Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

10.5.2024 84

Ilm olish imkoniyati cheklanmagan

Ko‘zlari ko‘rmasa-da, bashariyat xotirasida o‘chmas iz qoldira olgan shunday insonlar borki, ularning ishlari, hayot yo‘li hammaga o‘rnak bo‘la oladi. Masalan, bugun deyarli har bir ko‘zi ojiz inson o‘qishni biladi va buning uchun ular – Lui Brayldan minnatdor bo‘lishi lozim. Qizig‘i, Braylning o‘zi ham ko‘zi ojiz bo‘lgan. 1809-yilda Fransiyaning Kuvre shaharchasida tug‘ilgan Lui uch yoshida otasining ustaxonasiga kiradi va bir asbobdan jarohatlanadi. Jarohat ko‘zi ojizlikka sabab bo‘ladi. Braylda harbiylar qorong‘ida foydalanadigan yozuvni o‘zi kabilar o‘qishi uchun qo‘llash fikri tug‘iladi va buning ustida ish boshlaydi. 20 yoshli Lui 6 nuqtali kodga asoslangan, bugungi kunda butun dunyoda foydalaniladigan alifboni yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa, ko‘rish qobiliyatini to‘liq yoki qisman yo‘qotgan bu kabi insonlar tarixini o‘rganar ekansiz, ularning matonatiga qoyil qolasiz. Bunday matonat sohiblari oramizda ham ko‘p. Ulardan biri namanganlik Abdurashid Do‘stboyev. Yoshi 30 da. Bolaligida baxtsiz hodisa tufayli ko‘z nuridan ayrilgan. Hozir Uychi tumanidagi 15-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. U avvaliga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini, keyin kasb-hunar kollejini tamomladi va 2016-yili Namangan davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti ingliz tili yo‘nalishiga maxsus grant asosida o‘qishga qabul qilindi. O‘qish davomida intiluvchanligi bilan ajralib turgan qahramonimizning bugun yuzdan ortiq ilmga chanqoq o‘quvchilari bor. Shogirdlarining 3 nafarida CEFR, 2 nafarida  IELTS sertifikati bor. “Insonning imkoniyati cheklangani bilan, ilm olishi uchun imkoniyatlar cheksizdir”, – deydi u. Mumkin emas! U o‘qituvchilik kasbini tanlashining o‘ziga xos tarixi bor, odamlarning gap-so‘zi sabab bo‘lgan, desak ham bo‘ladi. “Ko‘zi ojizlarning qo‘lidan faqat qo‘shiq aytish keladi xolos, boshqa ish qila olmaydi, degan gaplarni ko‘p eshitganman. Lekin men bu fikrlarga qarshi edim. Shunday insonlarga qo‘limdan ko‘p ish kelishini, boshqa sohalarda ham muvaffaqiyatlarga erisha olishimni isbotlab qo‘yish uchun harakat qildim va buni uddaladim”, – deydi qahramonimiz. Odamlar o‘zlari va atrofdagilarga ham chegaralar qo‘yishni yaxshi ko‘radi. Qizlar uchun uchuvchilik mos kelmaydi, yigit kishi dizayner bo‘lishini qabul qila olishmaydi. Va shu barobarida imkoniyati cheklangan biror kishini ko‘rsa, uni biror kasb egasi sifatida tasavvur qila olmaydi. Albatta, bu odamlar yaratgan qobiqlar, xolos. Bunday cheklovlarni yengib o‘tish uchun esa insondan tanlagan kasbi, orzusi uchun kurashish, harakat qilish va bunga erishmaguncha to‘xtamaslik talab etiladi. Shu xislatlari tufayli Abdurashid “mumkin emas”larni “mumkin”ga aylantirdi, hozir u o‘quvchilarining mehrini qozona olgan o‘qituvchi.   “Hech kimdan kam emasman” Insonda ko‘rish, eshitish, harakatlanish imkoniyati cheklanishi mumkin. Lekin bilim olishi uchun imkoniyatlar cheklanmaydi. Ilm olishga, o‘rganishga xohish-istak bo‘lsa bas. “Sen imkoniyati cheklanganlar maktabida ishlashing kerak, oddiy maktabda ishlashga qiynalasan, deganlar ko‘p bo‘lgan. Lekin men ularga quloq solmadim. 2020-2021-o‘quv yilidan 15-maktabda ish boshladim, yaqinda 4 yil bo‘ladi. Menga o‘xshagan imkoniyati cheklanganlarning ham sog‘lom insonlardan kam joyi yo‘q, deb bilaman. Hujjat ishlari, baholash kabi masalalarda muammo tug‘ilmagan. Chunki biz ham mobil telefondan, kompyuterdan foydalanish imkoniga egamiz. Bu uchun maxsus ilovalar bor”, – deydi Abdurashid Do‘stboyev.   Unda shijoat bor “Abdurashid tanlagan kasbini juda yaxshi ko‘radi. Hatto darsdan tashqari o‘quvchilariga qo‘shimcha to‘garaklar ham tashkil qilgan. Kichikligidanoq viloyatimizda ko‘zi ojiz ingliz tili o‘qituvchisi yo‘qligi uchun shu kasbni egallashga harakat qildi va bunga erishdi. Unda ba’zi sog‘lom insonlarda yo‘q shijoatni ko‘rib quvonaman”, – deydi Uychi tumanidagi “Mevazor” mahallasi yoshlar yetakchisi Bobomurod Razzoqov. Abdurashid Do‘stboyev o‘qituvchi sifatida yoshlarga ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qiladi. Chunki kitob dunyoqarashni kengaytiradi, hayotga qarashni o‘zgaradi. To‘g‘ri kitob tanlab o‘qigan inson hayotda hech qachon qoqilmaydi. Asosiysi, o‘qib, o‘rganib, izlanishdan to‘xtamaslik. Boshqalarga o‘xshamaslik esa, ayb emas.

10.5.2024 94

Ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli?

Ota-onalarning farzandi kelajagiga mas’uliyat bilan yondashuvi bolaning kamol topishi va muvaffaqiyatga erishishidagi muhim omildir. Ota-onalar farzandining hayoti va ta’lim-tarbiyasida faol ishtirok etsa, bolaning o‘sishi va rivojlanishi uchun maqbul muhitni ta’minlay oladi. Xo‘sh, yurtimizda ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli? Ular farzandining kasb tanlashi, yaxshi o‘qishi uchun maslahat berib, ko‘maklashadimi? Yoshlar o‘z xohishiga ko‘ra kasb tanlayaptimi yoki ota-onasining qistovi bilan? Quyidagi tahlil orqali ushbu savollarga javob topishimiz mumkin. Farzand tarbiyasiga kim eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi? Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ota-onalarning farzand tarbiyasi va ta’lim olishidagi ishtirokini aniqlash maqsadida 7-22 yosh oralig‘idagi farzandlari bor ota-onalar orasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda 3 602 nafar ota-ona ishtirok etdi (N=3 602), ularning o‘rtacha yoshi 43 yosh. Respondentlarning 75 foizini ayollar, 25 foizini esa erkaklar tashkil etdi. Respondentlar fikriga ko‘ra, farzand tarbiyasiga onasi, otasi va aka-ukalari eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi. 12,8 foizi o‘qituvchilarning ham ta’siri borligini ta’kidlagan. Farzandingiz kelajagini tasavvur qila olasizmi? Farzandingiz kelajagini qanday tasavvur qilasiz, degan savolga respondentlarning 78,4 foizi ma’lum bir kasbning mutaxassisi, 8,8 foizi moddiy ta’minlangan inson, 5,4 foizi tadbirkor, 5,3 foizi davlat xizmatchisi, deb javob bergan bo‘lsa, 2,1 foizi biror narsaga erishishiga ko‘zim yetmaydi yoki tasavvur qila olmayman, deb javob bergan. So‘rov natijasiga ko‘ra, ota-onalarning 94,6 foizi farzandi kelajagi haqida o‘zaro suhbatlashib turishini, 86 foizi fikrlari bir-xil ekanligini ma’lum qilgan. Ota-onalarning 97,8 foizi farzandi bilan uning bo‘lajak kasbi va qiziqishlari to‘g‘risida suhbatlashib turishini, 2,2 foizi esa umuman bu haqida suhbatlashmaganini bildirgan. Ularning 64,5 foizi qiz farzandning ota-onasi, bo‘lib 40 foizi oliy ma’lumotga ega. Ota-onalarning 83,4 foizi farzandi tanlagan kasbni ma’qullashini, 1,7 foizi umuman ma’qullamasligini aytgan. Yoshlar qaysi kasbni egallashni xohlaydi? So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlarning 20,7 foizi shifokor, 18,2 foizi o‘qituvchi, 15 foizi jurnalist, 10,5 foizi iqtisodchi, 7,8 foizi IT-sohasi, 5,2 foizi tadbirkor, 5,3 foizi moliyachi va 1 foizi huquqshunos bo‘lish istagida. Qiz bolalar asosan shifokor (24,3 foiz), o‘qituvchi (22,5 foiz), jurnalist (21,1 foiz) va iqtisodchi (7 foizi) bo‘lishni rejalashtirmoqda. O‘g‘il bolalar esa iqtisodchi (17,5 foiz), IT-mutaxassisi (14,3 foiz), moliyachi (8,4 foiz), tadbirkor (8,2 foiz) va sportchi (4,4 foiz) bo‘lish istagini bildirgan. Qaysi kasblarga talab yuqori? Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston mehnat bozori, balki butun dunyoda shifokor va o‘qituvchilarga talab juda kata. Shuningdek, IT-sohasi mutaxassislariga ham talab baland, lekin shunga qaramay taklif ham juda yuqori. Biroq iqtisodchilarga talab yuqori emas. Mehnat bozorida marketolog, menejer va muhandislarga talab yuqori bo‘lishiga qaramay so‘rovda ishtirok etganlar orasida ushbu kasblarni tanlaganlar deyarli yo‘q. Bu esa o‘z navbatida yoshlar va ota-onalar orasida mehnat bozori tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli darajada emasligidan dalolat beradi. Talabchanlik ham, nazorat ham yo‘q Respondentlarning 26,6 foizi farzandining kasb tanlashida ota-onasi turtki bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, 53,5 foizi bu to‘liq  farzandining tanlovi ekanligini bildirgan va 80 foiz ota-onalar farzandining qarorini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 16,2 foiz respondent farzandi fikrini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.    Respondentlarning 53,9 foizi farzandining ta’lim olishi va uy ishlarini bajarishida talabchanlik qilishini, 37,1 foizi esa shunchaki nazorat qilib turishini, 8,3 foizi esa talabchanlik ham, nazorat ham qilmasligini bildirgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning bor yo‘g‘i 56 foizi farzandining ta’lim olishdagi yutuqlaridan to‘liq qoniqishini bildirgan. 12,6 foizi qoniqarli emas, deb baholagan.   So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 75 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga borishini bildirgan. Qo‘shimcha darslarga qatnamaydi, deb javob berganlarning 50 foizi o‘rtacha oylik daromadini 3 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan, ya’ni farzandining qo‘shimcha darslarga qatnashi oilalarning moliyaviy holati bilan bog‘liq. 15,6 foiz respondent farzandining o‘qituvchisi bilan umuman muloqot qilmasligini, 20,4 foizi haftada bir marotaba muloqot qilib turishini aytgan. Xulosa o‘rnida So‘rov natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda ota-onalar farzandining ta’lim olishi va kelajakdagi hayoti haqida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Lekin shunga qaramay ota-onalar orasida farzandi tarbiyasi va uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlamaydiganlari ham kam emas. Shuningdek, bugungi kunda bolalarning qo‘shimcha darslarga qatnash ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi, buning asosiy sababi esa maktablardagi ta’lim sifatining pastligiga borib taqaladi.

Batafsil

VIDEOROLIKLAR

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish