2560ta natija
7.8.2026 400
Paxtachi tumani Suluvqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 24 yoshli Baxtiyor Yarashev tadbirli, o‘z g‘oyasiga ega yoshlardan. Uning tashabbusini mahalla yoshlar yetakchisi Elbek Xudoyqulov qo‘llab-quvvatladi. Mas’ul tashkilotlar bilan bog‘ladi, imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini ko‘rsatdi, maslahat va amaliy ko‘mak berdi. Natijada qariyb 30 gektar maydonda baliqchilik ko‘llari tashkil etilib, 12 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlandi. – Oldin shunchaki niyat qilardim xolos, – deydi Baxtiyor Yarashev. – Lekin Elbek aka imkoniyatlar borligini tushuntirdi, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, mutasaddilar bilan uchrashtirdi. Bugun o‘zimning ishim bor, eng muhimi, yana o‘nlab tengdoshlarim bilan birga mehnat qilyapmiz. Endi maqsadimiz baliqchilikni yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish. Bu Suluvqo‘rg‘on mahallasida yoshlar bilan ishlash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganining yorqin namunasi. Mahallada bunday yoshlar soni 200 nafardan ziyodni tashkil etadi. Suluvqo‘rg‘on mahallasi balansi: Aholi: 2682 nafar; Yoshlar: 637 nafar; Xotin-qizlar: 308 nafar. “Yashil” toifa: 506 nafar; “Sariq” toifa: 126 nafar; “Qizil” toifa: 5 nafar. Mahalla drayveri: baliqchilik. Yoshlar yetakchisining vazifasi faqat tadbir o‘tkazish yoki ro‘yxat yuritishdan iborat emas. Zamon yetakchidan tashabbuskorlikni, muammolarni joyida hal qilishni, har bir yigit-qizning qiziqishi va salohiyatini yuzaga chiqarishni talab qilmoqda. Viloyatda birinchi, respublikada uchinchi! Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Mini futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, kitobxonlik tanlovlari va musiqiy kechalar muntazam o‘tkaziladi. Natijalar esa e’tiborga molik. Suluvqo‘rg‘on yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichlarida 32 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu natija bilan mahalla Samarqand viloyatida birinchi, respublika miqyosida esa uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Eng e’tiborlisi, mahalla yoshlari shu kungacha besh marotaba respublika chempioni bo‘lgan. Yutuqlar evaziga mahallada universal sport maydoni va vorkout majmuasi qurib berildi. 53 nafar yosh band qilindi Mahallada bandlik masalasiga kompleks yondashilgan. Prezidentning tegishli qarori asosida 53 nafar ishsiz yoshga uzoq muddatli ijara asosida yer ajratildi. Mavsumiy ekinlar ekib, yiliga 2-3 martadan hosil olayotgan yoshlar ham bor. Ular dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlarda daromad topishni boshladi. Tadbirkorlik qilish istagidagi 48 nafar yoshga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda 1 milliard 220 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Tahlillar ko‘rsatadiki, Suluvqo‘rg‘onda yoshlar bilan ishlashning asosiy ustuni – manzilli yondashuv. Har bir yoshning muammosi alohida o‘rganiladi, qiziqishidan kelib chiqib imkoniyat yaratiladi. Joriy yilda mahallada 3 nafar ishsiz yosh aniqlanib, tuman Investitsiya, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻiga biriktirildi. Masʼul rahbar ular bilan muntazam uchrashib, qiziqishi va kasbiy salohiyatini oʻrgandi. Har biriga mos yoʻnalish tanlanib, tadbirkorlikni boshlash, ishga joylashtirish hamda davlat dasturlari orqali qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar koʻrildi. Ichki ishlar organlarining profilaktik nazoratida boʻlgan 5 nafar yosh Paxtachi tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻiga otaliqqa biriktirilgan. Ular bilan individual suhbatlar oʻtkazilib, oilaviy va ijtimoiy muammolari oʻrganildi, bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jinoyatchilikdan xoli mahalla Sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik mahallada yoshlar jinoyatchiligiga to‘liq barham berdi. Hozir Suluvqo‘rg‘on mahallasi “qizil” toifadan “yashil” toifaga o‘tdi. – Har bir yoshning qiziqishi, orzusi va imkoniyatini o‘rganishga harakat qilamiz. Bizning vazifamiz ularni kerakli tashkilotlar bilan bog‘lash, davlat yaratgan imkoniyatlardan foydalanishiga ko‘maklashishdir. Baxtiyorning baliqchilik loyihasi ham shunday amalga oshdi. Mahallamizda muammoli yoki ishsiz yoshlarni mas’ul rahbarlarga biriktirib, ular bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Natijada ko‘plab yoshlar doimiy ishga joylashdi, tadbirkorlikni boshladi yoki kasb-hunar egalladi, – deydi Elbek Xudoyqulov.
4.6.2026 1819
Kech kuzning sovuq kunlaridan birida Ulug‘nor tumani Bobur mahallasidagi tor ko‘chada qo‘lida oziq-ovqat to‘la xalta ko‘targan bir guruh yoshlar qariyb unutilgan hovli tomon yo‘l oldi. Bu mehr, e’tibor va mas’uliyatning ifodasi edi. Ana shu kuni bu xayrli ish tizimli ijtimoiy harakatga aylandi. Bu tashabbusni boshlab berganlardan biri Shoiraxon Mo‘minova edi. U 2022-yildan buyon Bobur mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritadi. Yoshlar bilan ishlashni o‘zining eng muhim burchi deb bilgan Shoiraxon doim yangi tashabbuslarni ilgari surib, iqtidorli yoshlarni kashf etib keladi. Yoshlar yetakchisi 2024-yilda mahallada, xususan, yoshlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash maqsadida “Savob” nomli ko‘ngillilar loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur loyiha doirasida faol yoshlar bilan birgalikda homiylik mablag‘lari asosida kam ta’minlangan oilalarga muntazam yordam ko‘rsatib kelinyapti. Shunday savobli ishlar natijasida bugunga qadar 50 dan ziyod oilaga quvonch ulashildi. – Bu loyihani boshlaganimizda oddiy bir niyat bor edi – mahallamizdagi ehtiyojmand oilalarga imkon qadar yordam berish, yoshlar orasida mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirish, – deydi Shoiraxon Mo‘minova. – “Savob” loyihasi shu ehtiyojdan kelib chiqdi. Yoshlarimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Odatda savobli ishlarimizni oshkor qilmaslikka harakat qilamiz. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu haqda eshitgan, bilgan insonlar o‘zlari kelib qo‘shilishni istaydi. Dastlab loyihamiz boshida homiylar juda kam edi. Ba’zan hatto yordamni o‘zimiz yig‘ib, o‘zimiz yetkazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Bugun vaziyat butunlay o‘zgardi. Homiylik qilishni istaydiganlar soni tobora ortib bormoqda. Menimcha, eng katta natija berilgan yordam emas, balki yoshlarimiz qalbida shakllanayotgan mehr va insoniylikdir. Agar biz shu tuyg‘ularni mustahkamlashga erishsak, demak, qilayotgan ishlarimiz besamar emas. Bobur mahallasi balansi: Aholi: 2542 nafar; Yoshlar: 636 nafar; Ayollar: 335 nafar. “Yashil” toifa: 567 nafar; “Sariq” toifa: 62 nafar; “Qizil” toifa: 7 nafar. Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish. Bugungi kunda yoshlar siyosatida eng muhim talab tizimlilik va manzillilik. Shoiraxon Mo‘minovaning faoliyati +shu ikki tamoyil asosida qurilgani bilan ajralib turadi. 2025-yil davomida u ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlashni oddiy ro‘yxat yuritish darajasidan chiqarib, muammolarni aniqlash – tizimga kiritish – yechim topish – nazorat qilish zanjiri asosida tashkil etdi. Natija esa aniq: 9 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, muammolari hal etildi; 9 nafarining kontrakt to‘lovi to‘landi; 2 nafariga moddiy yordam berildi; 24 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Shoiraxon Mo‘minova yoshlar bilan ishlashda sportni tarbiya va birlashtiruvchi vosita sifatida samarali yo‘lga qo‘ydi. Natijada yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mini futbol va stol tennisi sport turlarida tuman bosqichida 1-o‘rinni, kurash, shashka, shaxmat, vorkaut hamda yengil atletika yo‘nalishlarida esa 2-o‘rinni egalladi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi Yoshlar yetakchisi faqat boshqalarga yo‘l ko‘rsatib qolmay, o‘zi ham doimiy rivojlanishda. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida u “Super star”, “Tezkor rus tili” va turk tili kurslaridan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Shoiraxon “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, viloyatda tuman sharafini munosib himoya qildi. Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan. Bobur mahallasidan 25 nafar yosh xorijga ishlash uchun ketgan. Shoiraxon Mo‘minova ular bilan muntazam aloqada, ijtimoiy uzilishning oldini olmoqda. Yetakchining mehnatlari natijasida joriy yil 2 nafar yosh Vatanga qaytarilib, fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirildi. Mahallada 4 nafar og‘ir toifadagi ishsiz yosh mavjud. Ular Andijon viloyati Agrobank ATB Ulug‘nor filiali rahbari Allomurod Oʻrinboyevga biriktirilgan. Mas’ulning yoshlar bilan doimiy muloqoti va bandligini ta’minlashga qaratilgan harakati o‘laroq 7 nafar yoshning barchasi ish bilan ta’minlandi. Mahalladan 7 nafar yosh otaliqqa olingan. Ular bilan muntazam suhbatlar, profilaktik ishlar, yuqori darajadagi nazorat olib boriladi. Yoshlarga tuman hokimi, prokuror va FVV mas’ullari biriktirilgan. Bandlikning barqaror yo‘li Setora Boborahimova