2520ta natija
7.11.2024 5936
Ona hasratdan ko‘zyosh to‘kkanida odamdan boshqa dunyodagi barcha maxluqot “qiyomat bo‘lyapti” deb dod-faryod urarkan... Tandirda non pishishini kutayotgan Sadafxon qo‘l yuvgich jo‘mrakning tepasiga ilingan toshoynadagi aksiga qarab turar edi: hayot sinovlari hammani ulg‘aytiradi, vaqti kelib qaritadi. O‘ttiz yil ilgari yosh, orzulari limmo-lim, ko‘zlari chaqnab turgan qishloq qizining ayni kunda ko‘zlari ma’yus, oyoqlari bemajol, shashti past. Bir paytlar sedana sepilgan nondek bo‘liq yuzlaridagi sepkillar, sog‘lom yuzlardan asar ham qolmagan: ikki chakkadagi ajinlar, qovoq ostidagi dog‘lar quyoshda kuygan yonoqlarini yanada bujmaytiribroq ko‘rsatardi. Ammo Sadafxonning kayfiyati chog‘ bo‘lishiga sabab bor – bugun o‘qishdan ta’tilga chiqqan ikki farzandi shahardan qaytadi! Ayol baribir ayol-da. Qiladigan ishlari juda ko‘p. Uyga joy solib, ovqatga unnash kerak. Molxonadagi jonivorlar ham unga ko‘z tikib turibdi. Aksiga olib, eri daladagi ishlaridan xabar olgani qo‘shni qishloqqa ketgan. Pashshaxonani to‘g‘rilab qo‘ysalar, yaxshi bo‘lardi. Bolalar maza qilib uxlardi-da. “O‘g‘illarim ham tez katta bo‘lib ketdi. Biz, ota-ona esa birpasda qarilik ostonasiga yetib qolibmiz”... Xayollarga berilib, nonni uzishni unutib qo‘yayozdi. Tandirga yugurdi. Xayriyat, kuymapti. Oddiy qishloq ayoli qancha yumush bajarsa, Sadafxon ulardan bir chandon ko‘p ish qildi. Bolalarini voyaga yetkazish bilan birga ularga ilm o‘rgatdi. Bolalari shaharda bekam-u ko‘st o‘qishi, yashashi uchun sharoit yaratib berishdi. Shu xotiralarni esga olib, Sadafxon rejalashtirgan barcha ishlarni qilib tugatdi. Ammo dilbandlari ha deganda kelavermasdi. Farzandlarini ko‘zi to‘rt bo‘lib, mushtoqlik bilan kutayotgan ona issiqdanmi yo charchoqdan, eshikdan kiraverishda qurilgan supaga cho‘zildi. Taxtadan yasalgan, bolalar osilib o‘ynayverganidan qiyshayib qolgan ko‘cha eshik oldida to‘rt-besh zumrasha baqir-chaqir qilib o‘ynaydi. Ularning ovozlarini eshitib yotgan Sadafxonni yana xayollar olib qochdi. “Kattamning mo‘ylovlari chiqib qolgandir. Ammo kichigim undan ko‘ra abjirroq. Hoynahoy, akasi qolib, u qizlar bilan gaplashib yurgan bo‘lsa kerak. Dadasiga aytaman, bolalariga qizlardan uzoqroq yurishni tayinlab qo‘yadi. Hozir ular bor e’tiborni o‘qishga qaratishi kerak”... Eshikdan kimdir “Sadafxon” deb chaqirdi. Qo‘shni Dilorom aya. Chaqiraverib, ovozi bo‘g‘ilib qolganidagina uni payqagan Sadafxon ro‘molini to‘g‘irlagancha yugurib chiqdi: – Aya, chaqirmay kiravermaysizmi. Supaga cho‘zilib, ko‘zim ilinibdi, shekilli. – Gulqizim (birgina Dilorom aya uni shunday chaqiradi), bu kovushim uyingga ko‘p kirgan. Tashqariga chiq, rayhonlaringning yonida bir hasratlashaylik, – deb kulib, ariq bo‘yiga qator qilib ekilgan gullar tomon yo‘naldi. Sadafxon shahardan bolalarini kutayotganini aytib, uning ketidan ergashdi. – Qizginam, bolalaringni rayhon qilib o‘stirma, – qo‘shni ayol shunday deb gapni boshladi-yu keyin o‘z uyidagi muammolari, farzandlarining kam-u ko‘sti, ro‘zg‘or tashvishlari, sarf-xarajatlar haqida gapira ketdi. Sadafxonning ko‘zlari doim yoshlanib turgani uchun uning yig‘lagani sezilmasdi. Dilorom aya bilan gurungdan keyin ona qalbi negadir qorong‘i xona kabi bo‘sh va tund bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, bolalarining sog‘inchi ustun kelib, uning yuzida yana nim tabassum paydo bo‘ldi. Sadafxon butun vujudi bilan diydor onlari yaqinlashayotganini sezardi. U adashmagan edi. Ona tanish ovozlar va oyoq tovushlarini eshitishi bilan eshik tomon shoshildi. Boshidagi bir uchi kuygan “tandir ro‘mol”i tushib qolganini ham sezmadi. Ona bolalarini ostonadayoq mahkam quchoqlagancha ancha vaqtgacha yig‘lab turdi. – Yaxshi keldinglarmi? Voy, tavba, turgan joyimizni qaranglar. Yo‘l yurib, qorinlaring ham ochib ketgandir? Qani, ichkariga kiringlar, choy ustida gaplashamiz, – deya ularni uyga ergashtirdi. Shu orada qo‘lida sara mevalar to‘ldirilgan xaltalar bilan xonadon boshlig‘i ham kelib qoldi. Hamma xontaxta atrofida jamlandi. U yoq-bu yoqdan gaplashishdi. Ammo savollarni faqat ota-ona berar, bolalar esa ularga zo‘rg‘a javob qaytarar, imkoni boricha suhbatdan qochishardi. Sadafxon ham, xo‘jayini ham bu holatni yo‘ldagi charchoq deb o‘yladi. – Bolam, o‘qishlaring nima bo‘lyapti, qiynalmayapsanmi? – deya katta o‘g‘lidan hol-ahvol so‘radi ona kechki ovqatdan keyin. Ammo qulog‘iga kichkina quloqchin taqib olgan bola nuqul noutbukiga tikilib, bir narsalarni yozar, unda-munda kulib ham qo‘yardi. Sadafxon xo‘rsinib, bolaning boshini silab hovliga chiqib ketdi. Bola esa ijtimoiy tarmoqlar orqali do‘stlari bilan band bo‘lib, hatto onasini payqamadi ham. Shunda Sadafxon Dilorom ayaning “bolalaringni rayhon qilib o‘stirma”, degan gaplari mag‘zini tushundi. Rayhonning hidi bo‘lgani bilan u achchiq ham ekan... Ertasiga ota farzandlarini ish bilan avrayman, deb dalaga olib bordi. Biroq shahar muhitiga o‘rganib qolgani uchunmi, bolalar dalaning oddiy ishlarini ham eplolmadi. Ota-ona qayerda xato qilganini o‘ylab siqilar, farzandlar esa o‘z “do‘stlar”i bilan zavqlanardi. Ta’til shu zaylda davom etardi. Kunlarning birida ota daladagi hosilning bir qismini mashinaga ortib, shaharga jo‘nab ketdi. Kuni bilan kompyuterga termulib o‘tirgan erkatoylar kechqurun boshini yostiqqa qo‘yishi bilan uyquga ketdi. Katta farzand yig‘i ovozidan uyg‘onib ketdi. Tashqaridan odamlarning ovozi eshitilardi. Ukasini turtdi, ammo u turmadi. Xonadan chiqib onasini izladi. Qo‘shni xonadagi ayollar – ammalari, xolalari, qo‘shnilari va boshqa notanish xotinlar oppoq ro‘mollarda, uvvos tortib yig‘lardi. Negadir otasi ko‘rinmasdi. Keyin hovliga chopon va do‘ppi kiyib, belbog‘ bog‘lagan, tobut ko‘targan odamlar kirib keldi. Bola hech narsani tushunmay bir chekkada qaqqayib turardi. Shu payt yurak urishi tezlashib, hovliqib, odamlar orasidan onasini qidira boshladi. Lekin topolmadi. Onasining xonasiga kirdi. Ko‘zi burchakdagi ko‘rpachaga yotqizib qo‘yilgan va ustiga oq choyshab yopilgan odamga tushganida tizzasi qaltirab ketdi. Murdaga shunday choyshab yopib qo‘yisharmidi? U qo‘rqqanidan sudralib jonsiz tana yoniga bordi. “Ishqilib, men o‘ylagan narsa bo‘lmasin”, deya yig‘lab yubordi. Qo‘li qaltirab, o‘likning bosh tarafidan choyshabni ocha boshladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, onasi yotardi. Bola baqirdi, biroq uning ovozi chiqmadi. Ko‘zidan yosh tomgan vaqt qattiq qichqirdi va ... Uyg‘onib ketdi. Eshikdan onasi yugurgilab kirib keldi. Bola tushida ayrilib qolgan volidayi muhtaramasini ko‘rib jon holatda o‘zini uning oyoqlari tagiga tashlab, o‘kirib yig‘ladi. Onasini tirik ko‘rganidan ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi. Sadafxon va uning bolalari hayotidagi jiddiy o‘zgarishlar katta o‘g‘ilning shu tushidan so‘ng ro‘y berdi. Avval to‘ng‘ich farzand ota-onasiga munosabatini o‘zgartirdi. Ular nima desa “labbay” deb javob berib, barcha yumushlarga ko‘maklasha boshladi. Buni ko‘rib, kichik o‘g‘il ham unga taqlid qildi. Aka-uka dalaga chiqib, otasiga ham qarashdi. Kuzning dastlabki kunlarida Sadafxon yana bolalarini shaharga kuzatish taraddudini ko‘ra boshladi. Ularning yo‘lxaltasiga tandirdan yangi uzilgan nonlarni joylar ekan, tag‘in toshoynadagi ko‘zlari yoshlangan aksini ko‘rdi. Bu sevinch yoshlari edi.
14.6.2024 7140
Toshkent fotosuratlar uyi qoshidagi ijodiy fotografiya maktab studiyasi bitiruvchilarining an’anaviy hisobot ko‘rgazmasi tashkil etildi. Namoyishga taqdim qilingan ko‘cha fotosurati, badiiy potret, ijtimoiy fotografiya, landshaft, natyurmort, abstraksiya, reportaj kabi janrlardagi fotosuratlar 35 nafar bitiruvchilarning mashg‘ulotlari natijalari bo‘lib, ko‘rgazmada ularning 9 nafari ishtirok etishdi. Fotoko‘rgazmada hayotimiz, madaniyatimizdan ko‘plab lavhalar aks etgan. – Ko‘rgazmaga maktab o‘quv jarayonidagi eksperimental yangilik sifatida ikkita fotoloyiha ham taqdim etilgan, – deydi Toshkent fotosuratlar uyi qoshidagi ijodiy fotografiya maktab studiyasi rahbari Rusudan Xubutiya. “Antizaiflik” fotoloyihasi mualliflari ta’kidlaganidek, jamiyatimizda har bir insonning o‘ziga xosligi va iste’dodini qafasga solib jimlik va iymanish madaniyati hukm surmoqda. Ko‘zga tashlanmaslik, umumiy qabul qilingan va belgilangan tizimga rioya qilish haqiqiy istaklarimizni bo‘g‘ish odat tusiga kirib ijtimoiy muhit qoidalariga ko‘nikib bormoqdamiz. Nigora Qurbonova fotosurat vaqtni bir lahzada muzlatib qo‘yish va har bir ko‘rinishda go‘zallikni qo‘lga kiritish imkoniyatini berishi to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
5.6.2024 7423
O'zga yurtda yursam o'ksinma, Vatan,Quchog'ingdan ketsam o'ksinma, Vatan.Bir chimdim tuprog'ing boshimga surtsam,Hech zamon qizingdan o'ksinma, Vatan. Ota-onam o'sgan qadrdon diyor,Sen bilan kim suhbat qilolgan diydor.Yurakda dardlarim bir olam bisyor,Qalbdan muhabbatim qilayin izhor. Nokaslar toptagan aziz tuprog'ing,Men uchun jannatdir har chog' chorbog'ing.Go'zaldir har bitta gul-u yaprog'ing,Men senga qosh bo'lay, ko'z-u qarog'ing. Navro'zda o'ynagan bahoroyman, men,Tomchiga aylangan shabnamoyman, men,Sochlari qirq kokil atlas libosdaFasli bahor qizi navbahorman, men. Soylaringda oqqan suv bo'lay, Vatan,Tog'laringda erigan qor bo'lay, Vatan,Bog'laringda yashnovchi gul bo'lay, Vatan,Sening xizmatingda qul bo'lay, Vatan.
24.5.2024 7330
Toshbuloqlik Shermatni tanimasligingiz aniq. “Ziqna” qoʻshib aytilmasa, xotinining ham xayoliga birinchi boʻlib eri kelmasa kerak. Ona qornidan tushibdiki, shu laqab bilan dong taratgani uchunmi, oʻzi ham ismini shunaqa deb oʻylaydi. Kindigi kesilganidan beri el-yurtni bir yerga yigʻib, bunday bir dasturxon ham yozmagan odamni tagʻin nima deb atash mumkin? Uxlayotganda pulni quchoqlab yotish umrni uzaytirishiga qattiq ishonadigan Shermat ziqnaning ham boshiga ming yil deganda bir marta Omad aka boqadigan qushning muborak oyogʻi hiyla tegib oʻtdimi, necha asrlik orzusi – mashinaga yetadigan pul yigʻilib qoldi. U ham ishonib-ishonmay qoʻliga tuflagancha hafsala bilan ikki qayta sanadi, tagʻin ishonmasdan xotiniga ham hisoblatib koʻrdi: mashinaga yetadi! Er-xotin oʻzlarini quvonchdan tutolmay, koʻz yosh qilib olishdi. Olti yoshli oʻgʻilchasi Qulmat ham garchi nima boʻlganini tushunmasa-da, qoʻshilishib koʻzini namlab qoʻydi. Erta tongdan yoʻlni bozor tomon burishga kelishib, uxlashga yotdilar. Ajab, orzular roʻyobi yaqin boʻlsa uyqu ham yiroq, tun ham uzun boʻlarkan. Necha yildan beri bunday intiq boʻlmagandi. ...Tong otishi juda qiyin boʻldi. Bir yostiqqa bosh qoʻyganiga yetti yildan oshibdi-ki, xotinining xurrak otishini endi bildi. U yeqqa yonboshladi, bu yoqqa yonboshladi, boʻlmadi. Oxiri sabri chidamay, tezroq chiqa qolmagani uchun quyoshni ham ichida bir qur soʻkkan boʻldi-da, yelkasiga sochiqni tashlab tashqariga yoʻnaldi. Xursandchilik bilan boʻlib, bozorga qanday bordi, “Damas”ni qanday olib keldi, oʻzi ham bilmay qoldi. Fikr-u xayolida orzusiga yetgani, nihoyat maqsadiga erishgani aylanaverdi... Koʻrmaganning koʻrgani qursin ekan. Shermatvoy bir kechada Shermatboyga aylanib qolsa deng. Har kuni koʻchadan oʻn marta u yoqqa, oʻn marta bu yoqqa oʻtishini qoʻyib turing, darvoza oʻlgurni ochishga erinibmi, yoki mashinada oʻtiraverib oyogʻi uvushib yerga tusha olmagani uchunmi, bechora nuqul signal chaladi. Xotin shoʻrlik ham ha deganda chiqib ocha qolmaydi. Shermatboyning tagʻin xunobi oshadi. Yon oynani tushurib, sigaret cheka boshlaydi. Boʻlar ish boʻldi-yu, boy boʻlish ham bunchalik qimmatga tushishini oʻylab koʻrmagan ekan. Qayga borsa “qachon yuvamiz?” deb niqtayverishdi. Oxiri boʻlmadi, tinimsiz qistovlardan keyin mahalladagi yigirma ikkita erkakni toʻplab, choyxonaga borishga rozi boʻldi. Yoʻlma-yoʻl uning shaʼniga tinimsiz maqtovlar yogʻdirildi-yu, ketar xarajatni oʻylab, aqalli birortasi qulogʻiga kirmadi. Choyxonachi Botir ham oshni tayyor qilib turgan chogʻi, kirib oʻtirishlari bilan dasturxondek keladigan katta laganda suzib keltirdi. Uvol boʻlmasin deb oʻzi ham boʻkkunicha yedi. Erkak kishining toʻyishi qiyin ekan, tagʻin ikkitadan kabob aytishdi. Yeyildi, ichildi, oʻynab-kulishdi, hammasiga chidadi. Faqat yakunda hisobni eshitib Shermatboy oʻzini tutolmay alamdan yigʻlay boshladi. Yonidagilarning hay-haylashidan yanayam xoʻrligi kelib, qattiqroq yigʻladi... Koʻz yoshlari daryodek toshay deganda xotini asta turtib uygʻotdi. – Voy, dadajonisi-yey, niyatimiz ushalayotgani uchun qancha quvonch koʻz yoshlari toʻkyapsiz, siz bunga munosibsiz. Tong otay deb qoldi, shoshiling yaxshi mashinalar sotilib ketmasdan boraqoling! “Qoʻrqinchli” tush taʼsirida yuragi hamon gupurlab urayotgan Shermatvoy qatʼiy bosh chayqadi. – Olmaymanam, yuvmaymanam! Uyi kuysin yuvishni chiqarganni! Qulogʻim tinch boʻlsa boʻldi!..
17.5.2024 7612
Sen bilan yana ko‘rishdik. Elas-elas o‘tmishimning og‘ir nafasi esib, ruhimni qamraydi, yuragim afsus-nadomatga to‘la, hayqiriq ovozi hali hamon qulog‘im ostida. Hamrohlarimdan biri yelkamga qoqib: “O‘rtoq, senga nima bo‘ldi? Ranging siniq, qo‘y, unut. Qara, biz tabiat qo‘ynida dam olishga keldik. Kayfiyatingni ko‘targin”, dedi jilmayib. Men do‘stimning so‘zlariga beparvo qarab, sen tomon odimlayman. Axir, biz eski tanishlarmiz-ku. Hech qachon dushmanlik qilganlarni kechirmayman, Oqsuv. Daryoning shovullashni nafratomuz kuzatardim. Bolalikning og‘ir, xira nurlari ongimda yarqiraydi. To‘lqinlar ichida kishining sharpasi ko‘rindi-yu, g‘oyib bo‘lganida, yuragim bir qalqib tushdi. Daryoning labiga yaqinlashib, shovullayotgan oqimdan nimadirni izlayman. Oftob shu’lasi suvning yuzasida jimirlaydi, yanada oppoq bo‘lib ko‘rinadi. Bir daraxt shoxlari daryoga egilib tushgan, barglar o‘ynaydi. Men alamzadalik bilan kuldim. Oqsuv, sen qanchalik jozibador bo‘lmagin, meni go‘zalliging bilan alday olmaysan, jallodsan chunki!.. Qanchadan qancha insonlarni o‘z bag‘ringa olib, chilparchin qilgansan. Anavi daraxtni ham qo‘porish istagidasan. Go‘zal bo‘lsang, nega insonlarni qutqarmaysan, demak bari yolg‘on ekanda. Qadrdon bir insonimni o‘z domingga tortding, axir u go‘dak edi-ku!.. Oqsuv, sening buni unutishga haqiqing yo‘q. Quloq sol, qora o‘tmishni eslatib qo‘yaman. Oromgohga borish uchun ukam ikkimiz hozirlik ko‘rardik. Dimog‘imiz chog‘, quvonchimiz olam-olam. Avtobus oynasidan onamizga qo‘l silkitib xayrlashdik. Onamning ko‘zlarida allaqanday mung bor. Kinolarda ko‘rganman, askar o‘g‘illarini kuzatayotgan onalarning ko‘zlaridagi mungga o‘xshardi. Oynadan turli xil manzaralarni tomosha qilib, qanday yetib kelganimizni bilmay qoldik. Ertaklardagidek so‘lim go‘sha, katta-katta daraxtlar serob, ajablanarlisi, tog‘lar shundoq yoningda, qo‘ling yetadiganday ko‘rinardi. Avtobusdan tushib ukamga qattiq tayinladim. “Mendan so‘roqsiz biron joyga borma!”. U menga norizo qarab qo‘ydi, shovqinda nimadir deb g‘uldiraganini eshitmay qoldim. Guruhlarga bo‘lindik, har guruhda 10 nafardan bola. Bizlarga ko‘zlari moviy, oppoq yuzli tarbiyachi opa bosh qilib qo‘yildi. Har yoqqa sayr qildirar, doim jilmayib yurar, hech xafa bo‘lganini ko‘rgan emasman. Biz uni juda ham yaxshi ko‘rib qolgandik. Tushlikdan so‘ng hech uyqum kelmas, shiftga termulib, onamni sog‘inib yotardim. Ukamga nazar tashlayman, uxlab yotibdi. Nega oyimni sog‘inmaydi, deb jahlim chiqadi... Yostiqqa yuzimni bosgancha ho‘ngrab yig‘layman. Boshim issiq, mayin qo‘llarni sezdi. O‘girilib qaradim. Tarbiyachi opa jilmayib turibdi. U jilmayganda shunaqa go‘zallashib ketadiki. “Yig‘lama. Oz qoldi, biroz sabr qilgin”, deb peshonamdan o‘pib qo‘ydi. Uning bu mehribonchiligi oyimga o‘xshardi. Sal o‘zimga kelib, yoshimni artdim. “Sizni bolalaringiz bormi?”. U ohista boshini silkitib tasdiqladi. “Seni bir joyga olib boraman, tezda tur, hech kimga churq etma”, deb qoshini uchirib allaqayerni ko‘rsatdi. Xursand bo‘lib ketdim, o‘sha osuda manzarani hozirdanoq his etardim. Ukamni uyg‘otib ortimdan ergashtirdim. Axir, sirli manzaradan mosuvo bo‘lishini istamasdim. Ikkimiz tarbiyachi opalar ortidan ergashardik, daraxtlar oralab, pastlik tomon tushib borardik. Yo‘limiz osma ko‘prikka olib chiqdi, ostida daryo shovullab, hayqirib oqadi, vahima bosib, o‘zimni tutishga urindim. Tarbiyachi opa ortiga qayrilib kulib: “O‘ta olasizlarmi? Agar qo‘rqsanglar shu yerda kutib turinglar”. Men qo‘rquvimni yashirib “O‘taman” dedim g‘urur bilan shaxdam yurib. Ko‘prikning ikki chetidan ushlab borardim, ammo ukam belimdan mahkam changallab olgandi. Ukam ortga qaytaylik deb turib olsa-da, men ildam qadam bosardim. Zo‘rg‘a o‘tdik. Daryo labida toshlardan sun’iy ko‘lcha qilingan ekan. Ko‘lchaga tushdik, muzdek, tarbiyachi opalar bo‘lsa gurungdan sira to‘xtamasdi. Ikkimiz toshga o‘tirdik, agar muvozanatimizni yo‘qotsak, to‘lqin olib ketishi mumkin. Tabiat manzarasi ko‘zimga go‘zal bo‘lib ko‘rinardi. Ukam negadir gapga tutar, men istar-istamay, javob qaytarardim. “Aka, oyimni sog‘indim. Agar uyga qaytib borsam, hech qachon yolg‘iz qoldirmayman. Daryo oyimni oldiga olib borarmikan?”, dedi oqimga uzoq tikilib. “Oyim boshqa joyda, daryoni manzili o‘zga”, dedim bilag‘onlik bilan. Ukam “Men ketaman!” deb o‘rnidan turdi-yu, shalob etib suvga ag‘darildi. Baqir-chaqir boshlandi. Ukamni qurqarish uchun oldinga intildim-u, kimdir meni ushlab ortga tortdi. Ukam bir zumda to‘lqinlar aro g‘oyib bo‘ldi. Men tipirchilab borishga intilar, tarbiyachi opa qo‘ymasdi. Bari befoyda ekanini uqtirdi. Ko‘z oldimda mungli onam gavdalandi... Yelkamdan kimdir silkitadi, o‘girilib qarasam hamrohim: “O‘rtoq, daryoga dardingni to‘kib solyapsanmi?”, “Ha, axir meni eski tanishim”, “Qo‘ysangchi, yur ovqat pishdi”, deb ketdi. Oqsuv, seni ko‘rib tomog‘imdan ovqat o‘tmay qoldi. Endi boshlangan og‘ir kunlarimni eshit. Bir mahal uyga qaytsam, oyim yo‘q, kapalagim uchdi. Ukamni yo‘qotgach, oyim butunlay o‘zini oldirdi. Ariq bo‘yidan topdim, oyoqlari suvga botgan, nimalarnidir pichirlab yig‘lardi. Qo‘llaridan ushladim, muzdek. “Oyi, yuring, ketamiz”, dedim. Oyim menga g‘alati qaradi. “Sen ukangni o‘ldirding, ha, ukangni qotilisan. Qoch, yo‘qol!”, deb meni nari itardi oyim. Esankiradim, Oqsuv. Bilasanmi, ukamni sening changalingdan olib chiqishim mumkin yedi. Faqat o‘sha tarbiyachi opa meni yaqin yo‘latmadi. Qiziq, yillar o‘tib uning qizini sevib qolibman. Bilganim on sevgimdan voz chekdim. Oqsuv, men ketdim, xursand bo‘lma, hali qaytib seni quritaman. Cho‘lga aylanib, tikonzor, yulg‘inlarga to‘lasan, hozirgi shovullab, nurlar jimirlaydigan go‘zalligingdan asar ham qolmaydi hali...
30.4.2024 7350
Bahor kunlaridan biri. Maktabdan kechroq qaytdim. Uyga kelganimda dadam: – Ertaga terak ko‘chatlari ekamiz, – dedi. Uyga kirib kiyimlarimni almashtirib chiqdim. Oilamiz bilan jam bo‘lib, ishkom tagidagi supada ovqatlandik. Kattalar duo qilib, birin-ketin o‘rinlaridan qo‘zg‘aldi. Qornim to‘ygach, supada qolib, uxlashga yotdim. Ko‘zimni yumib chuqur nafas oldim. Charchaganimdan osmondagi yulduzlarning sir-sinoati-yu boyqushning yaqin atrofdan kelayotgan yoqimsiz, ayni shu tobda vahimali tovushi ham parvoyimga kelmadi. Xayolim faqat dadam aytgan terak ko‘chatlarida edi. Bir payt tush ko‘ribman. Tushimda biz ekkan terak ko‘chatlari hovlimiz etagidagi kekkaygan teraklar kabi bo‘y cho‘zibdi. Teraklar shunaqayam katta bo‘libdiki, qulochimga sig‘masmish. Ertalab xo‘roz qichqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Tezda yuz-qo‘limni yuvdim. Qarasam, dadamning qo‘lida terak ko‘chatlari turibdi. Men darrov: – Assalomu alaykum, dada, yaxshi dam oldingizmi? – dedim. Dadam salomimga alik olib: – Bu kecha men aytgan terak ko‘chatlari, – dedi. Teraklarni hovlimiz etagiga ekdik. Shunda dadam menga kulib dedi: — O‘g‘lim, keyinchalik bu ko‘chatlarni dadam bilan ekkanmiz, deb eslab yurasan. Bu ko‘chatlar kekkayib o‘sadi. Lekin bu kekkayish insonlarga yarashmaydi. Inson kamtar bo‘lsagina kamol topadi. Tushundingmi? Bu gaplardan tushimda ko‘rganim – kekkaygan teraklar ko‘z oldimda gavdalandi. Shunda, bu xislat dadam aytganday, faqat mag‘rur va dadil teraklarga xos ekanligini anglab yetdim.