-yu g‘aroyib odamlari va xavfli tryuklari bilan nom qozongan edi. Lekin tomoshabinlarning e’tiborini tortgani boshqa bir chiqish edi. Tomoshaning o‘rtasida sochiga oq tushgan, salobatli qariya chiqib, qo‘li bilan ko‘rsatgan odamlarining hayotini aytib bera olardi. Shou tamom bo‘lgandan keyin o‘sha odamlardan aytilgan fikrlar qanchalik to‘gri ekanligi so‘ralsa, “Aytganlarining barchasi chin” degan javob olinardi. Yer yuzidagi hamma odam haqida barcha narsani biladigan inson esa Finnies Barnum edi. Uning qilgan ishlari sizga sirli va aql bovar qilmas bo‘lib tuyulsa-da, oddiygina usul yordamida odamlarni chuv tushira olgan. Bir-biridan qiziqarli chiqishlar bilan chalg‘igan tomoshabinlarga shaxsiy bo‘lib tuyulgan, lekin ommaga mos keladigan gaplardan foydalanib ta’rif bergan. Masalan, “siz ichki dunyoyingizni ko‘pchilikdan yashirsangiz ham, ba’zi odamlarning oldida shaxsiyatingizni to‘liqligicha ocha olasiz” singari. Barnum inson psixologiyasini yaxshi tushungan, odamlarning umumiylikka to‘g‘ri keladigan tomonlarini ishonarli ko‘rinishda yetkazib bergan. Shu sababli ham 1956-yilda psixolog Paul Mehl o‘zining “Yaxshi retseptlar kitobi qidirilmoqda” degan kitobida yuqoridagi usulni “Barnum effekti” deya nomlagan. 1948-yilda esa Bertram R.Forer bu usulni tajribada qayta isbotladi. Forer o‘zining psixologiya yo‘nalishida o‘qiydigan talabalariga “Diagnostik qiziqishlar blanki” nomli test tarqatib, uni o‘zlariga to‘g‘ri qilib yechishni aytadi. Bir haftadan so‘ng test javoblarini tarqatib, ularni hech kimga ko‘rsatmasliklarini va yakuniy natija ularga qanchalik mos tushganini baholashlari haqida ko‘rsatma berdi. Lekin Forerning bergan hisobotlarining bari bir xil bo‘lib, ularni ertalabki “munajjimlar bashorati”dan yig‘ib kelgan edi: “Siz o‘zingizni tanqid qilishga moyilsiz”, “Tashqaridan tartibli va o‘zini nazorat qila oladigan bo‘lib ko‘rinsangiz ham, aslida ta’sirchansiz”, “Sizda hali foydalanilmagan katta salohiyat bor”, “Ba’zi paytlarda kirishimli, katta jamoalarda bo‘lishni xohlasangiz, boshqa vaziyatlarda esa kamgap va tortinchoqsiz”. 39 nafar talaba 0 dan 5 gacha bo‘lgan shkalada o‘rta hisobda testning aniqligini 4,3 deb baholagan. Tajribadan kelib chiqib, Forer buni ishonuvchanlik bilan bog‘ladi. Odamlar shunchalik oddiy tuzoqqa ham nega laqqa tushadi? Sababi: Odamlarga o‘z fikrlari va e’tiqodiga mos keladigan axborot kerak. Unday ta’riflarni qabul qilishi va ishonishi nistaban ancha tez va oson kechadi. To‘g‘ri kelmaganlarini esa shunchaki e’tiborga olmaydi. Savollardagi “Ba’zida...”, “...ga moyilsiz” kabi so‘zlar bilan chalg‘itib, fikrni o‘ziga nisbatan to‘g‘ri deb qabul qilishga undaydi. Misol tariqasida keltirilgan “Ba’zida siz o‘zingizga haddan tashqari ko‘p ishonasiz, lekin doim ham unday bo‘lmaydi” degan bayonotni 95 foiz odam o‘ziga tegishli deb qabul qiladi. Turli shaxsiyat testlarining savollari va variantlari mavhum va noaniq yozilgan bo‘ladi. Bu esa gapning ma’nosini o‘ziga mos qilib chiqarib olishingizga majburlaydi. Ya’ni odamlar test savollari va shaxsiy hayoti orasidagi tasodiflardan foydalanib, barchaga tegishli ma’lumotlarni o‘zlariga shaxsiylashtiradi, keyinchalik esa uni tasdiqlaydi. Insonlar tanqidni yomon ko‘radi. Shu sababli ham pozitiv ruhdagi, ijobiy gaplarga salbiylariga qaraganda ko‘proq ishonadi. Testni omma keng qabul qilinishi uni qanday qilib yetkazishga ham bog‘liq. So‘zlovchining tinglovchilarga qarata ishonch va kuchli intonatsiya bilan gapirishi, aslida yo‘nalishi boshqa lekin mashhur shaxsning tavsiyasi, so‘rovnomada qatnashgan odamlar soni va ular tarafidan qoldirilgan izohlarning ham ta’siri katta bo‘ladi. Barnum effektining ta’sir doirasi katta – siz uni faqatgina savolnomalarda uchratmaysiz, munajjimlar bashorati shu usul ustiga qurilgan. Buni motivatsion nutqlar va o‘z-o‘zini rivojlantirish kitoblarida ham uchratish mumkin. “Siz uchun maxsus”, “Avval ko‘rganlaringiz asosida” deya sizga taklif etiladigan mahsulotlar ham marketingda ushbu effektdan foydalanishdir. Bu effektning qurboniga aylanmaslik uchun tanqidiy fikrlashni rivojlantirish zarur. Umumiy va keng qamrovli ta’riflarni anglash va ularga shubha bilan qarash orqali odamlar ma’lumotlarni tahlil qila boshlaydi. Biron-bir testni ishlashdan avval faqat bir manbaga ishonib qolmasdan, turli ishonchli saytlardan qayta tekshirib ko‘rish, mutaxassis tavsiyasi bilan ish ko‘rish maqsadga muvofiq. Inson o‘zini bilishga intilishi e’tirofga loyiq. Lekin uning Barnum effektiga to‘la shaxsiyat testlari bilan noto‘g‘ri shakllanishi keyinchalik salbiy oqibatlar olib kelishi mumkin. Odam hali hayot ekan, rivojlanishdan, o‘zgarishdan to‘xtamaydi. Shu sabab uning to‘liq xarakterini, turmush tarzini ochib beradigan yagona savolnomaning mavjudligi haqiqatdan yiroq. O‘zlikni anglashga eng to‘g‘ri yondashuv malakali psixologlar bilan ishlash, hayot tajribalarini tahlil qilish va o‘z-o‘zini maqsadli kuzatishdir.
31.5.2025 3832
Ba’zida o‘zingizni “Men bu muvaffaqiyatga loyiq emasman” deb his qilganmisiz? Yoki imtihonda yaxshi baho olsangiz ham, uni faqat omad deb o‘ylaganmisiz? Bu holat imposter sindromi deb ataladi – o‘z yutuqlarini qadrlay olmaslik va doimiy ravishda o‘ziga shubha bilan qarash. Bugungi kunda “imposter sindromi” atamasi ruhiy salomatlik, o‘zini anglash, shaxsiy muvaffaqiyat va ijtimoiy bosim haqida gap ketganda ko‘p eslatiladi. Biroq bu tushuncha birdaniga paydo bo‘lmagan — uning ortida ilmiy kuzatuv, ijtimoiy kontekst, va ayollarning jamiyatdagi o‘rniga oid chuqur tahlil yotadi. 1970-yillar Amerika — feminizm to‘lqini, ayollarning mehnat bozoridagi o‘sishi va gender rollariga qarshi kurash kuchaygan davr edi. Aynan shu jarayonda psixologlar Pauline Rose Clance va Suzanne Imes e’tiborini bir o‘ziga xos holat tortdi: ularning bemorlari orasida yuqori malakali, ko‘p yutuqlarga erishgan ayollar bo‘lsa-da, ular o‘zlarini “aslida bularning hech biriga loyiq emasman”, “meni haddan ortiq baholashyapti”, “tez orada meni fosh qilishadi” kabi fikrlar bilan qiynalayotgandilar. Clance va Imes bu kuzatuvni chuqurroq o‘rganishga qaror qilishadi va 1978-yilda o‘zlarining mashhur maqolasi —“The Impostor Phenomenon in High Achieving Women: Dynamics and Therapeutic Intervention”ni ya’ni “Yuqori muvaffaqiyatga erishgan ayollarda firibgarlik hodisasi: dinamika va terapevtik aralashuv”ni chop etishadi. Mazkur maqola “Psychotherapy: Theory, Research & Practice” jurnalida e’lon qilinib, ilmiy hamjamiyatda katta siljish uyg‘otadi. Unda mualliflar bu sindromni asosan ayollarda kuzatilishini ta’kidlab, bu holat o‘z-o‘zini baholashdagi nomutanosiblik, ijtimoiy muammolar va bolalikdagi tarbiya bilan bog‘liq deb izohlaydilar. Atama o‘zida ikki kuchli ma’noviy yukni birlashtiradi: birinchisi — o‘ziga ishonchsizlik, ikkinchisi — fosh bo‘lish qo‘rquvi. Garchi sindromning dastlabki shakli ayollarga xos deb ko‘rilgan bo‘lsa-da, 1980-yilda bu holat erkaklar, talabalar, hatto taniqli olimlar va san’atkorlar orasida ham uchrashi isbotlandi. 1985-yilda Pauline Clance o‘zining “Clance Impostor Phenomenon Scale” (CIPS) — imposter sindromini o‘lchovchi psixologik testini ishlab chiqdi. Bu test orqali odamning o‘z yutuqlarini qanchalik inkor qilishi, o‘ziga ishonch darajasi va muvaffaqiyatni qanday qabul qilishi o‘lchanadi. 1990-yillarda imposter sindromi ustida ishlagan boshqa tadqiqotchilar — Harvey ve Katz (1985), Langford va Clance (1993) kabi olimlar bu sindromni ong osti darajasida shakllanadigan, ko‘p hollarda ota-ona tarbiyasi, o‘qituvchilarning bahosi, va jamiyatdagi mukammallikka bo‘lgan bosim bilan bog‘lashdi. Imposter sindromining 5 turi Valerie Young – imposter sindromini uzoq yillar o‘rganib, bu sindromga chalingan odamlar qanday fikrlashi va o‘ziga qanday talablar qo‘yishini tahlil qilib chiqqan psixolog. U o‘zining “The Secret Thoughts of Successful Women” (2011) kitobida imposter sindromining 5 asosiy turini aniqlaydi. Har bir tur – bu odamning o‘z yutuqlarini qanday inkor etishini va qaysi sohalarda o‘ziga nisbatan haddan tashqari talabchanligini ko‘rsatadi. Mukammallikni talab qiluvchi (The Perfectionist) Bu turdagi insonlar o‘zidan 100% mukammallik kutadi. Ular ishda eng kichik xatoni ham omadsizlik deb hisoblaydi. Yaxshi natija ham ularga yetarli emas – faqat “ideal” natija ularni qoniqtiradi. “Agar bu mukammal bo‘lmasa, demak, bu muvaffaqiyat emas.” Bu odatda kechikish, ishni ortiqcha cho‘zish (prokrastinatsiya), ruhiy charchash, va o‘ziga past baho berishga olib keladi. Ular doimo xatolikdan qo‘rqib, ishonch bilan harakat qila olmaydi. Tug’ma iqtidorli (The Natural Genius) Bu odamlar o‘zini aqlli, iste’dodli deb biladi, lekin bu salohiyat ularning nazarida tabiiy bo‘lishi kerak. Agar biror narsani tez va oson o‘rganolmasalar, bu ularning “aslida unchalik yaxshi emas”ligini anglatadi, deb o‘ylashadi. “Agar men bunga ko‘p vaqt sarflayotgan bo‘lsam, demak, bu menga to‘g‘ri kelmaydi.” Bunday odamlar yangi narsalarga kirishishga qo‘rqishadi, chunki muvaffaqiyat “mehnat bilan emas, tug‘ma iste’dod bilan” kelishi kerak, deb o‘ylashadi. Ular har qanday qiynalishni “meni bu yerga munosib emasman” degan ishonchsizlik bilan qabul qilishadi. Yakka bajaruvchi (The Soloist) Bu turdagi insonlar yordam so‘rashni kuchsizlik deb bilishadi. Ular: “Agar o‘zim mustaqil bajarmasam, bu mening muvaffaqiyatim emas,” deb hisoblaydi. Tashqi yordamsiz harakat qilishni ustun ko‘radi. “Agar yordam so‘rasam, odamlar mening haqiqatimni bilib qolishadi.” Bu turdagilar doim hammaning ishini o‘z bo‘yniga oladi, yordam so‘ramaydi, va natijada haddan ortiq yukni ko‘tarib charchab qoladi. Ular jamoada ishlashda qiynalishi mumkin. Mutaxassis (The Expert) Bu insonlar o‘zini “yeterli” deb his qilish uchun doimo ko‘proq bilim, ko‘proq tajriba talab qiladi. Ular har narsani o‘rganmasdan ishga kirishishni istamaydilar. “Hammasini bilmasam, ishga loyiq emasman,” degan fikrda bo‘lishadi. “Agar men hamma savolga javob bera olmasam, demak, bu yerda bo‘lishga haqqim yo‘q.” Ular doimiy o‘rganish holatida qolib ketadi, lekin hech qachon o‘zini tayyor his qilmaydi. Ish boshlashdan oldin ortiqcha tayyorgarlik ko‘rib, amaliyotdan ortda qolishadi. Superqahramon (The Superperson) Bu turdagi odamlar o‘zini isboti sifatida har sohada a’lo bo‘lishga harakat qilishadi – ishda, o‘qishda, do‘stlar bilan, oilada… Ular doimo o‘z ustida ishlaydi, dam olishga vaqt ajratmaydi va o‘zini ortiqcha bosim ostiga qo‘yadi. “Agar men eng zo‘r bo‘lmasam, demak men qiymatsizman.” Bu yo‘l oxir-oqibat ruhiy charchash, asabiylik va o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Ular muvaffaqiyatni faqat natija bilan emas, o‘zini qiynash orqali isbotlashga harakat qiladi. Valerie Youngning bu tasnifi shuni ko‘rsatadiki, imposter sindromi har kimda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Kimdir mukammallik ortidan quvadi, kimdir o‘zini aqlli ko‘rsatishga urinadi, yana kimdir hech kimdan yordam so‘rashni xohlamaydi. Har bir tur o‘ziga xos ruhiy bosimni hosil qiladi. Shuni anglash muhimki, bu sindrom — bu zaiflik belgisi emas, balki o‘ziga yuqori talab qo‘ygan va muvaffaqiyatni chuqur his qilishni istagan insonlar orasida keng tarqalgan holatdir. Tashxisni to‘g‘ri qo‘yish va tan olish — undan chiqish yo‘lini topishning birinchi qadami. G‘arbda imposter sindromi: individualizm va raqobat muhitidagi shubhalar Imposter sindromi haqida ilk bor eshitganimda, bu atama menga juda begona tuyulgandi. O‘zini “haqiqiy emas” deb his qilish, yutuqlarini inkor etish — bunday tuyg‘ular har kimda bo‘lishi mumkin deb o‘ylagandim, lekin bu holatning G‘arbda shunchalik keng tarqalgani meni hayratga soldi. Ayniqsa, individualizm ustuvor bo‘lgan jamiyatlarda odamlar o‘zlarini doimiy ravishda boshqalar bilan solishtirishga majbur bo‘lishi — bu sindromning ildizlaridan biri, deb o‘ylayman. Shaxsan o‘zim ham ba’zida erishgan yutuqlarimga nisbatan “balki bu shunchaki omad sabab” yoki “boshqalar mendan kuchli” degan fikrlarni boshimdan o‘tkazganman, ammo bu o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik emas, balki raqobatbardosh muhitda o‘z o‘rningni topish qanchalik murakkabligini anglatadi, deb bilaman. G‘arbda har bir inson o‘zini “alohida” ko‘rsatishga harakat qilgani sari, u o‘zini jamiyatdan uzoqlashtirib, ichki kurashga tushib qoladi. Shu yerda imposter sindromi boshlangan ko‘rinadi. G‘arb dunyosida, xususan, AQSh va Yevropada imposter sindromining shakllanishi 20-asrning ikkinchi yarmida, ijtimoiy o‘zgarishlar va gender tengligi uchun kurashlar davrida ro‘y bergan. Bu davrda ayollar va boshqa marginal guruhlar (masalan, etnik ozchiliklar) oliy ta’lim va professional sohalarga tobora ko‘proq kirib kela boshlagan. Biroq, ular ko‘pincha o‘zlarini “o‘z o‘rnida emas” deb his qilishgan, chunki jamiyatda ularning muvaffaqiyatlari stereotiplarga zid edi. Imposter sindromi dastlab ayollar orasida keng tarqalgan deb hisoblangan, bunga sabab gender tengligi ya’ni ular professional sohalarda (masalan, akademiya, biznes, fan) o‘zlarini isbotlash uchun ko‘proq bosimga duch kelishgan, hayotdagi o’rnini topish maqsadida qancha urinishmasin baribir jamiyatdagi ayrim insonlar tomonidan haqoratlanishgan ham. Masalan, 1970-yillarda ayollar universitetlarda professorlik lavozimlarida yoki korporativ rahbarlikda kamdan-kam uchragan, bu esa ularda o‘zlarini “layoqatsiz” deb his qilishiga olib kelgan. G‘arb jamiyatlari individual yutuqlarga urg‘u beradi. Bu esa odamlarni doimiy ravishda o‘zlarini boshqalar bilan solishtirishga va o‘z muvaffaqiyatlarini shubha ostiga olishga undaydi. Imposter sindromi aynan shunday raqobatbardosh muhitda rivojlanadi, chunki odamlar o‘zlarini “yetarlicha yaxshi emas” deb his qilishadi. 20-asrning o‘rtalarida psixologiya sohasidagi tadqiqotlarning rivojlanishi imposter sindromini aniqlash va tasniflashga yordamlashdi. Klans va Imesning tadqiqotlari bu holatni aniq nomlash va tahlil qilish imkonini berdi. G‘arb olimlari, psixologlari fikriga yuzlanadigan bo’lsak, Amerikalik psixolog Kevin Cokley, u imposter sindromining afro-amerikaliklar va boshqa etnik ozchilik guruhlari orasida qanday namoyon bo‘lishini o‘rgangan. Uning tadqiqotlari bu sindromning irqiy va etnik identifikatsiya bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Imposter sindromi AQShda turli ijtimoiy qatlamlarda tobora keng tarqalayotgan holat bo‘lib, ayniqsa yuqori talab qo‘yiladigan kasblar va raqobat kuchli muhitlarda uning ko‘rinishlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tibbiyot sohasi — bu borada eng ko‘p e’tibor tortayotgan sohalardan biri. 2020–2021 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, AQShdagi shifokorlar orasida imposter sindromiga xos belgilar keng tarqalgan. Bu mutaxassislar o‘zlarining bilim va tajribalariga qaramay, o‘zlarini “haqiqiy mutaxassis emas” deb his qilishlarini bildirganlar. Natijada bu ularning professional charchoqka tezroq duchor bo‘lishiga, ishga bo‘lgan qoniqish darajasining pasayishiga va hatto ruhiy tushkunlik holatlariga olib kelmoqda. Kasbiy mukammallik talabi ularni o‘z yutuqlarini e’tirof etmaslikka, xatolardan ortiqcha xavotirlanishga majbur qilmoqda. Yosh mutaxassislar orasida ham imposter sindromi keng tarqalgan. 2025-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, amerikalik professional ishchilarning 71 foizi hech bo‘lmaganda bir marta o‘zini “bu yerga loyiq emasman” degan tuyg‘u bilan yuzlashganini bildirgan. Ularning ko‘pchiligi bu holatni o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik va o‘zini past baholash bilan bog‘lagan. Yangi muhitda, ayniqsa raqobat kuchli joylarda o‘zini namoyon qilish bosimi ularni ruhiy jihatdan tahlil qilishga majbur qiladi, bu esa imposter sindromining asosiy belgilaridan biridir. Silicon Valley misolida, texnologik rivojlanishning eng oldingi saflarida turgan mutaxassislar ham bu sindromdan xoli emaslar. Innovatsiyalar doimiy yangilanib borayotgan sharoitda, texnologiya sohasidagi xodimlar o‘z bilimlari “yetarli emas” deb hisoblashlari mumkin. Bu ayniqsa dasturchilar, IT mutaxassislari yoki startap asoschilari orasida keng tarqalgan bo‘lib, ular o‘z tengdoshlaridan ortda qolib ketishdan qo‘rqib, o‘z yutuqlarini kam baholashga moyil bo‘ladilar. Har bir yangilik yoki muvaffaqiyat ortida yangi savollar, yangi talablar turadi, bu esa o‘z-o‘zini doimiy ravishda shubha ostiga olish holatini kuchaytiradi. Bugungi kunda Buyuk Britaniya jamiyatida bu sindrom jiddiy psixologik muammo sifatida ko‘rilmoqda. Ishchi kuchi orasida, ayniqsa ayollar va ijtimoiy jihatdan marginal guruhlar orasida bu holatning keng tarqalayotgani kuzatilmoqda. 2023-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi ishchilarning yarmi, ya’ni 50 foizi — o‘zlarida imposter sindromi belgilarini sezganini bildirgan. Bu raqam, raqobatbardosh mehnat bozorida inson o‘zini doimiy ravishda baholashga va solishtirishga majbur bo‘layotganidan dalolat beradi. Qizig‘i shundaki, bu his-tuyg‘ular ayollar orasida (54%) yanada kengroq tarqalgan. Ular o‘z yutuqlarini inkor etishga, o‘zlarini “haqiqatda bu lavozimga loyiq emasman” deb his qilishga moyil bo‘lgan. Bundan tashqari, LGBTQ+ jamoasi a’zolari orasida ham imposter sindromi sezilarli darajada uchraydi. Bu guruh vakillari ko‘pincha o‘z shaxsiyati va ijtimoiy qabulga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasida kurash olib borishadi, bu esa o‘zini tan olish va qadrlashga to‘sqinlik qiladi. Ta’lim sohasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Garchi Harvard universiteti AQShda joylashgan bo‘lsa-da, u xalqaro miqyosda, jumladan, britaniyalik talabalar ishtirokida ham o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslanadi. Tibbiyot va stomatologiya fakulteti talabalari orasida imposter sindromining keng tarqalganligi aniqlangan. Talabalarning, ayniqsa ayollarning, o‘z bilim va qobiliyatlariga shubha bilan qarashi, dars jarayonida o‘zini boshqalarga nisbatan pastroq his qilishi — bu muammoning naqadar jiddiyligini ko‘rsatadi. Ayol talabalarda ishonchsizlik, muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rquv va atrofdagilarning bahosiga haddan tashqari bog‘liqlik holatlari tez-tez uchraydi. Buyuk Britaniyada mavjud ijtimoiy tengsizlik, gender stereotiplari va yuqori raqobat bosimi — imposter sindromining rivojlanishiga zamin yaratadi. Odamlar muvaffaqiyatni ichki ishonch bilan emas, tashqi omillarga yoki “tasodifga” bog‘lab tushunishda davom etsa, bu holat keng miqyosda ruhiy salomatlikka ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Yuqori ijtimoiy barqarorlik, tenglik va sog‘liqni saqlash tizimining mukammalligi bilan tanilgan Shvetsiyada ham imposter sindromi muammosi e’tibordan chetda qolmagan. Ayniqsa, tibbiyot sohasida ta’lim olayotgan talabalar orasida bu holatning keng tarqalganligi 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shved tibbiyot talabalari o‘zlarini ko‘pincha “bu sohada bo‘lishga loyiq emasman” degan ichki shubha bilan qiynashadi. Bu holat ayniqsa ayol talabalar orasida ko‘proq uchraydi. Ular nafaqat o‘z bilimlariga shubha bilan qarashadi, balki akademik bosim va jamiyatdagi yuqori kutilmalar tufayli o‘zlarining psixologik barqarorligini yo‘qotish xavfiga ham duch kelishadi. Imposter sindromi ularning psixologik chidamliligiga bevosita ta’sir qilmoqda — ya’ni stressga bardoshlilik pasayadi, o‘zini boshqalar bilan doimiy ravishda solishtirish hissi kuchayadi va ichki motivatsiya zaiflashadi. Garchi Shvetsiya jamiyati tenglik va ruhiy salomatlikni qadrlashga intilsa-da, yuqori raqobatli sohalar, ayniqsa tibbiyot fakultetida, talabalar orasida o‘z-o‘zini qadrlash muammolarini yuzaga keltirishi mumkin. Bu vaziyat shuni ko‘rsatadiki, eng ilg‘or deb hisoblangan ta’lim tizimlarida ham inson ruhiyati zaif nuqtalarda yordamga muhtoj bo‘ladi. Imposter sindromiga qarshi kurashish uchun nafaqat individual yondashuv, balki muhit darajasida ham sog‘lom qo‘llab-quvvatlash tizimlari zarur. O‘zini qadrlash madaniyatini rivojlantirish, ayniqsa yosh avlod orasida, bu sindromning salbiy oqibatlarini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. G‘arb mamlakatlarida-bu sindromning rivojlanishiga madaniy, ijtimoiy va tizimli omillar ta’sir qiladi. Olimlar bu holatni yengish uchun psixologik maslahatlar, kognitiv-behavioral terapiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tavsiya etishadi. Sharqda imposter sindromi: kollektivizm va ijtimoiy bosimning ta’siri Sharq jamiyatlarida ulg‘aygan inson sifatida imposter sindromi haqida o‘ylaganimda, bu holat faqat G‘arbga xos emasligini anglayman. Balki biz buni boshqa nom bilan atamaymiz, lekin “yashirincha” o‘zini past baholash, o‘z yutuqlariga nisbatan e’tiborsizlik — bular bizga ham tanish holatlar. Ayniqsa, ijtimoiy me’yorlar va kollektiv fikr kuchli bo‘lgan jamiyatda o‘zini “yetarli emas” deb his qilish juda ham tabiiy holga aylanib qolgan. Jamiyatda eng ko‘p o‘ylantiradigan narsa — bu atrofdagilarning kutganlariga javob bera olmaslik qo‘rquvi. Bizda ko‘pincha insonning yutuqlari o‘zidan ko‘ra boshqalarning bahosiga bog‘liq: ota-onaning faxri, ustozlarning ishonchi, jamoaning roziligi. Shaxsiy muvaffaqiyatlar ham ko‘pincha bu mezonlarga bog‘lab o‘lchanadi. O‘z vaqtida men ham qandaydir yutuqqa erishganimda, ichimda “ha, bu oddiy narsaku”, deb uni qadrlamaslik holatini ko‘p marta boshdan kechirganman. Sharqda imposter sindromi ko‘pincha sukutda yashaydi. Uni ochiq gapirish odat tusiga kirmagan, aksincha, inson o‘zini “kamtar” ko‘rsatishga intiladi. Ammo bu kamtarlik ortida ko‘p hollarda noaniqlik, ishonchsizlik va psixologik bosim yashirinadi. Ayniqsa, yoshlar orasida bu holat kuchli seziladi: ular har tomonlama “mukammal” bo‘lishga harakat qilishadi — yaxshi o‘quvchi, yaxshi farzand, yaxshi fuqaro. Xususan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va O‘rta Osiyo kabi mamlakatlarda imposter sindromining shakllanishi G‘arbdan farqli ravishda ko‘proq kollektivistik madaniyat va ijtimoiy ierarxiyaga bog‘liq. Sharq madaniyatlarida shaxsiy yutuqlardan ko‘ra jamoaviy muvaffaqiyat va ijtimoiy roldagi moslashuv muhim hisoblanadi. Sharq jamiyatlarida shaxs jamoaning bir qismi sifatida baholanadi. Bu esa odamlarni o‘z yutuqlarini shaxsiy emas, balki jamoaviy harakat sifatida ko‘rishga undaydi. Natijada, ular o‘zlarining shaxsiy hissalarini past baholashlari mumkin. Ba’zan jamoaviy yutuqlarda “mening hissam yo’q, shunchaki jamoa soniga turib berdim” degan o’ylovlar ularni qiynashi mumkin. Xitoy va Janubiy Koreyada ta’lim va karyera sohasida ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyat tomonidan qo‘yilgan yuqori talablar imposter sindromini kuchaytiradi, ya’ni yuqori ijtimoiy bosim. Masalan, talabalar o‘zlarini “yetarlicha yaxshi” deb his qilmasliklari mumkin, chunki ulardan doimiy ravishda eng yuqori natijalar kutiladi. Sharq madaniyatlarida kamtarlik yuqori baholanadi. O‘z yutuqlarini oshkora e’tirof qilish ko‘pincha “mag‘rurlik” sifatida qabul qilinadi. Bu esa odamlarni o‘z muvaffaqiyatlarini shubha ostiga olishga olib keladi. Sharqda imposter sindromi ko‘pincha “ijtimoiy yuzni saqlash” (face-saving) bilan bog‘liq. Masalan, Yaponiyada “tatemae” (ommaviy imidj) va “honne” (haqiqiy his-tuyg‘ular) o‘rtasidagi farq imposter sindromini yanada murakkablashtiradi. Odamlar o‘zlarining ichki shubhalarini yashirishga majbur bo‘lishadi, bu esa psixologik stressni oshiradi. O‘rta Osiyoda, masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar orasida imposter sindromiga o‘xshash ruhiy bosimlar tobora ko‘payayotgani sezilmoqda. Bu holat ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda yashayotgan “sun’iy(baxtli) hayot” ko‘rinishlari ortidan kelmoqda. Bugun 17 yoshli bola yoki qiz birinchi avtomobilini xarid qilib, uni blog tarzida ko‘rsatadi — bu o‘z-o‘zidan yomon emas, lekin buni hamma ham to’g’ri hazm qilmayapti. Masalan, kimdir oilasining ko‘magida yoki boshqa imkoniyatlar orqali qandaydir moliyaviy erkinlikka erishgan bo‘lishi mumkin. Biroq ekran ortida turgan o‘smir bu vaziyatni boshqacha qabul qiladi: “U 17 yoshida mashinada yurgan, men esa hali hech narsaga erishmaganman”, degan ichki shubha vujudga keladi. Bu esa asta-sekin imposter sindromi singari o‘zini past baholash, noto‘g‘ri solishtirish va o‘z hayotidan norozilikka olib keladi. Yana bir xavfli jihati shundaki, ba’zi tengdoshlar aynan shu mashhurlik va e’tibor uchun rol o‘ynay boshlashadi. Ular o‘zlarini “baxtli”, “boy”, “muvaffaqiyatli” ko‘rsatishga harakat qilishadi — aslida bu holat o‘zligidan uzoqlashish, yolg‘on imidj ortidan quvish degani. Natijada ichki muvozanat izdan chiqadi. Ko‘zga tashlanish uchun yashash — bu ruhiy salomatlikka eng katta zarba. Yoshlarni tushunsa bo’lar, ammo o’smirlarchi? 10-11-sinf o’quvchilari, xususan, ularning tengdoshlari Xalqaro til sertifikatini yuqori ko’rsatkichga topshirsa, SAT sertifikatini qo‘lga kiritsa yoki muddatdan oldin oliy ta’lim muassasasiga davlat granti bilan qabul qilinsa, ularda bu sindrom yanada kuchayadi va “Mening ham qo’limdan kelarmikan”, “Kirolmasam nima bo’ladi, hamma ustimdan kuladi-ku!” degan o’y-hayollar ularning ich-etini kemira boshlaydi Mahalliy madaniyatda “uyat” tushunchasi va ota-onalarning yuqori umidlari yoshlarni o‘zlarini doimiy ravishda yetarlicha yaxshi emas deb his qilishga olib keladi. Imposter sindromi bilan qanday kurashish mumkin? O‘z vaqtida men ham o‘zimni qandaydir muvaffaqiyatga erishganimda chin dildan quvonishni emas, balki ichimda “bu omad edi”, “boshqalar mendan yaxshiroq” degan shubhali ovozlarni eshitishni odat qilib olgan edim. Hatto eng yaxshi ishlarga ham boshqalar e’tirof bildirganda, o‘zimni u yerga loyiq emasdek his qilardim. Hozir o‘ylasam, bu sindromining eng aniq belgilaridan biri ekan. Endi bu holat bilan kurashishni o‘rganganim sayin tushundimki: o‘zimizga nisbatan adolatli bo‘lishni o‘rganmasak, ichki ishonch hech qachon mustahkamlanmaydi. Quyida imposter sindromi bilan ongli ravishda kurashish uchun samarali deb hisoblangan va vaqt davomida sinalgan 5 ta asosiy tavsiya: O‘z holatingizni tan oling — bu zaiflik emas, ongli yondashuvdir Imposter sindromi — bu har qanday inson boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan psixologik holat. Uni tan olish — o‘zingizni ayblash emas, aksincha, bu muammo ustida ishlashga tayyor ekanligingizni bildiradi. O‘z shubhalaringizni inkor etish o‘rniga, ularga yuzlaning. Masalan, “men bu natijaga erishdim, lekin o‘zimga ishonmayapman, nega?” — degan savolni o‘zingizga bering. Bu savol sizni chuqurroq tahlilga va muammoning ildizini anglashga boshlaydi. Yutuqlaringizni yozib boring — siz erishgan narsalar haqiqatdan muhim Ko‘p hollarda biz yutuqlarimizni arzimasdek ko‘ramiz, xuddi ular o‘z-o‘zidan yuz bergandek, ammo bu noto‘g‘ri qarash. Har qanday kichik g‘alaba — mehnat va harakat natijasi. Shuning uchun har kuni yoki har hafta erishgan biror natijangizni yozib boring. Bu oddiy “bugun prezentatsiyani ishonch bilan o‘qib berdim” degan yozuv bo‘lishi mumkin. Oradan vaqt o‘tgach, shu ro‘yxatga qaytganingizda, siz o‘zingizga nisbatan boshqacha ko‘z bilan qaraysiz. Ichki tanqidchini tan oling va uni “yolg‘onchi” sifatida fosh eting Har birimizning ichimizda bizni doimiy ravishda pastga tortuvchi ovoz bor. “Sen bunga loyiq emassan”, “ular xatolik qilib seni tanlashgan” — kabi fikrlar shu ichki tanqidchiga tegishli, ammo shu gaplarning qaysi biri faktlarga asoslangan? Har gal ichki tanqidchi ovoz berganida, o‘zingizdan so‘rang: “Bu haqiqatmi yoki faqat men o‘ylayotgan shubha xolosmi?” Vaqt o‘tgan sayin bu ovoz ustidan nazorat qilish osonlashadi va siz bu ichki tanqidchining hamma gaplariga ishonmaslikni o‘rganasiz. O‘z yo‘lingizni boshqalar bilan solishtirmang — har kimning vaqti va yo‘li boshqa Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda eng kuchli ta’sir manbai bo‘lib qoldi. Boshqalarning muvaffaqiyati sizning ustingizga bosim sifatida tushayotgan bo‘lsa, demak siz o‘z yo‘lingizdan chalg‘imoqdasiz. Esingizda bo‘lsin: kimdir 22 yoshida karerasida cho‘qqiga chiqadi, boshqasi esa 35 yoshida. Muhimi — siz o‘zingiz uchun to‘g‘ri bo‘lgan ritmda harakat qilayotganingizni anglash. O‘z salohiyatingizni solishtirish orqali emas, rivojlantirish orqali oching. Sog‘lom muloqot qiling va kerak bo‘lsa, yordam so‘rashdan uyalmang Ko‘pchilik imposter sindromi haqida gapirishni istamaydi, chunki bu ularni “zaif” ko‘rsatadigandek tuyuladi. Aslida, aksincha — his-tuyg‘ularingiz haqida ochiq gaplashish sizni kuchli inson sifatida ko‘rsatadi. Do‘stlaringiz, o‘qituvchilaringiz yoki psixolog bilan suhbatlashing. Hatto, shunchaki sizni tushunadigan bir inson bilan dildan suhbat qurishning o‘zi ham yengillik keltiradi. Yordam so‘rash bu taslim bo‘lish emas, bu o‘zgarishga tayyorlik belgisi. Imposter sindromi yurakda va ongda yashovchi jim ovozdir. U sizni o‘zingizni tan olishdan, yutuqlaringizdan quvonishdan to‘xtatishga urinadi. Lekin uni jim qilish o‘z qo‘lingizda. Har kuni o‘zingizga halol qarang, shubhalaringizga qarshi dalillar bilan yondashing va har bir kichik yutuqni tan olishni o‘rganing. Chunki haqiqiy ishonch tashqi e’tirofdan emas, ichki qoniqishdan boshlanadi. Imposter sindromi G‘arbning raqobatbardosh muhitida ham, Sharqning kollektivistik jamiyatlarida ham millionlab odamlarning hayotiga ta’sir qiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, 70% ga yaqin odamlar hayotlarining qaysidir bosqichida o‘zlarini “soxta” deb his qilishgan (Clance, 1985). Sharqda, masalan, Janubiy Koreyada talabalarning 60% dan ortig‘i o‘z yutuqlarini omadga bog‘lab, o‘zlarini yetarlicha malakali deb his qilmasliklarini aytishgan (Kim & Lee, 2020). O‘zbekistonda ham yosh avlod orasida o‘ziga ishonchsizlik va ijtimoiy bosim tufayli imposter sindromi keng tarqalmoqda. Ammo bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, siz yolg‘iz emassiz! Dunyoning istalgan burchagida – xoh u G‘arbning gavjum shaharlaridagi ofislar bo‘lsin, xoh Sharqning sinchkov ta’lim muassasalarida – millionlab odamlar siz bilan bir xil his-tuyg‘ularni boshdan kechirmoqda. Imposter sindromi sizning qobiliyatingizning chegarasi emas, balki insoniy tajribaning bir qismidir. O‘zingizga ishonchni mustahkamlash uchun kichik qadamlar tashlang: yutuqlaringizni yozib boring, o‘ziga xos kuchli tomonlaringizni e’tirof eting va o‘zingizni boshqalar bilan solishtirishdan voz keching. G‘arbda bo‘lsangiz, shaxsiy yutuqlaringizni nishonlashni o‘rganing; Sharqda bo‘lsangiz, jamoaviy muvaffaqiyatda o‘z hissingizni qadrlang. Eng muhimi, o‘z yo‘lingizda davom eting – chunki siz o‘z o‘rningizda ekansiz va bu o‘rinni faqat siz to‘ldira olasiz.
27.5.2024 10106
Insonning yoshi bir sayyoradan boshqa sayyoraga o‘tganda o‘zgaradi yoki boshqa sayyoraga o‘tsang, qariysan yoki, aksincha, yosharasan degan so‘zlarni eshitamiz. Aslida ham shunday. Biz Yer sayyorasida odam yoshini o‘lchashda vaqtning yil birligidan foydalanamiz. Har qanday sayyoraning o‘z o‘qi atrofida bir marta to‘la aylanishi uchun ketgan vaqt sutka deyiladi. Masalan, Yer uchun bir sutka 23 soat 56 daqiqa 4,9 soniyaga (24 soat) teng. Sayyoralarning markaziy jism atrofida (barcha sayyoralar uchun markaziy jism - Quyoshdir) bir marta to‘la aylanishi uchun ketgan vaqt yil deb aytiladi. Yer Quyosh atrofini 365 sutka 5 soat 48 minut 46 sekundda bir marta to‘la aylanadi va bu Yer uchun bir yildir. Sayyoralarning Quyosh atrofida aylanish davrlari har xil. Agar sayyora Quyoshga qancha yaqin bo‘lsa, ular orasida tortishish kuchi katta, shuning uchun sayyoraning Quyosh atrofida aylanish tezligi katta, bu esa yil davomiyligining qisqaligini anglatadi. Aksincha, sayyora Quyoshdan qanchalik uzoq bo‘lsa, u holda ular orasidagi tortishish kuchi kichik, shuning uchun sayyoraning Quyosh atrofida aylanish tezligi ham kichik bo‘ladi. Bu esa yil davomiyligining katta ekanligini bildiradi. Masalan, Merkuriy Quyosh atrofini 88 Yer sutkasida aylanadi. Demak, 88 Yer sutkasi Merkuriy uchun bir yilga teng ekan. Bundan Yer sayyorasidagi 20 yoshli kishining Merkuriy sayyorasi uchun yoshini hisoblasak, 83 Merkuriy yiliga teng. Biz quyida Quyosh sistemasidagi barcha sayyoralar uchun Yerdagi 25 yoshli kishining yoshini hisoblaymiz. Ko‘rinib turibdiki, odam Quyoshga yaqin sayyoralarda yoshi kattalashadi (qariydi), Quyoshdan uzoq sayyoralarda esa yoshi kamayadi (yosharadi).
27.2.2024 10912
International IQ test portali tomonidan 2023-ylgi reyting e'lon qilindi. Aniqlanishicha, Janubiy Koreya, Xitoy va Eronda yashovchi odamlar eng yuqori IQ darajasiga ega. Oʻzbekiston 80-o'rinda qayd etilgan. Natijalar nimaga asoslangan? Qayd qilinishicha, IQ test reytingi International IQ test portali orqali ixtiyoriy testdan o‘tgan odamlarning natijalariga asosan tuzilgan. 2023-yilgi hisobotga ko‘ra, 115 mamlakatdan qariyb 1,7 mln kishi bu testni topshirgan. Insonning o‘rtacha IQ darajasi 100 ballni tashkil qiladi. 100 dan yuqori qiymatlar o‘rtachadan yuqori, 100 dan past qiymatlar o‘rtachadan past deb hisoblanadi. IQ darajasi 70 balldan past bo‘lsa, aqliy zaiflik mavjudligini ko‘rsatadi. 2023-yilgi IQ darajasi reytingi quyidagicha: 1.Janubiy Koreya: 107,54 ball2.Xitoy: 106,99 ball3.Eron: 106,84 ball4.Yaponiya: 106,18 ball5.Singapur: 106,18 ball6.Avstriya: 102,71 ball7.Kanada: 102,6 ball8.Germaniya: 102,36 ball9.Sloveniya: 102,31 ball10.Mo‘g‘uliston: 102,3 ball 64. Qozog‘iston: 97,26 80. O‘zbekiston: 94,81 89. Qirg‘iziston: 93,46 97. Tojikiston: 92,1 Ro‘yxatning eng oxirida Gabon, Kongo, Angola, Kongo DR, Kot-d’Ivuar, Nikaragua va Gvatemala kabi davlatlar joy olgan.
24.2.2024 10328
Bu savolga javob topish uchun -lik va -li qo‘shimchalari haqida tushunchaga ega bo‘lishimiz kerak. -lik affiksi mavhum ot yasaydi. Maktabda o‘qigan bo‘lsangiz, ot so‘z turkumi kim? va nima? so‘roqlariga javob bo‘ladi. -li affiksi egalik belgisini bildiruvchi sifat yasovchilardan sanaladi. Maktab davriga qaytib, sifat so‘z turkumi qanday? va qanaqa? savollariga javob berishini eslaymiz. Endi savol: pulli (pullik) xizmat jumlasida birinchi so‘z o‘rniga so‘roq so‘z qo‘yib ko‘ring: — Qanday (qanaqa) xizmat? — Nima (kim) xizmat? Demak, bu holatga mantiqan qanday? so‘zi to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, shunga muvofiq sifat yasovchi qo‘shimchadan foydalanishimiz kerak. Sifat yasovchi qo‘shimcha esa -lik emas, -li! Demak: Pullik xizmat ❌ Pulli xizmat ✅