misolida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasidagi amaliy yondashuvning samarasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U dastlab o‘zini o‘zi band qilgan holda 15 million so‘m kredit olib, zarur jihozlar – elektr tokida ishlaydigan pech va xamir qorish uskunasini xarid qilib, yashash xonadonida shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Tirishqoqligi va izchil mehnati natijasida yana 100 million so‘m miqdorida kredit oldi. Faoliyatini kengaytirib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi. U o‘zini band qilish bilan birga 3 ta yangi ish o‘rni ham yaratdi. Yana 3 nafar shogirdni kasbga o‘rgatish orqali o‘z faoliyatini barqaror rivojlantirib bormoqda. – Dastlab ishni boshlash oson bo‘lmadi, – deydi yosh tadbirkor Setora Boborahimova. – Ham mablag‘, ham tajriba yetishmasdi. Lekin imkoniyat bor ekan, undan foydalanish kerakligini tushundim. 15 million so‘m kredit olib, kerakli jihozlarni xarid qildim va uyimda shirinliklar tayyorlashni boshladim. Avvaliga buyurtmalar kam edi, lekin asta-sekin mijozlar ortib bordi. Eng katta qo‘llab-quvvatlashni mahallamiz yoshlar yetakchisidan his qildim. Keyinchalik faoliyatimni kengaytirishga qaror qildim va yana kredit olib, ishni rivojlantirdim. Bugun o‘zim bilan birga yana bir necha insonni ish bilan ta’minlayotganimdan xursandman. Shogirdlarim bor, ularga o‘rgatyapman. Menimcha, eng muhimi – harakat qilishdan to‘xtamaslik. Agar imkoniyatdan to‘g‘ri foydalansak, kichik ishni ham katta natijaga aylantirish mumkin. Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar orqali yoshlar orasida mehr-oqibat, birdamlik va ijtimoiy mas’uliyat kuchaymoqda.
4.6.2026 1861
Qo‘ng‘irot tumanidagi Taraqli mahallasida yoshlar hayotiga oid muhim qaror katta o‘zgarishlarga yo‘l ochdi: 18 nafar yoshga 16 gektar yer ajratildi. Bu yoshlarning kelajak sari tashlagan dadil qadami bo‘ldi. Eng muhimi, bu imkoniyat natijaga aylandi: tashabbuskor 4 nafar yosh 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon bozorlariga chiqib, 20 tonnadan ortiq, jami 70 million so‘mlik qovun va qovoq eksport qilishga erishdi. – Bizga yer ajratilgan kunni yaxshi eslayman. Avvaliga bu imkoniyatdan qanday foydalanishni o‘ylab, biroz ikkilanib ham qolgandik. Lekin mahallamiz yoshlar yetakchisi bizni bir joyga jamlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, kerakli mutaxassislar bilan bog‘ladi. Yerga ishlov berib, qovun va qovoq yetishtirishni boshladik. Har bir bosqichni o‘rganib, tajriba orttirdik. Keyinchalik mahsulotimizni dastlab ichki bozorda, keyin esa eksportga yo‘naltirdik. 2025-yilda Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlariga mahsulot eksport qilganimiz biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Bizga berilgan imkoniyat va bildirilgan ishonch o‘z samarasini berdi, – deydi Jonibek Serikbayev. Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati izchil va tizimli asosda amalga oshirilayotgan bir paytda mahalla darajasida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Shu jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Taraqli mahallasi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov faoliyati alohida e’tiborga loyiq. “Taraqli” mahallasi balansi: Aholi: 3016 nafar; Yoshlar: 885 nafar; Xotin-qizlar: 427 nafar. “Yashil” toifa: 621 nafar; “Sariq” toifa: 262 nafar; “Qizil” toifa: 2 nafar. Mahalla drayveri: savdo-sotiq va chorvachilik. Aniq natijalar asosi Nurlan Joljanov faoliyatining muhim bosqichlaridan biri yil boshida amalga oshirilgan xatlov jarayonidir. Mahalladagi 13 nafar ishsiz yosh aniqlanib, ular bilan individual ishlandi. Ishlar Prezidentning 2025-yil 14-fevral kungi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida yanada tizimli tashkil etildi. 13 nafar yosh Qo‘ng‘irot tumani komissiyasining 01-44-sonli bayoniga asosan “Ustyurt qidiruv burg‘ulash boshqarmasi” MChJ rahbariga biriktirildi. Yoshlar bilan korxona rahbarlari bevosita uchrashib, ularning muammolari va takliflarini o‘rgandi. Natijada yil davomida ular 100 foiz ish bilan ta’minlandi: 5 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi; 5 nafariga imtiyozli kredit ajratildi; 2 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi; 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Mahallada yoshlar bandligini ta’minlashda “Bitiruvchi yoshlar” dasturi amalga tatbiq etildi. 