2560ta natija
17.6.2026 1403
Bugun o‘zbek futboli o‘z tarixidagi eng yuksak nuqtaga – jahon arenalarida o‘z nomini muhrlash darajasiga yetdi. Bu — mustaqillik davrining futboldagi eng katta muvaffaqiyati va Uyg‘onish davrining sportdagi yorqin ifodasidir. 18-iyun kuni o‘tadigan o‘yin — bu oddiy musobaqa emas, balki milliy g‘ururimizning xalqaro maydondagi sinovi va o‘ziga xos sport diplomatiyasi — "yumshoq kuch" namoyishidir. O‘zbek futboli bugun O‘zbekistonning global maydondagi mustaqil ovozi, xalqimizning ijodkorlik salohiyatini dunyoga ko‘rsatuvchi samarali vositadir. Maydondagi taktika — bobokalonlarimizdan meros geometriya va astronomiya qonuniyatlarining futboldagi amaliy namoyonidir; biz o‘yinni boshqaramiz, xuddi ulug‘ allomalarimiz samoviy jismlar harakatini hisoblaganlaridek. "Kuch — adolatda va birlikda", deyiladi Temur tuzuklarida; bugun bizning birligimiz — o‘n bir futbolchi emas, balki qirq millionlik xalqning bir tanu bir jon bo‘lishidir. Biz maydonda kurashayotgan oddiy o‘yinchilar emas, Turon falsafasiga xos mahorat va nafosatni jahonga olib chiquvchi elchilarmiz. Zamonaviy futbolda "ruh" — bu raqib salohiyatidan qat’i nazar, o‘z o‘yin falsafasini maqsadli tarzda singdira olish san’atidir. Avvallari bizni "futbol o‘lkasi emas" deb kamsitishga uringanlar, bugun "hujumkor va ehtiyotkor" uyg‘unlikdagi taktik uslubimizga tan berishmoqda. Maydondagi yigitlarimiz — jo‘n sportchilar emas; ular qadim turkiylar sivilizatsiyasiga xos strateglik va shijoatni o‘zida mujassam etgan, maydonda o‘z haq-huquqini mardlarcha talashayotgan, Alpomishdek mustahkam iroda sohiblaridir. Ular yangi avlod uchun ma’naviy ideal, milliy qadriyatimizning maydondagi vakili hamda xalqimizning or-nomus timsolidir.Bugungi yulduzlarimiz — Shomurodov, Husanov, Fayzullayev — milliy chempionatimizning strategik poydevorida shakllangan, yurtimiz bo‘ylab qad rostlagan futbol akademiyalarida chiniqqan va xalqaro maydonning "g‘arbiy shamollari"da toblangan iste’dodlarimizdir. Ularning maydondagi har bir pasi — Buyuk Ipak yo‘li karvonlaridek aniq manzilga yo‘naltirilgan, har bir himoya halqasi esa qadimiy qal’a devorlaridek mustahkamdir. Bu yutuqlar zamirida murabbiylar shtabining nafaqat strategik donishmandligi, balki milliy qadriyatlarimizga sodiqligi va o‘yinchilarning hissiy-ruhiy holatini ilmiy asosda boshqara olish mahorati yotibdi. Har bir gol — o‘zbek murabbiylik maktabining tarixiy salohiyati, har bir himoya — o‘n ikkinchi o‘yinchi sanalgan muxlislarimizning duosi va qo‘llab-quvvatlovi ifodasidir. Muxlislar — jamoa ortidagi tog‘, ularning har bir hayqirig‘i futbolchilarimizga ruh bag‘ishlovchi ma’naviy qalqondir.Bugungi o‘zbek futboli — professional sportdan tashqari, butun jamiyatni birlashtiruvchi va milliy g‘ururni yaratayotgan keng qamrovli harakatdir. Omad kulib boqsa, butun xalq bir tan bo‘lib shodlanadi; bordiyu taqdir sinov yuborsa, bu bizning katta futbol olamidagi ilk jiddiy, kelajakni belgilab beruvchi hayotiy darsimiz bo‘ladi. Avvalo, har bir qadamingizga baraka tilab, haqqingizga duodamiz. Har qanday vaziyatda ham biz doimo siz bilanmiz, o‘zbek shunqorlari! Maydonga tushar ekansiz, yodingizda bo‘lsin: har bir harakatingiz — bobokalonlarimizning shijoati, bugungi xalqimizning umidi va kelajak avlodning orzusidir. Sizlar maydonda shunchaki sportchi emas, balki Turonning betakror futbol falsafasini jahonga tarannum etuvchi, ajdodlar ruhi va xalq ishonchi bilan quvvatlangan qahramonlarimizsiz.Gʻalabangiz — xalqimizning yuzi, shijoatingiz — millatimizning haqiqiy oyinasidir! O‘zbek futboli endi ortga chekinmaydi, u faqat oldinga — yuksak marralar sari muqarrar intiladi!
