Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

10.5.2024 91

Ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli?

Ota-onalarning farzandi kelajagiga mas’uliyat bilan yondashuvi bolaning kamol topishi va muvaffaqiyatga erishishidagi muhim omildir. Ota-onalar farzandining hayoti va ta’lim-tarbiyasida faol ishtirok etsa, bolaning o‘sishi va rivojlanishi uchun maqbul muhitni ta’minlay oladi. Xo‘sh, yurtimizda ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli? Ular farzandining kasb tanlashi, yaxshi o‘qishi uchun maslahat berib, ko‘maklashadimi? Yoshlar o‘z xohishiga ko‘ra kasb tanlayaptimi yoki ota-onasining qistovi bilan? Quyidagi tahlil orqali ushbu savollarga javob topishimiz mumkin. Farzand tarbiyasiga kim eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi? Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ota-onalarning farzand tarbiyasi va ta’lim olishidagi ishtirokini aniqlash maqsadida 7-22 yosh oralig‘idagi farzandlari bor ota-onalar orasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda 3 602 nafar ota-ona ishtirok etdi (N=3 602), ularning o‘rtacha yoshi 43 yosh. Respondentlarning 75 foizini ayollar, 25 foizini esa erkaklar tashkil etdi. Respondentlar fikriga ko‘ra, farzand tarbiyasiga onasi, otasi va aka-ukalari eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi. 12,8 foizi o‘qituvchilarning ham ta’siri borligini ta’kidlagan. Farzandingiz kelajagini tasavvur qila olasizmi? Farzandingiz kelajagini qanday tasavvur qilasiz, degan savolga respondentlarning 78,4 foizi ma’lum bir kasbning mutaxassisi, 8,8 foizi moddiy ta’minlangan inson, 5,4 foizi tadbirkor, 5,3 foizi davlat xizmatchisi, deb javob bergan bo‘lsa, 2,1 foizi biror narsaga erishishiga ko‘zim yetmaydi yoki tasavvur qila olmayman, deb javob bergan. So‘rov natijasiga ko‘ra, ota-onalarning 94,6 foizi farzandi kelajagi haqida o‘zaro suhbatlashib turishini, 86 foizi fikrlari bir-xil ekanligini ma’lum qilgan. Ota-onalarning 97,8 foizi farzandi bilan uning bo‘lajak kasbi va qiziqishlari to‘g‘risida suhbatlashib turishini, 2,2 foizi esa umuman bu haqida suhbatlashmaganini bildirgan. Ularning 64,5 foizi qiz farzandning ota-onasi, bo‘lib 40 foizi oliy ma’lumotga ega. Ota-onalarning 83,4 foizi farzandi tanlagan kasbni ma’qullashini, 1,7 foizi umuman ma’qullamasligini aytgan. Yoshlar qaysi kasbni egallashni xohlaydi? So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlarning 20,7 foizi shifokor, 18,2 foizi o‘qituvchi, 15 foizi jurnalist, 10,5 foizi iqtisodchi, 7,8 foizi IT-sohasi, 5,2 foizi tadbirkor, 5,3 foizi moliyachi va 1 foizi huquqshunos bo‘lish istagida. Qiz bolalar asosan shifokor (24,3 foiz), o‘qituvchi (22,5 foiz), jurnalist (21,1 foiz) va iqtisodchi (7 foizi) bo‘lishni rejalashtirmoqda. O‘g‘il bolalar esa iqtisodchi (17,5 foiz), IT-mutaxassisi (14,3 foiz), moliyachi (8,4 foiz), tadbirkor (8,2 foiz) va sportchi (4,4 foiz) bo‘lish istagini bildirgan. Qaysi kasblarga talab yuqori? Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston mehnat bozori, balki butun dunyoda shifokor va o‘qituvchilarga talab juda kata. Shuningdek, IT-sohasi mutaxassislariga ham talab baland, lekin shunga qaramay taklif ham juda yuqori. Biroq iqtisodchilarga talab yuqori emas. Mehnat bozorida marketolog, menejer va muhandislarga talab yuqori bo‘lishiga qaramay so‘rovda ishtirok etganlar orasida ushbu kasblarni tanlaganlar deyarli yo‘q. Bu esa o‘z navbatida yoshlar va ota-onalar orasida mehnat bozori tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli darajada emasligidan dalolat beradi. Talabchanlik ham, nazorat ham yo‘q Respondentlarning 26,6 foizi farzandining kasb tanlashida ota-onasi turtki bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, 53,5 foizi bu to‘liq  farzandining tanlovi ekanligini bildirgan va 80 foiz ota-onalar farzandining qarorini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 16,2 foiz respondent farzandi fikrini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.    Respondentlarning 53,9 foizi farzandining ta’lim olishi va uy ishlarini bajarishida talabchanlik qilishini, 37,1 foizi esa shunchaki nazorat qilib turishini, 8,3 foizi esa talabchanlik ham, nazorat ham qilmasligini bildirgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning bor yo‘g‘i 56 foizi farzandining ta’lim olishdagi yutuqlaridan to‘liq qoniqishini bildirgan. 12,6 foizi qoniqarli emas, deb baholagan.   So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 75 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga borishini bildirgan. Qo‘shimcha darslarga qatnamaydi, deb javob berganlarning 50 foizi o‘rtacha oylik daromadini 3 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan, ya’ni farzandining qo‘shimcha darslarga qatnashi oilalarning moliyaviy holati bilan bog‘liq. 15,6 foiz respondent farzandining o‘qituvchisi bilan umuman muloqot qilmasligini, 20,4 foizi haftada bir marotaba muloqot qilib turishini aytgan. Xulosa o‘rnida So‘rov natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda ota-onalar farzandining ta’lim olishi va kelajakdagi hayoti haqida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Lekin shunga qaramay ota-onalar orasida farzandi tarbiyasi va uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlamaydiganlari ham kam emas. Shuningdek, bugungi kunda bolalarning qo‘shimcha darslarga qatnash ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi, buning asosiy sababi esa maktablardagi ta’lim sifatining pastligiga borib taqaladi.