2025-yilda Taraqlida jami 72 nafar yosh ta’lim muassasalarini bitirib, shundan 24 nafari mehnat bozoriga kirib keldi. Yoshlar yetakchisi ularning qiziqishlarini o‘rgandi. Maktab bitiruvchilarining 8 nafari ta’limni davom ettirdi; professional ta’lim bitiruvchilaridan 1 nafari ishga joylashdi, 1 nafari o‘qishni davom ettirdi; oliy ta’lim bitiruvchilarining 8 nafari ishga joylashdi, 2 nafari o‘qishni davom ettirdi, 2 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi. Umuman olganda, dastur orqali 73 nafar yosh qamrab olinib, yil yakunida 72 nafarining bandligi ta’minlandi. Taraqli mahallasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy mexanizmlar keng qo‘llanildi. Jumladan, 22 nafar yoshga jami 215 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. PQ-60, PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlar ijrosi doirasida qo‘shimcha 390 million so‘m kredit yo‘naltirildi. Mablag‘lar yoshlarning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi va daromad manbayiga ega bo‘lishida muhim bo‘ldi. – Bugun Taraqlida erishilayotgan natijalar tizimli yondashuv, har bir yosh bilan individual ishlash va ularga ishonch bildirish natijasidir, – deydi yoshlar yetakchisi Nurlan Joljanov. – Biz faoliyatimizni oddiy suhbat yoki umumiy chaqiriqlar bilan emas, aniq xatlov, muammo va ehtiyojlarni o‘rganishdan boshladik. Har bir yoshning qiziqishi, salohiyati va hayotiy maqsadini aniqlab, shunga mos yo‘l tutishga harakat qildik. Kimdir tadbirkorlikka qiziqdi – kredit bilan qo‘llab-quvvatladik, kimdir kasb o‘rganmoqchi bo‘ldi – o‘qishga yo‘naltirdik, yana boshqasi ish izlayotgan edi – korxonalar bilan bog‘ladik. Eng muhimi, hech bir yosh e’tibordan chetda qolmadi. Yer ajratish tashabbusi ham aynan shu yondashuvning bir qismi edi. Manzilli yordam 2025-yil davomida “Yoshlar daftari” orqali 5 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi, 4 nafar yosh turli o‘quv kurslariga jalb etildi, 2 nafar yoshning haydovchilik kursi xarajatlari qoplandi. Bu orqali yoshlarning ta’lim olishi va kasb egallashi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Mahallada xorijda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Migratsiyada bo‘lgan 12 nafar yosh bilan doimiy onlayn muloqotlar yo‘lga qo‘yilib, ularning 4 nafari qaytarilib, bandligi ta’minlandi. Yoshlar bilan ishlash hudud bilan cheklanmasdan, ularning har qanday holatida qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ijtimoiy himoya va profilaktika Ijtimoiy xavf guruhidagi yoshlar bilan ishlash ham yetakchi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Otaliqqa olingan 2 nafar yosh bilan individual ishlash natijasida ulardan biri profilaktika hisobidan chiqarildi va haydovchilik kursiga yo‘naltirildi. Ikkinchisi xorijiy til kurslariga jalb qilinib, xarajatlari qoplab berilmoqda. Bu yondashuv yoshlarni jamiyatga moslashtirish va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida faol ishtirok etib, sportning shaxmat turi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 2023-yili mahalla yoshlari shashka va shaxmat bo‘yicha olimpiadaning respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Natijada mahallaga universal va vorkaut sport maydonchalari qurib foydalanishga topshirilgan. Nurlan Joljanov ham shaxsiy yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘la oladi. U o‘tgan yili “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2026-yil I chorak yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston bo‘yicha “Top 100 yoshlar yetakchilari” ro‘yxatiga kirdi. “Yetakchi Camp” loyihasi doirasida o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli yakunlab, maxsus guvohnoma bilan taqdirlandi.
14.5.2026 2274
Xursand Karlibayev 17 yoshda. Qo‘ng‘irot tumanidagi Hakim ota mahallasida yashovchi bu yigit tengqurlaridan bir jihati bilan ajralib turadi: u 11-sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, o‘z mehnati bilan oyiga 2–4 million so‘m daromad topayotgan yosh mutaxassis. Xursandning bu natijasi tizimli ishlangan yoshlar siyosati, to‘g‘ri yo‘naltirilgan imkoniyatlar va mahalladagi samarali muhit natijasidir. – Mahallamizda yaratilgan imkoniyatlar, to‘garaklar va ustozlar ko‘magida o‘z yo‘limni topdim. Bu jarayonda mahallamiz yoshlar yetakchisi Sevara opaning ko‘magi katta bo‘ldi. Hozir o‘qish bilan birga ishlayapman. Dastlab qiyin bo‘ldi, lekin vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgandim. Kelajakda ham o‘qishimni davom ettirib, o‘z kasbim bo‘yicha yanada rivojlanmoqchiman, – deydi Xursand Karlibayev Bugun Xursand kabi yoshlar Hakim ota mahallasida anchagina. Bu yerda yoshlar o‘z kelajagini qurish bilan band. Natijalar ortida esa mahalladagi yoshlar yetakchisi Sevara Abdikarimovaning izchil va tizimli faoliyati turibdi. Hakim ota mahallasi balansi: Aholi: 4012 nafar; Yoshlar: 1037 nafar; Xotin-qizlar: 1867 nafar. “Yashil” toifa: 484 nafar; “Sariq” toifa: 122 nafar; “Qizil” toifa: 4 nafar. Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik. Nazariyadan amaliyotga Hakim ota mahallasida “Besh muhim tashabbus” yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurgan. Hozir 186 nafar yosh kutubxonaga muntazam qatnasa, 273 nafari turli to‘garaklarga jalb etilgan. Umumiy qamrov esa 459 nafarni tashkil etadi. Sport yo‘nalishida esa “Besh tashabbus olimpiadasi” orqali yoshlarning 60 foizdan ortig‘i sportga jalb qilingan. AT va zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi “Ustoz AI” loyihasi doirasida 102 nafar yosh kompyuter savodxonligini oshirib, 23 nafari onlayn faoliyat orqali daromad topyapti. Ular orasida oyiga 700–1200 dollar daromad qilayotganlar ham borligi alohida e’tiborga loyiq. Xotin-qizlar bandligi yo‘nalishida esa “Qizlar akademiyasi” va “Ushshoq” loyihalari orqali 107 nafar qiz kasb-hunar egasiga aylangan. – Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat boshlaganimga 9 oy bo‘ldi, – deydi Sevara Abdikarimova. – Bu davr men uchun katta sinov va bir vaqtning o‘zida ulkan imkoniyatlar maktabi bo‘ldi. Dastlab ishni tizimli yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdik. Har bir yosh bilan individual ishlash, ularni band qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali sezilarli natijalarga erisha boshladik. Bugun Xursand kabi o‘z yo‘lini topgan, o‘qish bilan birga daromad topayotgan yoshlarimiz ko‘payayotgani ishlarimizning natijasidir. Qisqa vaqt ichida mahallamizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga erishdik. Kelgusida ham ishlarimizni yanada kengaytirib, ayniqsa AT, tadbirkorlik va kasb-hunar yo‘nalishlarida yoshlarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni rejalashtiryapmiz. “Nol” jinoyatchilik Mahalladagi eng katta yutuqlardan biri 2025-yil va 2026-yilning hozirgacha bo‘lgan davrida yoshlar tomonidan birorta ham jinoyat sodir etilmaganidir. 1037 nafar yoshning har biri bilan individual ishlash, ularni band qilish, qiziqishlariga mos yo‘naltirish orqali ularning dunyoqarashi tubdan o‘zgargan. Bugun bu yerda yoshlarning “bo‘sh vaqti” degan tushuncha deyarli yo‘q: ular o‘qishda, kasb o‘rganishda yoki daromad topish bilan band. Hakim ota mahallasida yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan “Yer – xazina” tashabbusi orqali 12 nafar yoshga yer ajratilib, ular mavsum davomida 4–5 million so‘mgacha daromad qilyapti. Prezidentning “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 62-sonli qarori asosida bir yoshga 80 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Ushbu mablag‘larni samarali yo‘naltirgan Ikram Uzaqbayev sartaroshxona ochib, 5 ta ish o‘rni yaratgan. 10 ga yaqin shogird tayyorlamoqda. U imkoniyatdan unumli foydalangan yosh tadbirkorlar sifatida o‘z tajribasini quyidagicha ifodalaydi: – Avvaldan sartaroshlikka qiziqardim, lekin o‘z ustaxonamni ochish uchun imkoniyat yetishmas edi. Shu dastur orqali o‘z orzumni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugun nafaqat o‘zim ishlayapman, balki yana 5 nafar yigitni ish bilan ta’minladim. 10 ga yaqin shogird tayyorlab, ularga kasb o‘rgatyapman. Mahallamizdagi yoshlar yetakchisining faoliyati natijasida ko‘plab yigit-qizlar o‘z yo‘lini topyapti. Men ham aynan yetakchining yo‘naltirishi va tavsiyalari orqali ushbu imkoniyatdan xabardor bo‘ldim. Oddiy qiziqishdan boshlagan edim, bugun esa o‘z jamoamga ega tadbirkorman. Faoliyatimni kengaytirib, yana ko‘proq yoshlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilganman. Yoshlar yetakchisi mahallada “hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyili asosida ish olib boradi. Hozir 7 nafar yosh xorijda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Migratsiyadan qaytgan 9 nafar yosh darhol band qilingan. 64 nafardan ortiq yosh ustoz-shogird an’anasi orqali kasb o‘rganyapti. Ulardan biri Tazabay Davletyarov oyiga 4–6 million so‘m daromad topyapti. Shuningdek, 19 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlangan. “Yoshlar daftari” orqali 2 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi. Bugun Hakim ota mahallasi yoshlari imkoniyatdan foydalanishni biladigan, o‘z ustida ishlaydigan, maqsadli avlod. Mahallada ishsiz yosh deyarli yo‘q. Harakat, izlanish va natija ustuvor. Sevara Abdikarimova boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, agar yoshlar bilan manzilli va izchil ishlansa, har qanday hududni taraqqiyot nuqtasiga aylantirish mumkin.
5.5.2026 2395
Birgina tashabbus butun mahallaning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartira oladimi? Farg‘ona tumanidagi mahallada bu savolga allaqachon javob topilgan. Sanoat mahallasida 31 nafar ishsiz yoshga berilgan 6 gektar yer bugun butun mahallaning malinachilik klasteriga asos bo‘ldi. Mahallada yoshlar bandligini ta’minlash masalasi har doim dolzarb bo‘lib kelgan. Ayniqsa, ish izlab yurgan, lekin imkon topa olmayotgan yigit-qizlar uchun aniq yechim zarur edi. Ana shunday vaziyatda yoshlar yetakchisi Maftuna Ahmadjonovaning tashabbusi muhim burilish yasadi. Uning sa’y-harakatlari bilan 31 nafar ishsiz yoshga jami 6 gektar yer maydoni ajratib berildi. Dastlab bu tashabbus oddiy tajriba sifatida boshlangan bo‘lsa-da, qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Yoshlar yerga ishlov berib, malinachilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlabki mavsumning o‘zidayoq har bir yosh o‘rtacha 6 milliondan daromadga erishdi. – 20 sotix yer maydoniga malina ekdim. Ko‘chatlar hali yangi bo‘lgani uchun hosil kamroq bo‘ldi. Shunga qaramay, birinchi mavsumning o‘zidayoq 6 million so‘mdan ortiq sof daromad olishga erishdim. 20 sotix maydondan o‘rtacha 300–400 kilogramm atrofida hosil oldik. Bu hali boshlanishi. Malinazor to‘liq kuchga kirgach, hosildorlik 2-3 baravargacha oshadi. Kelgusi yillarda daromadimiz ham ko‘payadi, – deydi 22 yoshli Muhammadali Yo‘ldoshev. Mutaxassislar fikricha, malinachilik yuqori daromad keltiruvchi yo‘nalishlardan biri bo‘lib, uni klaster asosida rivojlantirish katta foyda olib keladi. Sanoat mahallasida aynan shu model shakllanayotgani e’tirofga loyiq. Bugun bu tashabbus 31 nafar yoshning hayotini o‘zgartirdi. Kelgusida esa ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilmoqda. Yoshlar yetakchisi Maftunaning faoliyatiga nazar tashlasak, u muammoni aniqlash, resurs topish va natijaga yo‘naltirilgan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganini ko‘rish mumkin. Avvalo, mahalla yoshlari xatlovdan o‘tkazilib, mahalla balansi va ishsiz yoshlar bazasi shakllantirildi. Ularning qiziqish va imkoniyatlari o‘rganildi. Ishsizlikni kamaytirish choralari izlana boshlandi. Yer ajratish orqali bandlikni ta’minlash esa muammoning yechimi bo‘ldi. Sanoat mahallasi balansi: Aholi: 2701 nafar; Yoshlar: 1386 nafar; Xotin-qizlar: 714 nafar; “Yashil” toifa: 384 nafar; “Sariq” toifa: 176 nafar; “Qizil” toifa: 11 nafar; Mahalla drayveri: malinachilik va uzumchilik. – Bu yil yana 20 nafar yoshni yer bilan ta’minlab, ularni malinachilik faoliyatiga jalb qilishni rejalashtirganmiz. Hozirning o‘zida bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Yer maydonlarini aniqlash, yoshlarni saralash va ularni ushbu yo‘nalishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Biz faqat yer ajratish bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Yoshlarga malinachilik sirlarini o‘rgatish, ularga agronomlik maslahatlarini berish, tajribali mutaxassislarni jalb qilish orqali jarayonni yo‘lga qo‘yish, Sanoat mahallasida malinachilik klasteri yaratishni maqsad qilganmi, – deydi Maftuna Ahmadjonova. Maftuna faqat tashabbus ko‘rsatish bilan cheklanib qolmadi. Yoshlar bilan doimiy muloqot, ularni rag‘batlantirish, kerakli maslahatlar berish orqali jarayonni nazorat qilib bordi. Aslida bu misol mahallalardagi yoshlar yetakchisi tizimining imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Bugungi kunda ushbu tizim orqali yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan. Sanoat mahallasida boshlangan tashabbus samarali model sifatida e’tirof etishga arziydi. To‘g‘ri yondashuv orqali kichik imkoniyatlar ham katta natijalar olib keladi. Individual ishlash mexanizmi Maftuna Ahmadjonovaning faoliyati faqat iqtisodiy loyihalar bilan cheklanib qolmaydi. Uning ish uslubida har bir yosh bilan individual ishlash, ayniqsa “og‘ir toifa”ga kiruvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. Xatlov jarayonlarida mahallada davlat ko‘magiga muhtoj 6 nafar yosh aniqlangan. Ular Farg‘ona tumani hokimi Hamidullo Inomovga biriktirilib, manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ularning ayrimlari doimiy ish bilan ta’minlangan, boshqalariga esa kredit ajratilib, o‘z faoliyatini boshlash imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash faqat yer ajratish bilangina emas, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib o‘zini o‘zi band qilishiga erishish orqali ham amalga oshirilyapti. O‘tgan 2025-yilda 14 nafar yosh aynan shu yo‘l bilan mustaqil daromad topishga kirishgan. Yana bir e’tiborli jihat migratsiyadagi yoshlar bilan bilan ishlash tizimidir. Mahallada 35 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgani aniqlanib, ular bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan. Ularning oila a’zolari bilan doimiy muloqot olib borilishi, muammolari o‘rganilishi va qaytib kelgan yoshlarni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotgani tizimli yondashuvning yana bir ko‘rinishidir. “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy muammolarni hal etish ham e’tibordan chetda qolmagan. Jumladan, ehtiyojmand yoshlarning 2 nafariga kontrakt to‘lovlarini to‘lab berish orqali ularning ta’lim olishiga ko‘maklashilgan. Huquqbuzarlikning oldini olish borasida esa profilaktika inspektori Ravshanbek Madmarov bilan hamkorlikda “Harakatlar rejasi” ishlab chiqildi. Har hafta o‘tkaziladigan profilaktik suhbatlar, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosidagi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Sport, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi sayohatlar, tungi sport mashg‘ulotlari yoshlarni ijtimoiy faollikka undayapti. Ushbu tadbirlarga jami 260 nafar yosh qamrab olingan. Iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. “Besh tashabbus olimpiadasi”, turli tanlovlar va loyihalar orqali yoshlar o‘z imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Masalan, mahalla yoshlaridan biri Islomjon Abdug‘aniyev shaxmat bo‘yicha “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari tuman bosqichida hamda tuman hokimi tomonidan o‘tkazilgan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Xorijiy tillarni o‘rganish, AT va sun’iy intellekt asoslari, kitobxonlik, shaxmat kabi yo‘nalishlarda yuzlab yoshlar maxsus loyihalarga jalb etilgan.
12.12.2025 5858
To‘rtko‘l tumani G‘alaba mahallasida tong uyg‘onib atrofga nazar tashlagan odam ko‘chalar osoyishtaligidan, sport maydonidagi yengil shovqinlardan, maktabga shoshayotgan bolalarning mehrli qadamlaridan xotirjamlik topadi. Mahalla hayoti bir qarashda oddiy tuyulishi mumkin, ammo bu yerda o‘zgarish shamoli esib turibdi. Bularning markazida esa yosh va g‘ayratli yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilova turadi. G‘alaba mahallasi balansi: Aholi: 2148 nafar; Yoshlar: 575 nafar; Xotin-qizlar: 297 nafar; “Yashil” toifa: 385 nafar; “Sariq” toifa: 176 nafar; “Qizil” toifa: 14 nafar; Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish. 2024-yilda yetakchi nomi faqat mahallada emas, balki tumanda va respublikada ham tanila boshladi. “Yetakchi spartakiadasi” doirasidagi shaxmat musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida qo‘lga kiritilgan ikkinchi o‘rin, “Eng yosh ma’naviyatchi” tanlovida tumandagi ikkinchi o‘rin, “Yilning eng namunali mahalladagi yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman g‘olibligi – bularning bari uning shijoatidan darak. 2025-yilda ham yetakchimizning turli yutuqlari uzilmay kelyapti. 200 nafar yosh til o‘rganyapti Muhayyo faoliyatining eng muhim qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlashdir. 2025-yilda u 6 nafar yoshni “Yoshlar daftari”ga kiritib, ularning har biriga alohida yondashdi. 3 nafar yoshning kontrakti to‘lab berildi, 1 nafar yosh o‘ziga kerakli asbob-uskunaga ega bo‘ldi, yana 2 nafar yosh esa zamonaviy kasb-hunar kurslariga yuborildi. Shohruh Sa’dullayev kontraktini to‘lashda qiynalgan paytda Muhayyo yordam qo‘lini cho‘zdi. Bugun esa u maktabda ingliz tili o‘qituvchisi, shuningdek, “Platina” o‘quv markazida 200 dan ortiq yoshga ingliz tilini o‘rgatyapti. – Mahallamiz yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilovaning yordami bilan mening hayotim o‘zgardi, u menga ishonmaganida, balki, men bugun bu joyda bo‘lmasdim, – deydi Shohruh Sa’dullayev. – Kontraktni to‘lay olmay, o‘qishni tashlash arafasida yurgan edim. Muhayyo opa esa meni birinchi gaplashganimizdayoq qo‘llab-quvvatladi. O‘qishimni davom ettirdim. Bugun maktabda o‘qituvchiman, yuzlab bolalarning ko‘zidagi ishonchni ko‘rganimda o‘zim ham kuch olaman. O‘quv markazda esa 200 yuzdan ortiq yoshga ingliz tilidan dars bermoqdaman. Yoshlar yetakchisi menga bergan imkoniyatni endi men boshqalarga berishga harakat qilaman. 2025-yilda G‘alaba mahallasi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shaxmat, stol tennisi va streetbol bo‘yicha tuman g‘olibi bo‘lishdi va viloyat bosqichida munosib qatnashdi. Mahalla binosida ochilgan shaxmat to‘garagida esa bir necha musobaqalar g‘olibi bo‘lgan murabbiy yoshlarga saboq berib kelyapti. 2025-yilda 14 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlangani ham tasodif emas. Muhayyo har bir yosh bilan shaxsan suhbatlashadi, ularning qiziqishlarini o‘rganadi, ishga moslashtiradi. – Ba’zan yosh hayotidan hafsalasi pir bo‘lgan bo‘ladi. Ularga avval ishonchni qaytarish kerak. Ish oson topilmaydi, lekin maqsad bo‘lsa yo‘l topish mumkin, – deydi Muhayyo Kamilova. Jinoyatchilikdan xoli 2022-yildan buyon G‘alaba mahallasida birorta jinoyat sodir etilmagan. Chunki yoshlar bilan doimiy suhbatlar, uyma-uy profilaktika, kiberjinoyatlardan ogohlantirish, maktab bilan hamkorlik, bo‘sh vaqtlarini to‘ldirish bo‘yicha qilingan keng qamrovli ishlar samara beryapti. Mahalla yoshlari “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida faol ishtirok etdi. Mahalladan “Mutolaa” loyihasi doirasida 150 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular hozir 190 dan ortiq kitobni o‘qib chiqishgan. “Qizlar akademiyasi”da 90 nafar qiz bepul o‘qimoqda. “UzChess” loyihasi orqali 50 nafar yosh 420 ta shaxmat darsini mutlaqo bepul o‘rganyapti. Muhayyo og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida 14 nafar yoshga ko‘mak berdi. Ularning 7 nafariga kredit olib berildi, 2 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Yana 1 nafariga subsidiya ajratilgan bo‘lsa, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 3 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. Bu yoshlar To‘rtko‘l tumani hokim o‘rinbosari Bobur Yangibayevga biriktirilgan. Nizomaddin Bekchanov ana shunday yoshlardan biri. Onasi vafot etgan, otasi og‘ir kasal bo‘lgan bu yigitga g‘ildirakni muvozanatlash uskunasi (balansirovka) va havo siqish qurilmasi (kompressor) berilib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugun u oilasiga tayanch bo‘lib turibdi. – Yoshlar yetakchisining o‘sha yordami bo‘lmaganda, qayerdan boshlashni bilmasdim, – deya eslaydi Nizomaddin Bekchanov. – Avvaliga qo‘rqardim: ishni boshlay olamanmi, mijoz topiladimi, oilamni boqishga kuchim yetadimi deb o‘ylardim. Bugun esa kichkina ustaxonamda odam qadami uzilmaydi. Har kuni mo‘maygina daromad topyapman. Hayotimda ilk bor ertangi kunimga qat’iy reja qiladigan bo‘ldim. Tohirbek Komiljonovning taqdiri ham e’tibordan chetda qolmadi. U 1-sinfdan boshlab og‘ir ijtimoiy sharoitda voyaga yetgan bo‘lsa-da, zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘qitilib, o‘z yo‘lini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun u oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini o‘zi to‘lab, Toshkentdagi “Hilol Edu” o‘quv markazida ishlayapti. Qizlat taqdiri Muhayyoning faoliyatida qizlar taqdiriga alohida e’tibor bor. Nazokat Ramonovaning 100 million so‘m kredit asosida ochgan “Desert kafe”si va non sexi, Zuhra O‘rinbayeva uchun ajratilgan yordam, Guli Yusupovaning hamshiralik faoliyati – bularning barchasi bir yetakchining mas’uliyat bilan yondashgan mehnati evaziga yuzaga kelgan. Zuhra Oʻrinbayeva hozirda Farg‘ona davlat universiteti talabasi. U bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan. Yoshlar yetakchisi tomonidan oilaviy sharoiti o‘rganilib, davolanishi uchun 6 mln soʻm miqdorida moddiy yordam ajratilgan. Shuningdek, u o‘qishdan tashqari vaqtida bolalar kiyim doʻkonida sotuvchilik qiladi. Oylik daromadi – 5 mln so‘m. Hikoya davom etadi Muhayyoning rejalariga nazar tashlansa, uning har bir niyati yana o‘sha: yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish, mahalla hayotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadiga xizmat qiladi. U eng birinchi zamonaviy bilimlar markazini tashkil etish ustida bosh qotiryapti. Bu markazda AT yo‘nalishlari, grafika dizayn, robototexnika, tezkor ingliz tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, u qizlar uchun alohida “Psixologik ko‘mak va ijtimoiy faollik maktabi”, “Mahalla kitob uyi”ni ochishni maqsad qilgan. Bundan tashqari ham sport musobaqalari, boshqa ijtimoiy loyilar rejalashtirilyapti. Rejalari haqida gapirar ekan, Muhayyo shunday deydi: – Yoshlar har kuni o‘sib borayapti. Ularning bugungi imkoniyati – ertangi kunimizning poydevori. Biz imkon yaratib bersak, ular natija ko‘rsatadi. Mahallamizda hech kim orqada qolmasligi kerak. Rrejamlarning barchasi mana shu g‘oyaga xizmat qiladi. Qahramonimizning hikoyasi oddiy natija haqidagi raqamlar emas. Bu hikoya o‘zgalarga yo‘l ko‘rsatish, yoshlar hayotiga mustahkam poydevor qo‘yish hikoyasidir. Eng muhimi, bu hali davom etmoqda.