18.8.2025 1965
Bugungi kunda yurtimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda. Ma’lumki, joriy yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasi umummilliy harakatga aylantirilishi ta’kidlanib, oliy ta’lim muassasalari talabalari va xodimlarining sport bilan shug‘ullanishlarini yangi bosqichga olib chiqish belgilangan edi. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari hamkorligida poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka hamda kibersport turi bo‘yicha “Hamkorlik kubogi” o‘tkazildi. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu bellashuvlar O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimlari o‘rtasida kechdi. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov kirish so‘zi bilan ochib berib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. Umuman, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ta’lim-tarbiya, o‘quv jarayonlari bilan bir qatorda sport sohasiga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, 10 ga yaqin sport to‘garaklari talabalar ixtiyorida. Haftaning har shanba kuni Akademiya rektori boshchiligida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazilishi esa yaxshi an’anaga aylangan. Shuningdek, joriy yilning 26-may sanasida ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida o‘tkazilgan “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari ham yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tganini ta’kidlash joiz. Ushbu nufuzli sport festivalida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan bir qatorda Akademiya qoshidagi akademik litsey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom instituti talabalari ham ishtirok etdi. Musobaqa doirasida Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talabalari orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan bir qancha memorandum va kelishuvlar imzolandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitness milliy assosiatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan Hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Shuningdek, joriy yilning 19-aprel kuni esa Akademiya va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Voleybol federatsiyasi, Oʻzbekiston Velosport federatsiyasi, “Cyber-BRO” kiberxavfsizlik kompaniyasi hamda “GITA” dasturchilar akademiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi. Albatta, bu kabi hamkorlik aloqalari talaba-yoshlarga nafaqat o‘z salomatliklarini mustahkamlashga, shu bilan birga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi shakllanishiga yordam berishi shubhasiz. Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilgan “Hamkorlik kubogi” esa yangi o‘quv yili oldidan xodimlar o‘rtasida ko‘tarinki kayfiyat, do‘stona munosabatlar shakllanishiga xizmat qildi. Musobaqalar sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti ostida bo‘lib o‘tdi. Sportning futbol turi bo‘yicha qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida 3-o‘rin O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasiga, 2-o‘rin esa Toshkent davlat yuridik universitetiga nasib etdi. G‘oliblikni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qo‘lga kiritdi. Voleybol bahslarida esa shohsupani O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari egalladi
8.8.2024 10388
Ayni kunlarda Fransiyaning Parij shahri XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilmoqda. 26-iyul kuni boshlangan olimpiada 11-avgustga qadar davom etadi. Bu yilgi olimpia bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zbek sporti tarixidagi record ko‘rsatkich 19 ta sport turidan jami 90 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, sport turlari orasida debyut yo‘nalishlar ham bor. Futbol bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqib, ishtirok etib qaytishdi. Kamondan o‘q otish sport turida ham hamyurtlarimiz “Olimp cho‘qqisi”ni zabt etishga urinib ko‘rishdi. Xo‘sh, O‘zbekiston qachondan buyon Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmoqda? Erishilgan natijalar qanday? Bu haqda Yuksalish umummilliy harakati ma'lumot berdi. Ilk ishtirok Sportchilarimiz mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ostida yozgi Olimpiya oʻyinlarida ilk bor 1996-yilda AQShning Atlanta shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiyada oʻyinlarida qatnashdi. Shundan beri yurtdoshlarimiz olimpiadagi ishtiroklarini kanda qilishmayapti. Atlanta olimpiadasi oʻyinlarida dzyudochi Armen Bagdasarov yozgi Olimpiya oʻyinlari tarixida Oʻzbekistonning ilk medalini (kumush medal) taqdim qilgani bilan ahamiyatli. Bokschi Karim Toʻlaganov esa bronza medaliga sazovor boʻlgan. Shu tariqa mustaqil Oʻzbekiston uchun ilk yozgi Olimpiya oʻyinlari 1 ta kumush va 1 ta bronza medallari bilan yakunlangan. Eng yaxshi va eng yomon natijalar Olimpiya bahslaridagi eng yaxshi natijamiz 2016-yil Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida qayd etilgan: 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza! Eng yomon natija esa 2012-yil London olimpiadasiga tegishli: 2 ta bronza. Ilk oltin medalni kim olgan? Yozgi olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston uchun ilk oltin medal olib kelgan sportchi Muhammadqodir Abdullayev. U boks sport turi bo‘yicha Sidneydagi olimpiadada barcha raqiblarni yengib, yurtimiz uchun tarixiy natijaga sabab bo‘lgan. Olimpiada o‘yinlari rekordchisi O‘zbekiston iftixori Oksana Chusovitina olimpiada o‘yinlari rekordchisi hisoblanadi. Oksana sport gimnastikasi bo‘yicha 8 marta olimpiadada qatnashib, Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan. U 2008-yilgi Pekin olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritgan. O‘zbekiston delegatsiyasi 1994-2021-yillarda yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashib, 12 oltin, 7 kumush va 20 bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2024-yilda O‘zbekiston delegatsiyasi eng ko‘p ayol sportchilar bilan ishtirok etmoqda: 32 nafar ayol-qizlar. Bu sportga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. Bugungi kun natijalariga ko‘ra O‘zbekiston 1 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Oldinda medallar uchun kurashiladigan asosiy sport turlari bizni kutmoqda. Oltin medallar: Muhammadqodir Abdullayev – boks Artur Taymazov (3 ta: 2004, 2008, 2012) – erkin kurash Aleksandr Dokturishvili – yunon-rum kurashi Xasanboy Do‘smatov – boks Fazliddin G‘oibnazarov – boks Shaxobiddin Zoirov – boks Ruslan Nuriddinov – og‘ir atletika Bahodir Jalolov – boks Akbar Jurayev – og‘ir atletika Ulug‘bek Rashitov – taekvondo Kumush medallar: Armen Bagdasarov – dzyudo Artur Taymazov – erkin kurash Magomed Ibragimov – erkin kurash Abdullo Tangriyev – dzyudo Soslan Tigiyev – kurash Shahram G‘iyosov – boks Bektemir Meliqo‘ziev – boks Bronza medallari: Karim To‘laganov – bronza Rustam Saidov – boks Sergey Mixaylov – boks Bahodirjon Sultonov – boks O‘tkirbek Haydarov – boks Anton Fokin – badiiy gimnastika Yekaterina Xilko – trampolin Rishod Sobirov (3 ta: 2008, 2012, 2016) – dzyudo Abbos Atoyev – boks Ivan Efremov – og‘ir atletika (olimpiadadan keyin berilgan) Diyorbek O‘rozboyev – dzyudo Rustam To‘laganov – boks Murodjon Axmadaliyev – boks Elmurat Tasmuradov – yunon-rum kurashi Ixtiyor Navro‘zov – erkin kurash Magomed Ibragimov – erkin kurash Davlat Bobonov – dzyudo Bekzod Abdurahmonov – erkin kurash Keyinchalik bir necha sportchilarimizning medallari bekor qilingan. Bu haqidagi ma’lumotlarni esa navbatdagi maqolada o‘qishingiz mumkin.
12.1.2024 9417
Asosiy vaqti kompyuter qarshisida o‘tadigan ofis xodimlarining katta qismi kamharakat, ularga jismoniy faollik yetishmaydi. Kamharakatlilik esa bo‘g‘inb umurtqa pog‘onalarida muammolar, ortiqcha vazn kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Buning oldini olish uchun nima qilish kerak? Respublika travmatologiya markazi rahbari bu boradagi oson tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi. 25 yoshdan oshgan xodimlarning 80 foizida umurtqa pog‘onasi xastaliklari mavjud Sog‘liqni saqlash vazirligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 25 yoshdan oshgan xodimlarning 80 foizida umurtqa pog‘onasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Bunday kasalliklarning kelib chiqishiga 80 foiz holatda ish stolida gavdani noto‘g‘ri tutish sabab bo‘ladi. Og‘ir asoratlar Biroq buni ish sharoiti, kasb taqozosi bilan bog‘lab, salomatlikka e’tiborsiz bo‘lish og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov ushbu muammo («ofis xodimi sndromi»)ning oson va samarli yechimlarini taklif qildi. Jismoniy mashqlar qiling va ortopedik yostiqdan foydalaning Ish vaqti davomida imkon qadar har bir-ikki soatda 5−10 daqiqa tanaffus qilish lozim. Bu paytda bir necha marotaba o‘tirib-turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat millari bo‘ylab aylantirish kerak. So‘ng o‘pkamizni to‘ldirib nafas olamiz va yana ishni davom ettirishga kirishamiz. Bel og‘riqlaridan himoyalanishda kursi suyanchig‘iga maxsus ortopedik yostiq qo‘yish mumkin. Qolaversa, bunday vositalar bavosil bilan og‘rigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi. Har ikki soatda bo‘yin mushaklari uchun mashq bajarish bo‘yin osteoxondrozi profilaktikasida qo‘l keladi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida og‘riq, uvishish kuzatilganida bunday harakatlar juda samarali. Ertalab badantarbiya qiling Kamharakatlik tanada qon aylanish tizimini izdan chiqaradi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos a’zosida me’yoriy jarayon buziladi. Oqibatda oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayishi, bavosil tugunlari hosil bo‘lishi kuzatiladi. Bunday vaziyatda qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan ma’qul. 10−15 daqiqa qo‘l-oyoq chigalini yozish salomatlikni yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda ko‘tarilish, vaqti-vaqti bilan xona bo‘ylab yurish kerak. To‘g‘ri ovqatlaning Qon aylanishining me’yorda bo‘lishi iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga ham bog‘liq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qon quyuqlashishiga olib keladi. Shuningdek, shirinliklar tufayli organizmda «yomon» xolesterin miqdori ortishi ham sir emas. Bundan tashqari, kompyuter qarshisida taom yeyishning ziyoni katta. Negaki, monitordan chiqayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u tanovul qilayotgan mahsulotlarni ham ma’lum ma’noda zararlaydi. Uzoq vaqt bir xil holatda o‘tirib qolmang Tizza bo‘g‘imlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda ko‘p qolib ketishi ham sog‘lik uchun ziyon. Bunday vaziyatda bo‘g‘imlarning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Natijada artroz-bo‘g‘im kasalligi kelib chiqishi mumkin. Bu kasallikning oldini olish uchun oyoqlar holatini almashtirib turish, vaqti vaqti bilan turib yurish, o‘tirgan holatda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib o‘tirish hamda chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak. Eng oson mashg‘ulot Kishi nigohini derazadan tashqariga, biror ob’yektga qaratadi. So‘ng yana yaqindagi narsaga qarash mumkin. Ko‘zlarni o‘ng, chap, tepaga va pastga harakatlantirish ham foydali. Shuningdek, ko‘zni tez-tez yumib, ochish ham asqotadi. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt o‘tirmaslik kerak.
4.12.2023 9783
Turkiyaning Antalya shahrida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogining navbatdagi bosqichi O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Jamoaviy dasturdagi bellashuvlarda qizlar ham, yigitlar ham dunyoning kuchli jamoalarini mag‘lub etib, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi tomonidan o‘z yo‘nalishlarida dunyoning eng kuchli jamoasi deb e’tirof etilgan yigitlarimiz musobaqa davomida Gruziya, Germaniya, Ukraina va finalda Turkiya jamoalarini mag‘lubiyatga uchratdi. Qizlarimiz esa Bolgariya, Polsha va Italiya termalariga imkoniyat qoldirishmadi. Yigitlar: O‘zbekiston Turkiya Ruminiya Qizlar: O‘zbekiston Italiya Polsha
4.12.2023 9817
Xabar berganimizdek, joriy yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda shaxmatning tezkor va blits yo‘nalishlari bo‘yicha FIDE jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini jamlaydigan chempionatda kimlar ishtirok etishi, ishtirokchilarning ro‘yxatdan o‘tishining so‘nggi kunlari etib qaysi sanalar belgilanganligi hamda Qatnashchilarning yakuniy ro‘yxati qachon e’lon qilinishi borasidagi so‘rovlar natijasida kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi mazkur musobaqa tafsilotlari xususida ayrim ma’lumotlarni chop etdi. Unga ko‘ra, bugungacha Samarqandda o‘tadigan jahon chempionatida o‘z omadini sinab ko‘rish uchun tezkor(rapid) va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen (Norvegiya), shuningdek, Gukesh Dommaradju (Hindiston), Vinsent Keymer (Germaniya), Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon), Yan-Kshishtof Duda (Polsha), Yu Yangi (Xitoy), Levon Aronyan (AQSH), Maksim Vashiyer-Lagrave (Fransiya), Daniil Dubov (FIDE), Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) erkaklar o‘rtasidagi bahslarda qatnashish istagini bildirgan. Jahon chempionatining ayollar guruhida Szyuy Venszyun (Xitoy), Tan Jun’i (Xitoy) va Bibisara Asaubayeva (Qozog‘iston), Aleksandra Goryachkina (FIDE), Katerina Lagno (FIDE), Humpy Koneru (Hindiston), Harika Dronavalli (Hindiston), Aleksandra Kosteniuk (Shveysariya) ishtirokchilar qaydnomasini to‘ldirgan. Joriy yilning 25-31-dekabr kunlari o‘tadigan Samarqand musobaqalarining kun tartibiga binoan 25-dekabrda jahon chempionatining ochilish marosimi, 26-28-dekabr kunlari tezkor(rapid) musobaqalar, 29-30-dekabrda esa blits bahslari va yopilish marosimi tashkil etiladi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi 11-dekabrni ishtirokchilarni ro‘yxatga olishning oxirgi sanasi ekanligini e’lon qildi.