10.5.2024 66

Yuz bilan yuzlashayotgan gazeta

Dunyoda juda ko‘p moʻjizalar yaratilgan, lekin ular tasodifiy emas, xalqning ehtiyoji, iqtidori, zakovati tufayli yuzaga keladi. Hayotimizning bir bo‘lagiga aylanadi. Aytaylik, kitob, elektr chirogʻi, radio, televideniye, telefon... Gazeta ham shularning biri. Garchi ko‘rinishi, shakli o‘zgargani bilan, mohiyati yo‘qolgan emas. Binobarin, ularni yo‘qotishga urinish ham nodonlik bilan barobar. 2020-yili ilk bor “Yoshlar ovozi” gazetasida maqolam chiqqan. Bu men uchun unutilmas kunga aylangandi. Sababi bu gazetada iqtidorli, izlanuvchan va hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bilimli yoshlarning bir-biridan qiziqarli bo‘lgan maqola va motivatsion chiqishlarni o‘qib kuch olardim. Gazetada “O‘z kelajagim uchun ovoz beraman”, “Yashil makon”, “Imkoniyatlar eshigi”, “Chustda zamonaviy sport maydonlari”, “Ijodkor yoshlar e’tiborda”, “Orzum ushaldi”, “Intilsak, imkoniyat topiladi” kabi dolzarb mavzudagi maqolalarim nashr etildi. Gazeta – hayotning aksi, tarix ifodasi. Yillar o‘tib, biz undagi bitiklar orqali hayotimizni tahlil qilamiz, baho beramiz. Gazetaning inson ruhiyatiga ta’siri shundaki, u ichki intizomni o‘rgatadi, ya’ni har kim yozganiga, aytgan so‘ziga javob beradi. Binobarin, bu gapni, bu yozuvni o‘chirib ham, kuydirib ham bo‘lmaydi – tarixda qoladi. “Gazetalar o‘lyapti” deya kimlardir ayuhannos solayotgan bir paytda yangi-yangi nashrlar dunyoga kelyapti. Gazeta odamni mushohadaga o‘rgatadi. Undagi maqolani o‘qib, fikr bildirasiz, mulohazalaringizni yozasiz. Mahallada yoshlar yetakchisi bo‘lib ish boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Ish jarayonida bizga kitoblar, qo‘llanmalar va gazeta-jurnallar juda kerakligini tushunib yetdim. Mahallada bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, iqtidorli yoshlarni ommaga olib chiqishda ham “Yoshlar ovozi”ning o‘rni bo‘lak. Sevimli gazetam har vaqt ish stolimda shay. Qandaydir savollar bo‘lsa, ma’lumotlar kerak bo‘lsa, gazetaga yuzlanishni kanda qilmayman. Shu paytgacha 30 ga yaqin turli mazmundagi tanqidiy, tahliliy maqolalarim nashr qilindi. Mushtariylarga va hamkasblarim qo‘liga yetib borib, fikr-mulohazalarini ham bildirishdi. “Yoshlar ovozi” gazetasi yuz yillik dovonni zabt etmoqda. Gazeta bir asrlik faoliyati davomida jamiyatdagi eng dolzarb muammolarni olib chiqish bo‘yicha ulkan tajriba maktabini yaratdi va bu ishlar davom etmoqda. “Yoshlar ovozi” gazetasi mahallalardagi yoshlar yetakchilarining ham sevimli gazetasi va nashriga aylanib, o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ham ommaga namoyon bo‘lishga erishdi. Bugun jamiyatimizga matbuot har qachongidan zarurligini Prezidentimiz bot-bot ta’kidlamoqda. Demak, xalqni ma’naviyatli, ma’rifatli qilishda gazetalarning o‘rni beqiyos. Gazetani inson o‘z qo‘li bilan kashf etdi, endi esa o‘z qo‘li bilan yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, uni asrab-avaylash va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish lozim. Bu borada biz, yoshlarning ham hissamiz bo‘lishini unutmasligimiz kerak. Qogʻoz bor, fikr mavjud ekan, gazetalar yashayveradi. Gazetaga televideniye ham, telefon va internet ham hech qachon raqobatchi bo‘lmaydi yoki bo‘la olmaydi. Chunki uning vazifasini boshqa hech qaysi axborot vositasi bajara olmaydi.  

Batafsil

VIDEOROLIKLAR

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish